3-DARS
Siz haq taolo haqida bilishingiz kerak
Xudo bilan do‘st bo‘lish uchun U haqda bilishingiz lozim. Do‘stlaringiz ismingizni bilishadimi? Albatta. Alloh Taolo ham siz Uning ismini bilib, ismini aytib chaqirishingizni istaydi. Xudoning ismi — Yahova (Ibtido 2:4, izoh; Matto 6:9). Boz ustiga, Unga nima yoqishiniyu nima yoqmasligini bilib olishingiz kerak. Uning do‘stlari va dushmanlari kimligini ham bilib olishingiz darkor. Biror kishi haqda bilib olish uchun vaqt talab qilinadi. Muqaddas Kitobda Yahova Taolo haqida bilib olish uchun vaqt ajratish kerakligi aytilgan (Efesliklarga 5:15, 16).
Xudoning do‘stlari Unga yoqadigan ishlarni qilishadi. Do‘stlaringiz haqida o‘ylab ko‘ring. Agar ular bilan yomon muomalada bo‘lsangiz yoki ularga yoqmaydigan ishlarni qilsangiz, ular sizga do‘st bo‘lib qolishadimi? Albatta yo‘q! Shu kabi, agar siz Xudo bilan do‘st bo‘lishni xohlasangiz, Unga yoqadigan ishlarni qilishingiz lozim (Yuhanno 4:24).
Har qanday din ham Haq Taolo bilan do‘stlikka olib bormaydi. Allohning eng yaqin do‘sti bo‘lmish Iso alayhissalom ikkita yo‘l haqida gapirgan. Bitta yo‘l enli bo‘lib, unda ko‘p odamlar yuradi. Bu yo‘l halokatga olib boradi. Boshqa yo‘l esa tang va unda yuradiganlar ozdir. Lekin bu, abadiy hayotga eltadigan yo‘ldir. Bu shuni anglatadiki, agar siz Xudo bilan do‘st bo‘lishni istasangiz, unda Unga qanday to‘g‘ri topinishni bilishingiz zarur (Matto 7:13, 14).