Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

1-BOB

Allohning sevgisi abadiydir

Allohning sevgisi abadiydir

Allohga bo‘lgan sevgi Uning amrlariga rioya qilishdan iboratdir va Uning amrlari og‘ir emas. 1 YUHANNO 5:3

1, 2. Nega Yahovani yaxshi ko‘rasiz?

 SIZ Xudoni yaxshi ko‘rasizmi? Uni juda qattiq yaxshi ko‘rganingizdan hayotingizni Unga bag‘ishlagandirsiz. Xudoni eng yaqin Do‘stingiz deb bilarsiz. Biroq siz Yahovani yaxshi ko‘rishingizdan oldin, U sizni yaxshi ko‘rgan. Muqaddas Kitobda: «Xudo bizni birinchi sevgani uchun, biz Uni sevamiz»,— deyilgan. (1 Yuhanno 4:19)

2 Yahova bizga bo‘lgan sevgisini turli yo‘llar bilan namoyon etyapti. U yashashimiz uchun go‘zal yerni va hayotdan zavqlanishimiz uchun kerakli barcha narsani berdi. (Matto 5:43–48; Vahiy 4:11) Alloh U bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lishimizni istaydi va U haqida bilim olishimizga imkon beryapti. Muqaddas Kitobni o‘qiganda Yahovaning ovozini eshitganday bo‘lamiz. Ibodat qilganimizda esa U bizni tinglaydi. (Zabur 65:2) Xudo O‘zining qudratli muqaddas ruhi orqali bizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, kuch beradi. (Luqo 11:13) U bizni gunoh va o‘limdan xalos etish uchun, hattoki O‘zining qadrdon O‘g‘lini yer yuziga yubordi. (Yuhanno 3:16; Rimliklarga 5:8 ni o‘qing.)

3. Qanday qilib Yahova bilan yaqin munosabatlarni saqlashimiz mumkin?

3 Yaxshi-yu yomon damlarda yoningizda bo‘lgan yaqin do‘stingiz haqida o‘ylab ko‘ring. Bunday yaqin do‘stona munosabatlarni saqlab qolish uchun harakat talab etiladi. Yahova bilan do‘stligimiz haqida ham shunday deyish mumkin. U — dunyodagi eng zo‘r Do‘st. Bu do‘stlik abadiy davom eta oladi. Shu bois Muqaddas Kitobda: «O‘zingizni Xudoning mehr-muhabbatida saqlanglar»,— deyilgan. (Yahudo 21) Qanday qilib Xudoning sevgisiga sazovor bo‘lishimiz va Unga bo‘lgan sevgimizni namoyon etishimiz mumkin? Muqaddas Kitobda bu savolga shunday javob bor: «Allohga bo‘lgan sevgi Uning amrlariga rioya qilishdan iboratdir va Uning amrlari og‘ir emas». (1 Yuhanno 5:3)

«ALLOHGA BO‘LGAN SEVGI»

4, 5. Yahovaga bo‘lgan sevgingiz qay yo‘sin o‘sa boshlagan?

4 «Allohga bo‘lgan sevgi» deganda Muqaddas Kitobda nima nazarda tutilgan? Bu ibora ostida Xudoga bo‘lgan chuqur tuyg‘ularimiz tushuniladi. Yahovaga ilk bor mehr qo‘ygan paytingizni eslay olasizmi?

O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlab suvga cho‘mganingizda, Uni sevishingizni va Unga abadiy itoat qilmoqchi ekaningizni ko‘rsatasiz

5 Yahova yangi dunyoda abadiy yashashingizni istashi haqida birinchi marta eshitganingizda ko‘nglingizdan nimalar o‘tganini eslang. O‘shanda Xudo buni amalga oshirish uchun nimalar qilgani haqida bilib olgansiz hamda U O‘g‘lini yer yuziga yuborib, bizga qanchalar qimmatbaho hadya berganini tushunib yetgansiz. (Matto 20:28; Yuhanno 8:29; Rimliklarga 5:12, 18) Yahova sizni qanchalar sevishini bilganingizda, bu qalbingizga kuchli ta’sir qilgan va siz ham Uni yaxshi ko‘ra boshlagansiz. (1 Yuhanno 4:9, 10 ni o‘qing.)

6. Kimnidir yaxshi ko‘rishimizni qanday ko‘rsatamiz? Xudoga bo‘lgan sevgingiz sizni nima qilishga undadi?

6 Xudoga bo‘lgan ushbu sevgi tuyg‘usi boshlanish edi, xolos. Masalan, kimnidir yaxshi ko‘rsak, unga shunchaki: «Sizni yaxshi ko‘raman»,— deyish bilan kifoyalanmaymiz. Sevgi bizni o‘sha insonni baxtli qilishga undaydi. Xuddi shunday Yahovaga bo‘lgan sevgi ham Unga ma’qul hayot kechirishingizga turtki beradi. Sevgingiz o‘sgani sayin, o‘zingizni Unga bag‘ishlab, suvga cho‘mgandirsiz. O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlaganda, Unga abadiy xizmat qilishga va’da bergansiz. (Rimliklarga 14:7, 8 ni o‘qing.) Qanday qilib ushbu va’daning ustidan chiqishingiz mumkin?

«UNING AMRLARIGA RIOYA QILISH»

7. Yahovani yaxshi ko‘rsak nima qilamiz? Uning ayrim amrlari qanday?

7 Yahovani yaxshi ko‘rganimiz uchun «Uning amrlariga rioya qilamiz». Muqaddas Kitobdan Yahova qanday hayot kechirishimizni istashi haqida bilib olishimiz mumkin. Masalan, U bizga spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish, o‘g‘irlash, yolg‘on gapirish, turmush o‘rtog‘imiz bo‘lmagan kishi bilan jinsiy aloqada bo‘lish, Xudodan boshqa shaxsga yoki buyumga topinish noto‘g‘ri ekanini aytmoqda. (1 Korinfliklarga 5:11; 6:18; 10:14; Efesliklarga 4:28; Kolosaliklarga 3:9)

8, 9. Muqaddas Kitobda muayyan vaziyatga nisbatan aniq qonun berilmagan bo‘lsa, qay yo‘sin Yahovaning nuqtai nazarini bilib olishimiz mumkin? Misol keltiring.

8 Ammo Yahovaga ma’qul kelish uchun shunchaki Uning amrlariga amal qilishning o‘zi yetarli emas. U bizga hayotimizning har bir sohasiga tegishli uzundan-uzun qonunlar ro‘yxatini bermagan. Shunday vaziyatlar bo‘ladiki, qanday yo‘l tutish haqida Muqaddas Kitobdan aniq qonun topa olmaymiz. Unda qanday qilib to‘g‘ri qarorlar chiqarishimiz mumkin? (Efesliklarga 5:17) Muqaddas Kitobda prinsiplar, ya’ni Yahovaning nuqtai nazarini ochib beruvchi asosiy haqiqatlar bor. Muqaddas Kitobni o‘qiganimizda, Yahovani Shaxs sifatida tanib boramiz. Uning fikrlash tarzini, jumladan, nimalarni sevishi va nimalardan nafratlanishini bilib olamiz. (Zabur 97:10 ni o‘qing; Hikmatlar 6:16–19; 1-ilovaga qarang.)

9 Misol uchun, televizor yoki Internet orqali nimani ko‘rish-ko‘rmaslikni qanday hal qilsak bo‘ladi? Bu vaziyatda nima qilishimiz kerakligini Yahova aniq aytmagan. Biroq U taqdim etayotgan prinsiplar to‘g‘ri qaror chiqarishimizga yordam beradi. Bugungi kunda aksariyat o‘yin-kulgi turlari zo‘ravonlik va axloqsizlikka to‘lib toshgan. Muqaddas Kitobda Yahova «zo‘ravonlikni sevadiganlardan... nafratlanishini» va zinokorlarni hukm qilishini aytmoqda. (Zabur 11:5; Ibroniylarga 13:4) Ushbu prinsiplar to‘g‘ri qaror chiqarishimizga qanday yordam beradi? Yahova nimadan nafratlanishini yoki uni axloqsiz deb hisoblashini bilgach, o‘sha ishdan qochishimiz kerak.

10, 11. Nima uchun Yahovaga itoat qilamiz?

10 Nima uchun Yahovaga itoat qilamiz? Noto‘g‘ri qaror chiqarishdan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jazo yoki muammolardan qochib qutilish uchungina bunday yo‘l tutmaymiz. (Galatiyaliklarga 6:7) Aksincha, Yahovani yaxshi ko‘rganimiz uchun Unga itoat qilamiz. Xuddi bolalar otasini xursand qilmoqchi bo‘lgani singari, biz ham samoviy Otamizning qalbini xushnud qilgimiz keladi. Axir Yahova bizdan mamnun ekanini bilishdan ortiq baxt bormi?! (Zabur 5:12; Hikmatlar 12:2; 2-ilovaga qarang.)

11 Biz Yahovaga faqatgina oson bo‘lganida yoki hech qanday tanlov qolmaganida itoat etishni istamaymiz. Shuningdek, Uning qaysi qonun yoki me’yorlariga amal qilish-qilmaslikni tanlamaymiz. (Qonunlar 12:32) Aksincha, biz quyidagi so‘zlarni yozgan sano bastakori singari Xudoga to‘liq itoat etishni istaymiz: «Amrlaringni yaxshi ko‘raman, ha, men ularni sevaman». (Zabur 119:47; Rimliklarga 6:17) Biz Nuhga taqlid qilgan holda barcha narsada Yahova amr etganiday yo‘l tutib, Unga bo‘lgan sevgimizni namoyon etishni istaymiz. Muqaddas Kitobda Nuh hammasini «aynan aytilganiday qilgani» haqida yozilgan. (Ibtido 6:22) Yahova siz haqingizda ham shunday aytishini istarmidingiz?

12. Qanday qilib Yahovaning qalbini quvontira olamiz?

12 Yahovaga itoat etganimizda U nimalarni his qiladi? Uning qalbi quvonadi. (Hikmatlar 11:20; 27:11) Bir o‘ylab ko‘ring: biz koinot Yaratuvchisining qalbini quvontira olamiz! Ammo U bizni itoat qilishga majburlamaydi, aksincha, U bizga iroda erkinligini bergan. Bu esa nima yomon va nima yaxshi ekanini tanlash erkinligiga ega ekanimizni bildiradi. Yahova Unga bo‘lgan sevgimiz to‘g‘ri qaror qabul qilishga turtki bo‘lishini istaydi, toki biz eng yaxshi hayot yo‘lini tanlay olaylik. (Qonunlar 30:15, 16, 19, 20; 3-ilova qarang.)

«UNING AMRLARI OG‘IR EMAS»

13, 14. Yahovaning amrlariga itoat qilish nega qiyin emas? Misol keltiring.

13 «Yahovaning amrlariga itoat qilish juda qiyin yoki ular insonni erkinlikdan mahrum qiladi» deb o‘ylayotgan bo‘lsak-chi? Muqaddas Kitobda: «Uning amrlari og‘ir emas»,— deb aniq aytilgan. (1 Yuhanno 5:3) Yunon tilidan «og‘ir» deb tarjima qilingan so‘z boshqa oyatlarda mushkul qonun-qoidalarga yoki odamlarni nazorat ostiga olib, ularga zarar yetkazuvchi kishilarga nisbatan qo‘llanilgan. (Matto 23:4; Havoriylar 20:29, 30) Demak, Yahovaning amrlari «og‘ir» emas, ya’ni ularga itoat qilish qiyin emas. Chunki Yahova hech qachon bizdan imkonsiz narsani talab qilmaydi.

14 Deylik, do‘stingiz yangi uyga ko‘chib o‘tishga sizdan yordam so‘radi. U barcha narsalarini yig‘ib qo‘ygan. Ulardan ba’zilari yengil, boshqalari esa og‘ir bo‘lib, ikki kishi ko‘tarishiga to‘g‘ri keladi. Do‘stingiz sizdan juda og‘ir narsalarni ko‘tarishni iltimos qilgan bo‘larmidi?! Yo‘q, albatta! Axir do‘stingiz biror joyingiz shikastlanishini istamaydi-ku! Shu singari Yahova hech qachon bizdan o‘ta qiyin narsani so‘ramaydi. (Qonunlar 30:11–14) Yahova imkoniyatimiz chegarasini biladi. Zero «qanday yasalganimizni U yaxshi biladi, tuproq ekanimizni yodida tutadi». (Zabur 103:14)

15. Nega Yahovaning amrlari manfaatimiz uchun xizmat qilishiga amin bo‘lishimiz mumkin?

15 Muso Isroil xalqiga agar ular Yahovaning amrlariga itoat qilishsa, «tirik bo‘lib, toabad farovon hayot kechirishlari» haqida aytgan edi. (Qonunlar 5:28–33; 6:24) Bugungi kunda ham shunday: Yahova bizdan nima qilishni so‘ramasin, bu manfaatimiz uchun xizmat qiladi. (Ishayo 48:17 ni o‘qing.) Samoviy Otamiz Yahova doim biz uchun nima yaxshiroq bo‘lishini biladi. (Rimliklarga 11:33) Muqaddas Kitobda: «Allohning O‘zi sevgidir»,— deb aytilgan. (1 Yuhanno 4:8) Bu degani Yahovaning barcha so‘zlari-yu ishlarining ortida sevgi turadi.

16. Nomukammal bo‘lib, yovuz dunyoda yashayotganimizga qaramay, qanday qilib itoatli bo‘la olamiz?

16 Ha, doim ham Xudoga itoat etish oson bo‘lmaydi. Chunki biz Shaytonning hukmi ostida bo‘lgan yovuz dunyoda yashayapmiz. U odamlarni yomon ishlar qilishga undaydi. (1 Yuhanno 5:19) Boz ustiga, nomukammal bo‘lganimiz uchun noto‘g‘ri istak va tuyg‘ular bilan kurashishimiz kerak. Aks holda, ular Xudoning qonunini buzishimizga sabab bo‘ladi. (Rimliklarga 7:21–25) Ammo Yahovaga bo‘lgan sevgimiz to‘g‘ri yo‘l tutishimizga kuch baxsh etadi. Yahova Unga itoat etish yo‘lida qilayotgan harakatlarimizni ko‘rib turadi va muqaddas ruhi ila bizga madad beradi. (1 Shohlar 15:22, 23; Havoriylar 5:32) Muqaddas ruh yaxshi fazilatlarni rivojlantirishimizga ko‘maklashadi. Bu fazilatlar tufayli esa Xudoga itoat qilishimiz oson kechadi. (Galatiyaliklarga 5:22, 23)

17, 18. a) Mazkur kitobda nimani o‘rganamiz? b) Keyingi bobda nimani ko‘rib chiqamiz?

17 Ushbu kitob bizga Yahovaga ma’qul tarzda yashashni o‘rgatadi. Shuningdek, undan ilohiy prinsip va axloqiy me’yorlarni qanday qilib hayotimizda qo‘llash mumkinligini bilib olamiz. Shuni yodda tutingki, Yahova hech qachon bizni Unga itoat etishga majburlamaydi. Agar Unga itoatli bo‘lishni tanlasak, hayotimiz yaxshilanadi va kelajagimiz porloq bo‘ladi. Eng asosiysi esa, itoatkorligimiz bilan Xudoni qanchalik qattiq yaxshi ko‘rishimizni isbotlay olamiz. (4-ilovaga qarang.)

18 Nima yaxshi va nima yomon ekanini ajrata olishimiz uchun Yahova har birimizga vijdonni tuhfa qilgan. Agar vijdonimizni tarbiyalasak, «Uning amrlariga rioya qila» olamiz. Xo‘sh, vijdon o‘zi nima va qanday qilib uni tarbiyalay olamiz? Buni keyingi bobda ko‘rib chiqamiz.