Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

13-BOB

Barcha bayram va urf-odatlar Xudoga ma’qulmi?

Barcha bayram va urf-odatlar Xudoga ma’qulmi?

Rabbimizga nima ma’qul ekaniga doimo ishonch hosil qilinglar. EFESLIKLARGA 5:10

1. Topinishimiz Yahovaga ma’qul bo‘lishi uchun nimaga ishonch hosil qilishimiz kerak va nega?

 ISO shunday degan: «Haqiqiy topinuvchilar Otaga ruh va haqiqat bilan topinishadi... Aynan shunday topinuvchilarni Ota O‘ziga izlaydi». (Yuhanno 4:23; 6:44) Har birimiz «Rabbimizga nima ma’qul ekaniga doimo ishonch hosil» qilishimiz lozim. (Efesliklarga 5:10) Bu doim ham oson emas. Chunki Shayton Yahovaga noma’qul ishga qo‘l urishimiz uchun bizni yo‘ldan ozdirishga harakat qilyapti. (Vahiy 12:9)

2. Sinay tog‘i yaqinida nima yuz berganini tushuntiring.

2 Shayton bizni qay yo‘sin yo‘ldan ozdirishga harakat qilyapti? U bizga nima yaxshi va nima yomon ekani haqida noto‘g‘ri tushunchani singdirishni istaydi. Isroil xalqi Sinay tog‘i yaqinida qarorgoh qurganida nimalar yuz berganiga e’tibor qarataylik. Muso toqqa chiqib ketgandi, xalq esa uni qarorgohga qaytib tushishini kutayotgan edi. Ular Musoni kutaverib charchashdi va Horundan ular uchun xudo yasab berishini so‘rashdi. Horun buzoq shaklida oltin haykal yasadi. Keyin xalq bayram uyushtirdi. Odamlar buzoq atrofida raqsga tushib, unga sajda qilishdi. Ular buzoqqa sajda qilib Yahovaga topinyapmiz deb ishonishdi. Ammo ular bu bayramni «Yahovaga atalgan bayram» deb aytishgani bilan aslida unday emasdi. Chunki Yahovaning nazarida bu butparastlik edi. Oqibatda ularning aksariyati hayotdan mahrum bo‘ldi. (Chiqish 32:1–6, 10, 28) Bundan qanday saboq olsak bo‘ladi? Aldanib qolmaylik. Biz «harom narsaga tegmasligimiz», ya’ni soxta din bilan bog‘liq ishlarga aralashib qolmasligimiz kerak. Nima yaxshi va nima yomon ekani haqida Yahovadan ta’lim olishimiz lozim. (Ishayo 52:11; Hizqiyo 44:23; Galatiyaliklarga 5:9)

3, 4. Nima uchun keng tarqalgan ba’zi bayramlar va urf-odatlarning kelib chiqishini bilish foydali?

3 Iso yer yuzida bo‘lganida, havoriylarga Yahovaga to‘g‘ri topinishni va bu bilan boshqalarga o‘rnak ko‘rsatishni o‘rgatgan. Uning o‘limidan keyin havoriylar Yahovaning prinsiplarini yangi shogirdlarga o‘rgatishda davom etishgan. Havoriylarning o‘limidan so‘ng, soxta ustozlar paydo bo‘lib, jamoatga noto‘g‘ri g‘oyalarni, butparastlarga xos bo‘lgan urf-odatlar-u bayramlarni olib kirishgan. Soxta ustozlar hatto butparastlarga xos ba’zi bayramlarni masihiylarning bayramidek ko‘rsatish maqsadida ularga boshqacha nom berishgan. (2 Salonikaliklarga 2:7, 10; 2 Yuhanno 6, 7) Bu bayramlarning aksariyati bugungi kunda ham keng tarqalgan va ular soxta ta’limotlarni olg‘a surib, hatto sehr-joduni qo‘llab-quvvatlaydi a. (Vahiy 18:2–4, 23)

4 Bugungi kunda dunyo bo‘ylab bayramlar insonlarning hayotida muhim o‘rin egallaydi. Biroq bu borada Yahovaning nuqtai nazarini o‘rganar ekansiz, ba’zi bayramlarga nisbatan munosabatingizni o‘zgartirish kerakligini ko‘rasiz. Bu qiyin kechishi mumkin, ammo Yahova sizga yordam berishiga amin bo‘ling. Keling endi, keng tarqalgan ba’zi bayramlar va urf-odatlarning kelib chiqishini bilib olaylik. Bu bizga Yahovaning ularga nisbatan munosabatini tushunishga ko‘maklashadi.

ROJDESTVONING KELIB CHIQISHI

5. Iso 25-dekabr yoki 7-yanvar kuni tug‘ilmaganini qayerdan bilamiz?

5 Yerning turli chekkalaridagi odamlar 25-dekabr yoki 7-yanvar kuni Rojdestvo bayramini nishonlashadi. Ularning ko‘pchiligi ushbu sanani Isoning tug‘ilgan kuni deb hisoblaydi. Muqaddas Kitobda Iso qaysi kuni va hatto qaysi oyda tug‘ilgani haqida hech nima aytilmagan bo‘lsa-da, unda yozilgan ma’lumotdan u yilning qaysi faslida tug‘ilganini aniqlasa bo‘ladi. Luqoning yozishicha, Iso Baytlahmda tug‘ilgan paytda cho‘ponlar «suruvlarini poylab, dalada kun kechirishardi». (Luqo 2:8–11) Dekabr oyida Baytlahmda sovuq bo‘lgani, yomg‘ir va qor yoqqani uchun cho‘ponlar kechasi suruvi bilan dalada qola olmasdi. Bundan nimani bilib olyapmiz? Demak, Iso dekabr oyida emas, ob-havo iliq bo‘lgan paytda tug‘ilgan. Muqaddas Kitob ham, tarixiy voqealar ham shuni tasdiqlayaptiki, Iso zamonaviy kalendar bo‘yicha taxminan sentabr–oktabr oylarida tug‘ilgan.

6, 7. a) Rojdestvo bayrami qayerdan kelib chiqqan? b) Sovg‘a berishga bizni nima undashi kerak?

6 Xo‘sh, unda Rojdestvo bayrami qayerdan kelib chiqqan? U butparastlarning bayramlari, jumladan, rimliklarning Saturnaliya, ya’ni dehqonchilik xudosi Saturn sharafiga uyushtirilgan bayramdan kelib chiqqan. Bir ensiklopediyada shunday deyilgan: «Rimliklarning Saturnaliya bayrami dekabr oyining o‘rtalarida nishonlangan bo‘lib, hozirgi Rojdestvo bayramiga xos ko‘pgina odatlar undan kelib chiqqan. Masalan, dabdabali ziyofatlar uyushtirish, sovg‘alar ulashish va sham yoqish shular jumlasidan». («The Encyclopedia Americana») Qolaversa, forslarning quyosh xudosi Mitraning tug‘ilgan kuni ham 25-dekabrda nishonlangan.

7 Ammo bugungi kunda Rojdestvoni nishonlaydigan ko‘pgina odamlar u butparastlikdan kelib chiqqani haqida o‘ylashmaydi. Ular Rojdestvoni shunchaki oilasi bilan vaqt o‘tkazish, mazali taomlardan zavq olish va sovg‘alar ulashish imkoni deb hisoblashadi. To‘g‘ri, biz oilamiz hamda do‘stlarimizni yaxshi ko‘ramiz, Yahova ham xizmatchilari bir-biriga nisbatan saxiy bo‘lishini istaydi. 2 Korinfliklarga 9:7 da: «Alloh quvonch bilan berganni sevadi»,— deyilgan. Yahova faqatgina muayyan kunlarda bir-birimizga sovg‘a berishimizni istamaydi. Shu sababli Yahovaning xalqi yilning istalgan paytida, evaziga hech narsa kutmasdan sovg‘alar berishni hamda do‘stlari-yu oilasi bilan yig‘ilishni yaxshi ko‘radi. Ular boshqalarni sevgani uchun sovg‘alar berishadi. (Luqo 14:12–14)

Bayramlarning kelib chiqishini bilish to‘g‘ri qaror chiqarishga yordam beradi

8. Munajjimlar Isoga sovg‘alar berishganida u yangi tug‘ilgan chaqaloq bo‘lganmi? Tushuntiring.

8 Ko‘pchilik Rojdestvoda sovg‘alar ulashish odatini uchta dono kishi oxurda yotgan yangi tug‘ilgan Isoga sovg‘alar keltirishgani bilan bog‘laydi. Bir guruh kishilar Isoni ko‘rishga kelgani va unga sovg‘alar bergani rost. Muqaddas Kitob yozilgan paytda obro‘li insonga sovg‘alar berish odatiy hol bo‘lgan. (3 Shohlar 10:1, 2, 10, 13) Muqaddas Kitobda aytilishicha, Isoni ko‘rgani kelgan uch kishi munajjimlar bo‘lgan, ular sehr-jodu bilan shug‘ullangan va Yahovaga topinmagan. Qolaversa, ular Isoni ko‘rgani kelishganida u oxurda yotgan yangi tug‘ilgan chaqaloq bo‘lmagan. Ular keyinroq, Iso uyda yashayotgan paytda kelishgan. Ushbu munajjimlar sharqdan Iso yashayotgan joyga kelgunicha bir necha oy ketgan. Ular manzilga yetib kelguniga qadar Iso katta bo‘lib qolgandi. (Matto 2:1, 2, 11)

TUG‘ILGAN KUNLAR HAQIDA MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN?

9. Muqaddas Kitobda kimlarning tug‘ilgan kuni haqida aytilgan?

9 Farzandning dunyoga kelishi hamisha quvonchli hodisa. (Zabur 127:3) Ammo bu tug‘ilgan kunlarni nishonlashimiz kerakligini anglatmaydi. Quyidagilar haqida bir o‘ylab ko‘ring: Muqaddas Kitobda faqat ikkita tug‘ilgan kun nishonlangani haqida yozilgan. Ulardan biri misrlik fir’avnning, ikkinchisi esa shoh Hirod Antipaning tug‘ilgan kuni bo‘lgan. (Ibtido 40:20–22; Mark 6:21–29 ni o‘qing.) Ammo bu ikkala hukmdor ham Yahovaga xizmat qilmagan. Qolaversa, Muqaddas Kitobda Yahovaning xizmatchilari tug‘ilgan kunini nishonlashgani haqida hech narsa yozilmagan.

10. Ilk masihiylar tug‘ilgan kunni nishonlash haqida qanday fikrda bo‘lishgan?

10 Bir ensiklopediyada ta’kidlanishicha, «ilk masihiylar tug‘ilgan kun nishonlashni butparastlarga xos odat deb bilishgan». («The World Book Encyclopedia») Ushbu odatlar soxta ta’limotlarga asoslangan edi. Masalan, qadimgi yunonlar inson tug‘ilganida uning yonida bir ruh bo‘lishiga va bu ruh uni umri bo‘yi asrashiga ishonishgan. Ularning fikricha, odam qaysidir xudoning tug‘ilgan kunida tug‘iladi va uni asraydigan ruh bu xudo bilan aloqada bo‘ladi. Tug‘ilgan kun butparastlarga xos bunday ta’limotlardan tashqari, astrologiya va munajjimlik bilan ham bog‘liq.

11. Saxiylikni namoyon etish borasida Yahova bizdan nimani kutadi?

11 Ko‘p odamlar tug‘ilgan kunini o‘zgacha sana deb bilishadi va bu kuni ularga e’tibor hamda sevgi ko‘rsatilishini kutishadi. Lekin oila a’zolarimiz va do‘stlarimizga faqat muayyan kun emas, yil bo‘yi sevgimizni namoyon etishimiz mumkin. Yahova doim mehribon va saxiy bo‘lishimizni istaydi. (Havoriylar 20:35 ni o‘qing.) U bizga bebaho hayotni in’om etgani uchun faqat tug‘ilgan kunimizda emas, har kuni Unga minnatdorchilik bildiramiz. (Zabur 8:3, 4; 36:9)

Masihiylar boshqalarni sevgani uchun sovg‘a berishadi

12. Qaysi ma’noda o‘lim kuni tug‘ilgan kundan yaxshiroq?

12 Voiz 7:1 da: «Yaxshi nom qimmatbaho moydan, o‘lim kuni esa tug‘ilgan kundan yaxshiroqdir»,— deyilgan. Qaysi ma’noda o‘lim kuni tug‘ilgan kundan yaxshiroq bo‘lishi mumkin? Endi tug‘ilganimizda hali na yaxshi, na yomon ish qilib ulgurgan bo‘lamiz. Biroq hayotimizni Yahovaga xizmat qilish bilan o‘tkazsak va boshqalarga yaxshilik qilsak, «yaxshi nom», ya’ni obro‘ orttiramiz. Shunda hatto olamdan o‘tsak ham Yahova bizni yodida tutadi. (Ayub 14:14, 15) Yahovaning xizmatchilari o‘zining ham, Isoning ham tug‘ilgan kunini nishonlashmaydi. Qolaversa, Iso faqatgina uning o‘lgan kunini xotirlashimizni amr etgan. (Luqo 22:17–20; Ibroniylarga 1:3, 4)

NAVRO‘Z BAYRAMI QAERDAN KELIB CHIQQAN?

13, 14. Navro‘z bayrami qayerdan kelib chiqqan?

13 Bahorda nishonlanadigan Navro‘z bayrami bir qarashda bezararday tuyulishi mumkin. Bu bayram hayotning yangilanishi hamda bahorgi hosil bilan bog‘liq. Ammo u qayerdan kelib chiqqan? Bir ensiklopediyada aytilishicha, Navro‘z «yangi yil bayrami hisoblanib, zardushtiylik va forsiylik bilan bog‘liq. Ushbu bayram ko‘plab mamlakatlarda, jumladan, Eron, Iroq, Hindiston va Afg‘onistonda nishonlanadi. Odatda bu bayram 21-martda boshlanadi va yuqorida aytib o‘tilgan ko‘plab mamlakatlarda yangi yilning birinchi kuni hisoblanadi». («Encyclopedia Britannica») Boshqa bir manbada shunday deyilgan: «Zardushtiylik dini tarix qa’rida qoldi. Biroq bu dinga xos ko‘pgina odatlar, bayramlar, rasm-rusumlar hozirgi paytgacha saqlanib qolgan. Albatta, ular ichida eng kattasi Navro‘z bayramidir». («Odatnoma. Birinchi kitob»)

14 Odamlar soxta dinga oid urf-odatlarni hosildorlikka hissa qo‘shadigan tabiat jarayonlari bilan aralashtirib yuborishsa, bu Yahovaga ma’qul keladimi? Aslo! (2 Korinfliklarga 6:17, 18) Ha, Yahova hech qachon bizdan mavsumlar almashishini nishonlashni so‘ramagan.

O‘LGANLAR BILAN BOG‘LIQ MAROSIMLAR

15. Nega masihiylar o‘lganlar bilan bog‘liq ayrim marosimlarda qatnashmaydi?

15 O‘lganlar bilan bog‘liq marosimlar orasida masihiylarga to‘g‘ri kelmaydiganlari ham bor. Inson olamdan o‘tsa odatga ko‘ra o‘sha uydagi suratlar va ko‘zgular ustini yopib qo‘yishadi, marhumning boshini sharqqa qaratib yotqizishadi. Marhumga atab yetti, yigirma, qirq va yil marosimlari o‘tkaziladi. Odamlar bu marosimlarni insonning o‘lmas ruhi mavjudligi va u tiriklarga ta’sir qila olishiga ishonishgani uchun o‘tkazishadi. Aslida esa «o‘lganlar hech narsani bilmaydi». Shunday ekan, o‘lganlardan qo‘rqish, ularning ruhiga hurmat ko‘rsatish yoki yordam berish bilan bog‘liq marosimlarda ishtirok etish Xudoning mehr-muhabbatida qolishni istaydigan kishilarga to‘g‘ri kelmaydi. (Voiz 9:5, 10)

XUDOGA MA’QUL NIKOH TO‘YLARI

16, 17. Nikoh to‘yini rejalashtirayotib nimani inobatga olish lozim?

16 Nikoh to‘yi nihoyatda quvonchli voqea. Dunyo bo‘ylab to‘ylar turlicha o‘tkaziladi. Ko‘pincha odamlar to‘y bilan bog‘liq urf-odatlar qayerdan kelib chiqqani bilan qiziqishmaydi. Shuning uchun ular bu marosimlarning ayrimlari butparastlarning e’tiqodlari bilan bog‘liq ekanini bilishmaydi. Ammo turmush qurmoqchi bo‘lgan masihiy juftlik to‘yi Yahovaga ma’qul tarzda o‘tkazilishini istaydi. Agar ular to‘y bilan bog‘liq marosimlarning kelib chiqishi haqida ma’lumotga ega bo‘lishsa, to‘g‘ri qarorlar chiqara olishadi. (Mark 10:6–9)

17 Odamlar to‘y bilan bog‘liq ayrim marosimlar yangi juftlikka «omad» keltiradi deb ishonishadi. (Ishayo 65:11) Masalan, ba’zi joylarda kelin-kuyovning ustidan guruch, pul, shirinlik va shu kabi narsalarni sochishadi. Bu odatlar juftlikka farzandli bo‘lishga ko‘maklashadi, ularga baxt va uzoq umr keltiradi hamda yomonlikdan asraydi deb ishonishadi. Biroq masihiylar soxta din bilan bog‘liq shu kabi urf-odatlardan qochishadi. (2 Korinfliklarga 6:14–18 ni o‘qing.)

18. Muqaddas Kitobda to‘y bilan bog‘liq yana qanday prinsiplar bor?

18 Masihiy juftlik ularning to‘yi quvonchli va munosib tarzda o‘tishini hamda kelganlarning bariga zavq keltirishini istaydi. Bunday to‘yga kelgan mehmonlar ham qo‘pol va axloqsiz, kelin-kuyovni hamda boshqalarni hijolatga qo‘yadigan tilaklarni aytishmaydi. (Hikmatlar 26:18, 19; Luqo 6:31; 10:27) Masihiylar to‘y qilayotganda «o‘z mol-mulki bilan maqtanishdan» qochishadi. (1 Yuhanno 2:16) Agar to‘y qilishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, undan faqat yaxshi xotiralar qolishiga harakat qiling. (28-ilovaga qarang.)

QADAH KO‘TARISHNING KELIB CHIQISHI

19, 20. Qadah ko‘tarish odati qayerdan kelib chiqqan?

19 To‘ylarda va boshqa o‘tirishlarda qadah ko‘tarish odatiy hol. Bir kishi qadah ko‘tarib yaxshi niyatlarini aytayotganida boshqalar ham qadahlarini ko‘tarib turishadi. Masihiylar qadah ko‘tarishga qanday munosabatda bo‘lishlari kerak?

20 Bir kitobda aytilishicha, qadah ko‘tarish, ehtimol, butparastlarning «xudolariga atab muqaddas suyuqlikni nazr qilish» odatidan kelib chiqqan. Ular «“Umringiz uzoq bo‘lsin!” yoki “Sog‘ligingiz uchun!” degan tilaklari yoki ibodati ijobat bo‘lishini istashgani» uchun bu ishni qilishgan. («International Handbook on Alcohol and Culture») Qadimda odamlar xudolaridan baraka tilash maqsadida qadahlarini ko‘tarishgan. Ammo Yahova odamlarga bu tarzda baraka bermaydi. (Yuhanno 14:6; 16:23)

«YAHOVANI SEVADIGANLAR, YOMONLIKDAN NAFRATLANING»

21. Masihiylar yana qanday bayramlarda qatnashishdan qochishadi?

21 Birorta bayramda qatnashish-qatnashmaslik borasida qaror chiqarayotib, u qanday nuqtai nazar va xulq-atvorni olg‘a surishi haqida o‘ylab ko‘ring. Masalan, ayrim bayramlar paytida odamlar behayo raqslarga tushishadi, ichkilikbozlik va axloqsizlikka berilishadi. Qolaversa, bunday bayramlarning ayrimlari besoqolboz-u lesbiyanlarga xos hayot tarzini olib borishga va millatchilikka rag‘batlantiradi. Agar shu kabi bayramlarda qatnashsak, Yahova nafratlanadigan narsalardan nafratlanayotgan bo‘lamizmi?! (Zabur 1:1, 2; 97:10; 119:37)

22. Muayyan bayramda qatnashish-qatnashmaslikni hal qilishga masihiyga nima yordam beradi?

22 Masihiylar Xudoga isnod keltiradigan har qanday bayramda ishtirok etishdan voz kechishadi. Havoriy Pavlus shunday deb yozgan: «Yeysizlarmi, ichasizlarmi, nimaiki qilsangizlar, hamma narsani Xudoni sharaflash uchun qilinglar». (1 Korinfliklarga 10:31; 29-ilovaga qarang.) To‘g‘ri, barcha bayramlar ham axloqsizlik, soxta din yoki millatchilik bilan bog‘liq emas. Agar muayyan bayram Muqaddas Kitob prinsiplariga zid bo‘lmasa, unda qatnashish-qatnashmaslik borasida shaxsiy qaror chiqaramiz. Qarorimiz boshqalarga qanday ta’sir qilishini ham inobatga olishimiz lozim.

YAHOVANI SO‘Z VA AMALDA SHARAFLANG

23, 24. Yahovaning Shohidi bo‘lmagan oila a’zolarimizga muayyan bayram haqidagi qarorimizni qanday tushuntirsak bo‘ladi?

23 Siz ham Yahovaga isnod keltiradigan bayramlarda ishtirok etmayotgandirsiz. Lekin Yahovaning Shohidi bo‘lmagan oila a’zolaringiz siz endi ularni yaxshi ko‘rmaysiz va ular bilan vaqt o‘tkazishni istamayapsiz deb o‘ylashlari mumkin. Ular oila faqatgina bayramlar paytida birga yig‘iladi degan fikrda bo‘lishlari mumkin. Bu vaziyatda nima qilsangiz bo‘ladi? Ularni sevgingizga ishontirishning va qadrlashingizni ko‘rsatishning turli yo‘llari mavjud. (Hikmatlar 11:25; Voiz 3:12, 13) Ularni boshqa payt birgalikda vaqt o‘tkazishga taklif qilishingiz mumkin.

24 Agar qarindoshlaringiz nega muayyan bayramni ortiq nishonlamayotganingizni bilmoqchi bo‘lishsa, adabiyotlarimizdagi va jw.org saytimizdagi ma’lumotlar yordamida ularga buning sababini tushuntirib berishingiz mumkin. Ularda bahsda yutmoqchiday yoki ularga o‘z fikringizni o‘tkazmoqchiday taassurot qoldirishdan ehtiyot bo‘ling. Oila a’zolaringizga ko‘pgina omillarni ko‘rib chiqqach, shaxsiy qaror chiqarganingizni tushunishga ko‘maklashing. Xotirjamlikni saqlang hamda «so‘zlaringiz doimo yoqimli va mazali bo‘lsin». (Kolosaliklarga 4:6)

25, 26. Ota-onalar bolalariga Yahovaning me’yorlarini sevishga qanday yordam bera olishadi?

25 Har birimiz nega muayyan bayramlarda qatnashmayotganimizni aniq tushunishimiz muhim. (Ibroniylarga 5:14) Maqsadimiz Yahovaga ma’qul bo‘lish. Agar ota-ona bo‘lsak, farzandlarimizga Muqaddas Kitob prinsiplarini tushunishga va sevishga yordam berishimiz lozim. Bolalaringizga Yahova mavjud Shaxs ekanini va ular bilan do‘stlashmoqchi ekanini tushunishga ko‘maklashing. Shunda ular ham Xudoga ma’qul bo‘lishga intilishadi. (Ishayo 48:17, 18; 1 Butrus 3:15)

26 Yahova Unga pok va ma’qul tarzda topinish uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilayotganimizni ko‘rishdan juda baxtiyor. (Yuhanno 4:23) Ammo ko‘pchilik ushbu adolatsiz dunyoda halol yashashning iloji yo‘q, deb hisoblaydi. Chindan ham shundaymi? Keling, buni keyingi bobda ko‘rib chiqamiz.

a Bayramlar haqida qo‘shimcha ma’lumot olishni istasangiz, «Yahovaning Shohidlari izlanish olib borishi uchun qo‘llanma»ga hamda jw.org saytiga qarang.