Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

3-BOB

Xudoni sevadiganlar bilan do‘st bo‘ling

Xudoni sevadiganlar bilan do‘st bo‘ling

Dono bilan yurgan dono bo‘ladi. HIKMATLAR 13:20

1–3. a) Hikmatlar 13:20 dan nima haqda bilib olyapmiz? b) Nega do‘stlarni donolik ila tanlashimiz kerak?

 KICHKINTOY ota-onasini diqqat bilan kuzatishiga e’tibor berganmisiz? U hali gapirishni boshlamasidan ko‘rgan va eshitgan barcha narsasini shimib oladi. Ulg‘aygani sari u o‘zi sezmagan holda ota-onasiga taqlid qila boshlaydi. Kattalar ham o‘zlari ko‘p muloqot qiladigan insonlar kabi fikrlashi va yo‘l tuta boshlashi ajablanarli emas.

2 Hikmatlar 13:20 dan «dono bilan yurgan dono bo‘lishini» bilib oldik. Bu oyatdagi «yurish» so‘zi kim bilandir birga vaqt o‘tkazishni anglatadi. Bu shunchaki insonning yonida bo‘lishdan ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Bir ilohiyotshunosning aytishicha, kim bilandir yurish uni yaxshi ko‘rishni va unga bog‘lanib qolishni bildiradi. Biz kimlar bilan birga ko‘p vaqt o‘tkazsak, o‘sha insonlarning ta’siriga beriluvchan bo‘lamiz, ayniqsa, ularga bog‘lanib qolgan bo‘lsak.

3 Do‘stlarimiz bizga yaxshi yoki yomon ta’sir qilishlari mumkin. Hikmatlar 13:20 ning davomida: «Nodonga sherik bo‘lgan esa aziyat chekadi»,— degan so‘zlarni o‘qiymiz. Ibroniychada kimgadir «sherik bo‘lish» u bilan do‘stlashishni anglatishi mumkin. (Hikmatlar 22:24) Xudoni sevadigan do‘stlar Unga sadoqatli qolishimizga yordam berishadi. Do‘stlarni donolik ila tanlashimiz uchun, keling, Yahova qanday insonlarni do‘st deb bilishiga e’tibor qarataylik.

KIM XUDONING DO‘STI BO‘LA OLADI?

4. Nega Xudoning do‘sti bo‘lish ulkan sharaf? Nima uchun Yahova Ibrohimni «do‘stim» deb atagan?

4 Butun olamning Sarvari Yahova bizga Uning do‘sti bo‘lish imkonini taqdim etmoqda. Albatta, bu ulkan sharaf! Yahova do‘stlarini sinchkovlik bilan tanlaydi. Uni sevadigan va Unga ishonadigan kishilar Yahovaning do‘sti bo‘la olishadi. Masalan, Ibrohimni olaylik. Ibrohim Xudo uchun hamma narsaga tayyor bo‘lgan. U sadoqatli va itoatkor ekanini qayta-qayta isbotlagan. U hatto o‘g‘li Is’hoqni qurbonlikka keltirishga tayyor bo‘lgan. «Alloh uning o‘g‘lini tiriltirishga qodir» ekaniga Ibrohim ishongan. (Ibroniylarga 11:17–19; Ibtido 22:1, 2, 9–13) Ibrohim sadoqatli va itoatkor bo‘lgani uchun Yahova uni «do‘stim» deb atagan. (Ishayo 41:8; Yoqub 2:21–23)

5. Yahova Unga sodiq insonlarga qanday munosabat ko‘rsatadi?

5 Yahova do‘stlarini nihoyatda qadrlaydi. Yahovaning do‘stlari Unga sadoqatli bo‘lishni hamma narsadan ustun qo‘yishadi. (2 Shohlar 22:26 ni o‘qing.) Ular Yahovani sevishgani uchun Unga sodiq va itoatkor. Muqaddas Kitobda aytilganidek, Xudo Unga quloq soladigan «to‘g‘ri kishi bilan yaqin do‘st bo‘ladi». (Hikmatlar 3:32) Yahova do‘stlarini Uning «chodirida» aziz mehmon bo‘lishga taklif qilmoqda. Alloh do‘stlarini Unga topinishga va har qanday vaqtda Unga ibodat qilishga chorlamoqda. (Zabur 15:1–5)

6. Isoni sevishimizni qanday ko‘rsata olamiz?

6 Iso: «Meni sevgan, kalomimga rioya qiladi va Otam uni sevadi»,— degan. (Yuhanno 14:23) Demak, Yahovaning do‘sti bo‘lish uchun Isoni ham sevishimiz va u o‘rgatgan narsalarga amal qilishimiz lozim. Masalan, biz Isoning xushxabarni va’z qilish va shogird tayyorlash haqidagi yo‘l-yo‘rig‘iga quloq solamiz. (Matto 28:19, 20; Yuhanno 14:15, 21) Isoni sevganimiz uchun «uning izidan og‘may yuramiz». (1 Butrus 2:21) Gapimiz va ishlarimizda iloji boricha Uning O‘g‘liga taqlid qilishga intilayotganimizni ko‘rib Yahova juda xursand bo‘ladi.

7. Nega do‘stlarimiz Yahovaning ham do‘stlari bo‘lishi kerak?

7 Yahovaning do‘stlari Unga ishonishadi, sadoqat-u itoatkorlikni namoyon etishadi va Uning O‘g‘lini yaxshi ko‘rishadi. Biz ham do‘st tanlashda Yahovaga taqlid qilyapmizmi? Agar do‘stlaringiz Isoga ergashib, boshqalarga Xudoning Shohligi haqida ta’lim berish bilan band bo‘lishsa, ular yaxshi inson bo‘lishingizga va Yahovaga sodiq qolishingizga yordam berishadi.

MUQADDAS KITOBDAGI MISOLLARDAN O‘RNAK OLAYLIK

8. Rut va Naimaning do‘stligi sizga nimasi bilan yoqdi?

8 Muqaddas Kitobda ko‘pgina chin do‘stlar haqida o‘qishimiz mumkin. Masalan, Rut bilan uning qaynanasi Naima o‘rtasidagi do‘stlik. Ularning tug‘ilib o‘sgan yurti va kelib chiqishi turlicha bo‘lgan. Qolaversa, Naima Rutdan ancha katta edi. Biroq ikkisi ham Yahovani juda yaxshi ko‘rgani uchun qalin do‘st bo‘lishgan. Naima Mo‘ab yurtidan Isroilga qaytmoqchi bo‘lganida, Rut u bilan ketgan. U Naimaga: «Sizning xalqingiz, mening xalqim, sizning Xudoyingiz, mening Xudoyim bo‘ladi»,— degan. (Rut 1:14, 16) Rut Naimaga nihoyatda mehribon bo‘lgan. Ular Isroilga yetib kelishganida, Rut o‘zi va qalin do‘sti bo‘lib qolgan qaynanasini ta’minlash uchun ter to‘kib mehnat qilgan. Naima ham Rutni juda yaxshi ko‘rgan va unga yaxshi maslahat bergan. Rut unga quloq solgani uchun ularning ikkisi ham ko‘plab barakalar olgan. (Rut 3:6)

9. Dovud bilan Yo‘natanning do‘stligi sizga nimasi bilan yoqdi?

9 Muqaddas Kitobdagi yana bir misol Dovud va Yo‘natanning do‘stligidir. Ularning ikkalasi ham Yahovaga sodiq bo‘lgan. Yo‘natan Dovuddan taxminan 30 yoshga katta edi va otasidan keyin Isroilning shohi bo‘lishi kerak edi. (1 Shohlar 17:33; 31:2; 2 Shohlar 5:4) Ammo Yahova Isroilning shohi sifatida Dovudni tanlaganini eshitganida Yo‘natan unga hasad qilmagan va uni raqib deb bilmagan. Aksincha, u imkon qadar Dovudni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilgan. Masalan, Dovudning hayoti xavf ostida qolganida Yo‘natan uning «Yahovaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlagan». U hatto Dovud uchun hayotini xavf ostiga qo‘ygan. (1 Shohlar 23:16, 17) Dovud ham sadoqatli do‘st bo‘lgan. U Yo‘natanning oilasiga g‘amxo‘rlik qilishga va’da bergan va Yo‘natan olamdan o‘tganidan keyin ham va’dasida turgan. (1 Shohlar 18:1; 20:15–17, 30–34; 2 Shohlar 9:1–7)

10. Uchta ibroniy yigitning do‘stligidan nimani o‘rgandingiz?

10 Bolaligida Bobilga olib ketilgan Shadrax, Meshax va Abednaxu ismli uchta ibroniy yigit qalin do‘st bo‘lishgan. Ular oilalaridan uzoqda bo‘lishgan va bir-biriga Yahovaga sodiq qolishga yordam berishgan. Ular ulg‘ayganida imonlari sinalgan. Chunki shoh Navuxodonosor ularga oltin haykalga sajda qilishni buyurgan. Shadrax, Meshax va Abednaxu haykalga sajda qilishdan bosh tortib shohga shunday deyishgan: «Xudolaringizga sig‘inmaymiz, siz o‘rnatgan oltin haykalga sajda qilmaymiz». Imoni sinalganida, bu uchta do‘st Xudoga bo‘lgan sadoqatini saqlab qolgan. (Doniyor 1:1–17; 3:12, 16–28)

11. Qanday qilib Pavlus va Timo‘tiy qalin do‘stlarga aylanishgan?

11 Havoriy Pavlus yosh Timo‘tiyni ilk bor uchratganida u Yahovani yaxshi ko‘rishini va jamoat uchun chin dildan qayg‘urayotganini ko‘rgan. Shu bois Timo‘tiy turli joylardagi imondoshlarga ko‘maklashishi uchun Pavlus unga ta’lim bergan. (Havoriylar 16:1–8; 17:10–14) Timo‘tiy jon kuydirib mehnat qilayotganini ko‘rib, Pavlus u haqda: «Xushxabar yoyilishida men bilan birgalikda xizmat qilgan»,— deb aytgan. Timo‘tiy birodar-u opa-singillari uchun «chin dildan g‘am chekishini» Pavlus bilardi. Ular Yahovaga yelkama-yelka zahmatkashlik ila xizmat qilar ekan, qalin do‘stlarga aylanishgan. (Filippiliklarga 2:20–22; 1 Korinfliklarga 4:17)

DO‘STLARNI QANDAY TANLASA BO‘LADI?

12, 13. a) Nega hatto jamoatda ham do‘stlarni sinchkovlik ila tanlashimiz kerak? b) Nega havoriy Pavlus 1 Korinfliklarga 15:33 dagi ogohlantirishni bergan?

12 Jamoatda birodar-u opa-singillarimizdan ko‘p narsani o‘rganishimiz va bir-birimizga sadoqatni saqlashga ko‘maklashishimiz mumkin. (Rimliklarga 1:11, 12 ni o‘qing.) Biroq u yerda ham kimni yaqin do‘st sifatida tanlayotganimizga diqqatli bo‘lishimiz lozim. Imondoshlarimizning madaniyati va kelib chiqishi turlicha. Ulardan ayrimlari jamoatga yaqinda kelgan, boshqalari esa Yahovaga ko‘p yillardan beri xizmat qilyapti. Xuddi mevaning pishishiga vaqt kerak bo‘lganiday, insonning Yahova bilan munosabatlari rivojlanishi uchun ham vaqt talab etiladi. Shunday ekan, bir-birimizga sabr-toqat va sevgini namoyon etib, do‘stlarni doim donolik ila tanlashimiz kerak. (Rimliklarga 14:1; 15:1; Ibroniylarga 5:12–6:3)

13 Ba’zida jamoatimizda jiddiy vaziyat yuzaga kelishi mumkin va shunda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak. Birodar-u opa-singillarimizdan kimdir Muqaddas Kitobga zid ish qilib qo‘yishi mumkin. Yo bo‘lmasa, kimdir jamoatga zarar keltiradigan norozilik ruhini namoyon eta boshlar. Bunga hayron qolmaymiz, chunki birinchi asrda ham jamoatlarda muammolar yuzaga kelib turgan. Shu bois havoriy Pavlus masihiylarni ogohlantirib: «Adashmanglar. Yomon odamlar bilan muloqot qilish yaxshi xulqni buzadi»,— degan. (1 Korinfliklarga 15:12, 33) U Timo‘tiyni ham yaqin do‘st sifatida kimni tanlayotganiga e’tiborli bo‘lishga undagan. Biz ham bu maslahatga amal qilishimiz lozim. (2 Timo‘tiyga 2:20–22 ni o‘qing.)

14. Qay yo‘sin tanlagan do‘stlarimiz Yahova bilan munosabatlarimizga ta’sir qiladi?

14 Biz Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimizni himoya qilishimiz kerak. Chunki bu bizda bor bo‘lgan eng qimmatbaho narsa. Shuning uchun imonimizni susaytiradigan va Alloh bilan munosabatlarimizga putur yetkazadigan har qanday inson bilan yaqin do‘st bo‘lishdan qochamiz. Masalan, paxtani sirkaga botirib, u suvni shimib olishini kutmaymiz. Shu kabi yomon ishlar qiladigan insonlar bilan do‘stlashsak, yaxshi ishlar qilishimiz oson bo‘lishini kuta olmaymiz. Demak, yaqin do‘stlarni sinchkovlik bilan tanlashimiz kerak. (1 Korinfliklarga 5:6; 2 Salonikaliklarga 3:6, 7, 14)

Yahovani sevadigan kishilar sizga yaxshi do‘st bo‘la oladi

15. Jamoatda yaxshi do‘stlar orttirish uchun nima qilishingiz mumkin?

15 Jamoatda Yahovani chinakamiga yaxshi ko‘radigan insonlarni topasiz. Ular sizga chin do‘st bo‘la oladi. (Zabur 133:1) Do‘stlarni faqat o‘z tengdoshlaringiz yoki kelib chiqishi siznikiga o‘xshash bo‘lgan insonlar orasidan qidirmang. Yo‘natan Dovuddan ancha kattaroq bo‘lganini, Rut esa Naimadan ancha yoshroq bo‘lganini unutmang. Har birimiz Muqaddas Kitobdagi: «Bag‘ringizni keng qilinglar»,— degan maslahatga amal qilishni istaymiz. (2 Korinfliklarga 6:13; 1 Butrus 2:17 ni o‘qing.) Yahovaga qancha ko‘p taqlid qilsangiz, boshqalar shuncha ko‘p siz bilan do‘st bo‘lishni istashadi.

KELISHMOVCHILIKLAR PAYDO BO‘LGANDA

16, 17. Jamoatda kimdir bizni xafa qilsa, nima qilmasligimiz kerak?

16 Bir oilaning o‘zida turli fe’l-atvorga, fikrlash tarziga va odatlarga ega insonlar bo‘ladi. Jamoatda ham xuddi shunday. Bunday turli-tumanlik hayotimizni qiziqarli qiladi va bir-birimizdan ko‘p narsani o‘rganishimiz mumkin. Ammo ba’zan bunday farq tufayli imondoshlarimizni noto‘g‘ri tushunishimiz yoki g‘ashimiz kelishi mumkin. Bu bizni xafa qilishi yoki ko‘nglimizga qattiq botishi hech gap emas. (Hikmatlar 12:18)

17 Bu muammolar bizni tushkunlikka tushirishiga va jamoatdan uzoqlashtirishiga yo‘l qo‘yish to‘g‘ri bo‘larmidi? Yo‘q, albatta. Kimdir bizni xafa qilsa ham jamoatdan uzoqlashishni istamaymiz. Axir bizni Yahova xafa qilgani yo‘q-ku! U bizga hayotni va boshqa barcha narsani bergan. U sevgimiz va sadoqatimizga loyiq. (Vahiy 4:11) Jamoat — imonimizni mustahkam saqlashga yordam beradigan Yahovaning hadyasi. (Ibroniylarga 13:17) Kimdir bizni ranjitgani uchungina Uning bu hadyasini rad etmaymiz. (Zabur 119:165 ni o‘qing.)

18. a) Birodar-u opa-singillarimiz bilan murosa qilishga nima yordam beradi? b) Nega boshqalarni kechirishimiz kerak?

18 Biz birodar-u opa-singillarimizni yaxshi ko‘ramiz va ular bilan murosa qilishni istaymiz. Yahova hech bir insondan mukammallikni kutmaydi, biz ham shunday qilishimiz kerak. (Hikmatlar 17:9; 1 Butrus 4:8) Barchamiz xato qilib turamiz, ammo sevgi bir-birimizni «chin dildan kechirishga» yordam beradi. (Kolosaliklarga 3:13) Sevgi kichik tushunmovchiliklar katta muammoga aylanib ketishining oldini oladi. To‘g‘ri, kimdir bizni xafa qilsa, bu haqda o‘ylamaslik qiyin. O‘sha odamdan jahlimiz chiqishi va unga nisbatan kek saqlashimiz mumkin. Bundan o‘zimizni faqat baxtsiz his qilamiz va alamimiz keladi. Bizni ranjitgan kishini kechirganimizda esa ko‘nglimiz xotirjam bo‘ladi, jamoatda birlik hukm suradi va eng asosiysi Yahova bilan munosabatlarimiz yaxshi bo‘ladi. (Matto 6:14, 15; Luqo 17:3, 4; Rimliklarga 14:19)

KIMDIR JAMOATDAN CHETLATILGANDA

19. Qaysi vaziyatda jamoatdagi birorta kishi bilan muloqot qilmasligimiz kerak bo‘ladi?

19 Sevgi hukm suradigan oilaning har bir a’zosi qo‘lidan kelgancha boshqalarni baxtli qilishga intiladi. Ammo tasavvur qiling, ulardan biri isyon ko‘tardi. Oilaning har bir a’zosi unga qayta-qayta yordam berishga urindi, biroq u yordamni rad etdi. U uydan chiqib ketishga qaror qilishi yoki oila boshi undan buni so‘rashi mumkin. Shunga o‘xshash vaziyat jamoatda ham bo‘lib turadi. Kimdir Yahovaga noma’qul va jamoatga zarar keltiradigan ishni bas qilmasligi mumkin. U yordamni rad etib, o‘z harakatlari bilan jamoatning a’zosi bo‘lishni ortiq istamayotganini ko‘rsatishi mumkin. U jamoatni tark etishga qaror qilar yoki uni chetlatishar. Agar shunday voqea yuz bersa, Muqaddas Kitobdagi aniq maslahatga amal qilib, o‘sha odam bilan «muloqot qilmaymiz». (1 Korinfliklarga 5:11–13 ni o‘qing; 2 Yuhanno 9–11) Ayniqsa, u do‘stimiz yoki oilamiz a’zosi bo‘lsa bunday qilish juda qiyin. Ammo bu kabi vaziyatda Yahovaga bo‘lgan sadoqatimiz har qanday insonga bo‘lgan sadoqatimizdan ustun turishi lozim. (8-ilovaga qarang.)

20, 21. a) Qay yo‘sin jamoatdan chetlatish tadbiridan sevgi ko‘rinadi? b) Nega do‘stlarni sinchkovlik bilan tanlashimiz muhim?

20 Jamoatdan chetlatish Yahovaning sevgi ila ko‘rgan chorasidir. Ushbu chora jamoatni Yahovaning me’yorlarini mensimaydigan kishilardan himoya qiladi. (1 Korinfliklarga 5:7; Ibroniylarga 12:15, 16) Bu Yahovaning muqaddas ismiga, Uning yuqori axloqiy me’yorlariga va Uning O‘ziga bo‘lgan sevgimizni ko‘rsatishga imkon beradi. (1 Butrus 1:15, 16) Jamoatdan chetlatish tadbiridan ayni paytda jamoat a’zosi bo‘lmagan kishiga nisbatan ham sevgini ko‘rish mumkin. Ushbu jiddiy chora insonga qilayotgan ishi noto‘g‘ri ekanini tushunishga yordam berib, o‘zgarishga undaydi. Bir vaqtlar jamoatdan chetlatilgan ko‘plab kishilar keyinchalik Yahovaga qaytishgan va ularni jamoatda iliq qarshi olishgan. (Ibroniylarga 12:11)

21 Do‘stlarimiz bizga yaxshi yoki yomon ta’sir qilishi aniq. Shuning uchun ularni sinchkovlik bilan tanlashimiz muhim. Agar Yahova sevadigan insonlarni yaxshi ko‘rsak, Unga abadiy sodiq qolishimizga ko‘maklashadigan kishilar orasida bo‘lamiz.