Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

5-BOB

Dunyoga tegishli bo‘lmang

Dunyoga tegishli bo‘lmang

[Sizlar] dunyoga tegishli emassiz. YUHANNO 15:19

1. Iso o‘limi arafasidagi kechada nima haqida xavotir olgan?

 BU ISONING o‘limi arafasidagi kecha edi. Iso shogirdlarini tark etishini bilib, ularning kelajagi haqida xavotir olayotgan edi. U shogirdlariga: «[Sizlar] dunyoga tegishli emassiz»,— deb aytgan. (Yuhanno 15:19) Keyinroq Iso shogirdlari haqida Otasiga: «Men dunyoga tegishli bo‘lmaganim singari, ular ham dunyoga tegishli emas»,— deb ibodat qilgan. (Yuhanno 17:15, 16) Uning bu so‘zlari nimani anglatgan?

2. Iso qo‘llagan «dunyo» so‘zi nimani anglatadi?

2 Bu oyatdagi «dunyo» so‘zi Shayton hukmi ostidagi xudobexabar insonlarni nazarda tutadi. (Yuhanno 14:30; Efesliklarga 2:2; Yoqub 4:4; 1 Yuhanno 5:19) Qanday qilib «dunyoga tegishli» bo‘lmasligimiz mumkin? Mazkur bobda buning bir nechta yo‘lini ko‘rib chiqamiz: Xudoning Shohligiga sadoqatli bo‘lib, betaraflikni saqlaymiz, ya’ni siyosatga aralashmaymiz. Dunyoning ruhiga qarshi turamiz. Kiyinish va tashqi ko‘rinishimizda kamtarinlikni, pulga nisbatan esa muvozanatli nuqtai nazarni aks ettiramiz. Shuningdek, Xudo bergan qurol-aslahalar bilan qurollanamiz. (16-ilovaga qarang.)

XUDONING SHOHLIGIGA SADOQATLI BO‘LING

3. Iso siyosatga qanday nuqtai nazarda bo‘lgan?

3 Iso yer yuzida bo‘lganida odamlar ko‘p qiyinchiliklarga duch kelayotganini va ularning hayoti oson kechmayotganini ko‘rgan. U odamlarga achingani uchun ularga yordam bergisi kelgan. U siyosiy rahbar bo‘lishga intilganmi? Yo‘q. U insonlar Xudoning Shohligiga, ya’ni hukumatiga muhtoj ekanini tushungan. Shuning uchun, Iso va’zgo‘ylikda asosan Shohlik haqida gapirgan. U kelajakda bu Shohlikning Shohi bo‘lishi kerak edi. (Doniyor 7:13, 14; Luqo 4:43; 17:20, 21) Iso siyosatga aralashmagan va doim betaraflikni saqlagan. U rimlik hokim Pontiy Pilat qarshisida turganida shunday degan: «Mening Shohligim bu dunyodan emas». (Yuhanno 18:36) Uning shogirdlari ham betaraflikni saqlashgan. Tarixiy bir kitobda ilk masihiylar «siyosiy mavqega ega bo‘lishga intilishmagani» haqida yozilgan. («On the Road to Civilization») Bugungi kunda ham masihiylar xuddi shunday nuqtai nazarni qo‘llab-quvvatlaydi. Biz Xudoning Shohligiga sadoqatlimiz va betaraflikni saqlab, bu dunyoning siyosiy ishlariga aralashmaymiz. (Matto 24:14)

Nima uchun Xudoning Shohligini qo‘llab-quvvatlayotganingizni tushuntira olasizmi?

4. Qanday qilib masihiylar Xudoning Shohligini qo‘llab-quvvatlaydi?

4 Elchilar chet elda o‘z mamlakatining vakili sifatida xizmat qiladi va o‘sha mamlakatning siyosatiga aralashmaydi. Masih bilan osmonda boshqarishga umidvor bo‘lgan moylangan masihiylar ham xuddi shunday vaziyatda. Havoriy Pavlus moylanganlarga: «Biz Masihning o‘rniga elchilik qilyapmiz»,— deb yozgan edi. (2 Korinfliklarga 5:20) Moylanganlar Xudo hukumatining vakillaridir. Ular bu dunyoning siyosatiga va davlat ishlariga aralashmaydi. (Filippiliklarga 3:20) Aksincha, ular millionlab insonlarga Xudoning hukumati haqida bilib olishga yordam berishadi. «Boshqa qo‘ylar», ya’ni Xudo va’da qilgan yangi dunyoda abadiy yashashga umidvor bo‘lganlar bu ishda moylanganlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ular ham betaraflikni saqlaydi. (Yuhanno 10:16; Matto 25:31–40) Ko‘rinib turganidek, masihiylar bu dunyoning siyosiy ishlariga aralashmaydi. (Ishayo 2:2–4 ni o‘qing.)

5. Masihiylar urushga bormasligining sabablaridan biri qanaqa?

5 Masihiylar imondoshlarini o‘z oilasi deb biladi. Ular turli mamlakatda yashashiga va kelib chiqishi turlicha bo‘lishiga qaramay, hamjihatlikni saqlashadi. (1 Korinfliklarga 1:10) Agar urushga borsak oila a’zolarimizga, ya’ni imondoshlarimizga qarshi chiqqan bo‘lamiz. Iso esa ularni sevishimiz kerakligini aytgan. (Yuhanno 13:34, 35; 1 Yuhanno 3:10–12) Boz ustiga, Iso shogirdlariga hatto dushmanlarini sevishga undagan. (Matto 5:44; 26:52)

6. Yahovaning xizmatchilari hukumatga nisbatan qanday munosabatda?

6 Masihiylar sifatida betaraflikni saqlasak-da, mamlakatning yaxshi fuqarolari bo‘lishga jon kuydiramiz. Masalan, qonunlarga bo‘ysunib hamda soliqlarni to‘lab, hukumatga hurmatni namoyon etamiz. Lekin «Allohning haqini Allohga berayotganimizga» doimo amin bo‘lishimiz lozim. (Mark 12:17; Rimliklarga 13:1–7; 1 Korinfliklarga 6:19, 20) «Allohning haqi» Unga bo‘lgan sevgimiz, itoatkorligimiz hamda topinishimizni o‘z ichiga oladi. Xudoga itoat etmaslikdan ko‘ra, hayotimizni berishni afzal ko‘ramiz. (Luqo 4:8; 10:27; Havoriylar 5:29; Rimliklarga 14:8 ni o‘qing.)

«DUNYONING RUHIGA» QARSHI TURING

7, 8. «Dunyoning ruhi» nimani anglatadi va u qanday qilib insonlarga o‘z ta’sirini o‘tkazadi?

7 Shaytonning dunyosiga tegishli bo‘lmaslik «dunyoning ruhi» bizni boshqarishiga yo‘l qo‘ymaslikni bildiradi. Bu ruh Shaytonga xos fikrlash tarzi va yurish-turishga ishora qiladi. U Yahovaga xizmat qilmayotganlarga ta’sir o‘tkazib kelyapti. Ammo masihiylar bunday ta’sirga qarshi turishadi. Havoriy Pavlus aytganiday, «biz... bu dunyoning ruhini emas, Xudodan kelgan ruhni oldik». (1 Korinfliklarga 2:12; Efesliklarga 2:2, 3; 17-ilovaga qarang.)

8 Dunyoning ruhiga berilib odamlar xudbin, mag‘rur va isyonkor bo‘lib ketishgan. Buning dastidan ular Xudoga itoat etmay qo‘yishdi. Shayton odamlar oqibatini o‘ylamay ko‘ngliga kelgan ishni qilishini istaydi. U odamlarni o‘z xohishi bo‘yicha yashash hayotdagi eng muhim narsa deb o‘ylashga undaydi. (1 Yuhanno 2:16; 1 Timo‘tiyga 6:9, 10) Shayton, ayniqsa, Yahovaning xizmatchilarini yo‘ldan ozdirishga va ularga o‘z fikrini singdirishga harakat qiladi. (Yuhanno 8:44; Havoriylar 13:10; 1 Yuhanno 3:8)

9. Dunyoning ruhi bizga qay yo‘sin ta’sir qilishi mumkin?

9 Dunyoning ruhi havo singari bizni o‘rab turadi. Agar dunyoning ruhiga qarshi turishga harakat qilmasak, u bizga ta’sir qiladi. (Hikmatlar 4:23 ni o‘qing.) Bu bir qarashda bezarar bo‘lib ko‘ringan narsalardan boshlanadi. Masalan, Yahovaning xizmatchilari bo‘lmagan insonlarning fikrlash tarzi va nuqtai nazari bizga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin. (Hikmatlar 13:20; 1 Korinfliklarga 15:33) Yoki bizga pornografiya, murtadlik yoki raqobat ruhi kuchli aks etgan sport turlari ta’sir qilishi hech gap emas. (18-ilovaga qarang.)

10. Qanday qilib dunyoning ruhiga qarshi tura olamiz?

10 Dunyoning ruhi bizni boshqarmasligi uchun nima qilsak bo‘ladi? Yahovaga yaqinlashib, Uning donoligi bizni boshqarishiga yo‘l qo‘yib berishimiz kerak. Tinmay ibodat qilib muqaddas ruh so‘rashimiz hamda Unga xizmat qilish bilan band bo‘lishimiz muhim. Yahova koinotdagi eng qudratli Shaxsdir. U dunyoning ruhiga qarshi turishimizga yordam berishi aniq. (1 Yuhanno 4:4)

XUDONI SHARAFLOVCHI KIYINISH TARZI

11. Dunyoning ruhi insonlarning kiyinish tarziga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?

11 Shuningdek, kiyinish tarzimiz va tashqi ko‘rinishimiz bilan bu dunyoga tegishli emasligimizni ko‘rsatamiz. Aksariyat insonlar o‘z kiyinish tarzi bilan boshqalarning diqqatini o‘ziga jalb qilish, odamlarning xayolida axloqsiz fikrlarni uyg‘otish, jamiyatga qarshi isyonkorlikni namoyon etish hamda puli bilan maqtanishni xohlaydi. Boshqalar esa kiyinish tarziga umuman beparvo. Ular pala-partish yoki kir kiyimlarni kiyib yurishadi. Bizning kiyinish tarzimiz va tashqi ko‘rinishimizga bular ta’sir qilishiga aslo yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.

Kiyinish tarzim bilan Yahovaga sharaf keltiryapmanmi?

12, 13. Qaysi prinsiplar kiyinish borasida to‘g‘ri qaror chiqarishimizga yordam beradi?

12 Yahovaning Shohidlari sifatida biz doimo toza-ozoda, did bilan hamda vaziyatga mos ravishda kiyinishni istaymiz. «Or-nomus va fahm-farosat bilan» kiyinib, «xudotars» ekanimizni ko‘rsata olamiz. (1 Timo‘tiyga 2:9, 10; Yahudo 21)

13 Kiyinish tarzimiz odamlar Yahova hamda Uning xalqi haqida nima deb o‘ylashiga ta’sir qiladi. Shu bois, biz «hamma narsani Xudoni sharaflash uchun qilishni» istaymiz. (1 Korinfliklarga 10:31) Kamtarinlik boshqalarning his-tuyg‘ulari hamda nuqtai nazarini hurmat qilishni o‘z ichiga oladi. Shunday ekan, nima kiyish va tashqi ko‘rinishimiz borasida qaror chiqarayotib, tanlovimiz boshqalarga ta’sir qilishini unutmasligimiz kerak. (1 Korinfliklarga 4:9; 2 Korinfliklarga 6:3, 4; 7:1)

14. Ma’naviy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lganda qanday kiyinishni tanlayotib, nimani inobatga olishimiz kerak?

14 Yig‘ilishda yoki va’zgo‘ylikda qay tarzda kiyinamiz? Haddan tashqari boshqalarning diqqatini o‘zimizga jalb qilmayapmizmi? Kiyimlarimiz bilan boshqalarni noqulay ahvolga solmayapmizmi? «Kiyinish tarzim mening ishim, buning boshqalarga hech qanday aloqasi yo‘q» deb o‘ylaymizmi? (Filippiliklarga 4:5; 1 Butrus 5:6) Albatta chiroyli ko‘rinishga intilayotganimiz tabiiy, lekin birinchi navbatda ilohiy fazilatlar bizni bezab turishi lozim. Yahova bizga qaraganda avvalambor mana shu fazilatlarni ko‘radi. Ular bizning ichki dunyomizni, ya’ni «qalbimiz tubida yashirilgan» narsalarni namoyon etadi. Bu esa «Allohning nazarida qimmatbaho hisoblanadi». (1 Butrus 3:3, 4)

15. Nima uchun Yahova kiyinish va tashqi ko‘rinishimiz borasida qonunlar ro‘yxatini bermagan?

15 Yahova bizga nima kiyish-kiymaslik borasida qonunlar ro‘yxatini emas, balki Muqaddas Kitobdagi prinsiplarni bergan. Ular to‘g‘ri tanlov qilishimizga ko‘maklashadi. (Ibroniylarga 5:14) Yahova kichik yoki katta qarorlarimiz Unga va boshqalarga bo‘lgan sevgiga asoslanishini istaydi. (Mark 12:30, 31 ni o‘qing.) Butun dunyo bo‘ylab Yahovaning xalqi o‘z madaniyati va shaxsiy dididan kelib chiqqan holda turlicha kiyinadi. Bunday rang-baranglik chiroyli bo‘lib, tetiklik baxsh etadi.

PULGA NISBATAN MUVOZANATLI NUQTAI NAZAR

16. Dunyoning pulga nisbatan nuqtai nazari qaysi jihatdan Isoning ta’limotlariga zid? O‘zimizdan nima deb so‘rasak yaxshi bo‘lardi?

16 Shayton odamlarni pul va moddiy narsalar baxt keltiradi deb, ishontirmoqchi. Lekin Yahovaning xizmatchilari bu yolg‘on ekanini bilishadi. Biz Iso aytgan quyidagi so‘zlarga ishonamiz: «Odamning mol-mulki ko‘p bo‘lgan taqdirda ham, uning hayoti bunga bog‘liq emas». (Luqo 12:15) Pul bizni chinakamiga baxtli qila olmaydi. Pulga haqiqiy do‘st, ichki xotirjamlik va abadiy hayotni sotib olib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, biz muayyan darajada moddiy narsalarga ehtiyoj sezamiz va hayotdan zavq olib yashashni istaymiz. Ammo Isoning ta’limotiga ko‘ra, Xudo bilan yaqin munosabatda bo‘lsak hamda topinishimiz hayotimizda ustuvor bo‘lsagina chinakamiga baxtli bo‘la olamiz. (Matto 5:3; 6:22) O‘zingizdan: «Pulga nisbatan dunyoning nuqtai nazari menga ta’sir qilmayaptimi? Mudom pul haqida o‘ylaymanmi yoki gapiramanmi?» — deb so‘rang. (Luqo 6:45; 21:34–36; 2 Yuhanno 6)

17. Bu dunyoning pulga nisbatan nuqtai nazarini rad etsangiz, qanday qilib hayotingiz yaxshilanadi?

17 Agar diqqatimizni Yahovaga xizmat qilishga qaratib, bu dunyoning pulga nisbatan nuqtai nazarini rad etsak, hayotimiz mazmunga to‘ladi. (Matto 11:29, 30) Biz qanoatli bo‘lib, ong va qalbimizda xotirjamlikni his qilamiz. (Matto 6:31, 32; Rimliklarga 15:13) Moddiy narsalar haqida kamroq tashvishlanamiz. (1 Timo‘tiyga 6:9, 10 ni o‘qing.) Berishning baxtiyorligini his qilamiz. (Havoriylar 20:35) Boz ustiga, hayot tarzimiz yaqinlarimiz bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishga imkoniyat beradi. Tinch uxlaymiz. (Voiz 5:12)

«BARCHA QUROL-ASLAHALAR BILAN QUROLLANING»

18. Shaytonning maqsadi nima?

18 Shayton Yahova bilan munosabatlarimizni buzishga harakat qilayotgan ekan, biz bu munosabatlarni asrab-avaylashimiz lozim. Biz «yovuz ruhlarga» qarshi kurashyapmiz. (Efesliklarga 6:12) Shayton va uning jinlari baxtli bo‘lishimizni hamda abadiy yashashimizni istashmaydi. (1 Butrus 5:8) Bu qudratli dushmanlar bizga qarshi jang qilmoqda, lekin Yahovaning madadi bilan bu jangda g‘alaba qozona olamiz!

19. Efesliklarga 6:14–18 da masihiylarning «qurol-aslahalariga» qanday tavsif berilgan?

19 Qadimda askarlar jang maydonida o‘zini himoya qilish uchun qurollangan. Shu singari biz ham Yahova bergan «qurol-aslahalar bilan qurollanishimiz» lozim. (Efesliklarga 6:13) Ular bizni himoya qiladi. Ushbu qurol-aslahalar haqida Efesliklarga 6:14–18 da quyidagini o‘qiymiz: «Belingizga haqiqat kamarini bog‘lab, ko‘ksingizga odillik sovutini kiyinglar. Tinchlik xushxabarini va’z qilishga tayyorlikni oyoqlaringizga poyabzal kabi kiyinglar. Bulardan tashqari, katta imon qalqonini olinglar. U bilan Shaytonning barcha olovli o‘qlarini o‘chira olasizlar. Shuningdek, najot dubulg‘asini va muqaddas ruhning qilichini, ya’ni Xudoning kalomini olinglar. Har qanday ibodat-u iltijolar bilan, har fursatda muqaddas ruh ila ibodat qilib turinglar».

20. «Qurol-aslahalar» bizni himoyalashi uchun nima qilishimiz kerak?

20 Agar askar bu qurol-aslahalardan birini unutsa, tanasining muayyan qismi himoyasiz qoladi va dushman aynan o‘sha yerga zarba beradi. «Qurol-aslahalarimiz» bizni himoya qilishi uchun ulardan hech birini unutmasligimiz kerak. Biz ularni doimo ko‘tarib yurishimiz va yaxshi holatda saqlashimiz muhim. Bu jangimiz Shaytonning dunyosi vayron bo‘lib, uning o‘zi va jinlari butun yer yuzidan yo‘q qilinmaguniga qadar davom etadi. (Vahiy 12:17; 20:1–3) Shunday ekan, yomon istak va zaifliklarimiz bilan kurashishda taslim bo‘lmasligimiz kerak! (1 Korinfliklarga 9:27)

21. Qanday qilib Shaytonga qarshi jangda g‘alaba qozona olamiz?

21 O‘z kuchimiz bilan Shaytonga bas kela olmaymiz. Ammo Yahovaning madadi bilan buning imkoni bor! Sadoqatli qolishimiz uchun Yahovaga ibodat qilishimiz, Uning Kalomini o‘rganishimiz hamda imondoshlarimiz bilan muloqot qilishimiz lozim. (Ibroniylarga 10:24, 25) Bularning bari Xudoga sodiq qolib, imonimizni himoya qilish uchun tayyor turishga yordam beradi.

IMONINGIZNI HIMOYA QILISHGA TAYYOR TURING

22, 23. a) Qay yo‘sin doimo imonimizni himoya qilishga tayyor tura olamiz? b) Keyingi bobda nimani ko‘rib chiqamiz?

22 Biz doimo imonimizni himoya qilishga tayyor turishimiz lozim. (Yuhanno 15:19) Ba’zi masalalarda Yahova Shohidlarining nuqtai nazari aksariyat insonlarnikidan keskin farq qiladi. O‘zingizdan so‘rang: «Nega aynan shunday nuqtai nazarda ekanimni tushunyapmanmi? Muqaddas Kitobda yozilganlar hamda aqlli va ishonchli xizmatkor aytayotgan gaplari to‘g‘ri ekaniga aminmanmi? Yahovaning Shohidi ekanimdan faxrlanamanmi? (Zabur 34:2; Matto 10:32, 33) O‘z e’tiqodimni boshqalarga tushuntira olamanmi?» (Matto 24:45; Yuhanno 17:17; 1 Butrus 3:15 ni o‘qing.)

23 Ko‘p vaziyatlarda dunyoga tegishli bo‘lmaslik uchun bizdan nima kutilayotgani aniq ko‘rinadi. Ammo ba’zi vaziyatlarda buni ajratish qiyin. Shayton turli yo‘llar bilan bizni tuzoqqa tushirmoqchi bo‘ladi. Bu tuzoqlardan biri o‘yin-kulgidir. Qanday qilib o‘yin-kulgini donolik ila tanlay olishimiz mumkin? Buni keyingi bobda bilib olamiz?