Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

14-BOB

Hamma narsada halol bo‘ling

Hamma narsada halol bo‘ling

Har narsada halol bo‘lishni istaymiz. IBRONIYLARGA 13:18

1, 2. Halol bo‘lishga intilayotganimizni ko‘rganda Yahova nimani his qiladi?

 BIR O‘QUVCHI maktabdan uyga qaytayotib, yerda bir hamyon pul yotganini ko‘rib qoladi. Qiziq, u nima qilar ekan? Uni o‘ziga qoldiradimi? Yo‘q, u hamyonni egasiga qaytaradi. Bu haqda eshitgan bolaning onasi o‘g‘lidan juda faxrlanadi.

2 Ko‘p ota-onalar farzandlarining halol ekanini ko‘rishganda xursand bo‘lishadi. Samoviy Otamiz Yahova «haqiqat Tangrisidir» va U ham halol ekanimizni ko‘rganda quvonadi. (Zabur 31:5) Biz Uni mamnun qilishni va «har narsada halol bo‘lishni istaymiz». (Ibroniylarga 13:18) Keling, halol bo‘lish qiyin kechadigan hayotimizning to‘rtta sohasiga e’tibor qarataylik. Keyin esa halollik qanday barakalar keltirishini ko‘rib chiqamiz.

O‘ZIMIZGA NISBATAN HALOL BO‘LISH

3–5. a) Qanday qilib o‘zimizni aldashimiz mumkin? b) O‘zimizga nisbatan halol bo‘lishga nima yordam beradi?

3 Boshqalar bilan munosabatda halol bo‘lish uchun avvalambor o‘zimizga nisbatan halol bo‘lishimiz zarur. Bu doim ham oson emas. Birinchi asrda Laodikiya jamoatidagi birodar-u opa-singillar Xudoga ma’qul keladigan ishlarni qilyapmiz deb o‘ylashgan, aslida esa bunday bo‘lmagan. (Vahiy 3:17) Biz ham qanday inson ekanimiz borasida o‘zimizni aldashimiz mumkin.

4 Isoning shogirdi Yoqub shunday yozgan: «Agar biror kim Allohga topinyapman deb o‘ylasa-yu, ammo tilini tiymasa, u o‘zini o‘zi aldagan bo‘ladi va uning topinishi befoydadir». (Yoqub 1:26) Yaxshi ishlar qilib turib, qo‘pol yoki kinoya bilan gapirsak yoki yolg‘on so‘zlasak, Xudo bunga ko‘z yumadi deb o‘zimizni aldashimiz mumkin. Qanday qilib o‘zimizni aldashdan qocha olamiz?

5 Ko‘zguga qaraganimizda tashqi ko‘rinishimiz qanday ekanini ko‘ramiz. Muqaddas Kitobni o‘qiganda esa, aslida qanday inson ekanimizni, ya’ni kuchli va zaif tomonlarimizni bilib olamiz. Qolaversa, fikrlash tarzimizda, xatti-harakatimiz-u nutqimizda qanday o‘zgarishlar qilishimiz kerakligini ko‘ramiz. (Yoqub 1:23–25 ni o‘qing.) Bordi-yu, hech qanday kamchiligim yo‘q deb o‘ylasak, unda yaxshi tomonga o‘zgara olmaymiz. Shunday ekan, o‘zimizga to‘g‘ri baho berish uchun Muqaddas Kitobdan foydalanishimiz kerak. (Yeremiyoning marsiyasi 3:40; Xaggey 1:5) Ibodat o‘zimizga chetdan qarab ko‘rishimizga ko‘maklashadi. Ibodatda Yahovadan bizni tekshirishini, kamchiliklarimizni tuzatish uchun ularni ko‘ra olishimizni so‘rasak bo‘ladi. (Zabur 139:23, 24) Mana buni yodda tutaylik: «Yahova makkor odamdan nafratlanadi, to‘g‘ri kishi bilan esa yaqin do‘st bo‘ladi». (Hikmatlar 3:32)

OILADA HALOL BO‘LISH

6. Nega turmush o‘rtoqlar bir-biriga nisbatan halol bo‘lishlari kerak?

6 Oilada halol bo‘lish nihoyatda muhim. Agar er-xotin o‘zaro ochiq muloqot qilsa, o‘zini xavfsiz his qilib, bir-biriga bo‘lgan ishonchi ortadi. Oilada halol bo‘lish turli sohalarni o‘z ichiga oladi. Masalan, turmush qurgan kishi birov bilan noz-karashma qilsa, pornografiya ko‘rsa va kimdir bilan yashirincha ishqiy munosabatlarni rivojlantirsa, bu halollikdan dalolat bermaydi. Sano bastakorining mana bu so‘zlariga diqqat qarataylik: «Yolg‘onchi odamlarga qo‘shilmayman, ikkiyuzlamachilardan yiroqda yuraman». (Zabur 26:4) Hatto boshqa inson haqida o‘ylab, axloqsiz fikrlarga berilganingizda turmush o‘rtog‘ingizga nisbatan nohaq yo‘l tutgan bo‘lasiz va bu nikohingizga putur yetkazadi.

Nikohingizga putur yetkazadigan har qanday narsadan darrov yuz o‘giring

7, 8. Bolalar halol bo‘lishlariga Muqaddas Kitob qanday ko‘maklashadi?

7 Bolalar ham halol bo‘lishni o‘rganishlari kerak. Ota-onalar ularga bu borada ta’lim berishda Muqaddas Kitobdan foydalanishlari mumkin. Unda halol bo‘lmagan quyidagi kishilarning salbiy misollari bor: o‘g‘rilik qilgan Oxun; boylik orttirish niyatida yolg‘on gapirgan Gaxazi; pul o‘g‘irlab yurgan va 30 kumush tanga evaziga Isoga xiyonat qilgan Yahudo Ishqariyot. (Yoshua 6:17–19; 7:11–25; 4 Shohlar 5:14–16, 20–27; Matto 26:14, 15; Yuhanno 12:6)

8 Muqaddas Kitobda halol bo‘lgan insonlarning ham misollari mavjud: o‘g‘illarini xurjunlariga solingan pulni qaytarib berishga undagan Yoqub; Xudoga bergan va’dasini bajargan Yiftoh va uning qizi; og‘ir vaziyatlarda ham rost gapirgan Iso. (Ibtido 43:12; Hakamlar 11:30–40; Yuhanno 18:3–11) Ushbu misollar bolalaringizga halol bo‘lish muhim ahamiyatga ega ekanini tushunishlariga ko‘maklashadi.

9. Ota-ona halol va rostgo‘y bo‘lsa, bolalariga bu qanday ta’sir qiladi?

9 Ota-onalar Muqaddas Kitobdagi mana bu muhim prinsipni yodda tutishi zarur: «Nega boshqalarga ta’lim berib, o‘zing ta’lim olmaysan? “O‘g‘rilik qilma”,— deb va’z qilyapsan-u, nimaga o‘zing o‘g‘rilik qilyapsan?» (Rimliklarga 2:21) Agar ota-onaning gapi boshqa-yu, ishi boshqa bo‘lsa bolalar buni darrov payqaydi. Ha, farzandlarimizga halol va rostgo‘y bo‘lishni o‘rgatib turib, o‘zimiz aksini qilsak, ular qanday yo‘l tutishni bilmay qolishi mumkin. Agar bolalar ota-onasi yolg‘on gapirayotganini sezsa — hatto kichik ishlarda — ular ham shunday qilishi mumkin. (Luqo 16:10 ni o‘qing.) Ammo bolalar ota-onasining halol ekanini ko‘rsa, bu ular ulg‘ayib, farzandli bo‘lganida halol va rostgo‘y ota-ona bo‘lishiga hissa qo‘shadi. (Hikmatlar 22:6; Efesliklarga 6:4)

JAMOATDA HALOL BO‘LISH

10. Imondoshlarimiz bilan suhbatlashganda qay yo‘sin halol bo‘la olamiz?

10 Birodar-u opa-singillarimizga nisbatan ham halol bo‘lishimiz kerak. Kundalik suhbatlarimiz g‘iybatga, hatto tuhmatga aylanib ketishi hech gap emas. Aniq bo‘lmagan ma’lumotni takrorlasak, yolg‘on tarqatgan bo‘lamiz. Undan ko‘ra, tilimizni tiyganimiz yaxshi. (Hikmatlar 10:19) Rostgo‘y bo‘lish o‘ylagan, bilgan yoki eshitgan hamma narsamizni aytishni anglatmaydi. Hatto aytmoqchi bo‘lgan gapimiz rost bo‘lsa ham, bu ma’lumot bizga tegishli bo‘lmasligi va bu haqida gapirsak yaxshilikka olib kelmasligi mumkin. (1 Salonikaliklarga 4:11) Ayrim odamlar qo‘pol gapirganini oqlab: «Rostini gapirdim-ku!» — deyishi mumkin. Lekin Yahovaning xalqi sifatida so‘zlarimiz hamisha yoqimli va mazali bo‘lishini istaymiz. (Kolosaliklarga 4:6 ni o‘qing.)

11, 12. a) Gunoh qilgan inson nega oqsoqollarga hammasini aytib berishi lozim? b) Do‘stimiz jiddiy gunoh qilganini bilib qolsak, nima deb o‘ylamasligimiz kerak va nega? v) Qanday qilib Yahovaning tashkilotiga nisbatan halol bo‘la olamiz?

11 Yahova oqsoqollarga jamoatga g‘amxo‘rlik qilish mas’uliyatini topshirgan. Agar rostgo‘y bo‘lsak, ular bizga yordam berishga qiynalmaydi. Nima uchun? Deylik, kasal bo‘lib shifokorning oldiga yordam so‘rab bordingiz. Undan kasallik belgilarini yashirgan bo‘larmidingiz? Shunday qilsangiz, u sizga yordam bera oladimi? Shunga o‘xshab, jiddiy gunoh qilib qo‘ysak, bu haqida yolg‘on gapirmasligimiz kerak. Aksincha, oqsoqollarga murojaat qilib, hammasini aytib berishimiz muhim. (Zabur 12:2; Havoriylar 5:1–11) Endi boshqa misolni olaylik: do‘stingiz jiddiy gunoh qilganini bilib qolsangiz, qanday yo‘l tutasiz? (Levilar 5:1) Siz: «Agar uning chin do‘sti bo‘lsam, buni sir saqlashim kerak» — deb o‘ylaysizmi? Yoki do‘stingiz Yahova bilan munosabatini tiklashi va mustahkamlashi uchun oqsoqollar unga yordam bera olishini eslaysizmi? (Ibroniylarga 13:17; Yoqub 5:14, 15)

12 Boz ustiga Yahovaning tashkilotiga nisbatan, misol uchun, xizmatimiz haqida hisobot topshirayotganda halol bo‘lishimiz kerak. Kashshof bo‘lish yoki xizmatning boshqa turida ishtirok etish uchun ariza to‘ldirganda ham rostgo‘y bo‘lishimiz darkor. (Hikmatlar 6:16–19 ni o‘qing.)

13. Qanday qilib ish masalalarida imondoshlarimiz bilan halol bo‘la olamiz?

13 Birodar-u opa-singillar Yig‘ilish zalida yoki xizmatda biznes masalalari bilan band bo‘lmasliklari lozim. Bundan tashqari biznes masalalarida imondoshlarimizning evaziga foyda ko‘rishni ko‘zlamasligimiz darkor. Agar siz imondoshlaringizni ishga olgan bo‘lsangiz, kelishilgan pulni o‘z vaqtida bering. Shuningdek, bu qonun bo‘yicha talab qilinadigan barcha imtiyozlarni, jumladan, tibbiy sug‘urta yoki haq to‘lanadigan ta’tilni taqdim etishni o‘z ichiga oladi. (1 Timo‘tiyga 5:18; Yoqub 5:1–4) Bordi-yu, imondoshingizning qo‘lida ishlasangiz, u sizga o‘zgacha munosabat ko‘rsatishini kutmang. (Efesliklarga 6:5–8) Necha soat ishlashga kelishgan bo‘lsangiz, shuncha soat ishlang va sizga to‘lanadigan haqqa yarasha mehnat qiling. (2 Salonikaliklarga 3:10)

14. Imondoshlar birga biznes yuritmoqchi bo‘lsa, avval nima qilishlari lozim?

14 Imondoshimiz bilan birga biznes yuritmoqchi bo‘lsak, qanday yo‘l tutishimiz lozim? Ehtimol, o‘rtaga pul tashlashga yoki qarz olishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu kabi vaziyatlarda Muqaddas Kitobdagi mana bu prinsip juda qo‘l keladi: hammasini qog‘ozga tushiring! Yeremiyo payg‘ambar dala sotib olganda hujjatni ikki nusxada tayyorlagan va uning bitta nusxasiga guvohlar qo‘l qo‘ygan. Ushbu ikkala hujjat kelajakni ko‘zlab saqlab qo‘yilgan. (Yeremiyo 32:9–12; shuningdek, Ibtido 23:16–20 ga qarang.) Ba’zilarning fikricha, hammasini qog‘ozga tushirish birodariga ishonmayotganini ko‘rsatadi. Aslida esa hammasini hujjatlashtirish ko‘pgina tushunmovchilik, ko‘ngilxiralik va norozilikning oldini oladi. Har qanday ish masalasidan ko‘ra jamoatda tinchlik saqlanishi muhimroq ekanini unutmang. (1 Korinfliklarga 6:1–8; 30-ilovaga qarang.)

BU DUNYODA HALOL BO‘LISH

15. Yahova tijorat masalalaridagi nohaqlikka qanday qaraydi?

15 Biz barchaga, jumladan, Yahovaning Shohidi bo‘lmagan insonlarga nisbatan halol bo‘lishimiz zarur. Bu Yahova uchun ham muhim ahamiyatga ega. Zero «Yahova yolg‘on tarozidan jirkanadi. To‘g‘ri tarozini esa xush ko‘radi» (Hikmatlar 11:1; 20:10, 23) Muqaddas Kitob yozilgan davrda savdo-sotiq ishlarida tarozidan foydalanish odatiy hol bo‘lgan. Ammo ayrim savdogarlar xaridorlarni aldab, kelishilgan mollardan kamroq berishardi yoki ulardan ko‘proq pul talab qilishardi. O‘sha davrda bo‘lganidek, bugungi kunda ham tijorat masalalarida nohaqlik keng tarqalgan. Yahova nohaqlikdan o‘sha paytda nafratlangani kabi, hozir ham nafratlanadi.

16, 17. Nohaq yo‘l tutishimiz mumkin bo‘lgan qanday vaziyatlardan qochishimiz kerak?

16 Barchamiz nohaq yo‘l tutishimiz mumkin bo‘lgan vaziyatlarga duch kelamiz. Masalan, ishga joylashganda, rasmiy hujjatlarni to‘ldirganda yoki maktabda imtihon topshirganda. Ko‘p odamlar yolg‘on yoki bo‘rttirib gapirishning, yo bo‘lmasa ikki ma’noli javoblar berishning yomon joyi yo‘q deb o‘ylashadi. Bundan hayron qolmaymiz. Muqaddas Kitobda bashorat qilinishicha, ushbu zamonaning so‘ngida «odamlar o‘zini sevadigan, pulparast,.. yaxshilikdan nafratlanadigan» bo‘lib ketadi. (2 Timo‘tiyga 3:1–5)

17 Ba’zida nohaq insonlar bu dunyoda muvaffaqiyatga erishayotganday tuyuladi. (Zabur 73:1–8) Masihiylar halol bo‘lgani uchun, ularni ishdan bo‘shatishlari, aldab pulini bermasliklari yoki ularga ishxonada yomon muomala qilishlari mumkin. Ammo halol bo‘lib qolish har qanday qurbonlikka arziydi. Nega?

HALOL BO‘LISH BARAKA KELTIRADI

18. Yaxshi obro‘ga ega bo‘lishning qanday afzal tomoni bor?

18 Halol va ishonchli inson yuqori qadrlanadi. Ammo hozirgi paytda bunday obro‘ga ega bo‘lgan insonlar kamayib ketgan. Har birimiz halol va ishonchli inson degan obro‘ orttirish imkoniga egamiz. (Mixo 7:2) Ayrimlar halol bo‘lganingiz uchun ustingizdan kulishi va sizni ahmoq deb atashi mumkin. Boshqalar esa halolligingiz tufayli sizni qadrlab, ishonadi. Dunyo bo‘ylab Yahovaning Shohidlari halolligi bilan tanilgan. Ba’zi ish beruvchilar Yahovaning Shohidlari halol ekanini bilgani uchun ularni ishga olishni afzal ko‘rishadi. Boshqa ishchilar nohaq yo‘l tutgani uchun ishdan bo‘shatilsa, Yahovaning Shohidlari ish joyini saqlab qolishadi.

Ishimizni sidqidildan bajarsak, Yahovani sharaflaymiz

19. Halol bo‘lish Yahova bilan munosabatingizga qanday ta’sir qiladi?

19 Barcha narsada halol bo‘lishga intilsangiz, pok vijdonga va xotirjamlikka erishasiz. Shuningdek, Pavlus kabi: «Vijdonimiz pok ekaniga ishonamiz»,— deb ayta olamiz. (Ibroniylarga 13:18) Eng muhimi, mehribon Otangiz Yahova barcha narsada halol bo‘lishga urinayotganingizni nazaridan chetda qoldirmaydi va U buni qadrlaydi. (Zabur 15:1, 2; Hikmatlar 22:1 ni o‘qing.)