Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

16-BOB

Iblisga qarshi turing

Iblisga qarshi turing

Iblisga qarshi turinglar, o‘shanda u sizlardan qochadi. YOQUB 4:7

1, 2. Shayton hamda jinlar haqida nimani bilib olishimiz kerak?

 YAHOVA va’da qilayotgan yangi dunyoda hayot ajoyib bo‘ladi. Va nihoyat biz Xudo niyat qilganiday umr kechiramiz. Ammo hozircha Shayton hamda uning jinlari boshqarayotgan dunyoda yashayapmiz. (2 Korinfliklarga 4:4) Biz ularni ko‘rmasak-da, ular mavjud va juda qudratli.

2 Ushbu bobda qanday qilib Yahovaga yaqinlashishimiz va o‘zimizni Shaytondan himoya qilishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Yahova bu ishda bizga yordam berishni va’da qilyapti. Shayton hamda jinlar bizni yo‘ldan ozdirish va bizga hujum qilish uchun qanday usullardan foydalanishini bilib olishimiz lozim.

«SHERDAY BO‘KIRIB... YURIBDI»

3. Shaytonning maqsadi qanday?

3 Shaytonning da’vosiga ko‘ra, insonlar Yahovaga g‘araz niyatda topinishadi va juda qiyin bo‘lib ketsa, Unga xizmat qilmay qo‘yishadi. (Ayub 2:4, 5 ni o‘qing.) Agar kimdir Yahova haqida bilim olishga istak bildirsa, Shayton va jinlar bunga ahamiyat berishadi va o‘sha odamga to‘sqinlik qilishga urinishadi. Inson o‘zini Yahovaga bag‘ishlab suvga cho‘msa, ular rosa g‘azabga minishadi. Muqaddas Kitobda Shayton to‘g‘risida: «Sherday bo‘kirib, biror kimni yutib yuborish uchun izlab yuribdi»,— deyilgan. (1 Butrus 5:8) Shayton Yahova bilan munosabatlarimizni barbod qilishni xohlaydi. (Zabur 7:1, 2; 2 Timo‘tiyga 3:12)

O‘zimizni Yahovaga bag‘ishlaganimizda Shayton g‘azablanadi

4, 5. a) Shayton nimani qila olmaydi? b) «Iblisga qarshi turish» nimani anglatadi?

4 Biroq biz Shaytondan va uning jinlaridan qo‘rqmasligimiz kerak. Ular bizga istagan narsasini qila olmaydi, chunki Yahova ularning imkoniyatlarini chegaralab qo‘ygan. Yahova masihiylardan iborat «ulkan olomon» «buyuk musibatdan» o‘tishini va’da qilgan. (Vahiy 7:9, 14) Shayton bunga to‘sqinlik qila olmaydi, sababi Yahova O‘z xalqini himoya qilyapti.

5 Agar Yahovaga yaqin bo‘lsak, Shayton munosabatlarimizni barbod qila olmaydi. Allohning Kalomi bizni shunday deb ishontiryapti: «Agar Yahova bilan bo‘lsangiz, U ham sizlar bilan bo‘ladi». (2 Solnomalar 15:2; 1 Korinfliklarga 10:13 ni o‘qing.) O‘tmishda Hobil, Xano‘x, Nuh, Sora va Muso kabi sadoqatli erkag-u ayollar Yahovaga yaqinlashib Iblisga qarshi turishgan. (Ibroniylarga 11:4–40) Biz ham shunday qila olamiz. Allohning Kalomida: «Iblisga qarshi turinglar, o‘shanda u sizlardan qochadi»,— degan va’da bor. (Yoqub 4:7)

«BIZ... KURASHYAPMIZ»

6. Shayton nima qilishga urinyapti?

6 Yahova Shayton bizga istagan narsasini qila olmasligi uchun uning imkoniyatlarini chegaralab qo‘ygan va Shayton buni biladi. Shunga qaramay, u Xudo bilan munosabatlarimizni buzish uchun rosa harakat qilyapti. Bugungi kunda Shayton bizga turli yo‘llar bilan hujum qilyapti va minglab yillar davomida qo‘llab kelayotgan usullarini ishga solyapti. Ularning ayrimlari qanday?

7. Nega Shayton Yahovaning xalqiga hujum qilyapti?

7 Havoriy Yuhanno shunday deb yozgan: «Butun dunyo Shaytonning hukmidadir». (1 Yuhanno 5:19) Shayton ushbu yovuz dunyoni boshqaryapti va Yahovaning xalqini ham nazorat qilishni istaydi. (Mixo 4:1; Yuhanno 15:19; Vahiy 12:12, 17) Iblis vaqti oz qolganini bilib, Xudoga sadoqatsizlik qilishimiz uchun har birimizga bosim o‘tkazyapti. Ba’zan u to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ba’zan esa yashirincha hujum qiladi.

8. Har bir masihiy nimani anglashi lozim?

8 Efesliklarga 6:12 da: «Ko‘kdagi yovuz ruhlar... bilan kurashyapmiz»,— degan so‘zlarni o‘qiymiz. Har bir masihiy Shayton va jinlar bilan shaxsan kurash olib boryapti. O‘zini Yahovaga bag‘ishlagan barcha insonlar ushbu kurashda qatnashishini anglashimiz lozim. Efesliklarga yo‘llagan maktubida havoriy Pavlus masihiylarni uch marta «mahkam turishga» undagan. (Efesliklarga 6:11, 13, 14)

9. Shayton va jinlar nima qilmoqchi?

9 Shayton va jinlar bizni turli yo‘llar bilan aldamoqchi bo‘lishadi. Agar muayyan sohada Shaytonga qarshi tura olgan bo‘lsak, bu boshqa sohada ham uni yengishimizni anglatmaydi. Iblis zaif tomonlarimizni topib, bizni ilintirish uchun tuzoq qo‘yadi. Ammo Muqaddas Kitobdan Shaytonning tuzoqlari haqida bilib olyapmiz, shuning uchun ulardan qocha olamiz. (2 Korinfliklarga 2:11; 31-ilovaga qarang.) Bunday tuzoqlardan biri — sehr-jodu.

JINLARDAN UZOQ YURING

10. a) Sehr-joduga nima kiradi? b) Yahova sehr-joduga qanday munosabatda?

10 Sehr-joduga, ya’ni jinlar bilan aloqa qilishga, masalan, folbinlik, afsungarlik, jodugarlik yoki o‘lganlar bilan muloqot qilish kiradi. Muqaddas Kitobda sehr-joduga «jirkanch» deb ta’rif berilgan. Biz bir vaqtning o‘zida ham sehr-jodu bilan shug‘ullanib, ham Yahovaga topina olmaymiz. (Qonunlar 18:10–12; Vahiy 21:8) Masihiylar sehr-joduning har qanday turidan qochishlari kerak. (Rimliklarga 12:9)

11. G‘ayritabiiy narsalar bilan qiziqish nimaga olib kelishi mumkin?

11 Shayton biladiki, agar g‘ayritabiiy narsalar bilan qiziqsak, bizni sehr-joduga jalb qilish oson bo‘ladi. Sehr-joduning har qanday turi Yahova bilan munosabatlarimizni barbod qiladi.

SHAYTONNING HIYLALARI

12. Qay yo‘sin Shayton fikrlash tarzimizga ta’sir qilmoqchi bo‘lyapti?

12 Shayton odamlarning fikrlarini chalkashtirishga urinadi. Ular «yaxshini yomon, yomonni yaxshi» deb o‘ylay boshlamagunicha Shayton insonlarning qalbiga shubha soladi. (Ishayo 5:20) Iblis Muqaddas Kitob maslahatlari foydasiz va Xudoning me’yorlarini pisand qilmasak baxtliroq bo‘lamiz, degan fikrni olg‘a suryapti.

13. Qay yo‘sin Shayton shubha uyg‘otishga urinadi?

13 Shubha urug‘ini sepish — Shaytonning samarali usullaridan biri. Ushbu usuldan u ko‘pdan beri foydalanadi. Adan bog‘ida u Momohavodan: «Xudo bog‘dagi hech bir daraxtning mevasidan yemanglar, deb aytgani rostmi?» — deya so‘rab, uning qalbiga shubha solmoqchi bo‘lgan. (Ibtido 3:1) Keyinchalik, Ayubning davrida Shayton farishtalar oldida Yahovadan shunday deb so‘ragan: «Ayub bekorga xudotarsmi?» (Ayub 1:9) Iso suvga cho‘mganidan so‘ng Shayton uni vasvasaga solib: «Agar sen Xudoning o‘g‘li bo‘lsang, mana bu toshlarga buyur, ular nonga aylansin»,— degan. (Matto 4:3)

14. Sehr-jodu xavfli ekani borasida Shayton qanday qilib shubha uyg‘otadi?

14 Bugungi kunda ham Shayton odamlar qalbida shubha uyg‘otishda davom etmoqda. U sehr-joduning ayrim turlarini beozor qilib ko‘rsatadi. Bu tufayli odamlar sehr-jodu chindan ham shunchalik xavflimi deya shubhalana boshlashadi. Hatto ba’zi masihiylar ham buning xavfli ekanini payqamay qolishgan. (2 Korinfliklarga 11:3) Xo‘sh, unda o‘zimizni himoyalash uchun nima qilsak bo‘ladi? Shaytonning tuzoqlariga tushib qolmaganimizga qay yo‘sin amin bo‘la olamiz? Shayton tuzoq qo‘yadigan ikkita sohani ko‘rib chiqaylik: o‘yin-kulgi va tibbiy muolajalar.

SHAYTON TABIIY ISTAKLARIMIZNI O‘ZIMIZGA QARSHI QO‘LLAYDI

15. Qanday qilib o‘yin-kulgi orqali sehr-joduga aralashib qolishimiz mumkin?

15 Bugungi kunda ko‘plab filmlar, videolar, teleko‘rsatuvlar, kompyuter o‘yinlari va Internet saytlarida jinlar, sehr-jodu hamda g‘ayritabiiy kuchlarga aloqador narsalar ko‘rsatiladi. Aksariyat odamlar bularni bezarar o‘yin-kulgi deb bilishadi va bular orqali jinlar ularning hayotiga ta’sir qilishi xavfi borligini o‘ylashmaydi. Odam goroskop, kaft, kartalar va sehrli billur sharga qarab fol ochish orqali ham sehr-joduga aralashib qolishi mumkin. Iblis xavf-xatarni yashirib, bu narsalarni sirli, o‘ziga tortadigan va qiziqarli qilib ko‘rsatadi. Inson o‘zi sehr-jodu bilan shug‘ullanmasa, jinlarga va g‘ayritabiiy kuchlarga aloqador narsalarni tomosha qilishning yomon joyi yo‘q deb o‘ylashi mumkin. Nega bunday fikrlash tarzi xavfli? (1 Korinfliklarga 10:12)

16. Nega g‘ayritabiiy kuchlar bilan bog‘liq o‘yin-kulgi turlarini rad etishimiz kerak?

16 Shayton va jinlar bizning fikrlarimizni o‘qiy olishmaydi. Biroq o‘zimiz hamda oilamiz uchun qilayotgan tanlovimiz, jumladan, qaysi o‘yin-kulgi turini afzal ko‘rganimizga qarab, ular nimani istashimizni va fikrlash tarzimizni bilib olishadi. Agar arvoh chaqirish, afsungarlik, jinga chalinish, jodugarlik, vampirlar hamda shunga o‘xshash mavzulardagi film, musiqa yoki kitoblarni tanlasak, Shayton va jinlar bular bilan qiziqayotganimizni payqashadi. Shunda ular bizni sehr-joduga yanada ko‘proq tortishga harakat qilishadi. (Galatiyaliklarga 6:7 ni o‘qing.)

17. Qanday qilib Shayton sog‘lom bo‘lish istagimizdan foydalanadi?

17 Bundan tashqari Shayton sog‘lom bo‘lish istagimizdan ham foydalanadi. Hozirgi paytda ko‘plab odamlar yomon sog‘liq tufayli aziyat chekyapti. Inson davolanishning turli usullarini qo‘llab ko‘rganiga qaramay, shifo topmasligi mumkin. (Mark 5:25, 26) U tushkunlikka tushganida, shifo topish uchun hamma narsaga tayyor bo‘lishi hech gap emas. Lekin masihiy ekanmiz, «sehr-jodu», ya’ni g‘ayrioddiy kuchlar bilan bog‘liq bo‘lgan davolanish usullaridan qochamiz. (Ishayo 1:13)

Kasal bo‘lganingizda Yahovaga tayaning

18. Masihiylar qanday davolanish usullaridan qochishadi?

18 Qadimiy Isroilda ayrim odamlar «sehr-jodu» bilan shug‘ullanishgan. Yahova ularga shunday degan: «Qo‘llaringizni ochganingizda, ko‘zlarimni sizlardan olib qochaman. Qancha ko‘p ibodat qilsangiz ham sizlarni tinglamayman». (Ishayo 1:15) Bir tasavvur qiling, Yahova hatto ularning ibodatlarini ham tinglamagan! Yahova bilan munosabatlarimizga putur yetkazadigan va ayniqsa kasal paytimizda bizga yordam berishiga to‘sqinlik qiladigan hech qanday ish qilishni istamaymiz. (Zabur 41:3) Shu bois biz tanlamoqchi bo‘lgan davolanish usulining sehr-jodu yoki g‘ayritabiiy kuchlarga aloqasi bor-yo‘qligini bilish uchun yaxshilab izlanish olib boramiz. (Matto 6:13) Agar buning hatto kichik ehtimolligi bo‘lsa ham, bunday davolanish usulidan qochamiz. (32-ilovaga qarang.)

JINLAR HAQIDAGI HIKOYALAR

19. Nima tufayli ko‘p odamlar Shaytondan qo‘rqishadi?

19 Ayrim odamlar Iblis va jinlar borligini uydirma deb bilishsa, boshqalar ularning mavjudligiga shaxsan amin bo‘lishgan. Ko‘p odamlar yovuz ruhlardan qo‘rqib yashaydi va irim-sirimlarning quliga aylanib qolgan. Boshqalar esa jinlar odamlar bilan qilgan dahshatli ishlar haqidagi hikoyalarni aytib, hammani qo‘rqitishadi. Ko‘pchilik bunday hikoyalardan hayratda qolib, ularni boshqalarga aytib berishni yoqtiradi. Bunday hikoyalar odamlar Shaytondan qo‘rqishiga sabab bo‘ladi.

20. Qay yo‘sin Shaytonning yolg‘onlari tarqalishiga sababchi bo‘lib qolishimiz mumkin?

20 O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, Shayton odamlar undan qo‘rqishini istaydi. (2 Salonikaliklarga 2:9, 10) U — yolg‘onchi. Shayton sehr-jodu bilan qiziqayotgan insonlarning ongiga qanday ta’sir qilishni hamda ularni aslida haqiqat bo‘lmagan narsalarga qanday ishontirishni biladi. Ular nimanidir ko‘rdim yoki eshitdim deb o‘ylashlari va bu haqida aytib yurishlari mumkin. Bu hikoyalar og‘izdan-og‘izga o‘tgani sayin, yanada bo‘rttirilgan bo‘lib boradi. Biz bunday hikoyalarni takrorlab, Shaytonga odamlarni qo‘rqitishiga yordam berishni istamaymiz. (Yuhanno 8:44; 2 Timo‘tiyga 2:16)

21. Jinlar haqidagi hikoyalarni aytib bergandan ko‘ra nima to‘g‘risida gaplashsak bo‘ladi?

21 Agar Yahovaning Shohidi jinlar bilan bog‘liq voqealarni boshdan kechirgan bo‘lsa, ularni ermak uchun boshqalarga aytib bermasligi kerak. Yahovaning xalqi Iblis va uning jinlari ularga yetkazishi mumkin bo‘lgan zarardan qo‘rqishiga hojat yo‘q. Aksincha, biz butun diqqatimizni Isoga va Yahova unga berayotgan kuchga qaratishimiz lozim. (Ibroniylarga 12:2) Iso ermak uchun shogirdlariga jinlar haqidagi hikoyalarni aytib bermagan. U e’tiborini Shohlik haqidagi xabarga hamda «Allohning ulug‘vor ishlariga» qaratgan. (Havoriylar 2:11; Luqo 8:1; Rimliklarga 1:11, 12)

22. Siz nima qilishga qat’iy qaror qildingiz?

22 Shaytonning maqsadi Yahova bilan munosabatlarimizni barbod qilishdan iborat ekanini unutmaylik. U maqsadiga erishish uchun hamma narsa qilishga tayyor. Ammo Iblisning usullaridan xabardormiz va sehr-joduning barcha turlariga qarshi turishga qarorimiz qat’iy. Qarorimizdan qaytarishga «Iblisga imkon bermaymiz». (Efesliklarga 4:27 ni o‘qing) Ha, Iblisga qarshi tursak, uning tuzoqlaridan omon qolib, Yahovaning himoyasi ostida bo‘lamiz. (Efesliklarga 6:11)