Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Ilovalar

Ilovalar

 1 PRINSIPLAR

Xudoning qonunlari Uning prinsiplariga asoslanadi. Ushbu prinsiplar Muqaddas Kitobda topishimiz mumkin bo‘lgan asosiy haqiqatlardir. Ular Xudo muayyan narsalar haqida qanday fikrda ekanini va nimalarni his qilishini tushunishimizga yordam beradi. Prinsiplarni qo‘llab hayotda to‘g‘ri qarorlar chiqarishimiz va yaxshi ishlar qilishimiz mumkin. Ayniqsa, muayyan vaziyat haqida Xudo aniq qonun bermagan bo‘lsa, prinsiplar yordamga keladi.

1-bob, 8-xatboshi

 2 ITOATKORLIK

Yahovaga itoatkor bo‘lish tayyorlik ila Uning aytganlarini qilishni anglatadi. Yahova Uni sevganimiz uchun Unga quloq solishimizni istaydi. (1 Yuhanno 5:3) Agar Allohni sevsak va Unga ishonsak, har qanday vaziyatda Uning maslahatlariga quloq solamiz. Hatto bizga juda qiyin bo‘lganida ham Unga itoat etamiz. Yahovaga itoat etish bizga foyda keltiradi. Chunki U hozirning o‘zida qanday qilib yaxshi hayot kechirishimiz mumkinligini o‘rgatyapti hamda kelajakda ko‘plab barakalardan bahramand bo‘lishimizni va’da qilyapti. (Ishayo 48:17)

1-bob, 10-xatboshi

 3 IRODA ERKINLIGI

Yahova har bir insonga iroda erkinligini, ya’ni tanlov qilish qobiliyatini bergan. U bizni robotlarga o‘xshatib yaratmagan. (Qonunlar 30:19; Yoshua 24:15) Biz erkinligimizdan foydalanib to‘g‘ri tanlov qilishimiz mumkin. Biroq ehtiyot bo‘lmasak, noto‘g‘ri qarorlar chiqarishimiz hech gap emas. Iroda erkinligimiz bor ekan, Yahovaga sadoqatli bo‘lish-bo‘lmaslikni va Unga sevgimizni isbotlash-isbotlamaslikni shaxsan o‘zimiz hal qilamiz.

1-bob, 12-xatboshi

 4 AXLOQIY ME’YORLAR

Yahova xulq-atvorimiz va ishlarimizga tegishli axloqiy me’yorlarni, ya’ni yo‘l-yo‘riqlarni bergan. Ular Muqaddas Kitobda yozilgan. Bu kitobdan yana shuni bilib olyapmizki, ushbu me’yorlarga amal qilib Yahovani mamnun etamiz va o‘zimiz uchun foyda olamiz. (Hikmatlar 6:16–19; 1 Korinfliklarga 6:9–11) Bu yo‘l-yo‘riqlar yordamida Xudo nimani to‘g‘ri, nimani noto‘g‘ri deb hisoblashini bilib olishimiz mumkin. Shuningdek, ular tufayli qanday qilib sevgini namoyon etish, to‘g‘ri qarorlar chiqarish va boshqalarga mehribon bo‘lishni o‘rganamiz. Bu dunyoning axloqiy me’yorlari pasayib borayotgan bo‘lsa-da, Yahovaning me’yorlari o‘zgarmaydi. (Qonunlar 32:4–6; Malaki 3:6) Ularga amal qilish bizni ko‘pgina jismoniy va hissiy zarardan asraydi.

1-bob, 17-xatboshi

 5 VIJDON

Vijdonimiz ichki tuyg‘u bo‘lib, nima yaxshi va nima yomon ekanini ajratishga yordam beradi. Yahova har birimizga vijdon ato etgan. (Rimliklarga 2:14, 15) Vijdonimiz vazifasini to‘g‘ri bajarishi uchun uni Yahovaning axloqiy me’yorlari asosida tarbiyalashimiz kerak. Shunda u Yahovaga ma’qul qarorlar chiqarishimizga ko‘maklashadi. (1 Butrus 3:16) Agar noto‘g‘ri ish qilish arafasida bo‘lsak, vijdonimiz bizni ogohlantiradi yoki xato ish qilib qo‘ygan bo‘lsak, u bizni qiynaydi. Vijdonimiz zaiflashishi mumkin, biroq Yahovaning yordami bilan biz uni yana mustahkamlay olamiz. Vijdonimiz toza bo‘lsa, xotirjamlikni his qilamiz va o‘zimizga bo‘lgan hurmatimiz oshadi.

2-bob, 3-xatboshi

 6 XUDODAN QO‘RQISH

Xudodan qo‘rqish Uni sevishni va chuqur hurmat qilishni anglatadi. Bu esa Uni ranjitadigan har qanday ishdan qochishga undaydi. Xudodan qo‘rqish yaxshi ishlarni qilishga va yomon ishlarni rad etishga yordam beradi. (Zabur 111:10) Bu tuyg‘u Yahovaning har bir so‘zini diqqat bilan tinglashga undaydi. Qolaversa, Xudodan qo‘rqsak Unga bergan barcha va’dalarimizni bajaramiz. Bu fikrlash tarzimizga, boshqalarga qanday munosabatda bo‘lishimizga va kundalik qarorlarimizga ta’sir qiladi.

2-bob, 9-xatboshi

 7 TAVBA

Tavba inson qilib qo‘ygan birorta yomon ishidan qattiq pushaymon bo‘lishini anglatadi. Xudoni sevadigan kishi Uning me’yorlarini buzib, yomon ish qilganini anglaganida bundan juda afsuslanadi. Qandaydir noto‘g‘ri ishga qo‘l ursak, Yahova bizni Isoning to‘lov qurbonligi asosida kechirishini so‘rab yolvorishimiz kerak. (Matto 26:28; 1 Yuhanno 2:1, 2) Agar chin dildan pushaymon bo‘lib yomon ishimizni bas qilsak, Yahova bizni kechirishiga amin bo‘lishimiz mumkin. O‘tmishda qilgan gunohlarimiz uchun o‘zimizni aybdor his qilishimizga hojat yo‘q. (Zabur 103:10–14; 1 Yuhanno 1:9; 3:19–22) Bor kuchimizni solib xatolarimizdan saboq chiqarishga, har qanday noto‘g‘ri fikrimizni o‘zgartirishga va Yahovaning me’yorlari bo‘yicha yashashga intilishimiz lozim.

2-bob, 18-xatboshi

 8 JAMOATDAN CHETLATILISH

Agar kimdir jiddiy gunohga qo‘l urib tavba qilmasa va Yahovaning me’yorlariga amal qilishdan bosh tortsa, u ortiq jamoat a’zosi bo‘la olmaydi. Bu odam jamoatdan chetlatilishi kerak. Kimdir jamoatdan chetlatilsa, biz u bilan barcha aloqalarni uzamiz va gaplashmaymiz. (1 Korinfliklarga 5:11; 2 Yuhanno 9–11) Jamoatdan chetlatilish tadbiri Yahovaning ismiga dog‘ tushishidan asraydi va jamoatni himoya qiladi. (1 Korinfliklarga 5:6) Qolaversa, ushbu chora insonning tavba qilishiga va Yahovaning oldiga qaytishiga ko‘maklashadi. (Luqo 15:17)

3-bob, 19-xatboshi

 9 YO‘L-YO‘RIQ VA MASLAHAT

Yahova bizni sevadi va yordam berishni istaydi. Shu bois U bizga Muqaddas Kitob hamda Uni sevadigan insonlar orqali yo‘l-yo‘riq va maslahat beradi. Nomukammal insonlar sifatida biz bunday yordamga nihoyatda muhtojmiz. (Yeremiyo 17:9) Agar Yahova bizga yo‘l-yo‘riq berish uchun tayinlagan insonlarni hurmat ila tinglasak, Uni hurmat qilishimizni va Unga itoatkor ekanimizni ko‘rsatamiz. (Ibroniylarga 13:7)

4-bob, 2-xatboshi

 10 MAG‘RURLIK VA KAMTARLIK

Nomukammal bo‘lganimiz uchun xudbin va mag‘rur bo‘lishga moyilmiz. Biroq Yahova bizdan kamtar bo‘lishimizni kutadi. Ko‘pincha o‘zimizni Yahova bilan solishtirib, qanchalik mitti ekanimizni tushunganimizda, kamtarlikni rivojlantira boshlaymiz. (Ayub 38:1–4) Kamtar bo‘lishni istasak, boshqalar haqida ko‘proq o‘ylashni va o‘zimizning emas, ularning manfaatini ko‘zlashni o‘rganishimiz lozim. Mag‘rur inson ko‘pincha o‘zini boshqalardan yaxshiroq deb o‘ylaydi. Kamtar inson esa o‘ziga rostgo‘ylik ila baho beradi, shuningdek, ham kuchli, ham zaif tomonlarini ko‘ra oladi. U xatolarini tan olishdan, kechirim so‘rashdan hamda taklif-u maslahatlarni qabul qilishdan qo‘rqmaydi. Kamtar inson Yahovaga tayanadi va Uning yo‘l-yo‘riqlariga amal qiladi. (1 Butrus 5:5)

4-bob, 4-xatboshi

 11 HOKIMIYAT

Hokimiyat buyruq berish va qarorlar chiqarish huquqiga ega bo‘lish demakdir. Yahova osmon-u yerda eng oliy hokimiyatga ega. U butun borliqni yaratgani uchun koinotdagi eng qudratli Shaxsdir. U doim O‘z hokimiyatini boshqalarga foyda keltirish maqsadida qo‘llaydi. Yahova ayrim insonlarga bizga g‘amxo‘rlik qilish mas’uliyatini topshirgan. Masalan, ota-onalar, jamoat oqsoqollari va hukumatlar muayyan hokimiyatga ega va Yahova ular bilan hamkorlik qilishimizni istaydi. (Rimliklarga 13:1–5; 1 Timo‘tiyga 5:17) Ammo odamlarning qonunlari Xudoning qonunlariga zid bo‘lsa, biz odamlarga emas, Xudoga quloq solamiz. (Havoriylar 5:29) Yahova tayinlagan insonlarning hokimiyatini tan olsak, Uning qarorlarini hurmat qilayotganimizni ko‘rsatamiz.

4-bob, 7-xatboshi

 12 OQSOQOLLAR

Yahova tajribali birodarlar bo‘lmish oqsoqollarni jamoatga g‘amxo‘rlik qilish uchun tayinlagan. (Qonunlar 1:13; Havoriylar 20:28) Ushbu kishilar Yahova bilan munosabatlarimizni mustahkam saqlashimizga yordam berishadi. Ular jamoatda tinchlik va tartib-intizom saqlanishini nazorat qilishadi. (1 Korinfliklarga 14:33, 40) Oqsoqollar muqaddas ruh tomonidan tayinlanishi uchun Muqaddas Kitobdagi muayyan talablarga mos kelishi kerak. (1 Timo‘tiyga 3:1–7; Titusga 1:5–9; 1 Butrus 5:2, 3) Allohning tashkilotiga ishonganimiz va uni qo‘llab-quvvatlaganimiz bois, xursandchilik ila oqsoqollar bilan hamkorlik qilamiz. (Zabur 138:6; Ibroniylarga 13:17)

4-bob, 8-xatboshi

 13 OILA BOSHI

Yahova ota-onalarga farzandlari va xonadonidagilarga g‘amxo‘rlik qilish mas’uliyatini topshirgan. Ammo Muqaddas Kitobda tushuntirilishicha, er oila boshi hisoblanadi. Agar oilada ota bo‘lmasa, oila boshining vazifasini ona bajaradi. Oila boshining mas’uliyatiga uyidagilarni oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshpana bilan ta’minlash kiradi. Oila boshi oilasi Yahovaga topinishiga ko‘maklashishi o‘ta muhim. Masalan, u uyidagilari jamoat uchrashuvlariga muntazam qatnashiga, va’zgo‘ylikda ishtirok etishiga va birgalikda Muqaddas Kitobni o‘rganishiga g‘amxo‘rlik qilishi lozim. Qolaversa, oilada so‘nggi qarorni oila boshi chiqaradi. U doim Isoga taqlid qilib mehribon va mulohazakor bo‘lishga intiladi, aslo qo‘pollik va qattiqqo‘llik qilmaydi. Bu tufayli oilada yoqimli muhit hukm suradi. Shunda oilaning barcha a’zolari o‘zini himoyalangan his qiladi va Yahova bilan munosabatlari yanada mustahkamlanadi.

4-bob, 12-xatboshi

 14 YETAKCHI KENGASH

Yetakchi kengash samoda yashash umidiga ega bo‘lgan erkaklardan iborat va Xudo ular orqali O‘z xalqining faoliyatini boshqaryapti. Birinchi asrda Yahova yetakchi kengash orqali ilk masihiylar jamoatiga topinish borasida hamda va’zgo‘ylik ishida yo‘l-yo‘riq bergan. (Havoriylar 15:2) Bugungi kunda Yetakchi kengash a’zolari sifatida xizmat qilayotgan birodarlar guruhi boshchilikni o‘z zimmasiga olib, Xudoning xalqiga yo‘l-yo‘riq beryapti va uni himoya qilyapti. Qarorlar chiqarayotib ushbu birodarlar Xudoning Kalomiga va Uning muqaddas ruhiga tayanishadi. Iso moylanganlarning ushbu guruhini «ishonchli va aqlli xizmatkor» deb atagan. (Matto 24:45–47)

4-bob, 15-xatboshi

 15 BOSHNI YOPISH

Opa-singillarimizdan odatda jamoatda birodar bajaradigan birorta vazifani bajarishni so‘rashlari mumkin. Bu ishni qilayotganda boshini yopish orqali opa yoki singlimiz Yahovaning tadbiriga hurmat ko‘rsatadi. Biroq faqatgina muayyan vaziyatlarda undan boshini yopish talab etiladi. Masalan, agar u eri yoki suvga cho‘mgan birodarning oldida Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazsa boshini yopishi lozim. (1 Korinfliklarga 11:11–15)

4-bob, 17-xatboshi

 16 BETARAFLIK

Betaraflikni saqlasak, siyosatga oid masalalarga umuman aralashmaymiz. (Yuhanno 17:16) Yahovaning xalqi Uning Shohligini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz Iso singari dunyoning ishlariga nisbatan betaraflikni saqlaymiz.

Yahova bizga «hukumat-u hokimiyatlarga itoat qilishni» buyurgan. (Titusga 3:1, 2; Rimliklarga 13:1–7) Ammo Xudoning qonunida, shuningdek, odam o‘ldirmasligimiz kerakligi haqida aytilgan. Shu sababli masihiyning vijdoni o‘z xohishi bilan harbiy xizmatga hamda urushga borishga yo‘l qo‘ymaydi. Agar masihiyda harbiy xizmatning o‘rniga muqobil xizmatda, ya’ni harbiy xizmatga hech qanday aloqasi bo‘lmagan ishda qatnashish imkoni bo‘lsa, u vijdoniga qarab qaror qabul qilishi kerak.

Biz faqat Yahovaga topinamiz, chunki U Yaratuvchimizdir. Garchi davlat ramzlarini hurmat qilsak-da, bayroqni sharaflamaymiz hamda davlat madhiyasini kuylamaymiz. (Ishayo 43:11; Doniyor 3:1–30; 1 Korinfliklarga 10:14) Shuningdek, Yahovaning xizmatchilari hech qanday siyosiy partiyaga yoki nomzodga ovoz bermaslikka shaxsan qaror qiladi. Chunki biz allaqachon Xudo hukumatining tomonini egallaganmiz. (Matto 22:21; Yuhanno 15:19; 18:36)

5-bob, 2-xatboshi

 17 DUNYONING RUHI

Dunyo Shaytonning fikrlash tarzini olg‘a suradi. Bunday fikrlash tarzi Yahovani sevmaydigan, Unga taqlid qilmaydigan hamda Uning me’yorlarini pisand qilmaydigan insonlarga xosdir. (1 Yuhanno 5:19) Bunday fikrlash tarzi hamda xulq-atvor dunyoning ruhi deb tasvirlangan. (Efesliklarga 2:2) Yahovaning xalqi bu ruhga qarshi turishga harakat qiladi. (Efesliklarga 6:10–18) Qolaversa, biz Yahovaning qonun-qoidalarini yaxshi ko‘ramiz va Uning fikrlash tarzini aks ettirishga jon kuydiramiz.

5-bob, 7-xatboshi

 18 MURTADLIK

Murtadlik Muqaddas Kitobdagi haqiqatga qarshi chiqish degani. Murtadlar Yahovaga hamda Xudo Shohligining Shohi Isoga qarshi isyon ko‘tarib, boshqalarni ham ularga ergashishga undaydi. (Rimliklarga 1:25) Ular Yahovaga topinayotgan insonlar ongida shubha uyg‘otishga intiladi. Ilk masihiylar jamoatida ba’zilar murtadlarga aylangan. Bizning paytimizda ham bundaylar bor. (2 Salonikaliklarga 2:3) Yahovaga sadoqatli bo‘lgan kishilar murtadlar bilan hech qanday aloqa qilmaydi. Qiziquvchanligimiz hamda boshqalarning bosimi dastidan murtadlarning g‘oyalarini aslo o‘qimaymiz yoki tinglamaymiz. Biz Yahovaga sadoqatli qolib, faqat Unga topinamiz.

5-bob, 9-xatboshi

 19 GUNOHNI YUVISH

Musoning Tavrot kitobiga ko‘ra, Isroil xalqi Yahovadan gunohlarini kechirishini so‘ragan. Ular ma’badga hayvonlarni qurbonlik, don va moyni nazr sifatida keltirishgan. Bularning bari isroilliklarga Yahova ularning gunohlarini xalq hamda alohida shaxs sifatida kechirishga tayyor ekanini eslatib turgan. Keyinchalik Iso gunohlarimizni yuvish uchun o‘z jonini fido qildi. Shu sababli bunday qurbonliklar keltirishning hojati qolmadi. Iso «birato‘la» mukammal qurbonlik keltirdi. (Ibroniylarga 10:1, 4, 10)

7-bob, 6-xatboshi

 20 HAYVONLARNING HAYOTIGA HURMAT KO‘RSATISH

Musoning Tavrot kitobiga ko‘ra, odamlarga hayvonlarning go‘shtini yeyish ruxsat berilgan edi. Shuningdek, ularga hayvonlarni qurbonlikka keltirish buyurilgandi. (Levilar 1:5, 6) Ammo Yahova xalqi hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishiga aslo izn bermagandi. (Hikmatlar 12:10) Ha, Tavrotda hayvonlarni shafqatsizlikdan himoya qiluvchi qonun-qoidalar bo‘lgan. Isroilliklarga qaramog‘idagi hayvonlarni yaxshi boqish amr etilgandi. (Qonunlar 22:6, 7)

7-bob, 6-xatboshi

 21 QONNING TARKIBIY QISMLARIDAN OLINGAN MAYDA MODDALAR VA TIBBIY MUOLAJALAR

Qon to‘rtta tarkibiy qismdan — qizil qon tanachalari (eritrotsitlar), oq qon tanachalari (leykotsitlar), qon plastinkalari (trombotsitlar) va plazmadan iborat. Qonning ushbu to‘rtta tarkibiy qismlaridan mayda moddalar olinadi a

Masihiylar qonni hamda uning to‘rtta tarkibiy qismlarini quyishdan voz kechishadi. Ammo mayda moddalar haqida nima desak bo‘ladi? Muqaddas Kitobda bu borada batafsil ma’lumot taqdim etilmagan. Shu sababli har bir masihiy Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdoni bo‘yicha yo‘l tutishi lozim.

Ayrim masihiylar mayda moddalardan umuman voz kechishadi. Ular Xudoning qonni yerga to‘kish haqidagi isroilliklarga bergan amriga asoslanib shunday fikrga kelishlari mumkin. (Qonunlar 12:22–24)

Qolganlar esa boshqacha tanlov qilishi mumkin. Ularning vijdoni muayyan mayda moddalarni qabul qilishga yo‘l qo‘yadi. Ehtimol, bunday kishilar mayda moddalar qoni olingan tirik jonning hayotini tasvirlamaydi deb hisoblashadi.

Qonning tarkibiy qismlaridan olingan mayda moddalar borasida qaror chiqarayotib, o‘zingizga quyidagi savollarni bering:

  • Mayda moddalarning barchasidan voz kechayotganim bilan kasalliklarga qarshi kurashish yoki qon ketishini to‘xtatish uchun mo‘ljallangan ba’zi dori-darmonlardan ham voz kechayotganimni tushunyapmanmi?

  • Mayda moddalarning unisi yo bunisiga nega rozi bo‘lganim yoki bo‘lmaganimni shifokorga tushuntirib bera olamanmi?

Tibbiy muolajalar. Masihiy ekanmiz, biz qon bermaymiz va jarrohlik amaliyotidan oldin qonimiz olinib saqlanishiga rozi bo‘lmaymiz. Ammo ba’zi muolajalar paytida bemorning o‘z qonidan foydalanishadi. Har bir masihiy jarrohlik amaliyoti, qon tahlili yoki boshqa tibbiy muolajalar paytida o‘z qonidan qanday foydalanishni hal qilishi kerak. Bu kabi muolajalar paytida bemor qonining muayyan miqdori olinib, vaqtincha boshqa joyda saqlanadi. (Ko‘proq ma’lumot olish uchun «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2000-yil, 15 oktyabr soni (rus) 30–31-sahifalariga qarang.)

Misol uchun, gemodilyutsiya deb atalgan muolajani olaylik. Jarrohlik amaliyotidan oldin bemor qonining muayyan qismi olinib, qon hajmini ko‘paytiruvchi dori-darmonga almashtiriladi. So‘ng qon jarrohlik amaliyoti paytida yoki undan ozgina vaqt o‘tgach qaytadan bemorning badaniga kiritiladi.

Yana bir muolaja reinfuziya deb ataladi. Jarrohlik amaliyoti o‘tkazilayotganda, bemorning tanasidan chiqayotgan qon to‘planib tozalanadi-da, jarrohlik amaliyoti paytida yoki undan ozgina vaqt o‘tgach boshqatdan badanga kiritiladi.

Har bir shifokor bu muolajani turlicha o‘tkazishi mumkin. Shuning uchun masihiy jarrohlik amaliyoti, qon tahlili yoki boshqa tibbiy muolajalarga rozi bo‘lishdan oldin o‘z qonidan qanday foydalanilishini aniqlab olishi kerak.

Sizning qoningizdan foydalanib o‘tkaziladigan muolajalar borasida qaror chiqarayotib, o‘zingizga quyidagi savollarni bering:

  • Agar tanamdan chiqqan qon oqimi qaysidir vaqtga to‘xtab qolsa, uni yerga oqizib yubormasdan tanamning qismi deb qaytadan kirgizilishiga vijdonim yo‘l qo‘yadimi? (Qonunlar 12:23, 24)

  • Tibbiy muolaja paytida qonim olinib o‘zgartirilgan holda qayta tanamga kirgizilsa, Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdonim qiynamaydimi?

  • O‘z qonim bilan bog‘liq barcha tibbiy muolajalardan voz kechayotib, tahlil uchun qon topshirish, gemodializ va sun’iy qon aylanishi kabi usullardan ham voz kechayotganimni tushunyapmanmi?

Qonning to‘rtta tarkibiy qismlaridan olingan mayda moddalar hamda o‘z qonimiz bilan bog‘liq tibbiy muolajalar borasida qaror chiqarishdan oldin Yahovadan yo‘l-yo‘riq so‘rab, so‘ng izlanish olib borishimiz lozim. (Yoqub 1:5, 6) Shundan keyingina Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdonimiz bo‘yicha qaror chiqaramiz. Boshqalardan mabodo ular bizning vaziyatimizga tushganda nima qilgan bo‘lardi deb so‘ramasligimiz kerak, shuningdek, atrofdagilar qarorimizga ta’sir o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. (Rimliklarga 14:12; Galatiyaliklarga 6:5)

7-bob, 11-xatboshi

 22 AXLOQIY POKLIK

Axloqiy poklik Xudoning nazarida xulq-atvorimiz va ishlarimiz pok bo‘lishini anglatadi. Bunga, shuningdek, nima haqda o‘ylayotganimiz, gapirayotganimiz hamda qilayotgan ishlarimiz kiradi. Yahova bizga jinsiy axloqsizlikning har qanday turidan qochishni amr bermoqda. (Hikmatlar 1:10; 3:1) Hatto yomonlik qilish vasvasasiga duch kelishdan oldin Yahovaning pok me’yorlariga rioya etishga qat’iy qaror qilishimiz lozim. Ongimizni pok saqlash uchun doim ibodatda Xudodan madad so‘rashimiz kerak. Shuningdek, axloqsizlik qilish vasvasasini qat’iyat ila rad etishimiz darkor. (1 Korinfliklarga 6:9, 10, 18; Efesliklarga 5:5)

8-bob, 11-xatboshi

 23 AXLOQSIZ XULQ VA IFLOSLIK

Axloqsiz xulqqa nutq va ishda Xudoning me’yorlarini qo‘pol tarzda buzish kiradi. Shuningdek, bunday xulq behayo nuqtai nazarni aks ettiradi. Bunday yo‘l tutadigan inson Xudoning qonunlarini hurmat qilmasligini ko‘rsatadi. Inson axloqsiz xulqni namoyon etayotgani ma’lum bo‘lsa, masalani hakamlar qo‘mitasi ko‘rib chiqadi.

Ifloslikka turli gunohlar kirishi mumkin. Vaziyatning jiddiyligiga qarab, ifloslikka aloqasi bo‘lgan ba’zi masalalarni hakamlar qo‘mitasi ko‘rib chiqadi. (Galatiyaliklarga 5:19–21; Efesliklarga 4:19; ko‘proq ma’lumot olish uchun «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2006-yil, 15-iyul sonidagi (rus) «O‘quvchilarning savollari» nomli maqolaga qarang.)

 9-bob, 7-xatboshi; 12-bob, 10- xatboshi

24 ONANIZM (MASTURBATSIYA)

Yahova jinsiy munosabatlarni er-xotin bir-biriga pok sevgisini izhor qilishi uchun yaratgan. Inson onanizm bilan shug‘ullansa, ya’ni shahvoniy lazzat olish uchun o‘zining jinsiy a’zolarini silasa va uqalasa, uning harakatlari nopok hisoblanadi. Bunday odat insonning Yahova bilan munosabatlariga putur yetkazadi. Ushbu odat buzuq istaklarni qo‘zg‘atib, jinsiy munosabatlar haqida noto‘g‘ri nuqtai nazar shakllanishiga olib keladi. (Kolosaliklarga 3:5) Bunday odati bor inson u bilan kurashish qanchalik qiyin kechmasin, taslim bo‘lmasligi kerak. (Zabur 86:5; 1 Yuhanno 3:20) Agar siz ham shunday vaziyatda bo‘lsangiz, samimiy ibodatda Yahovadan yordam so‘rang. Nopok fikrlarga olib keladigan narsalar, masalan, pornografiyadan uzoq yuring. Masihiy ota-onangiz yoki Yahovaning qonunlarini hurmat qiladigan yetuk do‘stingiz bilan bu haqida suhbatlashing. (Hikmatlar 1:8, 9; 1 Salonikaliklarga 5:14; Titusga 2:3–5) Yahova axloqiy poklikni saqlash uchun qilayotgan barcha harakatlaringizni ko‘rib turganiga va buni juda qadrlashiga ishonchingiz komil bo‘lsin. (Zabur 51:17; Ishayo 1:18)

 9-bob, 9-xatboshi

25 KO‘P XOTINLIK

Yahova nikohni faqatgina bir erkak va bir ayol o‘rtasidagi rishta sifatida yaratgan. Qadimiy Isroilda Xudo erkaklarga bir nechta xotin olishga izn bergan bo‘lsa-da, bu Uning ilk niyatiga kirmagan. Bugungi kunda Yahova Uning xalqi orasida ko‘p xotinlik bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Erkakning faqatgina bitta xotini va ayolning faqatgina bitta eri bo‘lishi mumkin. (Matto 19:9; 1 Timo‘tiyga 3:2)

 10 bob, 12-xatboshi

26 AJRALISH VA ALOHIDA YASHASH

Yahova er-xotin hamisha birga yashashini niyat qilgan. (Ibtido 2:24; Malaki 2:15, 16; Matto 19:3–6; 1 Korinfliklarga 7:39) U turmush o‘rtoqlardan biri bevafolik qilsagina ajralishga izn bergan. Bunday vaziyatda Yahova beayb turmush o‘rtoqqa ajralish-ajralmaslikni hal qilish huquqini bergan. (Matto 19:9)

Ba’zan ayrim masihiylar turmush o‘rtog‘i zino qilmagan bo‘lsa-da, alohida yashashga qaror qilishadi. (1 Korinfliklarga 7:11) Quyidagi vaziyatlarni ba’zi masihiylar alohida yashash uchun asos deb biladi:

• Oilani umuman ta’minlamaslik. Er oilasini moddiy tomonlama ta’minlashdan bosh tortib, xotini va bolalarini pul va oziq-ovqatsiz qoldirsa. (1 Timo‘tiyga 5:8)

• Shafqatsiz munosabatda bo‘lish. Er yoki xotin turmush o‘rtog‘i bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lib, uning sog‘lig‘i yoki hayoti xavf ostida qolsa. (Galatiyaliklarga 5:19–21)

• Yahovaga topinishga butunlay to‘sqinlik qilish. Er yoki xotin turmush o‘rtog‘ining Yahova bilan munosabatlariga xavf solib, Unga xizmat qilishiga yo‘l qo‘ymasa. (Havoriylar 5:29)

 11-bob, 19-xatboshi

27 MAQTASH VA DALDA BERISH

Barchamiz bizni maqtashlari va bizga dalda berishlariga muhtojmiz. (Hikmatlar 12:25; 16:24) Yoqimli va shirin so‘zlarni aytib bir-birimizni mustahkamlashimiz va dalda berishimiz mumkin. Bunday so‘zlar imondoshlarimizga sabr-bardoshli bo‘lishga hamda shiddatli qiyinchiliklarga qaramay, Yahovaga xizmatini davom ettirishga ko‘maklashadi. (Hikmatlar 12:18; Filippiliklarga 2:1–4) Agar kimdir qattiq tushkunlikka tushib qolsa, uni hurmat ila tinglashimiz va tuyg‘ularini tushunishga intilishimiz lozim. Shunday yo‘l tutib, unga yordam berish uchun nima deyishimiz yoki qilishimiz kerakligini bilib olamiz. (Yoqub 1:19) Birodar-u opa-singillaringiz bilan yaqinroq tanishishni maqsad qilsangiz, ular aslida nimaga muhtoj ekanini anglaysiz. Shunda ular har qanday tasalli va daldaning Manbaiga murojaat qilishiga yordam bera olasiz. Bu tufayli ular chinakam tetiklikka ega bo‘lishadi. (2 Korinfliklarga 1:3, 4; 1 Salonikaliklarga 5:11)

 12-bob, 16-xatboshi

28 NIKOH TO‘YLARI

Muqaddas Kitobda nikoh to‘ylari haqida alohida qonun-qoidalar yo‘q. Mahalliy urf-odatlar hamda qonun talablari joydan-joyga farq qilishi mumkin. (Ibtido 24:67; Matto 1:24; 25:10; Luqo 14:8) Nikoh to‘yining eng muhim qismlaridan biri juftlik Yahovaning oldida beradigan qasamdir. Ko‘p juftliklar oila a’zolari va yaqin do‘stlari oldida nikoh qasamini aytishni hamda oqsoqol Muqaddas Kitobga asoslangan nutq so‘zlashini istashadi. Juftlik nikohdan o‘tgach bazm uyushtirish-uyushtirmaslikni va u qanday o‘tishini hal qilishi darkor. (Luqo 14:28; Yuhanno 2:1–11) Juftlik bazmni rejalashtirayotib, u Yahovaga sharaf keltiradigan tarzda o‘tishiga amin bo‘lishi lozim. (Ibtido 2:18–24; Matto 19:5, 6) Muqaddas Kitobdagi prinsiplar ularga to‘g‘ri qarorlar chiqarishga yordam beradi. (1 Yuhanno 2:16, 17) Agar juftlik dasturxonga spirtli ichimliklar tortilishini istasa, bazm tinchlik-osoyishtalikda o‘tishiga g‘amxo‘rlik qilishi kerak. (Hikmatlar 20:1; Efesliklarga 5:18) Agar to‘yda musiqa va o‘yinlar bo‘lsa, juftlik ular Yahovaga sharaf keltirishiga amin bo‘lishi lozim. Masihiy juftlik butun diqqat-e’tiborini to‘y kuniga emas, balki Yahova bilan hamda o‘zaro munosabatlariga qaratishi darkor. (Hikmatlar 18:22; ko‘proq ma’lumot olish uchun «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2006-yil, 15 oktyabr soni (rus) 18–31- sahifalariga qarang.)

 13-bob, 18-xatboshi

29 BAYRAMLAR BORASIDA DONO QARORLAR CHIQARISH

Biz Allohning Kalomiga asoslanib to‘g‘ri qarorlar chiqarishni istaymiz. Masalan, Yahovaning Shohidi bo‘lmagan er yoki xotin masihiy turmush o‘rtog‘ini dunyoviy bayram munosabati bilan qarindoshlari o‘tkazayotgan o‘tirishga taklif qilishi mumkin. Siz ham shunday vaziyatga tushsangiz qanday yo‘l tutasiz? Vijdoningiz u yerga borishga yo‘l qo‘ysa, turmush o‘rtog‘ingizga mabodo o‘tirishda soxta din bilan bog‘liq urf-odatlar o‘tkazilsa, ularda ishtirok etmasligingizni tushuntirib bering. Shuningdek, o‘tirishga borsangiz boshqalar qoqinish-qoqinmasligi haqida o‘ylab ko‘ring. (1 Korinfliklarga 8:9; 10:23, 24)

Yoki ish boshqaruvchi bayram paytida sizga mukofot puli berishi mumkin. Mukofot pulidan voz kechishingiz kerakmi? Bunday qilishingiz shart emas. Pulni olish-olmasligingiz ko‘p jihatdan ish boshqaruvchining niyatiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. U mukofot pulini bayramning bir qismi deb hisoblaydimi? Yoki buni shunchaki sizga minnatdorchilik bildirish imkoni deb biladimi? Mukofot pulini olish-olmaslik borasida qaror chiqarayotib, bu va boshqa omillar haqida fikr yuritishingiz lozim.

Yana bir vaziyatni olaylik. Bayram paytida kimdir sizga sovg‘a berib, shunday deyishi mumkin: «Siz bu bayramni nishonlamasligingizni bilaman, lekin buni shunchaki mendan sovg‘a sifatida qabul qiling». Ehtimol, bu odam shunchaki sizga yaxshilik qilmoqchidir. Boshqa tomondan mana bu haqida o‘ylab ko‘ring: «Bu odam mening imonimni sinamoqchi emasmi yoki meni bayramda ishtirok etishga majbur qilmoqchi emasmi?» Bularni ko‘rib chiqqach, sovg‘ani qabul qilish-qilmaslikni o‘zingiz hal qilasiz. Qaysi masala bo‘yicha qaror chiqarmaylik, vijdonimizni pok saqlashni va Yahovaga sadoqatli bo‘lib qolishni istaymiz. (Havoriylar 23:1)

 13-bob, 22-xatboshi

30 BIZNES VA HUQUQIY MASALALAR

Ko‘p hollarda kelishmovchiliklar darhol va tinchlik yo‘li bilan hal qilinsa, ular katta muammoga aylanib ketmaydi. (Matto 5:23–26) Barcha masihiylarning maqsadi Yahovaga sharaf keltirish va jamoatda birlikni saqlash bo‘lishi lozim. (Yuhanno 13:34, 35; 1 Korinfliklarga 13:4, 5)

Agar masihiylar biznes masalasida o‘zaro kelisholmay qolsa, bir-birini sudga bermasdan muammoni hal qilishga intilishlari kerak. 1 Korinfliklarga 6:1–8 da havoriy Pavlus masihiylar o‘zaro da’volashishiga oid maslahat bergan. Birodarimizni sudga bersak, bu Yahovaning hamda jamoatning obro‘yiga yomon ta’sir qilishi mumkin. Matto 18:15–17 da masihiylar tuhmat va firibgarlik kabi jiddiy ayblovlarga duch kelganda qo‘yishi kerak bo‘lgan uchta qadam sanab o‘tilgan. 1) Ular avval masalani o‘zaro hal qilishga intilishi kerak. 2) Agar buning foydasi bo‘lmasa, ular jamoatning bitta yoki ikkita ma’nan yetuk a’zosidan yordam so‘rashlari mumkin. 3) Shunda ham muammo hal bo‘lmasa, ular masalani oqsoqollar kengashiga bayon etishlari mumkin. Ish shu darajaga yetsa, oqsoqollar Muqaddas Kitob prinsiplarini qo‘llab, bu ishga aloqador barcha kishilarga masalani tinchlik yo‘li bilan hal qilishga yordam berishadi. Bordi-yu, bu kishilardan kimdir Muqaddas Kitobdagi me’yorlarga amal qilishni istamasa, jamoat oqsoqollari hakamlar qo‘mitasini tuzishiga to‘g‘ri keladi.

Shunday vaziyatlar bo‘lishi mumkinki, qonuniy zarurat yuzasidan sudga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Misol uchun, ajralish, vasiylik, aliment, sug‘urta undirish, bankrot bo‘lish hamda vasiyat bilan bog‘liq masalalarda. Agar masihiy shu kabi masalalarni davlat qonuni taqdim etayotgan choralar yordamida va iloji boricha tinchlikni saqlagan holda hal qilsa, Pavlusning maslahatiga zid yo‘l tutgan bo‘lmaydi.

Agar gap jiddiy jinoyat, masalan, zo‘rlash, bolaning nomusiga tegish, tajovuz qilish, katta o‘g‘irlik yoki qotillik sodir etilgani haqida ketsa va masihiy bu haqida davlat organlariga xabar bersa, u Pavlusning maslahatiga zid yo‘l tutgan hisoblanmaydi.

 14-bob, 14-xatboshi

31 SHAYTONNING TUZOQLARI

Adan bog‘ida yuz bergan voqeadan beri Shayton odamlarni tuzoqqa tushirishga harakat qilyapti. (Ibtido 3:1–6; Vahiy 12:9) U biladiki, agar fikrlash tarzimizni buzishga muvaffaq bo‘lsa, bizni yomon ishlar qilishga og‘dira oladi. (2 Korinfliklarga 4:4; Yoqub 1:14, 15) Shayton siyosat, din, tijorat, o‘yin-kulgi, oliy ma’lumotli bo‘lish va boshqa ko‘pgina narsalar orqali o‘z fikrlash tarzini olg‘a suradi va uni yaxshi qilib ko‘rsatadi. (Yuhanno 14:30; 1 Yuhanno 5:19)

Shayton odamlarni tuzoqqa tushirish uchun vaqti kamligini biladi. Shu bois u bor kuchini ishga solib iloji boricha ko‘proq odamlarni yo‘ldan ozdirishga harakat qilyapti. U ayniqsa, Yahovaga xizmat qilayotgan kishilarni yo‘ldan urishni istaydi. (Vahiy 12:12) Ehtiyot bo‘lmasak, Iblis asta-sekin fikrlash tarzimizni buzishi mumkin. (1 Korinfliklarga 10:12) Misol uchun, Yahova nikoh rishtalari abadiy bo‘lishini xohlaydi. (Matto 19:5, 6, 9) Ammo bugungi kunda ko‘p odamlar nikohga osonlikcha buzish mumkin bo‘lgan vaqtinchalik kelishuvdek qaraydi. Shu fikrni aksariyat filmlar va teleko‘rsatuvlar ham olg‘a suradi. Bu dunyoning nikoh borasidagi nuqtai nazari bizga ta’sir qilmayotganiga amin bo‘lishimiz kerak.

Shaytonning bizni tuzoqqa tushirish uchun qo‘llaydigan yana bir usuli — mustaqillik ruhini singdirish. (2 Timo‘tiyga 3:4) Ehtiyotkor bo‘lmasak, Yahova tayinlagan mas’ul kishilarni hurmat qilmay qo‘yishimiz mumkin. Masalan, birodar jamoat oqsoqollari berayotgan yo‘l-yo‘riqlarni rad eta boshlar. (Ibroniylarga 12:5) Yoki opamiz Yahova oilada o‘rnatgan boshchilik tartibiga qarshilik qilar. (1 Korinfliklarga 11:3)

Iblis fikrlash tarzimizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Aksincha, Yahovaning fikrlash tarziga taqlid qilishni va «samoviy narsalar haqida fikr yuritishni» istaymiz. (Kolosaliklarga 3:2; 2 Korinfliklarga 2:11)

 16-bob, 9-xatboshi

32 DAVOLANISH USULLARI

Barchamiz sog‘lom bo‘lishni istaymiz va kasal bo‘lib qolsak eng yaxshi davolanish turini tanlashga intilamiz. (Ishayo 38:21; Mark 5:25, 26; Luqo 10:34) Bugungi kunda shifokorlar hamda boshqa odamlar ko‘plab tibbiy texnologiya va davolanish usullarini taklif qilishyapti. Davolanish usullaridan qay birini tanlash haqida qaror chiqarayotib, Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga amal qilishimiz o‘ta muhim. Faqatgina Xudoning Shohligi bizni kasalliklardan butunlay xalos qilishini yodda tutamiz. Bor diqqat-e’tiborimizni sog‘ligimizga qaratib, Yahovaga topinishni bir chetga surib qo‘yishni istamaymiz. (Ishayo 33:24; 1 Timo‘tiyga 4:16)

Jinlarning kuchi yordamida amalga oshiriladigan har qanday davolanish usullaridan qochishimiz shart. (Qonunlar 18:10–12; Ishayo 1:13) Birorta davolanish usuliga rozi bo‘lish yoki dori-darmonni qabul qilishdan oldin uning kelib chiqishi va sehr-joduga aloqasi bor-yo‘qligini aniqlashimiz lozim. (Hikmatlar 14:15) Sehr-joduga aralashib qolishimiz uchun Shayton hiyla ishlatishini yodda tutishimiz kerak. Mabodo birorta davolanish usuli sehr-jodu bilan bog‘liqmi yoki yo‘qmi deb ikkilansak, bunday davolanish usulidan qochganimiz yaxshiroq. (1 Butrus 5:8)

16-bob, 18-xatboshi

a Ba’zi shifokorlar qonning to‘rtta tarkibiy qismlarini mayda moddalar deb hisoblashadi. Shuning uchun qonni hamda uning to‘rtta tarkibiy qismlari — eritrotsitlar, leykotsitlar, trombotsitlar va plazmani quymaslik shaxsiy qaroringiz ekanini tushuntirib berishingizga to‘g‘ri kelar.