Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

15-BOB

Mehnatingizdan rohat toping

Mehnatingizdan rohat toping

Har kim... o‘z mehnatining rohatini ko‘rishi kerak ekan. VOIZ 3:13

1–3. a) Aksariyat o‘z ishiga nisbatan qanday nuqtai nazarda? b) Bu bobda qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

 BUTUN DUNYO bo‘ylab odamlar o‘zini va oilasini boqish uchun ter to‘kib mehnat qilmoqda. Aksariyat o‘z ishini yoqtirmaydi, ba’zilar esa har kuni ishga borishini o‘ylab qo‘rqadi. Agar siz ham shunday tuyg‘ularni his qilayotgan bo‘lsangiz, ishingizdan mamnuniyat topishga nima yordam berishi mumkin? Qay yo‘sin ishingizdan quvonch topa olasiz?

2 Yahova shunday demoqda: «Har kim yeb-ichib, o‘z mehnatining rohatini ko‘rishi kerak ekan. Bu — Xudoning in’omidir». (Voiz 3:13) Yahova bizni ishlash ehtiyoji va istagi bilan yaratgan. U bajarayotgan ishimizdan xursandchilik topishimizni xohlaydi. (Voiz 2:24; 5:18 ni o‘qing.)

3 Xo‘sh, ishimizdan mamnuniyat topishga nima yordam bera oladi? Masihiylar qanday toifadagi ishlardan qochishi kerak? Qanday qilib ishimiz va Yahovaga topinishimiz o‘rtasida muvozanatli bo‘la olishimiz mumkin? Qaysi ish hammasidan ham muhimroq?

IKKITA BUYUK MEHNATKASH

4, 5. Yahova mehnatga nisbatan qanday nuqtai nazarda?

4 Yahovaning O‘zi mehnat qilishni yaxshi ko‘radi. Ibtido 1:1 da: «Boshida Alloh osmon bilan yerni yaratdi»,— deb yozilgan. Xudo yerni va undagi barcha narsani yaratgach, ijodlariga qarab «juda yaxshi ekanini» aytgan. (Ibtido 1:31) Yaratuvchimiz O‘z mehnatining mahsulidan mamnuniyat his qilgan. (1 Timo‘tiyga 1:11)

5 Yahova tinim bilmay ishlaydi. Iso: «Otam hanuzgacha mehnat qilib kelyapti»,— degan. (Yuhanno 5:17) Garchi Yahovaning qilgan barcha yaxshi ishlarini bilmasak-da, ba’zi ishlaridan xabarimiz bor. U O‘g‘li Iso Masih bilan osmonda boshqaradigan insonlarni tanlamoqda. (2 Korinfliklarga 5:17) Yahova, shuningdek, odamlarga g‘amxo‘rlik qilib, umumjahon va’zgo‘ylik faoliyatini boshqarmoqda. Bu tufayli millionlab insonlar Yahovani tanib-bilib, yer yuzidagi jannatda abadiy yashash umidiga ega bo‘lishmoqda. (Yuhanno 6:44; Rimliklarga 6:23)

6, 7. Iso qanday ishchi bo‘lgan?

6 Iso Otasi singari mehnat qilishni yaxshi ko‘radi. Yer yuziga kelishidan avval, Iso Xudoning qoshida «mohir ishchi» bo‘lib, yerdagi va osmondagi barcha narsalar yaratilishida ishtirok etgan. (Hikmatlar 8:22–31; Kolosaliklarga 1:15–17) Yer yuzida bo‘lganida ham Iso mehnat qilishda davom etgan. Yoshligida u duradgorlik hunarini puxta o‘rgangan. Ehtimol, Iso uy uchun stol-stul, to‘sin va eshiklar yasagan. Iso o‘z ishining ustasi bo‘lgani tufayli, «duradgor» sifatida tanilgan. (Mark 6:3)

7 Ammo yer yuzidagi xizmati davomida Iso uchun xushxabarni va’z qilish hamda odamlarga Yahova haqida ta’lim berish eng muhim ish bo‘lgan. Uch yarim yillik xizmati mobaynida u erta sahardan kechgacha tinim bilmay mehnat qilgan. (Luqo 21:37, 38; Yuhanno 3:2) Iso chang ko‘chalardan yuzlab kilometr yo‘l yurib, imkon qadar ko‘proq insonlarga xushxabarni yetkazgan. (Luqo 8:1)

8, 9. Nima uchun Iso o‘z ishidan zavq olgan?

8 Iso uchun Xudoning ishini bajarish ovqatdek bo‘lgan. Bu ish unga kuch-quvvat baxsh etgan. Shunday kunlar bo‘lganki, Iso ko‘p mehnat qilganidan ovqat yeyishga vaqti yetmagan. (Yuhanno 4:31–38) U fursatni qo‘ldan boy bermay, boshqalarga Otasi haqida ta’lim bergan. Shu sababli u Yahovaga mana shu so‘zlarni ayta olgan: «Sen menga topshirgan ishni nihoyasiga yetkazib, yer yuzida Seni sharafladim». (Yuhanno 17:4)

9 Ko‘rinib turganidek, Yahova bilan Iso jon kuydirib mehnat qilishyapti hamda o‘z mehnatlaridan xursandchilik va mamnuniyat topishyapti. Biz «Allohga taqlid qilishni» va «[Isoning] izidan og‘may yurishni» istaymiz. (Efesliklarga 5:1; 1 Butrus 2:21) Shuning uchun ter to‘kib mehnat qilishga va nimaiki qilsak ham bajonidil bajarishga intilamiz.

ISHIMIZGA QANDAY NUQTAI NAZARDAMIZ?

10, 11. Ishimizga nisbatan ijobiy nuqtai nazarda bo‘lishga nima yordam beradi?

10 Yahovaning xalqi ekanmiz, o‘zimizni hamda oilamizni ta’minlash uchun ishlashimiz kerak. Ishimizdan quvonch topishni istaymiz, ammo bu oson emas. Mabodo ishimizdan xursandchilik topmayotgan bo‘lsak, nima qilsak bo‘ladi?

Ijobiy nuqtai nazarga ega bo‘lish har qanday ishdan zavq olishingizga yordam beradi

11 Ijobiy nuqtai nazarni rivojlantiring. Ehtimol, vaziyatimizni o‘zgartira olmasmiz, ammo nuqtai nazarimizni o‘zgartira olamiz. Bunda Yahova bizdan nimani kutayotganini tushunish yordam beradi. Misol uchun, Yahova oila boshidan o‘z kuchidan kelib chiqib oilasining ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishini kutadi. Muqaddas Kitobda aytilishicha, oilasini ta’minlashdan bosh tortgan kishi «imonsizdan ham battardir». (1 Timo‘tiyga 5:8) Oila boshi bo‘lsangiz, oilangizni boqish uchun jon kuydirib mehnat qilishingiz kerak. Ishingiz sizga yoqadimi yoki yo‘qmi, oilangizni boqish bilan birga siz Yahovaning ko‘nglini xushnud qilayotganingizni unutmang.

12. Mehnatkash va halol bo‘lish qanday foyda keltiradi?

12 Mehnatkash va halol bo‘ling. Shunday yo‘l tutishga intilsangiz, ishingizdan xursandchilik topish oson bo‘ladi. (Hikmatlar 12:24; 22:29) Boz ustiga ish beruvchi sizga ko‘proq ishonadi. Ish beruvchilar halol ishchilarni qadrlaydi. Chunki bunday ishchilar pul, narsa hamda vaqtni o‘g‘irlamaydi. (Efesliklarga 4:28) Eng muhimi esa, Yahova mehnatkash va halol ekaningizni ko‘rib turibdi. Pok vijdonga ega bo‘lganingizdan hamda Xudoning ko‘nglini xushnud qilayotganingizdan beqiyos mamnuniyat topasiz. (Ibroniylarga 13:18; Kolosaliklarga 3:22–24)

13. Halol bo‘lish yana qanday natija keltiradi?

13 Shuni bilingki, ishxonadagi yaxshi xulq-atvoringiz Yahovaga sharaf keltiradi. Bu esa ishimizdan xursandchilik topish uchun yana bir sababdir. (Titusga 2:9, 10) Ehtimol, yaxshi xulqingiz hamkasblaringizdan biri Muqaddas Kitob tadqiqini boshlashiga turtki bo‘lar. (Hikmatlar 27:11; 1 Butrus 2:12 ni o‘qing.)

QANDAY ISHNI TANLASHIM KERAK?

14–16. Ish tanlayotganda nimani e’tiborga olishimiz kerak?

14 Muqaddas Kitobda masihiylarga mumkin yoki mumkin bo‘lmagan ishlar ro‘yxati keltirilmagan. Ammo u yerda ish masalasida to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beruvchi prinsiplar bor. (Hikmatlar 2:6) Mazkur ilohiy prinsiplardan foydalanib, quyida keltirilgan savollarni o‘zimizga bersak bo‘ladi.

Yahovaning me’yorlariga zid bo‘lmagan ish qidiring

15 Tanlayotgan ishim Yahova noto‘g‘ri deb bilgan narsani qilishga majburlamaydimi? Yahova o‘g‘irlik hamda yolg‘on gapirish kabi ishlardan nafratlanishini bilib oldik. (Chiqish 20:4; Havoriylar 15:29; Efesliklarga 4:28; Vahiy 21:8) Shunday ekan, Yahovaning me’yorlariga zid bo‘lgan har qanday ishdan qochamiz. (1 Yuhanno 5:3 ni o‘qing.)

16 Tanlayotgan ishim Yahova qoralaydigan narsalar bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq emasmi? Misol uchun, sizga tamaki sotadigan do‘konda ish taklif qilishsa qanday yo‘l tutasiz? To‘g‘ri, sotuvchi bo‘lib ishlashning yomon joyi yo‘q. Ammo siz chekish borasida Yahovaning nuqtai nazarini bilasiz-ku! Garchi shaxsan o‘zingiz tamaki chekmasangiz-da, boshqalarni tanani bulg‘aydigan ishni qilishga undagan bo‘lmaysizmi? (2 Korinfliklarga 7:1)

17. Xudoga ma’qul qarorlar chiqarishimizga nima yordam bera oladi?

17 Ilohiy prinsiplardan foydalansak, Ibroniylarga 5:14 dagi insonlar sirasiga kiramiz. Ya’ni biz «zehnini ishga solish orqali yaxshini yomondan ajratishga o‘rgangan yetuk kishi» bo‘lamiz. O‘zingizdan shunday so‘rang: «Bu ishga ko‘nsam boshqalarni qoqintirib qo‘ymaymanmi? Bu ish dastidan turmush o‘rtog‘imni hamda farzandlarimni qoldirib boshqa mamlakatga borishga majbur bo‘lmaymanmi? Bu ularga qanday ta’sir qiladi?»

«QAYSI NARSALAR MUHIMROQ EKANINI FARQLANG»

18. Nega nigohimizni topinishga qaratish qiyin kechishi mumkin?

18 «Nihoyatda og‘ir vaqtlarda» yashayotganimiz uchun Yahovaga topinishimizni birinchi o‘ringa qo‘yish qiyin bo‘lishi mumkin. (2 Timo‘tiyga 3:1) Ish topish va uni saqlab qolish mushkul. Biz oilamizga g‘amxo‘rlik qilishimiz kerak, ammo topinishimizni birinchi o‘ringa qo‘yish muhimligini tushunamiz. Moddiy narsalar hayotimizda ustuvor o‘rinni egallashini istamaymiz. (1 Timo‘tiyga 6:9, 10) Unda qanday qilib «qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlab», shu bilan birga oilamizni ta’minlay olamiz? (Filippiliklarga 1:10)

19. Yahovaga tayanish ishimizga nisbatan muvozanatli bo‘lishga qanday ko‘maklashadi?

19 Yahovaga to‘liq ishoning. (Hikmatlar 3:5, 6 ni o‘qing.) Yahova nimaga muhtoj ekanimizni aniq bilishiga hamda biz haqimizda qayg‘urishiga aminmiz. (Zabur 37:25; 1 Butrus 5:7) Uning Kalomida shunday yozilgan: «Pulparastlikdan xoli kun kechiringlar. Boriga shukur qilinglar, chunki Xudoning O‘zi: “Seni hecham tashlab ketmayman va aslo tark etmayman”,— degan». (Ibroniylarga 13:5) Siz: «Oilamni qanday boqaman?» — deb tashvishlanishingizni Yahova istamaydi. U qayta-qayta O‘z xizmatchilarining ehtiyojini qondirishini ko‘rsatyapti. (Matto 6:25–32) Ishxonamizda vaziyat qanday bo‘lmasin, Xudoning Kalomini muntazam ravishda o‘rganishga, xushxabarni va’z qilishga hamda yig‘ilishlarni qoldirmaslikka harakat qilamiz. (Matto 24:14; Ibroniylarga 10:24, 25)

20. Qay yo‘sin sodda hayot kechira olamiz?

20 Ko‘zingiz bir narsaga qaratilgan bo‘lsin. (Matto 6:22, 23 ni o‘qing.) Ushbu undov diqqatingizni Yahovaga xizmat qilishga qaratish uchun sodda hayot kechirish kerakligini anglatadi. Pul, qulay hayot tarzi yoki so‘nggi rusumdagi elektron vositalar Yahova bilan do‘stligimizdan ustun turishiga yo‘l qo‘yish nodonlik bo‘lardi. Shunday ekan, muhim narsalarni birinchi o‘ringa qo‘yishimizga nima yordam beradi? Qo‘limizdan kelgancha, qarzga botib qolmaslikka harakat qilishimiz kerak. Bordi-yu, qarzingiz bo‘lsa, uni kamaytirish yoki undan qutulish uchun amaliy reja tuzing. Agar hushyor turmasak, moddiy narsalar ko‘p vaqt hamda kuchimizni olib qo‘yadi. Oqibatda ibodat qilishga, tadqiqqa hamda va’zgo‘ylikka vaqtimiz qolmaydi. Moddiy narsalar hayotimizni qiyinlashtirishiga yo‘l qo‘ymaylik, aksincha, «yegulik [va] kiyim» kabi asosiy narsalar bilan qanoat qilishni o‘rganaylik. (1 Timo‘tiyga 6:8) Vaziyatimiz qanday bo‘lmasin, Yahovaga ko‘proq xizmat qilish uchun sharoitimizni vaqti-vaqti bilan ko‘rib chiqsak oqilona bo‘lardi.

21. Nega hayotimizda nimalar birinchi o‘rinda turishi kerakligini aniqlab olishimiz kerak?

21 Muhim narsalarni ustun qo‘ying. Vaqt, kuch va moddiy narsalarimizdan donolik ila foydalanishimiz kerak. Agar e’tiborli bo‘lmasak, bebaho vaqtimizni uncha muhim bo‘lmagan narsalar, jumladan, oliy ma’lumotga ega bo‘lish yoki pul ishlashga sarflashimiz mumkin. Iso shunday degan: «Xudoning Shohligi... hayotingizda hamisha birinchi o‘rinda bo‘lsin». (Matto 6:33) Tanlovimiz, odatlarimiz, kundalik ishlarimiz hamda maqsadlarimiz qalbimizda nima birinchi o‘rinda ekanini oshkor etadi.

ENG MUHIM ISH

22, 23. a) Masihiylarning eng muhim ishi qaysi? b) Mehnatimizning rohatini ko‘rishga nima ko‘maklashadi?

22 Yahovaga xizmat qilish va odamlarga xushxabarni aytish hayotimizda eng muhim o‘rinni egallaydi. (Matto 24:14; 28:19, 20) Iso singari biz ham bu ishni sidqidildan bajarishni istaymiz. Ayrimlar va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan joyga ko‘chib o‘tishadi. Ba’zilar esa boshqa tilni o‘rganib, o‘sha tilda so‘zlaydigan insonlarga va’z qilishadi. Mana shunday imondoshlar bilan suhbatlashib, ulardan xizmatlari haqida so‘rang. Ular sizga hayotlari yanada baxtli va mazmunli bo‘lganini aytib berishadi. (Hikmatlar 10:22 ni o‘qing.)

Yahovaga xizmat qilish hayotimizdagi eng muhim ishdir

23 Bugungi kunda ko‘pchiligimiz oilamizning asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun hatto bir nechta joyda ishlashimizga to‘g‘ri kelyapti. Yahova buni biladi va oilamizni boqish uchun qilayotgan xatti-harakatlarimizni qadrlaydi. Shuning uchun, keling, qanday toifadagi ishni bajarmaylik, Yahova bilan Isoga taqlid qilib mehnatsevar bo‘laylik. Qolaversa, Yahovaga xizmat qilish va Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni va’z qilish eng muhim ish ekanini unutmaylik. Zero, bu haqiqiy baxtning kaliti.