Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

6-BOB

O‘yin-kulgini to‘g‘ri tanlang

O‘yin-kulgini to‘g‘ri tanlang

Hamma narsani Xudoni sharaflash uchun qilinglar. 1 KORINFLIKLARGA 10:31

1, 2. Nega o‘yin-kulgini tanlayotib sinchkov bo‘lishimiz kerak?

 TASAVVUR QILING, mevani yemoqchi bo‘lganingizda chirigan joyi borligini ko‘rib qoldingiz. Endi nima qilasiz? Hech qisi yo‘q deb mevani chirigan joyi bilan birga yeb qo‘yasizmi? Yoki uni tashlab yuborasizmi? Yo bo‘lmasa chirigan joyini kesib tashlab, yaxshi joyini yeysizmi?

2 Qaysidir ma’noda o‘yin-kulgilar ham mana shunday mevaga o‘xshaydi. Ularning ayrimlari odamga zavq keltiradi, ammo aksariyati axloqsizlik, zo‘ravonlik va sehr-jodu kabi jirkanch narsalarga to‘la. Shunday ekan, o‘yin-kulgini tanlayotib: «Bu mening shaxsiy ishim. Istaganimni tanlashim mumkin»,— deb aytasizmi? Yoki «Barcha o‘yin-kulgilar yomon»,— deb ulardan butunlay voz kechasizmi? Yo bo‘lmasa tanlovga sinchkovlik ila yondashgan holda yomonidan voz kechib, yaxshisidan zavqlanasizmi?

3. O‘yin-kulgi turini tanlayotib nima haqida o‘ylab ko‘rishimiz lozim?

3 Barchamiz biroz dam olib, o‘yin-kulgi qilishga ehtiyoj sezamiz va bu borada to‘g‘ri tanlov qilishni istaymiz. Ammo o‘zimizdan: «Men tanlagan o‘yin-kulgi Yahovaga topinishimga qanday ta’sir qiladi?» — deb so‘rab ko‘rishimiz kerak.

«HAMMA NARSANI XUDONI SHARAFLASH UCHUN QILINGLAR»

4. O‘yin-kulgini to‘g‘ri tanlashimizga yordam beradigan Muqaddas Kitob prinsiplaridan biri qanday?

4 O‘zimizni Yahovaga bag‘ishlaganimizda, butun hayotimizni Unga xizmat qilish uchun sarflaymiz deb, va’da berganmiz. (Voiz 5:4 ni o‘qing.) «Hamma narsani Xudoni sharaflash uchun» qilishga ham so‘z berganmiz. (1 Korinfliklarga 10:31) Demak, faqat yig‘ilishda va xizmatda emas, balki hordiq chiqarayotgan paytimizda ham Xudoning bag‘ishlangan xizmatchilarimiz.

5. Topinishimiz Yahovaga ma’qul kelishi uchun u qanday bo‘lishi kerak?

5 Nimaiki qilmaylik, bu Yahovaga topinishimizga ta’sir qiladi. Pavlus buni quyidagi so‘zlar bilan tushuntirgan: «Tanalaringizni tirik, muqaddas, Xudoga ma’qul keladigan qurbonlik sifatida bag‘ishlanglar». (Rimliklarga 12:1) Iso esa: «Tangringiz Yahovani butun qalbingiz, butun joningiz, butun ongingiz va butun quvvatingiz bilan seving»,— deb aytgan. (Mark 12:30) Yahovaga doim o‘zimizda bor eng yaxshi narsalarni berishni istaymiz. Qadimgi Isroilda kimdir Yahovaga hayvonni qurbonlikka keltirmoqchi bo‘lsa, undan sog‘lom hayvonni olib kelish kutilardi. Agar qurbonlikning nuqsoni bo‘lsa, Xudo uni qabul qilmasdi. (Levilar 22:18–20) Shu singari bizning topinishimiz ham Yahovaga noma’qul bo‘lib qolishi mumkin. Qanday qilib?

6, 7. Tanlagan o‘yin-kulgimiz topinishimizga qanday ta’sir qiladi?

6 Yahova bizga: «Muqaddas bo‘linglar, chunki Men muqaddasman»,— deb aytmoqda. (1 Butrus 1:14–16; 2 Butrus 3:11) Topinishimiz muqaddas yoki pok bo‘lsagina, Yahova uni qabul qiladi. (Qonunlar 15:21) Agar axloqsizlik, zo‘ravonlik yoki sehr-jodu bilan bog‘liq bo‘lgan va Yahova nafratlanadigan ishlarni qilsak, topinishimiz pok bo‘la olmaydi. (Rimliklarga 6:12–14; 8:13) Yahovaga ma’qul kelishni istasak, bunday ishlarga aloqador o‘yin-kulgilarni ham tanlamasligimiz kerak. Aks holda, topinishimiz nopok va Yahovaga noma’qul bo‘lib qoladi hamda U bilan bo‘lgan munosabatlarimizga putur yetadi.

7 Xo‘sh, unda qay yo‘sin o‘yin-kulgini to‘g‘ri tanlay olamiz? Qaysi prinsiplar Xudoga ma’qul va noma’qul o‘yin-kulgilarni ajratishga yordam beradi?

YOMONLIKDAN NAFRATLANING

8, 9. O‘yin-kulgining qanday turlaridan qochishimiz kerak va nega?

8 Bugungi kunda o‘yin-kulgining ko‘plab turlari mavjud. Ulardan ayrimlari masihiylarga to‘g‘ri keladi, aksariyati esa yo‘q. Avvalambor, keling, qaysi turdagi o‘yin-kulgilardan qochishimiz kerakligini bilib olaylik.

9 Ko‘p filmlar, veb-saytlar, teleko‘rsatuvlar, video o‘yinlar-u qo‘shiqlarda axloqsizlik, zo‘ravonlik va sehr-jodu aks ettiriladi. Ularda ko‘pincha yomon narsalar bezarar va hatto kulgili qilib taqdim etiladi. Lekin masihiylar Yahovaning pok me’yorlariga mos kelmaydigan o‘yin-kulgi turlarini qat’iyan rad etishadi. (Havoriylar 15:28, 29; 1 Korinfliklarga 6:9, 10) Shunday yo‘l tutganimizda, Yahovaga yomonlikdan nafratlanishimizni ko‘rsatamiz. (Zabur 34:14; Rimliklarga 12:9)

10. O‘yin-kulgini noto‘g‘ri tanlasak, oqibati qanday bo‘ladi?

10 Ayrim odamlar zo‘ravonlik, axloqsizlik yoki sehr-jodu bilan bog‘liq o‘yin-kulgilarning yomon joyi yo‘q deb hisoblashadi. Ular «Buning nimasi zararli? Baribir o‘sha ishlarni o‘zim hech qachon qilmayman-ku!» deb o‘ylashadi. Bunday deb o‘ylasak, o‘zimizni aldagan bo‘lamiz. Zero Muqaddas Kitobda: «Qalb o‘ta aldamchi va betayindir»,— deb aytilgan. (Yeremiyo 17:9) Agar Yahovaga noma’qul narsalar bilan ko‘ngil yozsak, qanaqasiga ulardan nafratlanaman deya olamiz? Bunday o‘yin-kulgi turlari bilan band bo‘lganimiz sayin ular bizga oddiy holdek tuyula boshlaydi. Vaqt o‘tib vijdonimiz zaiflashadi va noto‘g‘ri tanlov qilayotganimizda bizni ogohlantirmay qo‘yadi. (Zabur 119:70; 1 Timo‘tiyga 4:1, 2)

11. Qay yo‘sin Galatiyaliklarga 6:7 o‘yin-kulgini to‘g‘ri tanlashimizga yordam beradi?

11 Xudoning Kalomida: «Inson nima eksa, shuni o‘radi»,— degan so‘zlarni o‘qiymiz. (Galatiyaliklarga 6:7) Agar yomon narsalar bilan ko‘ngil yozsak, vaqti kelib o‘sha ishlarni qila boshlashimiz hech gap emas. Masalan, ayrim masihiylar axloqsiz o‘yin-kulgi turlarini tanlagani tufayli, o‘zlari ham axloqsizlikka qo‘l urishdi. Ammo Yahova o‘yin-kulgini donolik ila tanlashimizni istagani uchun yordam taqdim etmoqda.

QAROR CHIQARAYOTIB PRINSIPLARGA AMAL QILING

12. O‘yin-kulgi borasida to‘g‘ri qaror chiqarishga nima yordam beradi?

12 O‘yin-kulgining ayrim turlari Yahovaga noma’qul ekani aniq va biz ulardan qochishimiz kerakligini bilamiz. Biroq o‘yin-kulgining muayyan turi yaxshi yoki yomon ekanligi aniq ko‘rinmasa-chi? Nimani ko‘rish, tinglash yoki o‘qishimiz mumkinligi borasida Yahova aniq qonun-qoidalar ro‘yxatini bermagan. Aksincha, U Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdonimizni ishga solishimizni istaydi. (Galatiyaliklarga 6:5 ni o‘qing.) Yahova bizga prinsiplarni, ya’ni asosiy haqiqatlarni bergan. Ular muayyan narsalarga Yahova qanday nuqtai nazarda ekanini bilib olishga va vijdonimizni tarbiyalashga yordam beradi. Bu prinsiplar «Yahovaning irodasi qanday ekanini anglab», Unga ma’qul keladigan qarorlar chiqarishga ko‘maklashadi. (Efesliklarga 5:17)

Muqaddas Kitobdagi prinsiplar o‘yin-kulgi tanlovida yordam beradi

13. Nega masihiylar tanlaydigan o‘yin-kulgi turlari bir-biridan farq qiladi? Biroq barcha masihiylar uchun nima muhim?

13 Ko‘pincha masihiylar tanlagan o‘yin-kulgi turi bir-biridan farq qiladi. Nega? Sababi barchamizga turli narsalar yoqadi. Qolaversa, bir kishi ma’qul ko‘rgan narsa boshqasiga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, to‘g‘ri tanlov qilish uchun masihiylar Muqaddas Kitob prinsiplariga amal qilishlari muhim. (Filippiliklarga 1:9) Bu Allohga ma’qul o‘yin-kulgi turini tanlashimizga yordam beradi. (Zabur 119:11, 129; 1 Butrus 2:16)

14. a) Vaqtimizni nimalarga sarflayotganimiz haqida o‘ylab ko‘rish nega foydali? b) Pavlus masihiylarga qanday maslahat bergan?

14 Inobatga olishimiz kerak bo‘lgan yana bir narsa o‘yin-kulgiga qancha vaqt sarflayotganimizdir. Bundan o‘yin-kulgi hayotimizda qanday o‘rin egallayotgani ko‘rinadi. Masihiy ekanmiz, hayotimizdagi eng muhim narsa Yahovaga xizmat qilish bo‘lishi lozim. (Matto 6:33 ni o‘qing.) Bunga ahamiyat bermasak, borgan sari o‘yin-kulgiga ko‘p vaqt ajrata boshlashimiz mumkin. Pavlus masihiylarga shunday maslahat bergan: «Qanday yo‘l tutayotganingizga o‘ta diqqatli bo‘lib, nodonlar kabi emas, donolar kabi yo‘l tutinglar. Har fursatdan unumli foydalaninglar». (Efesliklarga 5:15, 16) Shuning uchun o‘yin-kulgiga sarflayotgan vaqtimizni chegaralab, Xudoga xizmat qilish hayotimizda birinchi o‘rinda ekaniga doim amin bo‘lib turishimiz kerak. (Filippiliklarga 1:10)

15. Muayyan o‘yin-kulgi haqida shubhalarimiz bo‘lsa, nima qilishimiz kerak?

15 Shunisi aniqki, Yahovaga noma’qul o‘yin-kulgi turlarini rad etamiz. Ammo muayyan o‘yin-kulgi haqida shubhalarimiz bo‘lsa-chi? Bu vaziyatda ham ehtiyotkor bo‘lishimiz kerakmi? Mana bu misol haqida o‘ylab ko‘ring. Aytaylik, tog‘da yo‘l yurib ketyapsiz. Yo‘lning narigi tomonida tik jarlik bor. Siz o‘sha tomonga yaqinroq yurgan bo‘larmidingiz? Yo‘q, albatta. Agar hayotingizni qadrlasangiz, xavf-xatardan uzoqroq yurasiz. O‘yin-kulgi tanlovini ham shunga o‘xshatish mumkin. Allohning Kalomida: «Yomon yo‘lga qadam bosma»,— deyilgan. (Hikmatlar 4:25–27) Shu bois biz nafaqat yomon ekanligini aniq biladigan o‘yin-kulgilardan qochamiz, balki bizga hamda Yahova bilan munosabatlarimizga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan o‘yin-kulgilardan ham uzoq yuramiz.

YAHOVANING NUQTAI NAZARINI BILIB OLING

16. a) Yahova nafratlanadigan ayrim narsalar nima? b) Yahova nafratlanadigan narsalardan biz ham nafratlanishimizni qanday ko‘rsata olamiz?

16 Sano bastakori: «Ey, Yahovani sevadiganlar, yomonlikdan nafratlaning»,— deb yozgan. (Zabur 97:10) Muqaddas Kitobdan Yahovaning fikrlash tarzi va his-tuyg‘ulari haqida bilib olyapmiz. O‘zingizdan: «Bilib olganlarim barcha narsaga Yahovaning nazari bilan qarashga qanday yordam beradi?» — deb so‘rab ko‘ring. Masalan, Yahova «yolg‘onchi til, begunoh qon to‘kuvchi qo‘llardan, yovuzlikni niyat qiladigan yurak, yomonlikka oshiqadigan oyoqlardan» nafratlanishini bilib oldik. (Hikmatlar 6:16–19) Bizga «zino,.. butparastlik, sehr-jodu,.. rashk-hasad, darg‘azab bo‘lish,.. hasad, ichkilikbozlik, aysh-ishrat va shularga o‘xshagan ishlardan» qochishimiz kerakligi ma’lum. (Galatiyaliklarga 5:19–21) Muqaddas Kitobdagi ushbu prinsiplar o‘yin-kulgi turini to‘g‘ri tanlashingizga qanday yordam berishi mumkinligini tushunyapsizmi? Yonimizda boshqa insonlar bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar, Yahovaning me’yorlariga hayotimizning barcha sohasida amal qilishni istaymiz. (2 Korinfliklarga 3:18) Chindan ham yolg‘iz qolganimizda qilgan tanlovimiz aslida qanday inson ekanimizni oshkor etadi. (Zabur 11:4; 16:8)

17. O‘yin-kulgi turini tanlashdan oldin, o‘zimizga qanday savollar berishimiz kerak?

17 Shuning uchun o‘yin-kulgi turini tanlashdan oldin, o‘zingizdan: «Bu tanlovim Yahova bilan munosabatlarimga qanday ta’sir qiladi? Vijdonimga-chi?» — deb so‘rab ko‘ring. Keling, o‘yin-kulgi turini to‘g‘ri tanlashga yordam beradigan boshqa prinsiplarni ham ko‘rib chiqaylik.

18, 19. a) Pavlus masihiylarga qanday maslahat bergan? b) Qaysi prinsiplar o‘yin-kulgini to‘g‘ri tanlashimizga yordam beradi?

18 Muayyan o‘yin-kulgini tanlaganimizda, ongimizni nima bilan to‘ldirishni ham tanlagan bo‘lamiz. Pavlus shunday so‘zlarni yozgan: «Nima haqiqat va nima jiddiy e’tiborga loyiq bo‘lsa, nima odillik, nima halollik, nima yoqimli bo‘lsa, nima haqda ijobiy gapirilsa, nima himmat va nima maqtovga sazovor bo‘lsa bular haqida fikr yuritinglar». (Filippiliklarga 4:8) Qachonki, ongimizni yaxshi narsalar bilan to‘ldirsak: «Og‘zimdan chiqqan so‘zlarim, qalbimdagi o‘y-fikrlarim Senga manzur bo‘lsin, ey Yahova»,— deya bemalol ayta olamiz. (Zabur 19:14)

19 O‘zingizdan so‘rang: «Ongimni nimalar bilan to‘ldiryapman? Muayyan film yoki teleko‘rsatuvni tomosha qilganimdan so‘ng, hayolimga yoqimli, tetiklik baxsh etadigan fikrlar keladimi? O‘zimni xotirjam, vijdonim esa toza ekanini his qilamanmi? (Efesliklarga 5:5; 1 Timo‘tiyga 1:5, 19) Yahovaga bemalol ibodat qila olamanmi? Yoki o‘zimni yomon his qilamanmi? Xayolimga noto‘g‘ri va axloqsiz fikrlar keladimi? (Matto 12:33; Mark 7:20–23) Tanlagan o‘yin-kulgim “ushbu zamonga uyg‘unlashishimga” sababchi bo‘lmayaptimi?» (Rimliklarga 12:2) Bu savollarga rostgo‘ylik ila javob bersak, Yahova bilan munosabatimizni mustahkam saqlash uchun nima qilishimiz zarurligini ko‘ramiz. Biz sano bastakori kabi: «Yaramas narsadan ko‘zimni olib qochishimga yordam ber»,— deb ibodat qilishni istaymiz. a (Zabur 119:37)

QARORLARIMIZ BOSHQALARGA TA’SIR QILADI

20, 21. Nega o‘yin-kulgi turini tanlayotib boshqalarning vijdonini inobatga olishimiz kerak?

20 Quyidagi prinsipni ham yodda tutishimiz o‘ta muhim: «Har narsa menga ruxsat etilgan bo‘lsa-da, hammasi ham dalda bermaydi. Har kim o‘zining emas, o‘zganing manfaatini ko‘zlasin». (1 Korinfliklarga 10:23, 24) Nimanidir qilishga haqli bo‘lsak-da, bu o‘sha ishni qilishimiz shart degani emas. Qarorlarimiz birodar-u opa-singillarimizga qanday ta’sir qilishi mumkinligini yaxshilab o‘ylab ko‘rishimiz lozim.

21 Hammaning vijdoni bir xil emas. Deylik, sizning vijdoningiz muayyan teleko‘rsatuvni tomosha qilishga yo‘l qo‘yadi. Lekin keyin bu tanlovingiz qaysidir imondoshingizning vijdoniga zid ekanini bilib qoldingiz. Endi nima qilasiz? Uni tomosha qilishga haqli bo‘lsangiz ham, bundan voz kechishga qaror qilishingiz mumkin. Nega? Chunki siz «birodarlaringizga qarshi», ayniqsa, «Masihga qarshi gunoh qilishni» istamaysiz. (1 Korinfliklarga 8:12) Imondoshlarimizni qoqintiradigan hech bir ishni qilishni xohlamaymiz. (Rimliklarga 14:1; 15:1; 1 Korinfliklarga 10:32)

22. Boshqalarning tanloviga muvozanat ila yondashayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz?

22 Agar boshqalar ko‘radigan, o‘qiydigan yoki qiladigan biror narsa sizning vijdoningizga zid bo‘lsa-chi? Imondoshingizni sevganingiz va hurmat qilganingiz uchun, uni siz kabi qaror chiqarishga majburlamaysiz. Avtomobil haydaydigan kishi boshqalar undan tezroq yoki sekinroq haydasa ham yaxshi haydovchi bo‘lishi mumkinligini biladi. Shu singari, siz va boshqa imondoshingiz Muqaddas Kitob prinsiplariga amal qilsangiz-da, qaysi o‘yin-kulgini ma’qul ko‘rish borasida fikrlaringiz ozgina farq qilishi mumkin. (Voiz 7:16; Filippiliklarga 4:5)

23. O‘yin-kulgini to‘g‘ri tanlashimizga nima yordam beradi?

23 Demak, o‘yin-kulgini to‘g‘ri tanlashimizga nima yordam beradi? Muqaddas Kitob prinsiplari asosida tarbiyalangan vijdonimizni ishga solsak va imondoshlarimiz uchun chin dildan qayg‘ursak, to‘g‘ri tanlov qila olamiz. Shunda «hamma narsani Xudoni sharaflash uchun» qilayotganimizdan baxtiyorlikni his etamiz.

a O‘yin-kulgini to‘g‘ri tanlashimizga yordam beradigan boshqa prinsiplarni Hikmatlar 3:31; 13:20; Efesliklarga 5:3, 4; Kolosaliklarga 3:5, 8, 20 da topishimiz mumkin.