Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

7-BOB

Alloh kabi hayotni qadrlayapsizmi?

Alloh kabi hayotni qadrlayapsizmi?

Hayot manbai Sendadir. ZABUR 36:9

1, 2. Yahova bizga qanday bebaho hadya bergan?

 YAHOVA har birimizga ajoyib sovg‘a bergan. Bu hayot hadyasidir. (Ibtido 1:27) U baxtli hayot kechirishimizni istaydi. Shuning uchun to‘g‘ri qarorlar chiqarishimizga yordam beradigan prinsiplarni taqdim etgan. «Yaxshini yomondan ajrata» olishimiz uchun ushbu prinsiplarni qo‘llashimiz kerak. (Ibroniylarga 5:14) Shunday yo‘l tutsak, Yahova bizga teran fikrlashni o‘rgatadi. Xudoning prinsiplarini amalda qo‘llab, ular hayotimizni yaxshi tomonga o‘zgartirayotganini ko‘rganimizda, bu prinsiplar chindan ham bebaho ekanini anglaymiz.

2 Hayot juda murakkab. Ko‘pincha shunday vaziyatlar yuzaga keladiki, Muqaddas Kitobdan aniq qonun topa olmaymiz. Misol uchun, qon bilan bog‘liq tibbiy muolajalar borasida qaror chiqarishimizga to‘g‘ri keladi. Qay yo‘sin Yahovani mamnun qiladigan qarorlar chiqara olamiz? Muqaddas Kitobdan Yahovaning hayotga va qonga nisbatan nuqtai nazarini aks ettiradigan prinsiplarni bilib olishimiz mumkin. Bu prinsiplarni yaxshi tushunsak, oqilona qarorlar chiqara olamiz va vijdonimizni toza saqlaymiz. (Hikmatlar 2:6–11) Keling, ushbu prinsiplarning ba’zilarini ko‘rib chiqaylik.

XUDONING HAYOTGA VA QONGA BO‘LGAN NUQTAI NAZARI

3, 4. a) Xudo qonga nisbatan nuqtai nazarini qanday oshkor etgan? b) Qon nimaning ramzi?

3 Muqaddas Kitobdan qon hayotning ramzi bo‘lgani uchun u muqaddas ekanini bilib olyapmiz. Hayot esa Yahovaning nazarida qadrli. Qobil ukasini o‘ldirganida, Yahova unga: «Ukangning qoni tuproqdan Menga nola qilyapti»,— degan. (Ibtido 4:10) Hobilning qoni uning hayoti ramzi edi; Yahova Hobilning qoni haqida gapirganida uning hayotini nazarda tutgan.

4 Nuh davridagi To‘fondan keyin, Xudo insonlarga go‘sht yeyishga ruxsat bergan. Ammo U: «Etni joni, ya’ni qoni bilan yemanglar»,— deya alohida ta’kidlagan. (Ibtido 9:4) Ushbu amr Nuhning barcha avlodlariga, jumladan, bizga ham tegishli. Xullas, Yahovaning nazarida qon hayotning ramzi hisoblanadi. Demak, biz ham qonga shunday nuqtai nazarda bo‘lishimiz kerak. (Zabur 36:9)

5, 6. Musoning Tavrot kitobi Yahovaning hayotga va qonga nisbatan nuqtai nazarini qanday ochib beryapti?

5 Yahova Musoga bergan Tavrotda shunday degan: «Biror kishi... qandaydir qonni iste’mol qilsa, Men o‘sha insondan yuz o‘giraman va uni o‘z xalqi orasidan yo‘q qilaman. Zero, tirik mavjudotning joni qondadir». (Levilar 17:10, 11)

6 Musoning Tavrot kitobida aytilishicha, biror kishi yegulik uchun hayvonni so‘ysa, uning qonini yerga oqizishi kerak edi. Bu bilan inson jonivorning hayotini uning Yaratuvchisi bo‘lmish Yahovaga qaytarayotganini ko‘rsatardi. (Qonunlar 12:16; Hizqiyo 18:4) Ammo Yahova isroilliklardan hayvonning qonini oxirgi tomchisigacha oqizishni kutmagan. Ular qonni imkon qadar oqizganidan keyin, go‘shtni toza vijdon bilan yeyishlari mumkin edi. Hayvonning qoniga oid amrni bajarib, ular hayot Manbai Yahovaga hurmat ko‘rsatishgan. Bundan tashqari Tavrotga binoan, isroilliklar gunohlarni yuvish maqsadida hayvonlarni qurbonlikka keltirishi kerak edi. (19- va 20-ilovalarga qarang.)

7. Dovud Yahovaning qonga nisbatan nuqtai nazarini hurmat qilayotganini qanday ko‘rsatgan?

7 Dovud filistimliklar bilan jang qilayotganida yuz bergan voqeadan ham qon nihoyatda bebaho ekanini ko‘rsak bo‘ladi. Dovudning odamlari uning chanqaganini ko‘rib, dushmanning xavfli hududiga borishadi va o‘z hayotlarini xatarga qo‘yib unga suv olib kelishadi. Suvni Dovudga berishganida, u suvni ichmaydi va uni «Yahovaning oldida yerga to‘kadi». Dovud shunday deydi: «Hayotini xavf ostiga qo‘yib suv olib kelgan bu odamlarning qonini qanday ichaman?! Bunday qilishni aqlimga sig‘dira olmayman, ey Yahova!» Hayot va qon Xudoning nazarida qanchalik qimmatbaho ekanini Dovud tushungan. (2 Shohlar 23:15–17)

8, 9. Bugungi kunda masihiylar qonga qanday nuqtai nazarda?

8 Ilk masihiylarning davrida Xudoning xalqidan hayvonlarni qurbonlikka keltirish ortiq kutilmasdi. Shunday bo‘lsa-da, ular qonga nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarga ega bo‘lishlari kerak edi. Yahova masihiylardan Tavrotning faqatgina bir nechta amriga bo‘ysunishni kutardi. «Qondan... o‘zingizni saqlanglar» degan amr ulardan biri edi. Bu xuddi zino yoki butparastlikdan qochish kabi muhim sanalgan. (Havoriylar 15:28, 29)

Qonning tarkibiy qismlaridan olinadigan mayda moddalar haqidagi qarorimni qanday tushuntirsam bo‘ladi?

9 Bugungi kunda ham shunday. Masihiy sifatida hayotning Manbai Yahova ekanini va barchaning hayoti Unga tegishli ekanini bilamiz. Shuningdek, qon muqaddasligini va u hayotning ramzi ekanini tushunamiz. Demak, qon bilan bog‘liq tibbiy muolajalar borasida qaror chiqarishdan oldin Muqaddas Kitobdagi prinsiplarni e’tiborga olamiz.

TIBBIYOTDA QONNING QO‘LLANILISHI

10, 11. a) Yahovaning Shohidlari qon va uning to‘rtta tarkibiy qismlari quyilishiga qanday munosabatda? b) Har bir masihiy qanday shaxsiy qaror chiqarishi kerak?

10 Yahovaning Shohidlari «qondan... o‘zingizni saqlanglar» degan amr qonni yemaslik va ichmaslikdan ko‘ra ko‘proq narsani o‘z ichiga olishini tushunishadi. Bu qon quyish, qon berish va o‘z qonini qayta quyish maqsadida saqlashdan qochishni ham anglatadi. Shuningdek, uning to‘rtta tarkibiy qismlarini — qizil qon tanachalari (eritrotsitlar), oq qon tanachalari (leykotsitlar), qon plastinkalari (trombotsitlar) va plazmani quyishdan voz kechishni bildiradi.

11 Qonning ushbu to‘rtta tarkibiy qismlaridan mayda moddalar olinadi. Har bir masihiy bu mayda moddalarni qabul qilish-qilmaslik borasida qaror chiqarishi kerak. Bu shuningdek, bemorning o‘z qonini qo‘llash bilan bog‘liq tibbiy muolajalarga ham tegishli. Har bir kishi jarrohlik amaliyoti, qon tahlili yoki boshqa tibbiy muolajalar paytida o‘z qonidan qanday foydalanishni hal qilishi kerak. (21-ilovaga qarang.)

12. a) Vijdon masalasida chiqargan qarorlarimiz Yahova uchun ahamiyatga egami? b) Qay yo‘sin tibbiy muolajalar borasida oqilona qarorlar chiqara olamiz?

12 Vijdon masalasida chiqargan qarorlarimiz Yahova uchun ahamiyatga egami? Albatta. Yahova o‘y-fikrlarimiz va niyatlarimiz bilan qiziqadi. (Hikmatlar 17:3; 24:12 ni o‘qing.) Shunday ekan, tibbiy muolajalar bilan bog‘liq qaror chiqarayotganimizda, Yahovadan yo‘l-yo‘riq so‘rab ibodat qilishimiz, keyin esa davolanish usuli haqida izlanish olib borishimiz kerak. So‘ng Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdonimizni ishga solib qaror chiqaramiz. Boshqalardan: «Mening vaziyatimda bo‘lganingizda nima qilardingiz?» — deb so‘ramasligimiz kerak. Qolaversa, ular qarorimizga ta’sir o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Zero har bir masihiy «o‘z aravasini o‘zi tortadi». (Galatiyaliklarga 6:5; Rimliklarga 14:12)

YAHOVANING QONUNLARI UNING SEVGISINI AKS ETTIRADI

13. Qon haqidagi qonunlar-u prinsiplardan Yahova to‘g‘risida nimani bilib olyapmiz?

13 Yahova bizdan nimaiki qilishni so‘ramasin, bu foydamizga xizmat qiladi va Uning bizga bo‘lgan sevgisini ko‘rsatadi. (Zabur 19:7–11) Ammo Uning amrlari bizga foyda keltirgani uchungina Unga quloq solmaymiz. Uni sevganimiz uchun Unga itoat etamiz. Bu sevgi bizni qon quydirmaslikka undaydi. (Havoriylar 15:20) Qolaversa, bu sog‘ligimizni asraydi. Bugungi kunda ko‘p insonlar qon quyish xavfli ekanini biladi. Ko‘pgina shifokorlar ham qon quymasdan jarrohlik amaliyotini o‘tkazish bemorlarning sog‘ligiga ijobiy ta’sir qilishiga ishonadi. Ko‘rinib turganidek, Yahovaning prinsiplarida donolik va sevgi aks etgan. (Ishayo 55:9 ni o‘qing; Yuhanno 14:21, 23)

14, 15. a) Yahova xalqini himoyalash uchun ularga qanday qonunlar bergan? b) Qanday qilib ushbu qonunlarning negizida yotgan prinsiplarni qo‘llay olasiz?

14 Yahovaning qonunlari hamisha xalqining manfaati yo‘lida xizmat qiladi. Yahova qadimgi isroilliklarga baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun qonunlar bergan. Masalan, bitta qonunga ko‘ra uy egasi hech kim yiqilib tushmasligi uchun tekis tomining atrofiga to‘siq qurishi kerak edi. (Qonunlar 22:8) Boshqa qonun esa hayvonlarga tegishli bo‘lgan. Bordi-yu, biror kimning suzong‘ich buqasi bo‘lsa, u kimnidir suzib o‘ldirib qo‘ymasligi uchun, egasi buqaga ko‘z-quloq bo‘lishi kerak edi. (Chiqish 21:28, 29) Agar isroillik kishi mazkur qonunlarga rioya etmasa, birovning o‘limiga sababchi bo‘lishi mumkin edi.

15 Yuqoridagi qonunlardan hayot Yahovaning nazarida qimmatbaho ekanini ko‘ryapmiz. Buni bilish bizga qanday ta’sir qilishi kerak? Uyimiz va mashinamizni qanday holatda saqlashimiz, shuningdek, mashinani qanday haydashimiz hamda qaysi o‘yin-kulgi turini tanlashimiz bilan hayotni qadrlayotganimizni ko‘rsata olamiz. Ba’zi insonlar, ayniqsa, yoshlar «hech nima bo‘lmaydi» deb o‘ylab, hayotini xavf ostiga qo‘yishadi va xatarga beparvo qarashadi. Lekin Yahova o‘zimizni bunday tutishimizni istamaydi. U ham o‘zimizning, ham boshqalarning hayotini qadrlashimizni kutadi. (Voiz 11:9, 10)

16. Xudo abortga nisbatan qanday fikrda?

16 Har bir insonning hayoti Yahova uchun muhim ahamiyatga ega. Hatto tug‘ilmagan go‘dak ham Uning nazarida qadrli. Musoning Tavrot kitobiga binoan, agar biror kim bilmasdan homilador ayolga zarar yetkazib, oqibatda ona yoki bola o‘lsa, Yahova bu kishini qotillikda aybdor hisoblagan. Hatto bu baxtsiz hodisa bo‘lsa ham, odam o‘ldirgan kishi o‘z hayoti bilan tovon to‘lashi kerak edi. (Chiqish 21:22, 23 ni o‘qing.) Xudoning nazarida hatto tug‘ilmagan chaqaloq ham tirik jon hisoblanadi. Buni inobatga olsak, sizningcha, Xudo abortga nisbatan qanday fikrda? Har yili millionlab go‘daklar o‘ldirilayotganini ko‘rganda U nimalarni his qiladi?

17. Yahovani tanib-bilishidan avval abort qildirgan ayolga nima tasalli berishi mumkin?

17 Bordi-yu, ayol kishi Yahovaning nuqtai nazarini bilishidan oldin abort qildirgan bo‘lsa-chi? Bu holda Yahova uni Isoning to‘lov qurbonligi asosida kechirganiga amin bo‘lishi mumkin. (Luqo 5:32; Efesliklarga 1:7) Ayol kishi o‘tmishda bunday xatoga yo‘l qo‘ygani uchun chin dildan tavba qilgan bo‘lsa, o‘zini aybdor his qilmasa ham bo‘ladi. «Yahova shafqatli va rahmdil. [...] Sharq g‘arbdan qanchalik uzoq bo‘lsa, qilmishlarimizni bizdan shu qadar uzoqlashtiradi». (Zabur 103:8–14)

YOMON FIKRLARDAN QOCHING

18. Nega yomon fikrlardan ozod bo‘lish uchun jon kuydirishimiz kerak?

18 Xudoning hayot hadyasini qadrlash qalbimizdan boshlanadi. Bu boshqalar haqidagi o‘y-fikrlarimizni o‘z ichiga oladi. Havoriy Yuhanno: «Birodaridan nafratlanadigan har bir kishi qotil»,— deb yozgan. (1 Yuhanno 3:15) Agar kimnidir yoqtirmasak, bu o‘zimiz sezmagan holda nafratga aylanishi hech gap emas. Nafrat esa boshqalarga hurmatsizlik va tuhmat qilishga, hatto ularga o‘lim tilashga sababchi bo‘lishi mumkin. Yahova boshqalarga nisbatan qanday tuyg‘ularni his qilayotganimizni ko‘rib turadi. (Levilar 19:16; Qonunlar 19:18–21; Matto 5:22) Mabodo kimdir haqida yomon fikrda ekanimizni payqasak, bu fikrlardan ozod bo‘lish uchun jon kuydirishimiz kerak. (Yoqub 1:14, 15; 4:1–3)

19. Hayotni qadrlashimizni ko‘rsatishning yana qanday yo‘li bor?

19 Hayotni qadrlashimizni ko‘rsatishning boshqa yo‘li ham bor. Zabur 11:5 dan Yahova «zo‘ravonlikni sevadiganlardan nafratlanishi» haqida bilib olyapmiz. Zo‘ravonlikka to‘la o‘yin-kulgi turini tanlasak, zo‘ravonlikni sevishimizni ko‘rsatgan bo‘lmaymizmi?! Axir ongimizni zo‘ravonlik aks etgan so‘zlar, fikrlar va rasmlarga to‘ldirishni istamaymiz-ku! Aksincha, ongimizni pok va tinchlik keltiradigan fikrlar bilan band qilishni xohlaymiz. (Filippiliklarga 4:8, 9 ni o‘qing)

HAYOTNI QADRLAMAYDIGANLARGA QO‘SHILMANG

20–22. a) Yahova Shaytonning dunyosiga qanday nuqtai nazarda? b) Xudoning xalqi bu «dunyoga tegishli emasligini» qanday ko‘rsatadi?

20 Shaytonning dunyosi hayotni qadrlamaydi va Yahova uni xunrezlikda, ya’ni qotillikda aybdor deb biladi. Asrlar mobaynida siyosiy kuchlar millionlab insonlarning, jumladan, Yahova xizmatchilarining o‘limiga sababchi bo‘lib kelyapti. Muqaddas Kitobda mazkur kuchlar yoki hukumatlar yirtqich hayvon sifatida tasvirlangan. (Doniyor 8:3, 4, 20–22; Vahiy 13:1, 2, 7, 8) Bugungi kunda qurol savdosi gullab-yashnayapti. Odamlar halokat keltiruvchi qurollarni sotib, katta daromad ko‘rishyapti. Ha, «butun dunyo Shaytonning hukmidadir». (1 Yuhanno 5:19)

21 Lekin haqiqiy masihiylar bu «dunyoga tegishli emas». Yahovaning xalqi siyosat va urushga aralashmaydi. Ular odam o‘ldirmagani uchun, xunrezlikda aybdor tashkilotlarni ham qo‘llab-quvvatlamaydi. (Yuhanno 15:19; 17:16) Masihiylar hatto ta’qiblarga duch kelganda ham yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmaydi. Sababi Iso dushmanlarimizni ham sevishimiz kerakligini o‘rgatgan. (Matto 5:44; Rimliklarga 12:17–21)

22 Dinlar ham millionlab odamlarning o‘limiga sababchi bo‘lyapti. Soxta din imperiyasi bo‘lmish Buyuk Bobil haqida Muqaddas Kitobda shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Payg‘ambarlarning, muqaddas kishilarning va yer yuzida o‘ldirilgan barchaning qoni undan topildi». Nega Yahova: «Ey xalqim,.. undan chiqib ket!» — deb amr berayotganini tushunyapsizmi? Yahovaga topinayotgan kishilarning soxta dinga hech qanday aloqasi bo‘lmasligi kerak. (Vahiy 17:6; 18:2, 4, 24)

23. Buyuk Bobildan «chiqib ketish» nimani anglatadi?

23 Buyuk Bobildan «chiqib ketish» hech qanday soxta dinga tegishli bo‘lmaslikni anglatadi. Masalan, birorta dinning a’zosi bo‘lsak, uning a’zolari ro‘yxatidan ismimiz o‘chirilishini so‘rashimiz kerak. Bu hali hammasi emas. Shuningdek, soxta din qilayotgan yomon ishlardan nafratlanib, ularni rad etishimiz kerak. Soxta din axloqsizlik, siyosatga aralashish va ochko‘zlikka yo‘l qo‘yyapti hamda ularni olg‘a suryapti. (Zabur 97:10 ni o‘qing; Vahiy 18:7, 9, 11–17) Bu tufayli ko‘p yillardan buyon millionlab insonlar o‘z hayotini yo‘qotmoqda.

24, 25. Qanday qilib Yahovani tanib-bilganimiz tinchlikka va toza vijdonga ega bo‘lishimizga ko‘maklashadi?

24 Yahovani tanib-bilishdan oldin, barchamiz qaysidir jihatdan Shaytonning dunyosi qilayotgan yomon ishlarni qo‘llab-quvvatlaganmiz. Ammo hozir o‘zgardik. To‘lov qurbonligini tan olib, hayotimizni Xudoga bag‘ishladik. Endi «Yahovaning O‘zi tetiklik baxsh etadigan vaqtni keltirganini» ko‘ryapmiz. Yahovani mamnun qilayotganimizni bilganimiz uchun, tinchlikka va toza vijdonga egamiz. (Havoriylar 3:19; Ishayo 1:18)

25 Qachonlardir hayotni qadrlamaydigan tashkilot a’zosi bo‘lgan bo‘lsak ham, Yahova to‘lov qurbonligi asosida bizni kechiradi. Yahovaning hayot hadyasi uchun nihoyatda minnatdormiz. O‘z minnatdorchiligimizni ko‘rsatishning a’lo yo‘li — boshqalar Yahova haqida bilim olishiga, Shaytonning dunyosidan chiqishiga va Xudo bilan do‘stona munosabatlardan zavq olishiga yordamlashishdir. (2 Korinfliklarga 6:1, 2)

BOSHQALARGA SHOHLIK HAQIDA AYTING

26–28. a) Yahova Hizqiyoga qanday maxsus vazifa bergan? b) Bizga-chi?

26 Qadimgi Isroilda Yahova O‘zining payg‘ambari Hizqiyoga xalqni Quddus vayron qilinishi haqida ogohlantirib, najot topish uchun nima qilish kerakligini ularga o‘rgatish vazifasini topshirgan. Agar Hizqiyo xalqni ogohlantirmaganida edi, Yahova insonlarning hayoti uchun uni javobgarlikka tortardi. (Hizqiyo 33:7–9) Hizqiyo muhim xabarni yetkazish uchun qo‘lidan kelgancha harakat qilib, hayotni qadrlashini ko‘rsatgan.

27 Yahova bizga yaqinda Shaytonning dunyosi yo‘q qilinishi haqida odamlarni ogohlantirish vazifasini topshirgan. Shuningdek, odamlarga Yahovani yaqindan bilib olishga va yangi dunyoga o‘tishga yordam berishimiz kerak. (Ishayo 61:2; Matto 24:14) Ushbu xabarni boshqalarga aytish uchun jon kuydirishni xohlaymiz. Biz ham Pavlus kabi mana bu so‘zlarni aytishni istardik: «Men biron-bir insonning qoni to‘kilishida aybdor emasligimga bugun guvoh bo‘lishingizni istayman. Zero men Tangrining irodasini sizlarga yetkazishdan bosh tortmaganman». (Havoriylar 20:26, 27)

28 Hayotimizning boshqa sohalarida ham pok bo‘lishimiz zarur. Keling, ulardan ba’zilarini navbatdagi bobda ko‘rib chiqaylik.