Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

17-BOB

Xudoning mehr-muhabbatida qoling

Xudoning mehr-muhabbatida qoling

O‘zingizni aziz-u muqaddas imoningiz asosida mustahkamlab... Xudoning mehr-muhabbatida saqlanglar. YAHUDO 20, 21

1, 2. O‘zimizni Xudoning mehr-muhabbatida saqlash uchun nima qilsak bo‘ladi?

 BARCHAMIZ kuchli va sog‘lom bo‘lishni istaymiz. Shuning uchun yaxshi ovqatlanishga, muntazam jismoniy mashqlar qilishga hamda badanimizni parvarishlashga intilamiz. Garchi bular harakat talab etsa-da, taslim bo‘lmaymiz. Chunki bu yaxshi natija keltirishini bilamiz. Ammo biz boshqa bir sohada ham kuchli va sog‘lom bo‘lishni xohlaymiz.

2 Hatto boshida Yahovani tanib-bilishda muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsak-da, bu munosabatlarni mustahkamlab borishimiz muhim. Yahudo masihiylarni: «O‘zingizni Xudoning mehr-muhabbatida saqlanglar»,— deb undaganida, buni qanday qilish mumkinligini tushuntirib bergan. U shunday degan: «O‘zingizni aziz-u muqaddas imoningiz asosida mustahkamlang». (Yahudo 20, 21) Xo‘sh, qanday qilib imonimizni mustahkamlasak bo‘ladi?

IMONINGIZNI MUSTAHKAMLAB BORING

3–5. a) Shayton Yahovaning me’yorlari haqida qanday fikrda bo‘lishingizni istaydi? b) Yahovaning qonunlari va prinsiplari borasida nima deb o‘ylaysiz?

3 Shaxsan o‘zingiz Yahovaning me’yorlari eng a’losi ekaniga amin bo‘lishingiz muhimdir. Shayton Xudoning me’yorlari bo‘yicha yashash juda qiyin, agar o‘zingiz nima yaxshi va nima yomon ekanini hal qilsangiz, baxtliroq bo‘lasiz degan fikrni singdirmoqchi. Shayton Adan bog‘ida yuz bergan voqeadan beri odamlarni bunga ishontirmoqchi bo‘lyapti. (Ibtido 3:1–6) Bugungi kunda ham u xuddi shunday qilishdan tinmayapti.

4 Shayton haqmi? Yahovaning me’yorlari insonni cheklab qo‘yadimi? Yo‘q. Faraz qiling, siz istirohat bog‘ida aylanib yuribsiz. Qarasangiz bog‘ning muayyan hududi baland panjara bilan to‘sib qo‘yilgan. Ehtimol, «Nima uchun bu panjara yo‘limni to‘sib turibdi?» deb o‘ylarsiz. Ammo shu payt panjaraning u tomonida sher bo‘kirayotganini eshitasiz. Endi panjara haqida qanday fikrdasiz? Panjara sizni sherning keyingi o‘ljasiga aylanishdan asrab qolgani uchun minnatdor bo‘lasiz! Yahovaning prinsiplari mana shunday panjaraga, Iblis esa sherga o‘xshaydi. Xudoning Kalomi bizni: «Hushyor va sergak bo‘linglar, boisi dushmaningiz Iblis sherday bo‘kirib, biror kimni yutib yuborish uchun izlab yuribdi»,— deya ogohlantirmoqda. (1 Butrus 5:8)

5 Yahova bizga eng yaxshi hayotni ravo ko‘radi. U Shaytonga aldanib qolishimizni istamaydi. Shu sababli U bizni himoya hamda baxtli qiladigan qonun va prinsiplarni bergan. (Efesliklarga 6:11) Yoqub shunday deb yozgan: «Kim erkinlik baxsh etuvchi mukammal qonunga diqqat bilan qarab, unga amal qilishni davom ettirsa,.. qilgan ishidan baxtiyor bo‘ladi». (Yoqub 1:25)

6. Xudoning yo‘l-yo‘riqlari eng a’losi ekaniga qanday ishonch hosil qila olamiz?

6 Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilsak, hayotimiz yaxshilanadi va o‘zaro do‘stligimiz mustahkamlanib boradi. Masalan, Xudoning Unga tez-tez ibodat qilish taklifini qabul qilganimizda, foydasini o‘zimizda his qildik. (Matto 6:5–8; 1 Salonikaliklarga 5:17) Unga topinish uchun birga yig‘ilish va imondoshlarga dalda berishga oid yo‘l-yo‘riqqa bo‘ysunganimizda hamda va’zgo‘ylik va ta’lim berish ishida g‘ayrat bilan ishtirok etganimizda baxtni tuyamiz. (Matto 28:19, 20; Galatiyaliklarga 6:2; Ibroniylarga 10:24, 25) Bularning bari bizga foyda keltirayotgani borasida mulohaza yuritganimiz sayin, imonimiz mustahkamlanadi va Yahovaning yo‘l-yo‘riqlari eng a’losi ekaniga bo‘lgan ishonchimiz oshib boraveradi.

7, 8. Kelajakdagi sinovlar haqida tashvishlanmaslikka nima yordam beradi?

7 Ehtimol, kelajakda imonimiz sinalganida dosh bera olamizmi deya xavotirlanishimiz mumkin. Agar o‘zingizni shunday his qilsangiz, Yahovaning mana bu so‘zlarini yodda tuting: «Men Yahova, sening Xudoyingman, sening manfaatingni ko‘zlab ta’lim beraman, yurishing kerak bo‘lgan yo‘ldan yetaklayman. Qaniydi amrlarimga diqqatli bo‘lganingda edi! Xotirjamliging go‘yo daryoday, odilliging dengiz to‘lqinlariday bo‘lardi». (Ishayo 48:17, 18)

8 Yahovaga itoat etsak, tinchligimiz qurimaydigan daryo singari, odilligimiz esa doimo sohilga urilib turadigan dengiz to‘lqinlari kabi bo‘ladi. Hayotimizda nimaiki bo‘lmasin, biz sadoqatli qola olamiz. Muqaddas Kitobda shunday va’da bor: «G‘am-tashvishingni Yahovaga tashla, Uning O‘zi senga tayanch bo‘ladi. Odil kishining yiqilishiga U aslo yo‘l qo‘ymaydi». (Zabur 55:22)

«KAMOLOT SARI INTILAYLIK»

9, 10. Yetuk inson bo‘lish nimani anglatadi?

9 Yahova bilan munosabatingizni mustahkamlab borganingiz sayin, «kamolot sari intilasiz». (Ibroniylarga 6:1) Kamolotga intilish yoki yetuk bo‘lish nimani anglatadi?

10 Shunchaki yoshimiz ulg‘aygani sayin yetuk masihiy bo‘lib qolmaymiz. Yetuk bo‘lishni istasak, Yahova qalin do‘stimiz bo‘lishiga hamda barcha narsaga Uning nuqtai nazari bilan qarashga harakat qilishimiz kerak. (Yuhanno 4:23) Pavlus shunday deb yozgan: «Tana istaklariga muvofiq yashaydiganlar tanaga oid narsalar to‘g‘risida, muqaddas ruhga muvofiq yashaydiganlar esa ma’naviy narsalar haqida fikr yuritishadi». (Rimliklarga 8:5) Yetuk insonning hayotida vaqtichog‘lik qilish yoki moddiy narsalar birinchi o‘rinda turmaydi. Aksincha, u butun diqqatini Yahovaga xizmat qilishga qaratadi va hayotida dono qarorlar chiqaradi. (Hikmatlar 27:11; Yoqub 1:2, 3 ni o‘qing.) U yomon ta’sirga berilib, noto‘g‘ri ishlar qilmaydi. Yetuk inson nima yaxshi ekanini biladi va shunday yo‘l tutishga qat’iy qaror qiladi.

11, 12. a) Pavlus masihiyning «zehnini ishga solish» qobiliyati haqida nima degan? b) Yetuk masihiy bo‘lish bilan sportchi bo‘lish o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor?

11 Yetuk bo‘lish harakat talab etadi. Havoriy Pavlus shunday yozgan: «Qattiq ozuqa zehnini ishga solish orqali yaxshini yomondan ajratishga o‘rgangan yetuk kishilar uchundir». (Ibroniylarga 5:14) Asl matndan «o‘rgangan» deb tarjima qilingan so‘z, shuningdek, «mashq qilish» degan ma’noni ham bildiradi. Bu iborani eshitganda mashq qilayotgan sportchi ko‘z oldimizga keladi.

12 Epchillik bilan harakat qilayotgan sportchini kuzatganimizda, bunday mahoratni rivojlantirish uchun vaqt hamda ko‘p mashq talab etilganini tushunamiz. Axir u sportchi bo‘lib tug‘ilmagan-ku! Yangi tug‘ilgan chaqaloq oyoq va qo‘llaridan qanday foydalanishni bilmaydi. Ammo vaqt o‘tib u narsalarni ushlashni va yurishni o‘rganadi. Mashq qilsa u sportchi bo‘la oladi. Shu singari yetuk masihiy bo‘lishimiz uchun ham vaqt va mashq qilish talab etiladi.

13. Yahova singari mulohaza yuritishimizga nima yordam beradi?

13 Mazkur adabiyotda biz qanday qilib Yahova singari mulohaza yuritishni hamda narsalarga Uning ko‘zi bilan qarashni ko‘rib chiqdik. Shuningdek, Yahovaning me’yorlarini qadrlab, ularni sevishni o‘rgandik. Qaror qabul qilayotganimizda o‘zimizdan shunday deb so‘raymiz: «Bu vaziyatga Muqaddas Kitobdagi qaysi qonun yoki prinsiplar mos keladi? Ularni qanday qo‘llasam bo‘ladi? Yahova mendan nima qilishimni kutadi?» (Hikmatlar 3:5, 6; Yoqub 1:5 ni o‘qing.)

14. Imonimizni mustahkamlamoqchi bo‘lsak, nima qilishimiz mumkin?

14 Biz Yahovaga bo‘lgan imonimizni mustahkamlashdan hech qachon to‘xtamasligimiz kerak. Foydali ovqatlar tanamizni baquvvat qilgani kabi, Yahova haqida bilim olish ham imonimizni mustahkam qiladi. Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni boshlaganimizda, Yahova haqida asosiy haqiqatlarni hamda Uning fikrlash tarzini bilib oldik. Ammo vaqt o‘tgach, chuqurroq narsalarni tushunishimiz muhim. Pavlus: «Qattiq ozuqa... yetuk kishilar uchundir»,— deb aytganida aynan shuni nazarda tutgan edi. Bilib olganlarimizni hayotga tatbiq etsak, donolikka ega bo‘lamiz. Muqaddas Kitobga ko‘ra esa: «Eng muhimi — donolik». (Hikmatlar 4:5–7; 1 Butrus 2:2)

15. Yahovani hamda imondoshlarimizni chin dildan sevish qanchalik muhim?

15 Kishi kuchli va sog‘lom bo‘lishi mumkin, ammo u bunday holatni saqlashi uchun o‘ziga qarashi kerakligini biladi. Shu singari yetuk masihiy Yahova bilan munosabatlarini mustahkam saqlab qolishi uchun jon kuydirishi kerak. Pavlus bizga: «Imondamisizlar yoki yo‘qmi, o‘zingizni sinab, qanday inson ekaningizni tekshirib turinglar»,— deya eslatma bermoqda. (2 Korinfliklarga 13:5) Shunda ham mustahkam imonning o‘zi yetarli emas. Yahovaga hamda imondoshlarga nisbatan sevgimiz doimo o‘sishi lozim. Pavlus shunday degan: «Agar... bilimlarni bilsam, tog‘larni ko‘chira oladigan imonim bo‘lsa-yu, lekin sevgim bo‘lmasa, men hech kim emasman». (1 Korinfliklarga 13:1–3)

DIQQATINGIZNI UMIDINGIZGA QARATING

16. Shayton o‘zimizni qanday his qilishimizni xohlaydi?

16 Shayton qanchalik harakat qilmaylik, Yahovani mamnun qila olmaymiz degan fikrni bizga singdirmoqchi bo‘ladi. U tushkunlikka tushishimizni hamda muammolarimizning yechimi yo‘q deb o‘ylashimizni istaydi. U imondoshlarimizga ishonishimizni hamda baxtli bo‘lishimizni xohlamaydi. (Efesliklarga 2:2) Shayton salbiy fikrlar nafaqat bizga, balki Xudo bilan munosabatlarimizga zarar yetkazishini biladi. Ammo Yahova bu salbiy tuyg‘ular bilan kurashishimiz uchun yordam taqdim etmoqda. U bizga umid bermoqda.

17. Umid qanchalik muhim?

17 1 Salonikaliklarga 5:8 da umidimiz jangdagi askarning boshini himoya qiluvchi dubulg‘a bilan solishtirilgan va «najot umidi» deb atalgan. Yahovaning va’dalari amalga oshishiga bo‘lgan umid ongimizni himoya qiladi va salbiy fikrlar bilan kurashishga yordam beradi.

18, 19. Qay yo‘sin umid Isoga kuch bergan?

18 Umid Isoga ham kuch bergan. O‘limi arafasidagi kechada u birin-ketin qiyinchiliklarga duch kelgan. Bitta yaqin do‘sti unga xiyonat qildi. Yana boshqasi undan tondi. Qolganlari esa Isoni tashlab qochib ketishdi. Vatandoshlari unga qarshi chiqib, uni ustunda mixlab o‘ldirishni talab qilishdi. Bu azoblarga chidashga unga nima yordam berdi? «U oldinda kutayotgan shodlik uchun sharmanda bo‘lishiga qaramay, azob ustunidagi o‘limga chidab, Xudo taxtining o‘ng tomoniga o‘tirdi». (Ibroniylarga 12:2)

19 Iso shuni bilganki, sadoqatli qolsa Otasiga sharaf keltiradi, Shaytonning esa yolg‘onchi ekanini isbotlaydi. Bu umid unga beqiyos xursandchilik baxsh etgan. Shuningdek, u yaqinda osmonda Otasi bilan birga bo‘lishini bilardi. Bu umid unga chidamli bo‘lishga yordam bergan. Biz ham Iso singari nazarimizni umidimizga qaratishimiz kerak. Nima yuz berishidan qat’i nazar umid bizga chidamli bo‘lishga ko‘maklashadi.

20. Ijobiy bo‘lishingizga nima yordam berishi mumkin?

20 Yahova imoningizni va sabr-bardoshingizni ko‘rib turibdi. (Ishayo 30:18; Malaki 3:10 ni o‘qing.) Tangri Yahova dilingizdagi orzularingizga yetkazishni va’da bermoqda. (Zabur 37:4) Shunday ekan, butun e’tiboringizni umidingizga qarating. Shayton umidingiz so‘nib, Yahovaning va’dalari hech qachon amalga oshmaydi deb o‘ylashingizni istaydi. Ammo salbiy fikrlarga taslim bo‘lmang! Mabodo umidingiz asta-sekin so‘nib borayotganini sezsangiz, Yahovadan madad so‘rang. Filippiliklarga 4:6, 7 dagi mana bu so‘zlarni esda saqlang: «Hech narsadan tashvishlanmanglar, lekin ibodat va iltijoda tilaklaringizni minnatdorchilik bilan Allohga bildiringlar. Shunda har qanday o‘y-fikrdan ustun bo‘lgan Xudoning tinchligi qalbingizni va ongingizni Iso Masih orqali himoya qiladi».

21, 22. a) Yahova yer uchun nimani niyat qilgan? b) Siz nima qilishga qaror qildingiz?

21 Har kuni kelajakda kutayotgan ajoyib hayot haqida mulohaza yuritishga vaqt ajrating. Yaqinda butun tirik mavjudot Yahovaga topinadi. (Vahiy 7:9, 14) Yangi dunyodagi hayotni ko‘z oldingizga keltiring. O‘shanda hayot biz o‘ylagandan ham zo‘r bo‘ladi! Shayton, uning jinlari hamda butun yovuzlik yo‘q qilinadi. O‘shanda kasallik va o‘lim nimaligini bilmaysiz. Aksincha, har kuni kuchga to‘lib uyg‘onasiz va hayot ekaningizdan baxtiyor bo‘lasiz. Barcha odamlar yer yuzini jannatga aylantirishda ishtirok etishadi. Hammaning rizqi but bo‘ladi va tinchlik-xotirjamlikda yashaydi. Yovuz va zo‘ravon odamlar bo‘lmaydi, aksincha, hamma bir-biriga mehribon bo‘ladi. O‘shanda yer yuzidagi barcha insonlar «Xudo farzandlarining ulug‘vor erkinligiga ega bo‘ladi». (Rimliklarga 8:21)

22 Yahova siz bilan yaqin do‘st bo‘lmoqchi. Shunday ekan, Unga quloq solishga va kundan-kunga Unga yaqinlashishga harakat qiling. Iloyim, barchamiz Xudoning mehr-muhabbatida abadiy qolaylik! (Yahudo 21)