Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

2-BOB

Xudoning oldida toza vijdon

Xudoning oldida toza vijdon

Vijdoningizni toza saqlanglar. 1 BUTRUS 3:16

1, 2. Nega notanish joyda bo‘lganingizda yo‘lboshchiga muhtoj bo‘lasiz? Yahova bizga yo‘l ko‘rsatish uchun nima bergan?

 TASAVVUR QILING, bepoyon sahro bo‘ylab ketyapsiz. Kuchli shamol esib, qumlarni har tarafga uchirayotgani sari manzara o‘zgarib boryapti. Adashib qolishingiz hech gap emas. Qaysi yo‘ldan borishni qanday hal qilasiz? Sizga yo‘l ko‘rsatadigan yo‘lboshchiga yoki narsaga muhtojsiz. Balki quyosh, yulduzlarga qarab yoki kompas, xarita, GPS (Yo‘ldosh navigatsiya tizimi) yordamida yo‘lni topishga urinarsiz. Yo bo‘lmasa, sahroni yaxshi biladigan kishidan yo‘l ko‘rsatishini so‘rarsiz. To‘g‘ri yo‘lni topishingiz muhim, chunki bu hayot-mamot masalasi.

2 Hammamiz turli qiyinchiliklarga duch kelamiz va ba’zida nima qilishni bilmay qolishimiz mumkin. Yahova bizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish uchun har birimizga vijdon bergan. (Yoqub 1:17) Keling, vijdon o‘zi nimaligini va u qanday vazifani bajarishini ko‘rib chiqaylik. So‘ngra vijdonimizni qanday qilib tarbiyalashimiz mumkinligini, nega boshqalarning vijdonini inobatga olishimiz kerakligini va toza vijdonga ega bo‘lishning qanday foydasi borligini bilib olamiz.

VIJDON O‘ZI NIMA VA U QANDAY VAZIFANI BAJARADI?

3. Vijdon o‘zi nima?

3 Vijdon — Yahovaning bizga bergan bebaho sovg‘asi. Bu ichki tuyg‘u nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekanini ajrata bilishga yordam beradi. Muqaddas Kitobda «vijdon» deb o‘girilgan yunoncha so‘z «o‘zini anglash» degan ma’noga ega. Agar vijdonimiz uyg‘oq bo‘lsa, u aslida qanday inson ekanimizni tekshirishga ko‘maklashadi. U ichki his-tuyg‘ular-u o‘y-fikrlarimizni tahlil qilishga yordam beradi. Vijdon bizni yaxshi ishlarni qilishga, yomon ishlardan yuz o‘girishga undaydi. Dono qaror chiqarganimizda ko‘nglimizni ko‘taradi, nojo‘ya ish qilganimizda esa qiynaydi. (5-ilovaga qarang.)

4, 5. a) Odamato va Momohavo vijdoniga quloq solishmagani uchun nima yuz berdi? b) Muqaddas Kitobdan vijdon qanday vazifani bajarishini ko‘rsatuvchi misollar keltiring.

4 Vijdonimizga quloq solish-solmaslikni o‘zimiz tanlaymiz. Odamato bilan Momohavo vijdoniga quloq solmaslikni tanlab, oqibatda gunoh qilishdi. Keyin esa o‘zlarini aybdor his qilishdi, ammo juda kech bo‘lgan edi. Ular Xudoga itoatsizlik qilishgandi. (Ibtido 3:7, 8) Ular mukammal vijdonga ega bo‘lib, Xudoga bo‘ysunmaslik noto‘g‘ri ekanini bilishsa ham vijdoniga quloq solishmadi.

5 Ulardan farqli ravishda, ko‘pgina nomukammal insonlar o‘z vijdoniga quloq solgan. Bunda Ayub yaxshi o‘rnak bo‘la oladi. U to‘g‘ri qarorlar chiqargani uchun shunday deya olgan: «Hayotimning hech bir kuni uchun vijdonim meni qiynamaydi». (Ayub 27:6) Dovud esa ba’zida vijdoniga quloq solmay, Yahovaga itoatsizlik qilgan. Keyin uning «vijdoni qiynay boshlagan». (1 Shohlar 24:5) Ha, Dovudning vijdoni unga yomon ish qilganini aytib turgan. Vijdoniga quloq solib, u xatosini takrorlamaslikka o‘rgangan.

6. Nima uchun vijdonimiz Xudoning sovg‘asi deb ayta olamiz?

6 Odatda Yahovani tanib-bilmagan insonlar ham nima yaxshi, nima yomon ekanini tushunishadi. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Ular o‘z fikrlarida o‘zlarini goh qoralaydilar, goh oqlaydilar». (Rimliklarga 2:14, 15) Misol uchun, ko‘plar qotillik yoki o‘g‘irlik qilish yomon ekanini biladi. Ular o‘zlari bilmagan holda vijdoniga, ya’ni Yahova ularning qalbiga solgan yaxshini yomondan ajratish tuyg‘usiga quloq tutishadi. Qolaversa, ular Xudo o‘rnatgan prinsiplarga, boshqacha aytganda, to‘g‘ri qarorlar chiqarishimizga yordam beradigan asosiy haqiqatlarga binoan yo‘l tutishadi.

7. Nega vijdonimiz doim ham to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmasligi mumkin?

7 Lekin vijdonimiz doim ham to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmasligi mumkin. Masalan, unga nomukammal fikrlar va tuyg‘ularimiz o‘z ta’sirini o‘tkazgani tufayli u bizni noto‘g‘ri yo‘lga boshlaydi. To‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan vijdon o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. (Ibtido 39:1, 2, 7–12) Uni tarbiyalash kerak. Bunda bizga yordam berish uchun, Yahova muqaddas ruhini va Kalomidagi prinsiplarni taqdim etyapti. (Rimliklarga 9:1) Keling, qanday qilib vijdonimizni tarbiyalashimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

VIJDONNI QANDAY TARBIYALASAK BO‘LADI?

8. a) Tuyg‘ularimiz vijdonimizga qanday ta’sir qiladi? b) Qaror chiqarishdan oldin o‘zimizga qanday savol berishimiz kerak?

8 Ba’zilarning fikricha, vijdoniga quloq solish his-tuyg‘ulariga binoan yo‘l tutishni anglatadi. Ular «yuragingga quloq sol, u nima desa shuni qil», degan shior bilan yashaydi. Ammo tuyg‘ularimiz nomukammal va ular bizni adashtirishi mumkin. Ular shunchalik kuchliki, hatto vijdonimizga o‘z ta’sirini o‘tkaza oladi. Muqaddas Kitobda quyidagicha aytilgan: «Qalb o‘ta aldamchi va betayindir. Kim uni anglay olar?» (Yeremiyo 17:9) Demak, biz noto‘g‘ri ishni to‘g‘ri deb o‘ylay boshlashimiz mumkin. Pavlusning misolini olaylik, u masihiy bo‘lishidan avval Xudoning xalqini qattiq ta’qib qilgan va to‘g‘ri yo‘l tutayotganiga ishongan. Uning nazarida vijdoni toza edi. Ammo u keyinchalik: «Meni hukm qiluvchi Yahovadir»,— deb aytgan. (1 Korinfliklarga 4:4; Havoriylar 23:1; 2 Timo‘tiyga 1:3) Pavlus uning xatti-harakati Yahovaga qanday ta’sir qilganini bilganida, o‘zgarishi kerakligini tushungan. Biron ish qilishdan oldin o‘zimizdan: «Yahova qanday yo‘l tutishimni istaydi?» — deb so‘rasak bo‘ladi.

9. Xudodan qo‘rqish nimani anglatadi?

9 Agar kimnidir yaxshi ko‘rsangiz, uni xafa qilishni istamaysiz. Yahovani yaxshi ko‘rganimiz uchun, Unga og‘ir botadigan hech nima qilishni xohlamaymiz. Uni xafa qilishdan nihoyatda qo‘rqamiz. Naximiyo bu borada yaxshi o‘rnak ko‘rsatgan. U hokimlik mavqeidan boyib ketish maqsadida foydalanmagan. Nega? Buning sababini tushuntirib, u quyidagicha degan: «Xudodan qo‘rqqanim uchun bunday qilmadim». (Naximiyo 5:15) U Yahovaning qalbiga ozor beradigan hech qanday ish qilishni istamagan. Naximiyo kabi biz ham Yahovani ranjitadigan yomon ishlarni qilishdan qo‘rqamiz. Muqaddas Kitobni o‘qish orqali Yahovani mamnun qilish yo‘llarini bilib olsak bo‘ladi. (6-ilovaga qarang.)

10, 11. Ichkilik borasida to‘g‘ri qaror chiqarishga Muqaddas Kitobdagi qaysi prinsiplar yordam beradi?

10 Misol uchun, masihiy spirtli ichimliklarni ichish-ichmaslik borasida qaror chiqarishi kerak. To‘g‘ri qaror chiqarishga unga qaysi prinsiplar yordam beradi? Mana bir nechtasi: Muqaddas Kitobda spirtli ichimliklarni ichish qoralanmagan. Aksincha, unda aytilishicha, sharob Xudodan berilgan hadya. (Zabur 104:14, 15) Biroq Iso izdoshlarini ichkilikka berilishdan ogohlantirgan. (Luqo 21:34) Pavlus masihiylarga «aysh-ishrat, ichkilikbozlikdan» qochishni aytgan. (Rimliklarga 13:13) U ichkilikbozlar «Xudoning Shohligini meros qilib olmasligi» haqida yozgan. (1 Korinfliklarga 6:9, 10)

11 Masihiy o‘ziga shunday savollarni berishi kerak: «Spirtli ichimlik men uchun qanchalik muhim? Dam olish uchun spirtli ichimlik ichishim shartmi? O‘zimga bo‘lgan ishonch ortishi uchun ichamanmi? Qancha miqdorda va qanchalik tez-tez ichayotganimni nazorat qila olamanmi? a Spirtli ichimlik bo‘lmasa ham, do‘stlarim bilan vaqtimni yaxshi o‘tkaza olamanmi?» To‘g‘ri tanlov qilish uchun Yahovadan yordam so‘rashimiz lozim. (Zabur 139:23, 24 ni o‘qing.) Shunday yo‘l tutsak, vijdonimizni Muqaddas Kitob prinsiplariga nisbatan ta’sirchan qilib tarbiyalay olamiz. Lekin bu hali hammasi emas.

NEGA BOSHQALARNING VIJDONINI INOBATGA OLISHIMIZ KERAK?

12, 13. Nega vijdonimiz boshqalarnikidan farq qilishi mumkin? Bunga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak?

12 Hammaning vijdoni har xil. Sizning vijdoningiz biror ishga yo‘l qo‘ysa, boshqa insonniki yo‘l qo‘ymasligi mumkin. Misol uchun, siz spirtli ichimlik ichishni tanlarsiz, boshqa inson esa aksincha yo‘l tutar. Nega bir masala borasida ikki kishi turlicha o‘ylaydi?

Tarbiyalangan vijdon ichkilik ichish-ichmaslik borasida qaror chiqarishingizga yordam beradi

13 Insonning fikriga u o‘sib-ulg‘aygan muhit, oilasining nuqtai nazari, o‘z hayotiy tajribasi va boshqa omillar ta’sir qilishi mumkin. Ichkilik borasida gap ketganda, har bir inson o‘z vaziyatini o‘zi yaxshi biladi. O‘tmishda ichkilik bilan muammosi bo‘lgan inson umuman ichmaslikni tanlashi mumkin. (3 Shohlar 8:38, 39) Agar kimgadir ichkilik ichishni taklif qilganingizda, u rad etsa, bunga qanday munosabat ko‘rsatasiz? Xafa bo‘lasizmi? Uni ichishga majburlaysizmi? Nega rad etganini bilish uchun uni so‘roqqa tutasizmi? Yo‘q, uning vijdonini hurmat qilganingiz uchun bunday yo‘l tutmaysiz.

14, 15. Pavlusning davrida qanday vaziyat yuzaga kelgan? U qanday maslahat bergan?

14 Havoriy Pavlus yashagan davrda insonlarning vijdoni bir-birinikidan farq qilishini ko‘rsatuvchi vaziyat yuzaga kelgan. O‘sha paytda bozorda butlarga bag‘ishlangan go‘shtlar ham sotilgan. (1 Korinfliklarga 10:25) Pavlus bunday go‘shtni sotib olishni va yeyishni noto‘g‘ri deb hisoblamagan. U barcha yegulikni Yahovadan deb qabul qilgan. O‘tmishda butlarga sig‘ingan ba’zi masihiylar esa boshqacha fikrda bo‘lgan. Ular bunday go‘shtni yeyish noto‘g‘ri deb hisoblashgan. Pavlus «Mening vijdonim bunga yo‘l qo‘yadi. Istagan narsamni yeyishim mumkin» deb o‘ylaganmi?

15 Yo‘q, Pavlus bunday deb o‘ylamagan. Imondoshlarining his-tuyg‘ulari u uchun juda muhim edi, shu bois u o‘z huquqidan voz kechishga tayyor bo‘lgan. (Rimliklarga 15:1, 3) Pavlus «faqat o‘z manfaatimizni o‘ylamasligimiz» kerakligini aytgan. Keyin esa: «Axir Masih ham o‘ziga ma’qul bo‘lgan ishlarni qilmagan»,— deb qo‘shib qo‘ygan. (Rimliklarga 15:1, 3) U xuddi Iso kabi o‘zgalarning manfaatini o‘zinikidan ustun qo‘ygan. (1 Korinfliklarga 8:13; 10:23, 24, 31–33 ni o‘qing.)

16. Agar vijdonimiz imondoshimizning vijdonidan farq qilsa, nega uni hukm qilmasligimiz kerak?

16 Bordi-yu, bizning vijdonimiz yo‘l qo‘ymagan ishga boshqa insonning vijdoni yo‘l qo‘ysa-chi? Biz nihoyatda ehtiyotkor bo‘lib, boshqalarning qarori noto‘g‘ri deya, o‘zimiznikida turib olmasligimiz kerak. (Rimliklarga 14:10 ni o‘qing.) Yahova vijdonni boshqalarni emas, o‘zimizni hukm qilish uchun bergan. (Matto 7:1) Shaxsiy qarorlarimiz jamoatda bo‘linishlarga olib kelishini aslo istamaymiz. Aksincha, jamoatda sevgi va birlikni mustahkamlash yo‘llarini izlaymiz. (Rimliklarga 14:19)

TOZA VIJDON KELTIRADIGAN BARAKALAR

17. Ba’zi odamlarning vijdoni bilan nima yuz beradi?

17 Havoriy Butrus: «Vijdoningizni toza saqlanglar»,— deb yozgan. (1 Butrus 3:16) Agar odamlar Yahovaning prinsiplariga beparvolik qilaversa, oxir-oqibat ularning vijdoni ogohlantirmay qo‘yadi. Pavlus bunday insonlar haqida «vijdoniga qizdirilgan temir bilan tamg‘a bosilgan» deb aytgan. (1 Timo‘tiyga 4:2, izoh) Hech biror joyingizni qattiq kuydirganmisiz? Odatda terining kuygan joyi chandiq bo‘lib qoladi va sezgirligini yo‘qotadi. Shu kabi agar inson noto‘g‘ri ishlarni qilishda davom etsa, vijdoni sezgirligini yo‘qotib, umuman gapirmay qo‘yadi.

Toza vijdon bizga yo‘l ko‘rsatadi, quvonch keltiradi va ichki xotirjamlik beradi

18, 19. a) Aybdorlik va uyat hissi bizga qanday foyda keltiradi? b) Tavba qilganimizga qaramay, o‘zimizni aybdor his qilsak, qanday yo‘l tutishimiz kerak?

18 Agar o‘zimizni aybdor his qilayotgan bo‘lsak, vijdonimiz noto‘g‘ri ish qilganimizni aytayotgan bo‘ladi. Bu esa nimani noto‘g‘ri qilganimizni aniqlashga va uni to‘xtatishga yordam beradi. Xatolarimizdan saboq olib, ularni takrorlamaslikni istaymiz. Misol uchun, shoh Dovud gunoh qilganida vijdoni uni tavba qilishga undagan. U qilgan ishidan nafratlangan va buyog‘iga Yahovaga itoat etishga qaror qilgan. Dovud o‘z hayotiy tajribasidan kelib chiqib, Yahova haqida «mehribon va kechirimli» deb aytgan. (Zabur 51:1–19; 86:5; 7-ilovaga qarang.)

19 Lekin inson gunohidan tavba qilgan bo‘lsa ham, uzoq vaqt davomida vijdoni qiynashi mumkin. Aybdorlik hissi og‘ir bo‘lishi va inson o‘zini arzimas his qilishi mumkin. Agar siz ham vaqti-vaqti bilan o‘zingizni shunday his qilsangiz, o‘tmishni o‘zgartirib bo‘lmasligini unutmang. Yahova bilib-bilmay qilgan gunohlaringizni butunlay kechirgan va ularni o‘chirib tashlagan. Siz Yahovaning nazarida poksiz va U hozir to‘g‘ri ishlarni qilayotganingizni biladi. Hatto qalbingiz sizni ayblasa ham, Muqaddas Kitobdagi «Xudo qalbimizdan ulug‘» deb yozilgan so‘zlarni unutmang. (1 Yuhanno 3:19, 20 ni o‘qing.) Bu degani, Uning sevgisi va kechirimli ekani har qanday aybdorlik va uyat hissini yengib o‘tishga yordam beradi. Yahova sizni kechirganiga hecham shubhalanmang. Agar kishi Yahova uni kechirganiga ishonsa, uning vijdoni tinchlanib, quvonch ila Unga xizmat qiladi. (1 Korinfliklarga 6:11; Ibroniylarga 10:22)

20, 21. a) Ushbu adabiyotning maqsadi nimadan iborat? b) Yahova bizga qanday erkinlik bergan? Undan qanday foydalanishimiz kerak?

20 Ushbu adabiyotning maqsadi vijdoningizni to‘g‘ri tarbiyalashga yordam berishdan iborat. Bunday vijdon sizni hozirgi og‘ir kunlarda xavfdan ogohlantirib, himoya qiladi. Qolaversa, bu kitob yordamida hayotdagi turli vaziyatlarda Muqaddas Kitob prinsiplarini qo‘llashni o‘rganasiz. Albatta, ushbu kitobda har bir vaziyatda qo‘l keladigan qoidalar ro‘yxati taqdim etilmagan. Biz Xudoning prinsiplariga asoslangan «Masihning qonuniga» binoan hayot kechiramiz. (Galatiyaliklarga 6:2) Biror masalada aniq qonun yo‘qligini bahona qilib, noto‘g‘ri xatti-harakatimizni oqlamaymiz. (2 Korinfliklarga 4:1, 2; Ibroniylarga 4:13; 1 Butrus 2:16) Aksincha, erkinligimizdan Yahovaga bo‘lgan sevgimizni namoyon etish uchun foydalanamiz.

21 Muqaddas Kitob prinsiplari ustida mulohaza yuritib, ularni amalda qo‘llaganimizda zehnimizni ishga solishni va Yahova kabi fikr yuritishni o‘rganamiz. (Ibroniylarga 5:14) Natijada tarbiyalangan vijdon hayotimiz davomida bizga yo‘l ko‘rsatib, Xudoning mehr-muhabbatida qolishimizga ko‘maklashadi.

a Ko‘p shifokorlarning aytishicha, ichkilikbozlar qancha ichayotganini nazorat qilolmaydi. Shifokorlar bunday kishilarga umuman ichmaslikni maslahat beradi.