Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

8-BOB

Yahovaning xalqi pok bo‘lishi lozim

Yahovaning xalqi pok bo‘lishi lozim

Pok odamga pokligingni... ko‘rsatasan. ZABUR 18:26

1–3. a) Nima uchun ona o‘g‘ilchasining toza yurishiga jon kuydiradi? b) Nega Yahova Uning xalqi pok bo‘lishini istaydi?

 TASSAVUR QILING, mehribon ona o‘g‘ilchasini maktabga jo‘natyapti. U bolasini cho‘miltirib, toza va orasta kiyintirib qo‘ygan. Bu bolaning sog‘lom bo‘lishiga hissa qo‘shib, ota-onasi unga yaxshi g‘amxo‘rlik qilayotganini ko‘rsatib turadi.

2 Samoviy Otamiz Yahova pok va toza bo‘lishimizni istaydi. (Zabur 18:26) Chunki poklik bizga foyda keltirishini U biladi. Qolaversa, pok bo‘lsak, Unga sharaf keltiramiz. (Hizqiyo 36:22; 1 Butrus 2:12 ni o‘qing.)

3 Pok bo‘lish nimani anglatadi? Nega poklikni saqlash foydamizga xizmat qiladi? Bu savollarni ko‘rib chiqayotib, o‘zimiz nimaning ustida ishlashimiz kerakligini bilib olamiz.

NIMA UCHUN POK BO‘LISHIMIZ LOZIM?

4, 5. a) Nima uchun pok bo‘lishimiz lozim? b) Yahovaning ijodlaridan Uning tozalikka bo‘lgan nuqtai nazari haqida nimani bilib olishimiz mumkin?

4 Pok bo‘lish nima ekanini Yahovadan o‘rgansak bo‘ladi. (Levilar 11:44, 45) Biz birinchi navbatda «Allohga taqlid qilishni» istaganimiz uchun pok bo‘lishga intilamiz. (Efesliklarga 5:1)

5 Yahovaning ijodlaridan Uning tozalikka bo‘lgan nuqtai nazarini anglashimiz mumkin. Yahova tabiat jarayonlarini yaratgani tufayli toza havo va suvga egamiz. (Yeremiyo 10:12) Hatto insonlar yerni iflos qilishsa ham, uning o‘z-o‘zini turli yo‘llar bilan qayta tiklash xususiyati haqida bir o‘ylab ko‘ring. Masalan, Yahova faqat mikroskopda ko‘rish mumkin bo‘lgan mittigina mikroblarni yaratgan. Bu mikroblar zaharli chiqindilarni zararsizlantiradi. Bu juda murakkab jarayon. Olimlar ifloslangan atrof-muhitni qayta tiklash maqsadida ba’zi mikroblardan foydalanishadi. (Rimliklarga 1:20)

6, 7. Qanday qilib Tavrotdan Yahovaning topinuvchilari tozalikka amal qilishi muhimligini ko‘rsa bo‘ladi?

6 Yahova Muso orqali Isroil xalqiga bergan Tavrotdan tozalikka amal qilish qanchalik muhim ekanini ko‘rsak bo‘ladi. Masalan, Yahova xalqining topinishini qabul qilishi uchun ular jismoniy poklikni saqlashi shart edi. Gunohni yuvish kuni oliy ruhoniy ikki marta cho‘milishi kerak edi. (Levilar 16:4, 23, 24) Qolaversa, hayvonlarni qurbonlikka keltirishdan oldin boshqa ruhoniylardan ham oyoq-qo‘llarini yuvish kutilardi. (Chiqish 30:17–21; 2 Solnomalar 4:6) Ayrim vaziyatlarda poklik haqidagi qonunga amal qilmagan inson o‘limga mahkum etilgan. (Levilar 15:31; Sahroda 19:17–20)

7 Bugungi kunda-chi? Tavrotdan Yahovaning me’yorlari haqida ko‘p narsalarni o‘rganishimiz mumkin. (Malaki 3:6) Bu kitobdan Yahovaning topinuvchilari poklikni saqlashi muhim bo‘lgani ko‘rinib turibdi. Yahovaning me’yorlari o‘zgarmagan. Hozir ham U O‘zining topinuvchilaridan toza va pok bo‘lishni kutadi. (Yoqub 1:27)

POK BO‘LISH NIMANI ANGLATADI?

8. Qaysi sohalarda pok bo‘lishimiz shart?

8 Yahovaning nazarida pok bo‘lish badanimiz, kiyimimiz hamda uyimizni toza saqlashdan ko‘ra ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Poklik hayotimizning barcha sohalariga tegishli. Topinishimiz, xulq-atvorimiz va fikrlash tarzimiz shular jumlasidan. Ha, Yahova bizni pok deb bilishi uchun hayotimizning barcha sohalarida toza va pok bo‘lishimiz shart.

9, 10. Topinishimizda poklikni saqlash nimani anglatadi?

9 Pok topinish. Soxta din bilan hech qanday aloqamiz bo‘lmasligi kerak. Isroil xalqi Bobil qulligida bo‘lganida, axloqsiz va butparast insonlar orasida yashagan. Ishayo payg‘ambar isroilliklar ona yurtiga qaytib, pok topinishni tiklashi haqida bashorat qilgan edi. Yahova ularga: «U yerni tark eting, harom narsaga tegmang. Uning orasidan chiqib, o‘zingizni pok saqlang»,— deb aytgan. Ularning Xudoga bo‘lgan topinishi Bobildagi soxta dinga aloqador ta’limotlar, odatlar va udumlar bilan bulg‘anmasligi kerak edi. (Ishayo 52:11)

10 Bugungi kunda ham Xudoning xizmatchilari soxta dinga aralashib qolishdan ehtiyot bo‘lishlari kerak. (1 Korinfliklarga 10:21 ni o‘qing.) Butun dunyoda aksariyat urf-odatlar va e’tiqodlar soxta din ta’limotlaridan kelib chiqqan. Misol uchun, ko‘p madaniyatlarda odam o‘lganidan so‘ng uning joni yoki ruhi yashashni davom ettirishiga ishonishadi va ko‘pgina udumlar mana shu e’tiqodga asoslangan. (Voiz 9:5, 6, 10) Masihiylar bunday urf-odatlardan qochishlari lozim. Ehtimol, oila a’zolarimiz bu kabi urf-odatlarda ishtirok etishimiz uchun bosim o‘tkazar. Ammo Yahovaning nazarida pok bo‘lishni istaganimiz sababli taslim bo‘lmaymiz. (Havoriylar 5:29)

11. Xulq-atvorimizda poklikni saqlash nimani bildiradi?

11 Pok xulq-atvor. Yahova bizni pok deb bilishi uchun jinsiy axloqsizlikning har qanday turidan qochishimiz kerak. (Efesliklarga 5:5 ni o‘qing.) Muqaddas Kitobda Yahova bizga: «Zinodan qochinglar!» — demoqda. U axloqsiz hamda tavba qilmayotgan odamlar «Xudoning Shohligini meros qilib olmasligi» haqida aniq aytgan. (1 Korinfliklarga 6:9, 10, 18; 22-ilovaga qarang.)

12, 13. Nega o‘y-fikrlarimizda poklikni saqlashimiz kerak?

12 Pok o‘y-fikrlar. Ko‘pincha fikrlar xatti-harakatga undaydi. (Matto 5:28; 15:18, 19) Pok fikrlar pok ishlarga turtki bo‘ladi. Albatta, nomukammal bo‘lganimiz uchun vaqti-vaqti bilan yomon xayollar kelib turadi. Shunday paytda bu kabi fikrlardan o‘sha zahoti xalos bo‘lishimiz kerak. Aks holda, vaqt o‘tib pok qalbimiz bulg‘anib qolishi hech gap emas. Axir o‘ylab yurgan narsamizni qilish istagi paydo bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ongimizni pok fikrlar bilan to‘ldirishimiz zarur. (Filippiliklarga 4:8 ni o‘qing.) Qolaversa, axloqsiz va zo‘ravon o‘yin-kulgilar singari narsalardan qochamiz. Nimani o‘qiyotganimizga, tomosha qilayotganimizga hamda nima haqda gapirayotganimizga diqqatli bo‘lamiz. (Zabur 19:8, 9)

13 Xudoning mehr-muhabbatida qolish uchun topinishimizda, xulq-atvorimizda hamda o‘y-fikrimizda poklikni saqlashimiz lozim. Ammo Yahova uchun jismonan pok bo‘lishimiz ham juda muhim.

QAY YO‘SIN JISMONAN POK BO‘LA OLAMIZ?

14. Nima uchun jismonan pok bo‘lishimiz muhim?

14 Badanimiz hamda yashayotgan joyimizni toza-ozoda saqlasak, bundan nafaqat biz, balki boshqalar ham foyda ko‘radi. Shunda o‘zimizni yaxshi his qilamiz va boshqalarga ham yonimizda bo‘lish yoqadi. Ammo jismonan pok bo‘lishimizning yanada muhimroq sababi bor. Bu Yahovaga sharaf keltiradi. Bir o‘ylab ko‘ring: agar doim kir-chir yuradigan bolani ko‘rsangiz, ota-onasi haqida yomon fikrga bormaysizmi?! Shu singari, o‘zimizga qarab toza-ozoda yurmasak, atrofdagi odamlar Yahova haqida noto‘g‘ri fikrga borishadi. Pavlus shunday degan: «Xizmatimiz nuqsonsiz bo‘lishi uchun, biror narsada boshqalarning qoqinishiga sababchi bo‘lmayapmiz. Aksincha, har taraflama o‘zimizni Allohning xizmatchilari sifatida tavsiya etyapmiz». (2 Korinfliklarga 6:3, 4)

Yahovaning xalqi ekanmiz, o‘zimizni va yashayotgan joyimizni toza saqlashimiz zarur

15, 16. Qanday qilib jismoniy poklikni saqlasak bo‘ladi?

15 Badanimiz va kiyimimiz. Tozalikka rioya qilish kundalik hayotimizning ajralmas qismi bo‘lishi lozim. Misol uchun, biz imkon qadar har kuni cho‘milamiz. Qo‘limizni, ayniqsa, ovqat pishirish yoki tanovul qilishdan oldin sovun bilan yuvamiz. Hojatxonaga borgandan so‘ng yoki kir narsani ushlagandan keyin qo‘limizni yuvishni aytmasa ham bo‘ladi. Qo‘l yuvish oddiy narsadek ko‘rinsa-da, bakteriya va kasallik tarqalishining oldini olishda juda muhim. Bu hatto hayotni saqlab qolishi mumkin. Bordi-yu, hojatxona yoki kanalizatsiyamiz bo‘lmasa, najasni yo‘q qilishning boshqa samarali yo‘lini topishimiz kerak. Qadimgi isroilliklarda kanalizatsiya bo‘lmagani uchun ular najasini odamlar yashaydigan joydan va suv havzalaridan uzoqroqda ko‘mishgan. (Qonunlar 23:12, 13)

16 Kiyimimiz qimmatbaho yoki so‘nggi urfdagi emas, toza va ozoda bo‘lishi muhim. (1 Timo‘tiyga 2:9, 10 ni o‘qing.) Biz tashqi ko‘rinishimiz bilan doim Yahovaga sharaf keltirishni istaymiz. (Titusga 2:10)

17. Nima uchun uy va buyumlarimizni toza holatda saqlashni istaymiz?

17 Uyimiz va buyumlarimiz. Qaerda yashashimizdan qat’i nazar, uyimizni toza saqlashimiz lozim. Shuningdek, avtomobil, motosikl, velosiped yoki boshqa transport vositalarimiz toza bo‘lishi kerak. Ayniqsa, yig‘ilishlarga yoki va’zgo‘ylikka borganda bunga diqqatli bo‘lamiz. Boz ustiga, va’zgo‘ylikda odamlarga yer yuzida toza va go‘zal jannat bo‘lishi haqida gapiramiz. (Luqo 23:43; Vahiy 11:18) Uy va buyumlarimizning holati hozirdanoq yangi dunyoda yashashga tayyorlanayotganimizni ko‘rsatadi.

18. Nega topinish joyimizni toza holatda saqlashni istaymiz?

18 Topinish joyimiz. Yig‘ilish o‘tkazadigan joyimizni, jumladan, Yig‘ilish zali yoki Anjuman zalimizni toza holatda saqlasak, poklik biz uchun muhim ekanini ko‘rsatamiz. Birinchi marta Yig‘ilish zaliga kelgan insonlar avvalambor uning tozaligiga e’tibor beradi. Bu esa Yahovaga sharaf keltiradi. Jamoat a’zolari ekanmiz, Yig‘ilish zalimizni toza hamda yaxshi ta’mirlangan holatda saqlashga o‘z hissamizni qo‘shishga harakat qilamiz. (2 Solnomalar 34:10)

NOPOK ODATLARDAN QUTULING

19. Nimalardan qochishimiz kerak?

19 To‘g‘ri, Muqaddas Kitobda qochishimiz kerak bo‘lgan barcha yomon odatlar sanab o‘tilmagan. Lekin unda bu kabi odatlarga nisbatan Yahovaning nuqtai nazarini tushunishga ko‘maklashuvchi prinsiplar bor. Xudo tamaki, nos va chilim chekishimizni, spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilishimizni yoki giyohvand moddalarni qabul qilishimizni istamaydi. Agar Xudoning do‘sti bo‘lishni xohlasak, bu odatlardan qochamiz. Nima uchun? Chunki biz hayot in’omini qadrlaymiz. Bunday odatlar umrimizni qisqartiradi, sog‘ligimizga va atrofdagilarga ziyon keltiradi. Ko‘p odamlar sog‘ligi uchun bu kabi yomon odatlardan qutulishga harakat qiladi. Lekin Yahovaning do‘stlari sifatida biz uchun asosiy sabab — bu Xudoga bo‘lgan sevgi. Bir ayol shunday fikr bildirdi: «Yahovaning madadi bilan yomon odatlarimdan qutulib, hayotimni tartibga soldim... Menimcha, o‘z kuchim bilan bunday o‘zgarishlarni qila olmasdim». Keling, bu zararli odatlardan qutulishga ko‘maklashuvchi Muqaddas Kitobdagi beshta prinsipni ko‘rib chiqaylik.

20, 21. Yahova qanday odatlardan qutulishimizni xohlaydi?

20 «Bizlarga shunday va’dalar berilgan ekan, kelinglar, tana va ruhiyatimizni bulg‘aydigan har qanday narsadan o‘zimizni poklab, Xudodan qo‘rqib, muqaddasligimizni kamolotga yetkazaylik». (2 Korinfliklarga 7:1) Yahova ongimiz yoki badanimizga ziyon keltiradigan nopok odatlardan qutulishimizni xohlaydi.

21 «Bulg‘aydigan har qanday narsadan o‘zimizni poklashga» 2 Korinfliklarga 6:17, 18 dagi so‘zlar kuchli turtki bo‘la oladi. Yahova bizga: «Bundan buyon nopokka qo‘l tekkizmanglar»,— demoqda. So‘ng U mana bunday va’da beryapti: «Shunda Men sizlarni qabul qilaman. Men sizlarga Ota bo‘laman, sizlar esa Menga o‘g‘illar-u qizlar bo‘lasizlar». Chindan ham, Yahovaning nazarida bizni nopok qiluvchi har qanday narsadan qochsak, U bolasini yaxshi ko‘radigan ota singari bizni sevadi.

22–25. Muqaddas Kitobdagi qaysi prinsiplar nopok odatlardan qochishga yordam beradi?

22 «Tangringiz Yahovani butun qalbingiz, butun joningiz va butun ongingiz bilan seving». (Matto 22:37) Bu eng muhim amr hisoblanadi. (Matto 22:38) Yahova Uni chin dildan sevishimizga loyiq. Agar hayotimizni qisqartiradigan yoki ongimizni zaharlaydigan ishlarni qilsak, qanaqasiga Uni chin dildan sevamiz deya olamiz? Shunday ekan, ishlarimiz bilan U bizga bergan hayot in’omini qadrlayotganimizni ko‘rsatishimiz lozim.

23 «[Yahova] hammaga hayot, nafas va barcha narsani berib kelmoqda». (Havoriylar 17:24, 25) Mabodo do‘stingiz sizga ajoyib sovg‘a bersa, uni tashlab yoki yo‘q qilib yuborgan bo‘larmidingiz? Hayot ham Yahovaning ajoyib bir sovg‘asidir. Biz bu sovg‘ani juda qadrlaymiz. Shunday ekan, hayotimizdan Xudoni ulug‘lash maqsadida foydalanishni istaymiz. (Zabur 36:9)

24 «Yaqiningizni o‘zingizni sevganday seving». (Matto 22:39) Nopok odatlar nafaqat o‘zimizga, balki atrofdagilarga, ko‘pincha biz sevgan insonlarga zarar keltiradi. Masalan, kashanda bilan bitta uyda yashaydigan inson tamaki tutunidan nafas olish oqibatida jiddiy kasalliklarga duchor bo‘lishi mumkin. Ammo bunday odatlardan qutulsak, yaqinlarimizni sevishimizni ko‘rsatamiz. (1 Yuhanno 4:20, 21)

25 «Ularga shularni eslatib turgin: ular hukumat-u hokimiyatlarga itoat qilib, bo‘ysunishsin». (Titusga 3:1) Aksariyat mamlakatlarda giyohvand moddalarni saqlash va qabul qilish qonunga xilof. Modomiki Yahova hukumatga hurmat ko‘rsatishni amr etgan ekan, biz bunday qonunlarga bo‘ysunamiz. (Rimliklarga 13:1)

Poklik va tozalikni saqlab Yahovaga sharaf keltiramiz

26. a) Yahova topinishimizni qabul qilishi uchun bizdan nima kutiladi? b) Nega Xudoning nazarida pok qolish eng to‘g‘ri hayot yo‘li?

26 Yahovaning do‘sti bo‘lishni xohlasak, ehtimol, hayotimizda ba’zi o‘zgarishlar qilishimizga to‘g‘ri kelayotgandir. Agar shunday bo‘lsa, hozirdanoq boshlang. Ha, nopok odatdan qutulish doim ham oson emas, lekin uddasidan chiqsa bo‘ladi! Yahova bizga yordam berishni va’da qilmoqda. U shunday demoqda: «Men Yahova, sening Xudoyingman, sening manfaatingni ko‘zlab ta’lim beraman, yurishing kerak bo‘lgan yo‘ldan yetaklayman». (Ishayo 48:17) Pok va toza bo‘lishga jon kuydirib, shak-shubhasizki Xudoyimizga sharaf keltiramiz.