Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TO‘RTINCHI QISM

Aybdorlik. «Poklagin gunohlarimdan»

Aybdorlik. «Poklagin gunohlarimdan»

Mening yangi ishim oilamizning iqtisodiy sharoitini yaxshilagan bo‘lsa-da, ammo uning dastidan shubhali ishlar qilishni boshladim. Bayram va siyosiy tadbirlarda ishtirok etib, hattoki cherkovga qatnaydigan bo‘ldim. 40-yil davomida faoliyatsiz Yahovaning Shohidi bo‘lib yurdim. Vaqt o‘tgani sayin, Yahova meni kechirishiga bo‘lgan umidim so‘nib borardi. Menga kelsak, o‘zimni hech qachon kechira olmasam kerak deb o‘ylardim. Bu ishlar sodir bo‘lishidan oldin, bularning barchasi noto‘g‘ri ekanligini bilardim (Marfa).

AYBDORLIK hissi og‘ir yukday bo‘lishi mumkin. Shoh Dovud shunday deb yozgan: «Ayblarim meni juda ham ezadi, ular juda og‘ir yukka o‘xshaydi» (Zabur 37:5). Ba’zi masihiylar Yahova ularni hech qachon kechirmaydi deb o‘ylab, tushkunlikka tushishadi (2 Korinfliklarga 2:7). Bunday xulosaga kelish to‘g‘rimi? Nahotki jiddiy gunoh sizni Yahovadan shunchalik uzoqlashtirganki, U sizni hech qachon kechira olmaydi deb o‘ylasangiz?! Aslo bunday o‘ylamang!

«Qani endi birgalashib o‘ylaylik»

Tavba qiladiganlarni Yahova qoldirmaydi. Aksincha, ularga yordam qo‘lini cho‘zadi! Darbadar o‘g‘il haqidagi masalda Iso Yahovani mehribon otaga o‘xshatgan. Bu otaning o‘g‘li oilasini qoldirib, sayoq yurib, pulini ko‘kka sovurgan. Vaqt o‘tib, darbadar o‘g‘il uyga qaytishga qaror qiladi. «U hali uzoqda kelayotganida, otasi uni ko‘rib, rosa rahmi kelibdi. U o‘g‘lining yoniga yugurib borib, bag‘riga bosgancha uni o‘pibdi» (Luqo 15:11–20). Balki, siz ham Yahovaga yaqinlashishni istarsiz-u, lekin hali-hanuz o‘zingizni Undan «uzoqda» his qilayotgandirsiz. Isoning masalidagi otaday Yahovaning sizga rahmi keladi. U sabrsizlik bilan qaytishingizni kutadi.

Ammo gunohlaringiz Yahova kechira olmaydigan darajada jiddiy yoki sanoqsiz deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz-chi? Keling, Yahovaning Ishayo 1:18 dagi taklifini ko‘rib chiqaylik. U yerda shunday deb yozilgan: «Egamizning kalomi shudir: “Qani, endi birgalashib o‘ylaylik. Gunohlaringiz qizil rangga o‘xshasa ham, sizlar qorday oppoq bo‘lasiz. Gunohlaringiz qirmizi rangga o‘xshasa ham, sizlar momiqday oppoq bo‘lasiz”». Ha, hattoki gunohlaringiz qizil rangga o‘xshasa ham, Yahova uchun ularni oqartirish qiyin ish emas.

Yahova, siz vijdon azobidan qiynalishingizni xohlamaydi. Ammo U kechirishi va toza vijdon ato etishi uchun, nima qilishingiz kerak? Shoh Dovud qo‘ygan ikkita qadamni ko‘rib chiqaylik. Birinchidan, u shunday degan: «Egam oldida itoatsizligimni bo‘ynimga olaman» (Zabur 31:5). Yahova Unga ibodat orqali yaqinlashishga va «birgalashib o‘ylashga» sizni allaqachon taklif qilganini yodda tuting. Bu taklifni qabul qiling. Yahova oldida gunohingizni tan oling va yuragingizdagini to‘kib soling. Dovud o‘z tajribasidan ishonch ila: «Poklagin gunohlarimdan. [...] Ezilgan, tavba qilgan yurakni Sen rad etmaysan, ey Xudo»,— deb iltijo qilgan (Zabur 50:4, 19).

Ikkinchidan, Dovud Xudoning xizmatchisi Natan payg‘ambardan yordamni qabul qilgan (2 Shohlar 12:13). Bugungi kunda Yahova jamoatdagi oqsoqollardan foydalanadi. Bu oqsoqollar gunoh qilgan kishi, Yahova bilan do‘stona munosabatlarini tiklashiga yordam berish uchun o‘rgatilganlar. Oqsoqollarga murojaat qilsangiz, ular Muqaddas Kitobdan foydalanishadi, yuragingizni yumshatish uchun chin qalbdan ibodat qilishadi, salbiy tuyg‘ularingizni kamaytirishga yoki ulardan xalos bo‘lishga hamda ma’nan sog‘ayishingizga ko‘maklashishadi (Yoqub 5:14–16).

Yahova toza vijdonga ega bo‘lishingizni istaydi

«Egamiz kimning gunohidan o‘tgan bo‘lsa, o‘sha inson baxtlidir»

To‘g‘ri, Yahova oldida gunohingizni tan olish va oqsoqollarga murojaat qilish oson kechmasligi mumkin. Dovudda ham xuddi shunday tuyg‘ular bo‘lgan. U bir muddat gunohini bo‘yniga olmay yurgan (Zabur 31:3). Ammo keyinchalik, gunohlarini tan olgani va to‘g‘ri yo‘lga solinganidan foyda olgan.

Dovud tavbasining eng asosiy foydasi esa, qalbidagi quvonchning tiklangani edi. U shunday deb aytgan: «Itoatsizligi kechirilganlar baxtlidir, Egamiz kimning gunohidan o‘tgan bo‘lsa, o‘sha inson baxtlidir» (Zabur 31:1). Shuningdek, u quyidagicha ibodat qilgan: «Lablarimni ochgin, ey Rabbiy, og‘zim Seni madh aylasin» (Zabur 50:17). Aybdorlik hissidan xalos bo‘lgani va Xudo uni kechirgani sababli, Dovud Yahovaning ulug‘vorligini boshqalarga aytib berishni istagan.

Yahova toza vijdonga ega bo‘lishingizni istaydi. Shuningdek, Uning shaxsiyati va maqsadlari haqida boshqalarga aybdorlik hissi bilan emas, aksincha quvonch ila aytishingizni xohlaydi (Zabur 64:2–5). Xudoning quyidagi taklifini yodda tuting: «Gunohlaringiz yuvilishi uchun tavba qilinglar... Toki Yahovaning O‘zi tetiklik baxsh etadigan vaqtni keltirsin» (Havoriylar 3:19).

Marfa ham shularni boshdan kechirgan. U shunday deydi: «O‘g‘lim menga doimo “Qo‘riqchi minorasi” va “Uyg‘oning!” jurnallarini jo‘natib turardi. Sekin-asta men qaytadan Yahovaga yaqinlasha boshladim. Yahovaga qaytishda menga qiyinchilik tug‘dirgan narsa — barcha gunohlarim kechirilishini so‘rash edi. Shunga qaramasdan Xudodan gunohlarimni kechirishini so‘radim. Yahovaga qaytishim uchun 40-yil kerak bo‘lganiga o‘zimning ham ishongim kelmaydi. O‘z tajribamdan shuni ayta olamanki, qaytadan Xudoga xizmat qilib, Uning muruvvatiga sazovor bo‘lishni istovchilarga, U albatta imkon beradi».