Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

BIRINCHI QISM

”Men yo‘qolgan qo‘ylarimni izlab topaman»

”Men yo‘qolgan qo‘ylarimni izlab topaman»

Qo‘zichoq qo‘rqqanidan ma’rayapti. Chunki maysazorda o‘tlab yurganida, sekin-asta boshqa qo‘ylardan ajralganini u payqamay qoldi. Endi yonida na suruv, na cho‘pon bor. Qorong‘u tushyapti. Axir yirtqichlar izg‘ib yurgan vodiyda qo‘zichoq oson o‘lja-ku! Ammo xayriyatki u tanish ovozni eshitdi. Bu cho‘ponning ovozi! Cho‘pon yugurib keladi-da, qo‘zichoqni qo‘llariga ko‘tarib bag‘riga bosadi va kiyimi bilan uni o‘rab, uyiga olib ketadi.

YAHOVA ko‘p marotaba O‘zini mana shunday cho‘pon bilan solishtirgan. Muqaddas Kitobda, U: «Men O‘zim qo‘ylarimni qidirib topaman. Adashgan suruvni qidirgan cho‘ponday qo‘ylarimni izlayman»,— deb tasdiqlamoqda (Hizqiyo 34:11, 12).

«Sizlar Mening suruvim, yaylovimdagi qo‘ylarimsizlar»

Yahovaning qo‘ylari kim ekan? Oddiy qilib aytganda, Yahovaning qo‘ylari — Uni sevib, Unga topinayotgan odamlar. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Kelinglar, ta’zim qilib, sajda etaylik, Yaratgan Egamiz oldida tiz cho‘kaylik. U Xudoyimizdir, biz Uning yaylovidagi xalqmiz, biz Uning qo‘l ostidagi qo‘ylarmiz» (Zabur 94:6, 7). Qo‘ylar cho‘pon orqasidan ergashgani singari, Yahovaga topinuvchilar astoydil Unga yaqinlashishga harakat qilishadi. Ular nuqsonsizmi? Yo‘q, albatta. Chunki ba’zida Xudoning xizmatchilari «tarqalib ketgan qo‘ylar» hamda «adashgan qo‘ylar» kabi bo‘lib qolishi mumkin (Hizqiyo 34:12; 1 Butrus 2:25). Garchi inson adashib qolsa-da, u qaytib kelishiga Yahova hamisha umid qiladi.

Yahova hali-hanuz sizning Cho‘poningiz ekanini his qilyapsizmi? Yahova bugungi kunda Cho‘pon ekanini qanday namoyon etmoqda? Buning uchta yo‘li bor.

U bizni ma’nan oziqlantirmoqda. Yahova: «Yaxshi yaylovlarda o‘tlataman... Ular o‘sha yerdagi maysazorlarda yotib,.. ko‘m-ko‘k yaylovlarda o‘tlab yuradi»,— deb aytmoqda (Hizqiyo 34:14). Yahova o‘z vaqtida va mo‘l-ko‘l darajada ma’naviy ozuqa bilan ta’minlashdan hech qachon charchamaydi. Biron bir maqola, nutq yoki video orqali ibodatingizga javob olgan paytlar bo‘lganmi? Darhaqiqat bu, Yahova shaxsan sizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotganidan dalolatdir!

U bizni himoyalab, qo‘llab-quvvatlamoqda. Tangri Yahova: «Men yo‘qolgan qo‘ylarimni... qaytarib olib kelaman. Ularning yaralarini bog‘lab qo‘yaman, nimjon qo‘ylarni parvarish qilaman»,— deb va’da qilmoqda (Hizqiyo 34:16). Yahova tashvishlar dastidan holdan toyganlarga quch-quvvat beradi. U, hatto imondoshlari sababli jabr ko‘rgan qo‘zichoqlarining yaralarini bog‘lab, tuzalishiga g‘amxo‘rlik qiladi. Shuningdek, U adashib qolgan hamda salbiy tuyg‘ular bilan kurashayotgan xizmatchilarini jamoatga qaytarishga intiladi.

U biz uchun javobgar ekanini his qilmoqda. «Har yoqqa tarqalib ketgan qo‘ylarimni hamma joydan xalos qilaman... Men yo‘qolgan qo‘ylarimni izlab topaman»,— demoqda Yahova (Hizqiyo 34:12, 16). Tangri Yahova yo‘qolgan qo‘zichog‘idan umidini uzmaydi. Negaki, yo‘qolgan qo‘zichoqni izlab topganida nihoyatda suyunadi (Matto 18:12–14). Ha, U haq topinuvchilarini «Mening suruvim, yaylovimdagi qo‘ylarimsizlar» deb atamoqda (Hizqiyo 34:31). Yahova sizga ham xuddi shunday munosabatda.

Tangri Yahova yo‘qolgan qo‘zichog‘idan umidini uzmaydi. Yo‘qolgan qo‘zichog‘ini izlab topganida nihoyatda suyunadi

«Qadimgi ulug‘vorligimizni tiklagin»

Nimaga Yahova qaytishingizni istab, sizni izlayapti? Chunki U sizga baxt tilaydi. Parvardigor qo‘li ostidagi suruviga baraka berishni va’da qilmoqda (Hizqiyo 34:26). Bu shunchaki quruq va’da emasligini o‘zingizda his qilganingiz shubhasizdir.

Yahovani tanib-bilganingizda nimalarni his qilganingizni bir eslang. Masalan, Xudo kelajakda yer yuzida jannatni barpo etishi va o‘lganlarni qiynamasligi haqida bilganingizda qalbingizdan nimalar kechgani yodingizdami? Anjumanlarda imondoshlar bilan suhbatlashish qanchalik maroqli bo‘lganini eslay olasizmi? Xushxabar bilan bo‘lishganingizda kimdir samimiy qiziqish ko‘rsatsa mamnuniyat his etib, uyga xursandchilik bilan qaytganingizni-chi?

O‘sha quvonchli kunlaringizga qaytishning iloji bor. Xudoning qadimgi xizmatchilari shunday ibodat qilishgan: «Ey Egam, bizni O‘zingga yuz burdirgin, toki Senga qaytaylik. Qadimgi ulug‘vorligimizni tiklagin» (Yeremiyoning marsiyasi 5:21). Yahova ularning ibodatiga javob bergan. Natijada Uning xalqi ilgarigidek xursandchilik ila ilohiy xizmatini davom ettirgan (Naximiyo 8:17). Yahova siz bilan ham shunday yo‘l tutishni istaydi.

Ammo Yahovaga qaytish — aytishga oson. Keling, Unga qaytish yo‘lidagi ba’zi qiyinchiliklarni ko‘rib chiqib, ularni qanday qilib yengish mumkinligini muhokama qilaylik.