Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

IKKINCHI QISM

Tushkunlik. «Biz har tomonlama siquvga olinganmiz»

Tushkunlik. «Biz har tomonlama siquvga olinganmiz»

Erim bilan 25-yil birga yashagan bo‘lsak ham ajrashdik. Farzandlarim Yahovadan yuz o‘girishdi. Men bir nechta jiddiy kasallikni boshdan kechirdim. Keyin depressiyaga tushdim. Turmushim chilparchin bo‘lib ketdi va hayotdan umuman sovidim. Yig‘ilishlarga bormay hamda va’z qilmay qo‘ydim (Jyun).

HAYOTDAGI qiyinchiliklar hech kimni, shu jumladan Xudoning xalqini ham chetlab o‘tmaydi. Sano bastakori shunday yozgan: «Ichim xavotirga to‘lib ketgan» (Zabur 93:19). Shuningdek, Iso oxirzamonda «turmush tashvishlari» ayniqsa Yahovaga bo‘lgan xizmatimizni ado etishga to‘sqinlik qilishi mumkinligini aytgan (Luqo 21:34). Siz ham iqtisodiy tanqislik, oilaviy kelishmovchilik yoki sog‘lik muammolari dastidan charchayapsizmi? Bu qiyinchiliklar bilan kurashishda Yahova sizga qanday yordam bera oladi?

«Insonlarnikidan ustun turgan kuch»

Biz ushbu qiyinchiliklarni o‘z kuchimiz bilan yenga olmaymiz. Havoriy Pavlus quyidagi so‘zlarni yozgan: «Biz har tomonlama siquvga olingan bo‘lsak-da, lekin ezilmaymiz. Nima qilishimizni bilmasak-da, chorasiz emasmiz. Qayg‘udan ezilyapmiz, biroq halok bo‘lmayapmiz». Bularning bariga chidashimizga nima yordam beradi? Qudratli Tangrimiz Yahovadan kelayotgan kuch, ya’ni «insonlarnikidan ustun turgan kuch» (2 Korinfliklarga 4:7–9).

Ilgari «insonlarnikidan ustun turgan kuchni» qanday olganingiz ustida mulohaza yuriting. Daldali nutq tinglagach, Yahovaning sodiq sevgisi uchun yanada minnatdor bo‘lganingiz esingizdami? Boshqalarga bo‘lajak jannat haqida ta’lim berganingizda, Yahovaning va’dalariga bo‘lgan ishonchingiz mustahkamlanib borgani-chi? Chindan ham, jamoat uchrashuvlariga qatnash va imondoshlar bilan muloqot qilish orqali turmush tashvishlariga qarshi kurashishga kuch topamiz. Natijada yuragimiz xotirjam bo‘lib, Yahovaga xursandchilik ila xizmat qilamiz.

«Tatib ko‘r, bilasan, Egamiz yaxshidir»

Darhaqiqat, ba’zan vazifalaringiz boshingizdan toshib ketgandek tuyulishi mumkin. Masalan, Yahova bizdan Shohlik manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yib, ilohiy xizmatda faol qolishimizni kutadi (Matto 6:33; Luqo 13:24). Ammo quvg‘inlar, yomon sog‘lik yoki oilaviy muammolar tinka-madoringizni quritayotgan bo‘lsa-chi? Yoki dunyoviy ishingiz jamoat ishlariga sarflashingiz mumkin bo‘lgan vaqt va kuchingizni olayotgan bo‘lsa-chi? Shuncha ko‘p vazifalarga ulgurish kerak, lekin qani buncha vaqt va kuch?! Bundan siz o‘zingizni ezilgan his qilasiz. Ehtimol, nega Yahova kuchimdan ortig‘ini talab qilyapti, deb o‘ylanib qolayotgandirsiz.

Yahova vaziyatni yaxshi tushunadi. U hech qachon kuchimizdan ortig‘ini kutmaydi. Shuningdek, U jismoniy hamda hissiy kuchimiz qayta tiklanishi uchun vaqt talab etilishini biladi (Zabur 102:13, 14).

Masalan, Yahova Ilyos payg‘ambarga qanday g‘amxo‘rlik qilganini ko‘rib chiqaylik. Ilyos qattiq tushkunlikka va qo‘rquvga tushib sahroga qochganida, Yahova unga tanbeh berib, o‘z vazifasini bajarishi uchun orqaga qaytishni buyurdimi? Aslo. Yahova ikki marta farishtasini yuborib, uxlab qolgan Ilyosni ohista uyg‘otdi va qornini to‘yg‘azdi. 40 kun o‘tgach ham Ilyos tushkunlikni va qo‘rquvini yenga olmadi. Xo‘sh, unga yordam berish uchun Yahova nima qildi? Birinchidan, Yahova uni himoya qila olishini namoyon etdi. Ikkinchidan, Yahova «mayin shabada tovushi» bilan unga dalda berdi. Yakunida, Tangri Yahova Uning minglab sadoqatli topinuvchilari borligini Ilyosga ayon qildi. Ko‘p o‘tmay, Ilyos yana g‘ayrat ila xizmatini davom ettirdi (3 Shohlar 19:1–19). Bundan nimani bilib olyapmiz? Ilyos tushkunlikka tushib qolganida, Yahova unga sabr-bardosh qilib rahm-shafqat ko‘rsatdi. Yahova — o‘zgarmas Xudodir. Demak, U bizga ham xuddi shunday g‘amxo‘rlik qiladi.

Yahova uchun nima qila olishingiz haqda mulohaza yuritganingizda kuchingizga to‘g‘ri baho bering. Hozir qo‘lingizdan keladigan ishni o‘tmishdagi bilan solishtirmang. Misol uchun, bir necha oy yoki yil yugurishni mashq qilmagan sportchi birdaniga odatdagi mashqlarni qila olmaydi. Aksincha, u kichkina maqsadlar qo‘yib, kuchga to‘ladi va chiniqadi. Masihiylar ham mana shunday sportchiga o‘xshaydi. Ular aniq maqsadni ko‘zlab mashq qilishadi (1 Korinfliklarga 9:24–27). Ehtimol ayni paytda qo‘lingizdan keladigan ma’naviy maqsadlardan birini qo‘yish haqida o‘ylab ko‘rarsiz. Masalan, jamoat uchrashuvlariga qatnashni o‘z oldingizga maqsad qilarsiz. Bunga erishish uchun Yahovadan madad so‘rang. Ma’naviy kuchga to‘lganingiz sayin, «tatib ko‘r, bilasan, Egamiz yaxshidir», degan so‘zlarning haqiqat ekaniga amin bo‘lasiz (Zabur 33:9). Yahova, Unga bo‘lgan sevgini namoyon etish uchun qilgan har qanday harakatingizni, hatto arzimasdek tuyulsa ham, juda qadrlashini unutmang (Luqo 21:1–4).

Yahova hech qachon kuchimizdan ortig‘ini kutmaydi

«Men uzoq vaqt kutgan dalda manbai»

Yahova Jyunga ma’nan tiklanishga qanday yordam berdi? U shunday deb bo‘lishdi: «Yahovadan madad so‘rab tinmay ibodat qilardim. So‘ng, kelinim shahrimizda anjuman o‘tkazilishi haqida aytib qoldi. Men anjuman dasturining bir kunini tinglashga qaror qildim. Yahovaning xalqi bilan yakdil bo‘lishdan o‘zimni baxtiyor his qildim. Bu anjuman, men uzoq vaqt kutgan dalda manbai bo‘ldi. Endilikda xursandchilik ila Yahovaga xizmat qilyapman. Hayotim qaytadan mazmunga to‘ldi. Qolaversa, birodar-u opa-singillarga va ularning yordamiga muhtoj ekanimni tushunib yetdim. Orqaga qaytishimga imkon bo‘lgani uchun juda minnatdorman».