Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

UCHINCHI QISM

Xafagarchilik. Mabodo «arz qilishga sababimiz bo‘lsa»

Xafagarchilik. Mabodo «arz qilishga sababimiz bo‘lsa»

Jamoatimizdagi bir opamiz meni uning pulini o‘g‘irlab ketganda nohaq aybladi. Boshqa imondoshlar bu haqda eshitgach, tomon egallashni boshlashdi. Vaqt o‘tib, o‘sha opamiz ba’zi dalillarni topgani va meni asossiz ayblaganini tushunib yetgani haqida aytdi. Garchi opamiz mendan kechirim so‘ragan bo‘lsa-da, yuragimda uni hech qachon kechira olmaydigandek his etardim (Linda).

EHTIMOL, siz ham Linda singari imondoshlarning xatti-harakati sababli qattiq xafa bo‘lgandirsiz. Ba’zilar birovning qilmishidan shunchalik ranjishganki, hatto bu ularning ma’naviyligiga ta’sir qilgan. Bu siz bilan ham sodir bo‘lganmi?

Hech kim «bizni Xudoning sevgisidan judo qilishga qodir emas»!

Chindan ham imondoshimiz bizni xafa qilsa, uni kechirish qiyin kechishi mumkin. Lekin shunday bo‘lsa-da, masihiylar bir-birini sevishi darkor (Yuhanno 13:34, 35). Imondoshimiz bizga nisbatan adolatsizlarcha yo‘l tutsa, bu yuragimizga og‘ir botishi mumkin (Zabur 54:13).

Muqaddas Kitobda masihiylarning ba’zida bir-biridan «arz qilishga sababi» bo‘lib turishi haqida ochiqchasiga aytilgan (Kolosaliklarga 3:13). Bu narsa shaxsan biz bilan sodir bo‘lsa, bunday chigal vaziyatda qanaqa yo‘l tutishni bilmay qolishimiz mumkin. Xo‘sh, bizga nima yordam berar ekan? Keling, Muqaddas Kitobdan uchta prinsipni ko‘rib chiqaylik.

Samoviy Otamiz hammasidan xabardor. Yahova barchasini, jumladan adolatsizlikka duch kelib, bundan aziyat chekayotganimizni ko‘rib turibdi (Ibroniylarga 4:13). Boz ustiga, biz qiynalganda, Yahova ham azob chekadi (Ishayo 63:9). Na qayg‘u-alam, na azob, na boshqa narsa va hattoki Uning qaysidir xizmatchisi «bizni Xudoning sevgisidan judo qilishiga», Yahova hech qachon yo‘l qo‘ymaydi (Rimliklarga 8:35, 38, 39). Nahotki bu, bizni ham shunday yo‘l tutishga undamasa?! Ha, hech kim va hech narsa bizni Xudoning sevgisidan judo qilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.

Kechirish hammasiga ko‘z yumish degani emas. Bizga qarshi gunoh qilganlarni kechirganimiz bilan, biz ularning qilmishini oqlamaymiz yoki bunga ko‘z yummaymiz. Shuni unutmangki, Tangri Yahova hech qachon gunoh qilishni ma’qullamaydi, ammo kechirishga sabab bo‘lsa albatta kechiradi (Zabur 102:12, 13; Xabaqquq 1:13). Yahova boshqalarni kechirishda Undan o‘rnak olishimizni istaydi. Zero U «toabad g‘azabini sochmaydi» (Zabur 102:9; Matto 6:14).

Xafagarchilikni unutish o‘zimiz uchun foydali. Qanaqasiga? Tasavvur qiling, siz og‘irligi taxminan bir kilo bo‘lgan toshni ko‘tarib, qo‘lingizni cho‘zgan holda ushlab turibsiz. Ehtimol qisqa vaqt toshni ko‘tarib tursangiz og‘irligi sezilmas. Ammo uzoq vaqt shunday qilishni xohlasangiz-chi? Xo‘sh, shu tarzda qancha tura olasiz: bir necha daqiqa, soat yoki undan ham ko‘proqmi? Ko‘p o‘tmay qo‘lingiz charchashi tayin! Albatta toshning vazni o‘zgarmaydi. Ammo uni qancha uzoq ko‘tarib tursangiz, shuncha og‘irlashib ketayotganini his etasiz. Xafagarchilik masalasida ham xuddi shunday. Gina katta yoki kichik bo‘lishidan qat’i nazar, uni qancha yuragimizda uzoq saqlab yursak, shuncha og‘irlashib boradi. Yahova bizni xafagarchilikdan qochishga undayotgani behudaga emas. Darhaqiqat, kechirimli bo‘lish o‘zimizning foydamiz uchundir (Hikmatlar 11:17).

Xafagarchilikni unutish o‘zimiz uchun foydali

«Xuddi Yahovaning O‘zi menga gapirgandek bo‘ldi»

Imondoshi nohaq ayblaganiga qaramay, Lindaga yuragida xafagarchilikni saqlamaslikka nima yordam berdi? U Muqaddas Kitobga binoan nega kechirimli bo‘lish muhimligi borasida mulohaza yuritdi (Zabur 129:3, 4). Biz kechirimli bo‘lishga intilsak, o‘z o‘rnida Yahova ham bizni kechiradi. Va aynan shuni bilish, Lindani gina saqlamaslikka undadi (Efesliklarga 4:32–5:2). Bu fikrlardan Linda shunchalik ta’sirlanib ketdiki: «Xuddi Yahovaning O‘zi menga gapirgandek bo‘ldi»,— deb bo‘lishdi.

Vaqt o‘tib, Linda xafagarchilikni unutdi. U imondoshini butunlay kechirdi. Ayni paytda o‘sha opamiz Lindaning yaqin do‘sti. Linda esa Yahovaga g‘ayrat ila xizmat qilishni davom ettirmoqda. Ishoning, Yahova sizga ham xuddi shunday yordam berishga tayyor!