Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

BESHINCHI QISM

«Jonlaringizning cho‘pon-u posboniga qaytinglar»

«Jonlaringizning cho‘pon-u posboniga qaytinglar»

Risolada sanab o‘tilgan qiyinchiliklardan biriga yoki bir nechtasiga siz ham duch kelganmisiz? Mabodo shunday bo‘lsa, bilingki, Xudoning ko‘pgina sadoqatli xizmatchilari, xoh qadimda, xoh bugungi kunda bo‘lsin, shunga o‘xshash qiyinchiliklarni boshdan kechirishgan. Ular Yahovaning madadi bilan bu kabi qiyinchiliklarni yengishgan ekan, demak siz ham buning uddasidan chiqa olasiz.

«Yahova meni aslo tashlab ketmaganini anglay boshladim. Men Unga qaytish yo‘lini topishim kerak edi, xolos»

YAHOVAGA qaytsangiz, U sizga yordam berishiga amin bo‘ling. Sababi, Xudo tushkunlikni yengishingizga, xafagarchilikdan xalos bo‘lishingizga hamda toza vijdon baxsh etadigan qalb va ongdagi tinchlikka erishishingizga ko‘maklashadi. Shunda, imondoshlar bilan yelkama-yelka Yahovaga xizmat qilish istagingiz uyg‘onadi. Sizning vaziyatingiz birinchi asrdagi ayrim masihiylarning vaziyatiga o‘xshash. Havoriy Butrus ularga quyidagini yozgan: «Sizlar adashgan qo‘ylar kabi edingiz, endi esa jonlaringizning cho‘pon-u posboniga qaytib keldingizlar» (1 Butrus 2:25).

Yahovaga qaytish uchun qilgan harakatlaringiz, eng arzigulik ishdir! Negaki, bu bilan Uning qalbini quvontirgan bo‘lasiz (Hikmatlar 27:11). Axir Yahovaning his-tuyg‘ulari bor va bizning xatti-harakatlarimizga U beparvo emas. Boshqa tarafdan esa, Yahova hech kimni Uni sevishga va Unga xizmat qilishga majburlamaydi (Qonunlar 30:19, 20). Bir ilohiyotshunos buni shunday tasvirlagan: «Insonning qalb eshigini tashqaridan ochish imkonsiz, chunki u tomondan dastasi yo‘q. Eshikni faqat ichkaridan ochish mumkin». Sevgiga to‘la qalb bilan Yahovaga xizmat qilishni tanlasak, qalb eshigimizni ochgan bo‘lamiz. Shunda biz Yahovaga eng a’lo tuhfani, ya’ni sadoqatimizni beramiz va bu bilan Unga ulkan quvonch keltiramiz. Darhaqiqat, Yahovaga xizmat qilib, Uni mamnun etishdek baxtga nima ham bas kela olardi?! (Havoriylar 20:35; Vahiy 4:11).

Boz ustiga, ilohiy xizmatingizni tiklaganingiz sayin, ma’naviy ehtiyojlaringizni qondira olasiz (Matto 5:3). Masalan, ba’zi odamlarda: «Nega dunyoga kelganmiz?» — degan savol tug‘iladi. Ular hayot mazmuni to‘g‘risidagi savollarga javob topishga tashnalar. Zero Yahova insoniyatni mana shunday ehtiyoj bilan yaratgan. Ha, Unga xizmat qilsakkina, qoniqarli hayot kechira olamiz. Sevgi ila Yahovaga topinayotganimizni fahmlash, bizga cheksiz xursandchilik keltiradi, shunday emasmi?! (Zabur 62:2–6).

Iltimos, Yahova Unga qaytib kelishingizni istayotganini unutmang. Hali ham bunda shubhalanyapsizmi? Bo‘lmasa bular haqda o‘ylab ko‘ring: bu risola ko‘p ibodatlar bilan puxta tayyorlangan. Keyin oqsoqol yoki boshqa bir imondosh diqqatingizni bu risolaga qaratgandir. Va nihoyat uni o‘qishingizga va muayyan harakatlar qilishingizga undov paydo bo‘lgandir. Bularning barchasi Yahova sizni unutmaganini, aksincha, mehr ila qaytishga undayotganini tasdiqlaydi (Yuhanno 6:44).

Yahova adashgan xizmatchilarini hech qachon esidan chiqarmasligini bilish, tasalli baxsh etadi. Donna buni o‘zida his etgan. U shunday deb bo‘lishyapti: «Yahovadan asta-sekin uzoqlashayotgan edim, ammo Zabur 138:23, 24 dagi so‘zlar takror-batakror xayolimda aylanardi. U yerda: “Tekshirib ko‘r meni, ey Egam, yuragimni bil, sinab ko‘r meni, tashvishlarimni bil. Bilgin-chi, mening biron qabihligim bormikan? Meni abadiy yo‘ldan yetaklab borgin”,— deb aytilgan. Men bu dunyoga tegishli emasligimni, ya’ni hech qachon unda o‘z o‘rnimni topolmasligimni bilardim. Shuni aniq tushundimki, mening joyim Yahovaning tashkilotida ekan. Yahova meni aslo tashlab ketmaganini anglay boshladim. Men Unga qaytish yo‘lini topishim kerak edi, xolos. Va buni qila olganimdan behad baxtiyorman!»

Yahovaga qaytsangiz, U sizga yordam beradi

Samimiy iltijo qilamizki, «Egamiz tufayli topgan sevinchingiz» qaytadan qalbingizdan joy olsin (Naximiyo 8:10). Yahovaga qaytganingizdan hech ham afsuslanmaysiz.