Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yetakchi kengashdan xat

Yetakchi kengashdan xat

Aziz imondosh!

Muqaddas Kitob asosan insonlar haqida hikoya qiluvchi kitob ekanligi sizga ma’lum. Xudoning qadimda yashagan sadoqatli xizmatchilari biz singari qiyinchiliklarni boshdan kechirishgan. Ular ham «biz kabi inson» bo‘lishgan (Yoqub 5:17). Ularning ba’zilari g‘am-tashvishlardan ruhan ezilishgan. Boshqalari oila a’zosi yoki imondoshlaridan qattiq xafa bo‘lishgan. Ayrimlari esa o‘tmishdagi xatolari dastidan qiynalishgan.

Bunday kishilar Yahovani butunlay unutishganmi? Yo‘q. Ularning ko‘pchiligi Zabur bastakori singari tuyg‘ularni boshdan kechirishgan. U shunday deb ibodat qilgan: «Adashgan qo‘yday yo‘ldan ozganman, izlab top meni, O‘z qulingni. Zotan, men amrlaringni unutmaganman» (Zabur 118:176). Bu kabi tuyg‘ular sizning ham ko‘nglingizdan o‘tganmi?

Yahova Taolo suruvdan adashib qolgan xizmatchilarini aslo unutmaydi. Aksincha, U ko‘pincha bu xizmatchilariga imondoshlari orqali yordam qo‘lini cho‘zadi. Masalan, Yahova ko‘p musibatlarni boshdan kechirgan xizmatchisi Ayubga qanday ko‘mak berganini ko‘rib chiqaylik. U moliyaviy inqirozga duch kelgan, yaqinlaridan judo bo‘lgan hamda og‘ir kasallikka chalingan edi. Boz ustiga yaqin insonlari uni qo‘llab-quvvatlashning o‘rniga ko‘ngliga ozor yetkazishgan. Garchi Ayub ba’zida mulohazalarida adashgan bo‘lsa-da, lekin hech qachon Yahovadan yuz o‘girmagan (Ayub 1:22; 2:10). Yahova Ayubga ma’naviy holatini qayta tiklashga qanday yordam bergan?

Misol uchun, Yahova Taolo Ayubga Elixu orqali yordam berdi. Ayub ko‘nglidagini to‘kib solganida Elixu uni diqqat bilan tingladi, so‘ng gap boshladi. Xo‘sh, u nima degan ekan? U Ayubni tanqid qildimi yoki aybdorlik va uyalish hissini uyg‘otmoqchi bo‘ldimi? Elixu o‘zini Ayubdan yuqori qo‘ydimi? Aslo! Muqaddas ruh ostida Elixu: «Xudoning oldida siz ham, men ham birmiz, men ham tuproqdan yaralganman»,— deb aytdi. So‘ng: «Mendan qo‘rqmasangiz ham bo‘ladi, sizga hech zulm o‘tkazmayman»,— deya ishontirdi (Ayub 33:6, 7). Yarasiga tuz sepmasdan, Elixu mehr ila Ayubga nasihat va dalda berdi.

Biz ham aynan shu niyatda mazkur risolani tayyorlaganimizga amin bo‘ling. Avvalambor, jamoatdan uzoqlashib qolgan bir nechta kishini tinglab, ularning his-tuyg‘ulari hamda vaziyatlarini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdik (Hikmatlar 18:13). So‘ng Muqaddas Kitobga murojaat qilib, Yahova qadimda yashagan O‘z xizmatchilariga qanday yordam berganini ibodat ila ko‘rib chiqdik. Axir ular ham xuddi shu singari qiyinchiliklarni boshdan kechirishgan-ku! Oxiri, qadimgi hamda zamonaviy misollarni birga yig‘ib, qo‘lingizdagi ushbu risolani nashr etdik. Ushbu ma’lumotni o‘rganib chiqishingizni samimiyat ila tilab qolamiz. Ishoning, biz sizni chin yurakdan sevamiz.

Yahova Shohidlarining Yetakchi kengashi