1 Salonikaliklarga 1:1-10
1 Otamiz Xudo va Hazratimiz Iso Masih bilan birlikda bo‘lgan salonikaliklar* jamoatiga Pavlus, Silvan*+ va Timo‘tiydan+:
Xudoning inoyati va tinchligi sizlarga yor bo‘lsin.
2 Har safar ibodatlarimizda sizlarni tilga olganimizda, doim Allohga shukronalar aytamiz+.
3 Chunki imon bilan qilayotgan ishlaringiz, sevgiga asoslangan mehnatingiz hamda Otamiz Xudo va Hazratimiz Iso Masihga bo‘lgan umidingiz+ tufayli namoyon etayotgan sabr-bardoshingiz hamisha yodimizdadir.
4 Tangri sevgan birodarlar, U sizlarni tanlab olganini bilamiz.
5 Axir biz sizlarga xushxabarni va’z qilganimizda, uni nafaqat so‘zlar bilan, balki kuch, muqaddas ruh va mustahkam ishonch bilan yetkazgan edik-ku. Manfaatingiz uchun qanday yo‘l tutganimizdan o‘zlaringiz ham xabardorsizlar.
6 Sizlar ko‘plab qiyinchiliklarga qaramay+, Allohning kalomini muqaddas ruh ato etgan quvonch bilan qabul qilib, bizga va Hazratimizga+ taqlid qila boshladingizlar+.
7 Shu tariqa sizlar Makedoniya va Axayadagi barcha imonlilarga o‘rnak bo‘ldingizlar.
8 Yahovaning* kalomi sizlar orqali nafaqat Makedoniya va Axayaga tarqaldi, balki har yerdagi odamlar Tangriga bo‘lgan imoningiz haqida eshitishdi+. Shuning uchun biror narsa gapirishimizga hojat yo‘q.
9 Chunki qanday qilib ilk bor sizlar bilan tanishganimizni hamda barhayot va haq Allohning qullari bo‘lish uchun sizlar qay tarzda butlaringizni rad etib+, Xudoga qaytganingizni ularning o‘zlari aytib berishmoqda.
10 Sizlar Tangriga qaytib, tiriltirgan O‘g‘lining, ya’ni Isoning osmondan kelishini kutyapsizlar+. U bizlarni kelajakdagi g‘azabdan qutqaradi+.