Shohlar birinchi kitob 1:1-28

  • Elqana va uning ikkita xotini (1-8)

  • Befarzand Xanna o‘g‘il so‘rab ibodat qiladi (9-18)

  • Shomuil tug‘iladi va Yahovaga beriladi (19-28)

1  Efrayim tog‘li hududida, Ramatayim-Zofimda*+ Elqana+ ismli efrayimlik*+ kishi yashardi. Otasining ismi Yeroxam, bobosiniki esa Elixu edi. Elixu Zuf o‘g‘li bo‘lmish To‘xuning o‘g‘li edi.  Elqananing ikkita xotini bo‘lib, birining ismi Xanna, ikkinchisiniki Paninna edi. Paninnaning farzandlari bor edi, ammo Xanna befarzand edi.  Elqana har yili Qo‘shinlar Sarvari Yahovaga topinish* va qurbonlik keltirish uchun Shilo‘ga+ borardi. Elaxning Xo‘fnax va Finxaz+ ismli o‘g‘illari u yerda Yahovaga ruhoniy bo‘lib xizmat qilishardi+.  Bir kuni Elqana qurbonlik keltirib, Paninnaga va hamma o‘g‘il-qizlariga qurbonlik go‘shtidan bo‘lib berdi+.  Xannaga esa qurbonlikning yaxshi joyidan berdi, chunki u Xannani judayam yaxshi ko‘rardi. Lekin Yahova unga farzand bermagan edi*.  Yahova Xannaga bola bermagani uchun kundoshi uni mazax qilib, tinmay dilini og‘ritardi.  Bu hol yildan-yilga davom etib kelardi. Xanna Yahovaning uyiga+ borganida, kundoshi uni shunchalar mazax qildiki, u yig‘lab, tuz ham totmadi.  Ammo eri Elqana unga: «Xanna, nega yig‘layapsan? Nega hech nima yemayapsan? Nega bunchalar xomushsan? Axir men sen uchun o‘nta o‘g‘ildan ko‘ra afzalroq emasmanmi?» — dedi.  Ular Shilo‘da yeb-ichib bo‘lishgach, Xanna o‘rnidan turdi. Bu payt ruhoniy Elax Yahova ma’badining*+ kiraverishida, kursida o‘tirgan edi. 10  Xanna qattiq qayg‘urganidan Yahovaga ibodat qilib+, o‘zini yig‘idan tiya olmadi. 11  U: «Ey, Qo‘shinlar Sarvari Yahova, agar cho‘ringning qayg‘usiga e’tibor qaratib, meni yodga olsang va unutmasdan menga o‘g‘il bersang+, ey Yahova, men uni Senga beraman. U bir umr Senga xizmat qiladi, boshiga ustara tegmaydi»+,— deya qasam ichdi. 12  Xanna Yahovaga uzoq vaqt ibodat qilib turdi. Elax esa unga qarab turardi. 13  Xanna ichida gapirayotgani uchun ovozi chiqmasdi, faqatgina lablari qimirlab turardi. Elax uni mast deb o‘yladi. 14  Elax unga: «Qachongacha mast bo‘lib yurasan? Kayfing tarqagandan so‘ng kel»,— dedi. 15  Xanna unga javoban: «Taqsirim, men mast emasman. Aksincha, ko‘ngli g‘amga to‘lgan* bir ayolman. Sharob yoki boshqa ichkilik ichmadim. Men Yahovaning huzurida yuragimda borini to‘kib solyapman+. 16  Cho‘ringizni yaramas ayol deb o‘ylamang, qattiq jafo chekkanimdan uzoq ibodat qilyapman»,— deb aytdi. 17  Elax unga: «Eson-omon bor. Isroilning Tangrisi tilagingni bajo keltirsin»+,— dedi. 18  Unga javoban Xanna: «Nazaringizda iltifot topayin»,— dedi. So‘ng u yerdan ketib ovqat yedi, endi uning chehrasi ochiq edi. 19  Ular ertalab sahar turib, Yahovaning huzurida sajda qilishdi. Keyin Ramaga+, o‘z uylariga qaytib ketishdi. Elqana xotini Xanna bilan birga bo‘ldi va Yahova Xannani esladi+. 20  Bir yil o‘tar-o‘tmas*, Xanna homilador bo‘ldi va o‘g‘il ko‘rdi. U: «Men uni Yahovadan so‘rab olganman»,— deya unga Shomuil* deb ism berdi+. 21  Vaqt o‘tib, Elqana xonadon ahli bilan Yahovaga har yili keltiradigan qurbonlikni+ va qasam nazrini taqdim etish uchun yo‘lga chiqdi. 22  Ammo Xanna ular bilan bormadi+. U eriga: «Bolani sutdan chiqarganimdan so‘ng, uni Yahovaning huzuriga olib boraman. Keyin u bir umrga o‘sha yerda qoladi»+,— deb aytdi. 23  Elqana unga: «Senga qanday ma’qul bo‘lsa, shunday qil. Uni ko‘krakdan ajratguncha uyda qola qol. Yahova aytganingni bajo keltirsin»,— dedi. Shu yo‘sin Xanna uyda qoldi va o‘g‘lini sutdan chiqarguncha, unga g‘amxo‘rlik qildi. 24  Bolani ko‘krakdan ajratgandan keyin, Xanna uch yashar buqa, bir efa* un va bir ko‘za sharobni olib+, o‘g‘li bilan birga Yahovaning Shilo‘dagi+ uyiga keldi. O‘g‘li yonida edi. 25  Ular buqani so‘yishdi, so‘ng bolani Elaxga olib borishdi. 26  Xanna shunday dedi: «Taqsirim, kechirasiz. Men sizning yoningizda, shu yerda turib Yahovaga ibodat qilgan o‘sha ayolman+. 27  O‘shanda mana shu bolani so‘rab ibodat qilgan edim. Yahova tilagimni bajo keltirdi+. 28  Endi o‘g‘limni Yahovaga beraman*. U bir umr Yahovaga tegishli bo‘ladi». Elqana o‘sha yerda Yahovaga ta’zim qildi.

Izohlar

Elqana Efrayim tog‘li hududida yashagan bo‘lsa-da, aslida u levi bo‘lgan. 1Sl 6:19, 22-28 ga q.
Yoki «Ramadagi zufiy».
Yoki «sajda qilish».
So‘zma-so‘z «bachadonini yopib qo‘ygan edi».
Ya’ni muqaddas chodirning.
Yoki «ruhi ezilgan».
Boshqa variant «Belgilangan vaqtda».
Ma’nosi «Xudoning ismi».
So‘zma-so‘z «qarzga beraman».