Shohlar birinchi kitob 18:1-30
18 Dovud Shoul bilan gaplashib bo‘lgach, Yo‘natan+ bilan Dovud yaqin do‘st bo‘lib qoldilar. Yo‘natan uni o‘z joniday yaxshi ko‘rib qoldi+.
2 O‘sha kuni Shoul Dovudni yonida olib qoldi. Unga otasining uyiga ketishga ijozat bermadi+.
3 Yo‘natan Dovudni o‘z joniday yaxshi ko‘rib qolgani+ uchun, ikkovi do‘st bo‘lishga ahd qildi+.
4 Yo‘natan egnidagi kamzulini yechib, qilichi, kamoni, kamari hamda boshqa kiyimlari bilan birga Dovudga berdi.
5 Dovud janglarga bora boshladi. Shoul uni qayerga yubormasin, u muvaffaqiyat qozonardi*+. Shunda Shoul uni jangchilar+ ustidan boshliq etib tayinladi. Bu, Shoulning xizmatkorlariga va butun xalqga ma’qul keldi.
6 Dovud odamlari bilan filistimliklarni mag‘lub qilib qaytayotganida, Isroilning barcha shaharlaridan ayollar qo‘shiq aytgancha+, raqsga tushib chiqishardi. Ular shodlikdan childirma-yu uch torli asboblarni chalgancha, shoh Shoulni qarshi olishardi+.
7 G‘alabani nishonlayotgan ayollar shunday deb kuylashardi:
«Shoul minglab dushmanlarni o‘ldirdi,Dovud esa o‘n minglab dushmanlarni o‘ldirdi»+.
8 Shoulga bu qo‘shiq yoqmadi, u qattiq g‘azablanib+, o‘zicha shunday deb o‘yladi: «Dovudga o‘ldirilgan dushmanlarning o‘n minglarchasi uchun, menga esa atigi minglarchasi uchun maqtov aytishdi. Unga berilmagan bitta shohlik qolibdi, xolos!»+
9 O‘sha kundan boshlab, Shoul Dovudga shubha bilan qaraydigan bo‘ldi.
10 Ertasi kuni, Dovud odatdagiday arfa chalib o‘tirganda+, Xudodan bo‘lgan yomon ruh* Shoulni qamrab oldi+ va u uyning ichida o‘zini g‘alati* tuta boshladi. Uning qo‘lida nayza bor edi+.
11 U o‘zicha: «Dovudni devorga qadab qo‘yaman»,— dedi-da, nayzani unga otdi+. Ammo Dovud ikki marta chap berib qutuldi.
12 Shoul Dovuddan qo‘rqib qoldi. Chunki Yahova Dovud bilan birga bo‘lib+, Shoulni esa tark etgan edi+.
13 Shunda Shoul Dovudni o‘zidan nari qilish uchun, uni mingboshi etib tayinladi. Dovud janglarda qo‘shinga boshchilik qilardi+.
14 Dovud nimaiki qilmasin, muvaffaqiyatga erishib borardi+ va Yahova u bilan edi+.
15 Shoul Dovudning judayam muvaffaqiyatli ekanini ko‘rib, undan qo‘rqadigan bo‘ldi.
16 Ammo butun Isroil bilan Yahudo xalqi uni yaxshi ko‘rardi, chunki Dovud janglarda ularga boshchilik qilardi.
17 Vaqt o‘tib, Shoul Dovudga: «Mana, to‘ng‘ich qizim Merav+. Uni senga xotinlikka beraman+. Lekin sen menga jasorat ila xizmat qilishda davom etib, Yahovaning urushlarida jang qil»+,— dedi. Shoul ichida: «U mening qo‘limdan emas, filistimliklar qo‘lidan o‘lsin»+,— deb o‘yladi.
18 Dovud bunga javoban Shoulga: «Men va qarindoshlarim hamda otamning oilasi Isroilda kim bo‘libdiki, shohga kuyov bo‘lsam?!»+ — dedi.
19 Biroq qizi Meravni Dovudga beradigan payt kelganda, u maxlalik Odriyolga+ xotinlikka berib yuborilgani ma’lum bo‘ldi.
20 Shoulning qizi Mixal+ Dovudni sevib qolgan edi. Bu xabarni eshitib, Shoul xursand bo‘ldi.
21 Shunda u: «Qizimni Dovudga uzatish orqali uni tuzoqga tushiraman. O‘shanda Dovud filistimliklarning qo‘lidan o‘ladi»+,— deb o‘yladi. Keyin Shoul Dovudga ikkinchi marta: «Endi menga kuyov bo‘l*»,— deb aytdi.
22 Shoul xizmatkorlariga: «Dovud bilan xoli gaplashib, unga: “Shoh sendan mamnun, barcha xizmatkorlar ham seni yaxshi ko‘rishadi. Fursatni boy bermasdan shohga kuyov bo‘lib ol”,— deb aytinglar»,— deb buyurdi.
23 Shoulning xizmatkorlari Dovudga bu gaplarni aytishdi. Dovud ularga: «Shohga kuyov bo‘lish oson deb o‘ylaysizlarmi?! Axir men kambag‘al, oddiy bir odamman-ku!»+ — dedi.
24 Xizmatkorlar Dovudning gaplarini Shoulga yetkazishdi.
25 Bunga Shoul: «Dovudga: “Shoh sendan qalin+ talab qilmayapti. Sen shohning dushmanlaridan qasos olish uchun 100 ta filistimlikning sunnat terisini+ olib kelsang bas”,— deb aytinglar»,— dedi. Aslida Shoul, Dovud filistimliklar qo‘lidan o‘lishini rejalashtirgan edi.
26 Uning xizmatkorlari Dovudga bu gaplarni aytib berishdi. Shohga kuyov bo‘lish fikri Dovudga yoqib qoldi+. Belgilangan vaqtdan ilgari,
27 Dovud odamlari bilan borib, 200 ta filistimlikni o‘ldirdi. U shohga kuyov bo‘lish maqsadida, 200 ta sunnat terisini shohga olib bordi. Shunday qilib, Shoul qizi Mixalni unga xotinlikka berdi+.
28 Yahova Dovud bilan ekanini+ va qizi Mixal uni sevishini+ Shoul tushunib yetdi.
29 Shoul Dovuddan battar qo‘rqa boshladi. U umrining oxirigacha Dovudga dushman bo‘lib qoldi+.
30 Filistimlik beklar jang qilgani chiqishardi. Ko‘pincha ular jangga chiqqanda, Shoulning barcha xizmatkorlariga qaraganda, Dovud ko‘proq muvaffaqiyat qozonardi+. Shunday qilib, uning obro‘yi oshib boraverdi+.
Izohlar
^ Yoki «oqilona yo‘l tutardi».
^ Yoki «yomonlik qilishga moyillik». Yahova, Shoulning ichki holati uni qiynashiga yo‘l qo‘ydi.
^ Yoki «payg‘ambarlarday».
^ Yoki «quda-andachilik qilaylik».