Shohlar birinchi kitob 2:1-36
2 Xanna ibodat qilib, dedi:
«Qalbim Yahova ila shod bo‘lgay+,Yahova tufayli qudratim oshdi*,
Hayiqmay dushmanlarimga qarshi gapiraman,Menga najot berganing uchun quvonaman.
2 Yahova kabi muqaddas hech kim yo‘q,Senga o‘xshagan Tangri yo‘qdir+,Allohimiz kabi mustahkam qoya yo‘q+.
3 Manmanlik ila gapirishni bas qiling,Og‘zingizdan takabburona so‘zlar chiqmasin,Yahova hamma narsani bilguvchi Xudodir+,U insonning ishlariga to‘g‘ri baho berar.
4 Qudratli kishilarning kamoni sindirilar,Zaiflar esa quvvatga to‘lar+.
5 Qorni to‘qlar non uchun mardikorlik qilar,Qorni ochlar esa boshqa och qolmas+.
Bepusht ayol yettita o‘g‘il ko‘rdi+,Ko‘p o‘g‘illi ayol esa yolg‘iz qoldi.
6 Yahova yo‘q qilishga ham, hayotni saqlab qolishga ham qodir,U insonni qabrga* tushirishga ham, undan olib chiqishga ham qodir+.
7 Yahova insonni ham qashshoq, ham boy qila olar+,U insonni ham pasaytirishga, ham yuksaltirishga qodir+.
8 U bechorani tuproqdan,Kambag‘alni kuldan* turg‘izar+,Ularni asilzodalar bilan birga o‘tqazar,Ularga sharafli o‘rinni berar.
Yerning ustunlari Yahovaga tegishlidir+,Serhosil yerni ularning ustiga o‘rnatgan.
9 U sadoqatli kishilarning qadamini qo‘riqlar+,Yovuzlar zulmatda yo‘q qilinar+,Zero, inson o‘z kuchi ila g‘alaba qozonmas+.
10 Yahova Unga qarshi jang qilayotganlarni parchalab tashlar*+,Ularga g‘azabini sochganda, osmonda momaqaldiroq guldurar+,
Yahova yerning chetlariga qadar hakamlik qilar+,Tayinlagan shohiga hokimiyat berar+,Moylanganining qudratini oshirar*+».
11 Keyin Elqana Ramaga, o‘z uyiga qaytib ketdi. Bola esa ruhoniy Elaxning boshchiligi ostida Yahovaga xizmat qila boshladi+.
12 Elaxning o‘g‘illari yovuz kishilar bo‘lib+, Yahovani hurmat qilishmas edi.
13 Xalqdan ruhoniylarga tegadigan ulush bilan ular shunday yo‘l tutishardi+: biron kishi qurbonlik keltirsa, go‘sht qaynatilayotgan paytda ruhoniyning yordamchisi uch tishli sanchqini olib,
14 qozonlardan biriga tiqardi. Sanchqiga nima ilinsa, ruhoniy uni o‘ziga olar edi. Shilo‘ga kelgan isroilliklarga ular shunday munosabatda bo‘lishardi.
15 Qurbonlik yog‘i kuydirilishidan+ avval, ruhoniyning yordamchisi kelib, qurbonlik keltirayotgan kishiga: «Qovurish uchun ruhoniyga go‘sht ber. Unga qaynatilgan go‘sht kerak emas, faqat xom go‘sht ber»,— deb aytardi.
16 U: «Oldin yog‘ni kuydirishsin+, keyin istaganingizni* olaverasiz»,— deb aytsa, ruhoniyning yordamchisi: «Yo‘q, hozir ber! Bo‘lmasa zo‘rlik bilan tortib olaman»,— derdi.
17 Bu ishlari bilan yordamchilar Yahovaning oldida og‘ir gunohga botib ketishdi+, chunki bu odamlar Yahovaga keltirilayotgan qurbonliklarni nazar-pisand qilishmas edi.
18 Shomuil esa yosh bo‘lishiga qaramay, zig‘ir matodan efod kiyib+, Yahovaning huzurida xizmat qilib yurardi+.
19 Uning ota-onasi har yilgi qurbonlikni nazr qilish uchun kelganda+, onasi Shomuilga har safar kamzul tikib olib kelardi.
20 Elax Elqana bilan xotinini duo qilib: «Yahovaga bergan o‘g‘ling o‘rniga, Yahova mana shu xotiningdan senga yana farzandlar ato etsin»+,— dedi. Keyin ular uylariga qaytib ketishdi.
21 Yahova Xannaga e’tibor qaratgani tufayli u homilador bo‘lib+, uch o‘g‘illi va ikki qizli bo‘ldi. Yosh Shomuil bo‘lsa Yahovaning huzurida o‘sib-ulg‘ayardi+.
22 Elax ancha keksayib qolgan edi. U o‘g‘illarining Isroil xalqiga qilayotgan munosabatlari+ va uchrashuv chodirining kiraverishida xizmat qiladigan ayollar bilan yotib yurishgani haqida eshitib turardi+.
23 U o‘g‘illariga shunday derdi: «Nega bunday ishlarni qilib yuribsizlar? Odamlardan sizlar haqingizda yomon gaplarni eshityapman.
24 O‘g‘illarim, bunday ishlarni bas qilinglar. Sizlar haqda Yahovaning xalqi orasida yurgan gaplardan xabarim bor. Bu yaxshi emas.
25 Biror kishi boshqasiga qarshi gunoh qilsa, u uchun kimdir Yahovaga murojaat qilishi mumkin*. Ammo kishi Yahovaga qarshi gunoh qilsa-chi+, u uchun kim ibodat qiladi?» Biroq ular otasining gaplariga quloq solishmadi. Shu bois, Yahova ularni o‘ldirishga qaror qildi+.
26 Yosh Shomuil esa o‘sib-ulg‘ayar, Yahovaning hamda odamlarning iltifotiga sazovor bo‘lardi+.
27 Elax oldiga Xudoning payg‘ambari kelib, dedi: «Yahova bunday deyapti: “Ota-bobolaring Misrda fir’avn xonadoniga qul bo‘lishganda, Men ularga O‘zimni ochiqchasiga oshkor qilmaganmidim?!+
28 Isroilning barcha qabilalari orasidan Menga ruhoniy bo‘lib xizmat qilishi, qurbonlik keltirish uchun qurbongohimga ko‘tarilishi+, tutatqi tutatishi* va Mening huzurimda efod kiyib yurishi uchun bobongni tanlagan edim+. Isroilliklarning olovda kuydiriladigan barcha nazrlarini bobong xonadoniga bergan edim+.
29 Nega sizlarga maskanimda keltirishni buyurgan qurbonligim va nazrimni mensimayapsizlar?!+ Xalqim Isroil keltirgan nazrlarning eng yaxshi joylarini yeb semiryapsizlar. Nega bunday qilib o‘g‘illaringni Mendan ortiq ko‘ryapsan?!+
30 Isroilning Tangrisi Yahova: “Sening va ota-bobongning xonadoni doimo Menga xizmat qilasizlar*”+,— degan edi. Ammo endi Yahova: “Bundan buyog‘iga boshqacha bo‘ladi. Meni hurmat qilganni Men ham hurmat qilaman+. Meni nazar-pisand qilmaganni Men ham mensimayman”,— deb aytyapti.
31 Mana, shunday kunlar yaqinlashib kelyaptiki, Men sening va otangning xonadoni ustiga falokat yog‘diraman*. Xonadoningda bironta kishi ham nuroniy yoshga yetmaydi+.
32 Isroil xalqiga yaxshilik qilinganda, Mening maskanimda dushmanni ko‘rasan+ va xonadoningda hech qachon keksa yoshga yetgan kishilar bo‘lmaydi.
33 Ko‘zlaring xiralashib, joning azobda qolishi uchun sening xonadoningdan qurbongohimda xizmat qiladigan bir kishini qoldiraman. Lekin xonadoningdagi kishilarning aksariyati qilichdan nobud bo‘ladi+.
34 O‘g‘illaring Xo‘fnax va Finxaz bir kunda o‘ladi+. Bu sen uchun belgi bo‘ladi.
35 Keyin O‘zimga sadoqatli bir ruhoniy tayinlayman+. U Mening xohishimga* muvofiq yo‘l tutadi va Men u uchun asrlar osha turadigan xonadon bunyod etaman. U doimo Mening moylanganim oldida ruhoniy bo‘lib xizmat qiladi.
36 O‘shanda xonadoningda omon qolgan kishi keladi-da, ruhoniyga ta’zim qilib: “Iltimos, yeyishga bir bo‘lak nonim bo‘lishi uchun, meni biror bir ruhoniylik vazifasiga tayinlang”,— deya undan ish bilan non so‘raydi”+».
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «muguzim yuksaldi».
^ Ibr. sheo‘l, ya’ni insoniyatning umumiy qabri. Lug‘atdagi «mozor» so‘ziga q.
^ Boshqa variant «axlat uyumidan».
^ Boshqa variant «Yahovaga qarshi jang qilayotganlar vahimaga tushadi».
^ So‘zma-so‘z «muguzini yuksaltirar».
^ Yoki «joningiz tusaganini».
^ Boshqa variant «Xudo u uchun xolisona hukm chiqaradi».
^ Boshqa variant «tutuni yuqoriga ko‘tariladigan qurbonlikni keltirishi».
^ So‘zma-so‘z «Mening oldimda yurasizlar».
^ So‘zma-so‘z «qo‘lingni chopib tashlayman».
^ Yoki «qalbim va jonim istagiga».