Shohlar birinchi kitob 27:1-12
-
Filistimliklar Zixlaxni Dovudga berishadi (1-12)
27 Dovud: «Bir kun kelib Shoulning qo‘lidan halok bo‘laman. Yaxshisi, filistimliklar yurtiga qochib keta qolay+. Shunda Shoul butun Isroil hududi bo‘ylab meni izlashdan umidini uzadi+. Men bo‘lsam uning qo‘lidan qochib qutulaman»,— deb o‘yladi.
2 Shunday qilib, Dovud 600 nafar odami bilan birga yo‘lga otlanib+, Gat shohi Moyux o‘g‘li Oxishning+ oldiga qarab ketdi.
3 Dovud o‘z odamlari, ularning oilalari hamda ikkita xotini: yizrillik Oxinavam+ va Navolning bevasi bo‘lmish karmillik Obigayl+ bilan birga Gatda, Oxishning oldida yashay boshladi.
4 Dovud Gatga qochib ketgani haqidagi xabar Shoulning qulog‘iga yetib borgach, u Dovudni izlamay qo‘ydi+.
5 Dovud Oxishga: «Agar nazaringizda iltifot topgan bo‘lsam, iltimos, kichik shaharlaringizning biridan menga joy bering, o‘sha yerda yashayin. Xizmatkoringiz siz bilan birga shoh shahrida yashab nima qiladi?» — deya murojaat qildi.
6 O‘sha kuni Oxish unga Zixlaxni+ berdi. Shu bois, Zixlax bugunga qadar Yahudo shohlariga tegishli.
7 Dovud filistimliklar shaharchasida yashayotganiga bir yil-u to‘rt oy bo‘ldi+.
8 Dovud odamlari bilan birga Telamdan Shurgacha+ va Misr yurtiga qadar cho‘zilgan yerlarda yashovchi gashurliklar+, gerzitiylar hamda omoleklarga+ qarshi hujumlar uyushtirardi.
9 Dovud bu yerlarga bostirib borganda, ayollarni ham, erkaklarni ham tirik qoldirmasdi+. Ularning qo‘y-echkilari, qoramoli, eshaklari, tuyalari va kiyim-kechaklarini esa o‘lja qilib olib, Oxishning yoniga qaytib kelardi.
10 Oxish undan: «Bugun qayerga hujum uyushtirding?» — deb so‘raganda, Dovud unga: «Yahudoning janubiga*+» yoki «Yaraxmaliylar+ yurti janubiga» yoki «Xayiniylar+ yurti janubiga»,— deb javob berardi.
11 Gatga olib kelinmasligi uchun, Dovud hech bir erkak yoki ayolni tirik qoldirmas edi. Chunki Dovud: «Ular: “Dovud unday qildi, bunday qildi”— deya bizni sotib qo‘yishadi»,— deb aytardi. (U filistimliklar shaharchasida yashab yurgan butun vaqt davomida shunday yo‘l tutardi.)
12 Oxish esa Dovudga ishonar va o‘zicha: «U o‘z xalqi Isroil uchun jirkanch bo‘lgani aniq. Endi u bir umr mening xizmatkorim bo‘lib qoladi»,— deb o‘ylardi.
Izohlar
^ Yoki «Nagavga».