Solnomalar birinchi kitob 14:1-17

  • Dovudning shohligi mustahkamlanadi (1, 2)

  • Dovudning oilasi (3-7)

  • Filistimliklar mag‘lub etiladi (8-17)

14  Tir podshohi Xiram+ Dovudning huzuriga xabarchilarni jo‘natdi. Shuningdek, shohga saroy qurilishi uchun kedr daraxtining yog‘ochlarini, duradgorlarni hamda tosh teruvchi ustalarni yubordi+.  Shunda Dovud, Yahova uni shoh sifatida tayinlaganini+ va Isroil ustidan shohligini mustahkam qilganini hamda O‘z xalqi Isroilni deb uning shohligini yanada yuksaltirganini angladi+.  Dovud Quddusda ko‘p xotinlar oldi+ va ulardan o‘g‘il-u qizlar ko‘rdi+.  Quddusda tug‘ilgan farzandlarining+ ismlari quyidagilar: Shammuva, Sho‘vav, Natan+, Sulaymon+,  Yibxar, Elishuva, Elfalat,  Nagax, Nafax, Yofiya,  Elishama, Baliyodo va Elifalet.  Filistimliklar Dovud butun Isroil ustidan shoh sifatida moylanganini eshitib+, Dovudni+ izlashga tushishdi. Dovud bundan xabar topib, ularga qarshi otlandi.  Filistimliklar Rafaimlar vodiysiga+ kelib, u yerning aholisiga hujumlar uyushtiradigan bo‘lishdi. 10  Dovud Xudodan: «Filistimliklarga qarshi boraymi? Ularni qo‘limga berasanmi?» — deb so‘radi. Yahova unga javoban: «Ha, bor! Ularni albatta qo‘lingga tutib beraman»+,— dedi. 11  Shunda Dovud Baal-Perazimga+ keldi va u yerda filistimliklarni qirib tashladi. Dovud: «Suv to‘siqni yorib o‘tganiday, haq Tangri dushmanlarimga mening qo‘lim bilan qattiq zarba berdi»,— dedi. Shu bois, o‘sha yerga Baal-Perazim* deb nom berildi. 12  Filistimliklar o‘z butlarini u yerga tashlab qochishdi va Dovudning buyrug‘i bilan butlar yondirib yuborildi+. 13  Bir muncha vaqt o‘tib, filistimliklar yana vodiyga kelib, u yerning aholisiga hujum qilishdi+. 14  Dovud yana Xudodan so‘radi, ammo haq Tangri shunday javob berdi: «Ularning ortidan bormay, aylanib o‘tgin-da, butalar* ro‘parasidan ularga hujum qil+. 15  Butalar ustida birov yurayotganday tovushni eshitishing bilanoq, hujumga o‘t. Chunki filistimliklar qo‘shinini qirib tashlash uchun Alloh sening oldingda boradi»+. 16  Dovud haq Tangri unga buyurganday qildi+. Ular filistimliklar qo‘shinini Givondan to Gezergacha+ qirib borishdi. 17  Dovudning dovrug‘i hamma joylarga tarqaldi va Yahova barcha xalqlarni uning oldida qo‘rquvga soldi+.

Izohlar

Ma’nosi «yorib o‘tishlar egasi».
So‘zma-so‘z «baka butalari». Baka — ibroniycha so‘zning transliterasiyasi. Ma’nosi aniq emas.