Solnomalar birinchi kitob 17:1-27

  • Ma’badni Dovud qurmaydi (1-6)

  • Dovud bilan qilingan shohlik ahdi (7-15)

  • Dovudning shukrona ibodati (16-27)

17  Dovud o‘z saroyiga o‘rnashib olgach, Natan+ payg‘ambarga: «Men kedr daraxtidan qurilgan saroyda yashab yurgan bir paytda+, Yahovaning ahd sandig‘i chodirda turibdi»+,— deb aytdi.  Natan Dovudga: «Yuragingizda qanday niyatingiz bo‘lsa, borib uni amalga oshiring, chunki haq Xudo siz bilan»,— dedi.  O‘sha kuni kechasi Alloh Natanga shunday so‘zlarni aytdi:  «Borib xizmatkorim Dovudga Mening so‘zlarimni yetkaz: “Yahova bunday deb aytmoqda: “Men yashaydigan uyni sen qurmaysan+.  Axir Isroil xalqini Misr yurtidan olib chiqqanimdan buyon Men hech bir uyda yashamay, to shu kungacha chodirma-chodir, bir yerdan boshqa yerga ko‘chib yuribman+.  Shuncha vaqt isroilliklar bilan yurib, Men xalqim Isroil ustidan cho‘pon etib tayinlagan birorta hakamga: “Nega Men uchun kedr daraxtidan uy qurmading?” — deb aytdimmi?”  Xizmatkorim Dovudga bunday deb ayt: “Qo‘shinlar Sarvari Yahova quyidagilarni aytmoqda: “Men seni yaylovdan, suruvni boqib yurgan joydan olib, xalqim Isroilga bosh qilib qo‘ydim+.  Qayerga bormagin, Men sen bilan bo‘lib+, barcha dushmanlaringni oldingdan qirib tashlayman+ va sening nomingni yer yuzidagi buyuk insonlar nomi kabi mashhur qilaman+.  Xalqim Isroil uchun bir joy tayinlab, ularni o‘sha yerga joylashtiraman. Ular o‘sha joyda yashaydi va hech kim ularning tinchligini buzmaydi. Yovuz odamlar endi ilgarigiday ularga jabr-zulm qilmaydi+. 10  Xalqim Isroilga hakamlarni tayinlaganimdan buyon ularga jabr-zulm o‘tkazilmayapti+. Men barcha dushmanlaringni mag‘lub qilaman+. Bundan tashqari, Men senga: “Yahova senga xonadon* barpo etadi”,— deb aytyapman. 11  Umring oxirlab, ota-bobolaringga qo‘shilganingdan keyin, Men zurriyotingni*, o‘g‘illaringdan birini shoh qilib+, uning shohligini mustahkam qilib o‘rnataman+. 12  Mening uyimni u quradi+ va uning taxtini Men toabad mustahkam qilib o‘rnataman+. 13  Men uning otasi, u esa Mening o‘g‘lim bo‘ladi+. Sendan oldingi shohni O‘z mehr-sadoqatimdan mahrum etgan edim+. Uni esa mehr-sadoqatimdan mahrum qilmayman+. 14  Men uni O‘z xonadonim va shohligim ustidan abadiy tayinlayman+ va uning taxti toabad mustahkam o‘rnatiladi”+». 15  Natan bu so‘zlarning hammasini va butun vahiyni Dovudga aytib berdi. 16  Shoh Dovud Yahovaning oldiga kelib tiz cho‘kdi va shunday dedi: «Ey, Tangri Yahova! Men va mening xonadonim kim bo‘libdiki, menga shuncha yaxshiliklar qilding?+ 17  Ey Xudo, buning ustiga, xizmatkoring xonadonining uzoq kelajagi haqida ham gapiryapsan+. Ey, Alloh Yahova, Sen meni ulug‘ odamday ko‘ryapsan. 18  Menga ko‘rsatilgan bunday sharaf haqida xizmatkoring Dovud Senga yana nima ham desin? Axir Sen O‘z xizmatkoringni yaxshi bilasan-ku!+ 19  Ey Yahova, bu ulug‘ ishlarning barini Sen O‘z xizmatkoring hamda irodang haqqi bajarib, O‘z buyukligingni oshkor etding+. 20  Ey Yahova, Senga o‘xshashi yo‘q+. Garchi biz boshqa ko‘p xudolar haqida eshitgan bo‘lsak-da, lekin Sendan o‘zga Tangri yo‘q!+ 21  Yer yuzidagi qaysi xalq Sening xalqing Isroilga o‘xshaydi?+ Ey Alloh, Sen borib ularni O‘z xalqing qilib ozod etding+. Buyuk hamda mahobatli ishlar qilib, O‘z ismingni ulug‘lading+. Misrdan ozodlikka chiqargan xalqing uchun o‘zga xalqlarni ularning oldidan haydading+. 22  Xalqing Isroilni toabad O‘z xalqing qilding+. Ey Yahova, Sen ularning Xudosi bo‘lding+. 23  Endi esa, ey Yahova, xizmatkoring va uning xonadoniga tegishli va’dangni hamisha ado et, aytganlaringni bajar+. 24  Sening isming toabad tursin va yuksalsin+. Shunda odamlar: “Isroilning Xudosi — Qo‘shinlar Sarvari Yahova Isroil Xudosidir!” — deyishadi. Xizmatkoring Dovud xonadoni Sening oldingda mustahkam o‘rnatilsin+. 25  Chunki Sen, ey Tangrim, O‘z xizmatkoringga xonadon bunyod etishingni ayon qilding. Shu bois, xizmatkoring Senga bu so‘zlarni aytib ibodat qilmoqda. 26  Ey Yahova, Sen haq Tangrisan. Sen xizmatkoringga bu yaxshi narsalarni va’da qilding. 27  Agar Senga ma’qul bo‘lsa, xizmatkoring xonadoni Sening oldingda abadiy turishi uchun, uning xonadoniga baraka ato et. Axir Sen, ey Yahova, baraka berding. Endi bu barakang uning xonadonidan arimaydi!»

Izohlar

Yoki «sulola».
So‘zma-so‘z «urug‘ingni».