Solnomalar birinchi kitob 19:1-19

  • Ommonliklar Dovudning xabarchilarini kamsitadi (1-5)

  • Ommonliklar va suriyaliklar ustidan g‘alaba (6-19)

19  Bir muncha vaqt o‘tgach, ommonliklar shohi Naxosh qazo qildi va o‘g‘li uning o‘rniga taxtga o‘tirdi+.  Dovud: «Naxoshning o‘g‘li Xanunga mehribonlik* ko‘rsatayin+, chunki uning otasi Naxosh menga mehribonlik ko‘rsatgan edi»,— deb aytdi. Shu bois, otasi o‘lgani munosabati bilan unga ta’ziya bildirish maqsadida, Dovud Xanunning oldiga o‘z xabarchilarini jo‘natdi. Ammo Dovudning xizmatkorlari ommonliklar+ yurtiga yetib kelganda,  ommonlik beklar Xanunga: «Dovud otangizni hurmat qilgani uchun, mana bu odamlarni ta’ziya bildirgani jo‘natgan deb o‘ylaysizmi?! U xizmatkorlarini yurtni yaxshilab o‘rganib olib, hamma narsadan xabardor bo‘lish, so‘ng uni vayron qilish uchun oldingizga yubormaganmikin?!» — deyishdi.  Bu gaplardan keyin Xanun Dovudning xizmatkorlarini ushlab oldi va soqollarini qirib+, kiyimlarining belidan pastki qismini kesib tashladi-da, ularni haydab yubordi.  Dovudga bu haqda aytishganida, u xizmatkorlarini kutib olish uchun darhol odamlarni jo‘natdi, chunki ular qattiq kamsitilgan edi. Shoh ularga: «Soqolingiz o‘sguncha Yerixoda+ qolinglar, keyin qaytib kelasizlar»,— dedi.  Ommonliklar Dovud ulardan nafratlanayotganini tushunishdi. Shunda Xanun va ommonliklar Mesopotamiya*, Orom-Maxo hamda Zo‘vodan+ jang aravalari bilan otliqlar yollash uchun 1 000 talant* kumush yuborishdi.  Ular 32 000 arava hamda Maxo podshohini va uning odamlarini yollashdi. So‘ngra Midavo+ shahri yoniga kelib, qarorgoh qurishdi. Ommonliklar ham o‘z shaharlaridan chiqib, jangga otlanishdi.  Dovud bu xabarni eshitdi-yu, Yo‘ab+ bilan bor qo‘shinni, shu qatorda eng kuchli jangchilarini jo‘natdi+.  Ommonliklar shahar darvozasi oldida saf tortishdi. Yordamga kelgan shohlar esa alohida ochiq maydonda saf tortishdi. 10  Yo‘ab dushman unga orqa va oldindan hujum qilish uchun yaqinlashayotganini ko‘rib, Isroilning sara jangchilarini tanladi-da, ularni suriyaliklarga qarshi saf torttirdi+. 11  Odamlarining qolganini bo‘lsa, ommonliklarga qarshi saf tortishi uchun akasi Abushayning+ qo‘liga topshirdi. 12  So‘ng Abushayga: «Agar suriyaliklar+ mendan ustun kelsa, menga yordamga keling. Bordi-yu, ommonliklar sizdan ustun kelsa, men yordamga boraman. 13  Xalqimiz va Tangrimizning shaharlari uchun kuchli va jasoratli bo‘lishimiz kerak!+ Yahova bo‘lsa O‘z tomonidan harakat qiladi»,— dedi. 14  Yo‘ab bilan uning odamlari suriyaliklarga qarshi jang qilishdi va suriyaliklar ularning oldiga tushib qochishdi+. 15  Buni ko‘rib, ommonliklar ham uning akasi Abushaydan qochib shaharga kirishdi. Jang tugagach, Yo‘ab Quddusga qaytdi. 16  Suriyaliklar isroilliklarga mag‘lub bo‘lishganini tushunib yetgach, Furot daryosi+ hududiga xabarchilar yuborib, u yerdagi suriyaliklarni chaqirtirdi. Ularni Hadadzarning lashkarboshisi Sho‘vax boshlab keldi+. 17  Dovudga bu xabarni yetkazishganida, u tezda Isroildagi bor qo‘shinni yig‘di-da, Iordan daryosini kechib o‘tib, suriyaliklarga qarshi saf tortdi. Dovud ularga qarshi saf tortgach, jang boshlandi+. 18  Biroq suriyaliklar Isroil lashkari oldiga tushib qochishdi. Dovud suriyaliklarning 7 000 ta aravakashini va 40 000 ta piyoda askarini qirib tashladi. U lashkarboshi Sho‘vaxni ham o‘ldirdi. 19  Hadadzarga xizmat qilganlar Isroil lashkari tomonidan yengilishganini+ tushunib yetgach, darhol Dovud bilan tinchlik sulhini tuzib, unga qaram bo‘lishdi+. Shundan keyin, suriyaliklar ommonliklarga yordam bermay qo‘yishdi.

Izohlar

Yoki «mehr-sadoqat».
So‘zma-so‘z «Orom-Naxrayim».
Bir talant=34,2 kg. Ilovaning B14 mavzusiga q.