Solnomalar birinchi kitob 22:1-19

  • Dovud ma’bad uchun tayyorgarlik ko‘radi (1-5)

  • Dovud Sulaymonga yo‘l-yo‘riqlar beradi (6-16)

  • Beklarga Sulaymonga yordam berish buyuriladi (17-19)

22  So‘ng Dovud: «Mana shu yerda Alloh Yahovaga atab uy barpo etiladi va Isroil xalqi kuydiriladigan qurbonlik keltirishi uchun qurbongoh o‘rnatiladi»+,— deb aytdi.  Dovud Isroilda yashovchi musofirlarni+ to‘plashni buyurdi va ularni haq Xudoning uyi qurilishida tosh yo‘nuvchilaru sangtaroshlar etib tayinladi+.  Dovud darvoza eshiklari uchun mixlar va oshiq-moshiqlar yasalishiga ko‘p miqdorda temir hozirlab qo‘ydi. Shuningdek, o‘lchab bo‘lmaydigan darajada juda ko‘p mis+,  behisob kedr yog‘ochlarini+ tayyorladi. Chunki sidonliklar+ bilan tirliklar+ Dovudga anchagina kedr yog‘ochlarini olib kelishgan edi.  Dovud: «O‘g‘lim Sulaymon hali yosh va tajribasiz+. Yahovaga atab quriladigan uy nihoyatda mahobatli bo‘lishi lozim+. Toki uning dovrug‘i va go‘zalligi+ butun yurt bo‘ylab yoyilsin+. Shu bois, o‘g‘lim uchun tayyorgarlik qilib qo‘yaman»,— dedi. Shunday qilib, u o‘limi oldidan juda ko‘p miqdorda qurilish ashyolarini hozirlab qo‘ydi.  Bundan tashqari, Dovud o‘g‘li Sulaymonni chaqirtirib, Isroil Xudosi Yahovaning uyini qurish borasida yo‘l-yo‘riqlar berdi.  Dovud o‘g‘liga dedi: «Allohim Yahovaning ismiga atab uy bunyod etishni ko‘nglimda niyat qilgan edim+.  Ammo Yahova menga shunday dedi: “Sen juda ham ko‘p qon to‘kding va katta janglarni olib bording. Mening ismimga atalgan uyni sen qurmaysan+, chunki sen Mening oldimda — yer yuzida nihoyatda ko‘p qon to‘kding.  Sen o‘g‘il ko‘rasan+, u tinchliksevar inson bo‘ladi. Atrofidagi barcha dushmanlaridan Men uni himoya qilib, tinchlik ato etaman+. Uning ismi Sulaymon* bo‘ladi+ va uning davrida Isroilga tinchlik-xotirjamlik beraman+. 10  Mening ismimga atab uyni u quradi+. U Mening o‘g‘lim, Men uning Otasi bo‘laman+. Uning Isroil ustidan shohlik taxtini toabad mustahkam qilib o‘rnataman”+. 11  O‘g‘lim, iloyo, Yahova sen bilan bo‘lsin! Muvaffaqiyatli bo‘l va U sen haqingda aytganiday, Tangring Yahovaga atab uy bunyod etgin+. 12  Yahova senga Isroil ustidan boshqaruvni topshirganda, Xudoying Yahovaning qonuniga amal qilishing uchun, U senga aql-idrok va zakovat ham bersin+. 13  Yahova Muso orqali Isroilga bergan qonun-qoida+ va hukmlarga sidqidildan rioya qilsang, muvaffaqiyat qozonasan+. Jasoratli va mahkam bo‘l. Hecham qo‘rqma, vahimaga tushma+. 14  Men ko‘p mashaqqat chekib, Yahovaning uyi uchun 100 000 talant* oltin, 1 000 000 talant kumush va ko‘p miqdorda, hisobiga yetib bo‘lmaydigan mis bilan temir tayyorlab qo‘ydim+. Shuningdek, yog‘ochlar-u toshlarni hozirladim+, ammo sen bularga yana qo‘shishing kerak. 15  Ixtiyoringda ko‘p ishchilar — tosh yo‘nuvchilar, tosh teruvchilar+, duradgorlar va har turli mahoratli ishchilar bor+. 16  Oltin, kumush, mis, temir ham juda ko‘p+. Belingni bog‘lab, ishga kirish! Yahova senga yor bo‘lsin!»+ 17  Dovud barcha Isroil beklariga o‘g‘li Sulaymonga yordam berishlarini buyurib, shunday dedi: 18  «Xudoyingiz Yahova sizlar bilan bo‘lib, har tomondan tinchlik berdi va bu yurtning aholisini qo‘limga topshirdi. Shu bois, yurt Yahovaga va Uning xalqiga tobe bo‘ldi. 19  Tangringiz Yahovani butun qalbingiz-u joningiz bilan izlashga ahd qilinglar+ va haq Xudo Yahovaning ma’badini qurishni boshlanglar+. Yahovaning ahd sandig‘ini va Allohning muqaddas anjomlarini+ Yahovaning ismiga atab bunyod etiladigan uyga+ olib kiringlar».

Izohlar

Ibroniycha «tinchlik» so‘zidan kelib chiqqan.
Bir talant=34,2 kg. Ilovaning B14 mavzusiga q.