2 Korinfliklarga 4:1-18
4 Bu xizmatga Allohning rahm-shafqati tufayli ega bo‘lgan ekanmiz, taslim bo‘lmaymiz.
2 Uyatli bo‘lgan sirli ishlardan voz kechib, ayyorlik ham qilmaymiz, Tangrining kalomiga hech narsa qo‘shmaymiz ham, olib ham qo‘ymaymiz+. Aksincha, Xudoning nazarida har bir insonning vijdoni uchun o‘zimizni o‘rnak qilib ko‘rsatib, haqiqatni oshkor etamiz+.
3 Bordi-yu, biz va’z etayotgan xushxabar yopinchiq bilan to‘silgan bo‘lsa, u halok bo‘ladiganlar uchun to‘silgan.
4 Chunki Tangrining tasviri bo‘lgan Masih+ haqidagi ulug‘vor xushxabarning nuri ularning ustidan porlamasin deb+, ushbu zamonaning* xudosi+ imonsizlarning zehnlarini ko‘r qilib qo‘ygan+.
5 Axir biz va’z qilganimizda o‘zimiz to‘g‘rimizda emas, balki Iso Masih Hazratimiz ekani haqida gapiramiz. O‘zimizni esa Iso haqqi sizlarning qullaringiz, deb e’lon qilamiz.
6 Zero: «Qorong‘ilikda nur porlasin»+,— degan Allohning O‘zi qalblarimizga nur sochib+, Masihning yuzi orqali O‘zi haqidagi ulug‘vor bilim bilan yoritdi.
7 Insonlarnikidan ustun turgan kuch bizdan emas, Xudodan ekani aniq ko‘rinib tursin deb+, biz ushbu xazinani+ loydan yasalgan idishlarda+ saqlab yuribmiz.
8 Biz har tomonlama siquvga olingan bo‘lsak-da, lekin ezilmaymiz. Nima qilishimizni bilmasak-da, chorasiz emasmiz*+.
9 Ta’qib qilinyapmiz, lekin tashlab qo‘yilmaganmiz+. Bizni urib qulatishsa-da, biroq halok bo‘lmayapmiz+.
10 Isoning hayoti tanamizda oshkor bo‘lishi uchun doimo Isoga o‘xshab qo‘pol muomalaga chidab kelyapmiz+.
11 Bizning o‘tkinchi tanamizda Isoning hayoti oshkor bo‘lsin deb, biz yashayotganlar Iso haqqi o‘limga ro‘baro‘ kelyapmiz+.
12 Bizning o‘limga duchor bo‘lishimiz natijasida esa sizlar hayotga ega bo‘lyapsizlar.
13 Muqaddas Yozuvlarda: «Men ishondim, shu bois gapirdim»+,— deyilgan. Biz ham shunday ruhiyatga ega bo‘lib, ishonganimiz uchun gapiryapmiz.
14 Bilamizki, Isoni tiriltirgan Xudo, u bilan birga bizni ham tiriltiradi va sizlar bilan birga O‘z huzurida turg‘izib qo‘yadi+.
15 Bularning bari sizlar uchun bo‘lyapti, toki ko‘p kishilarning Allohga shukrona aytishi tufayli mo‘l-ko‘l inoyat yanada oshib borib, Tangriga shon-sharaflar keltirsin+.
16 Ana shu sababdan biz taslim bo‘lmaymiz, garchi tashqi qiyofamiz so‘lib borayotgan bo‘lsa-da, ichki dunyomiz kundan-kunga yangilanyapti.
17 Biz duch kelayotgan qayg‘ular yengil va qisqa muddatlidir, lekin ular bizga abadiy va beqiyos sharaf keltiradi+.
18 Bizning nigohimiz ko‘rinadigan narsalarga emas, ko‘rinmaydigan narsalarga qaratilgan+. Chunki ko‘rinadiganlari vaqtinchalik, ko‘rinmaydiganlari esa abadiydir.