Shohlar ikkinchi kitob 13:1-39

  • Omno‘n Tamaraning nomusiga tegadi (1-22)

  • Absalom Omno‘nni o‘ldiradi (23-33)

  • Absalom Gashurga qochib ketadi (34-39)

13  Dovudning o‘g‘li Absalomning Tamara+ ismli go‘zal singlisi bor edi. Dovudning o‘g‘li Omno‘n+ esa uni sevib qoldi.  Tamara bokira bo‘lgani bois, Omno‘n uchun unga yaqinlashish imkonsiz bo‘lib ko‘rinardi. Omno‘n bu haqda o‘ylab qattiq jafo chekkanidan kasal bo‘lib qoldi.  Omno‘nning Yohunadov+ degan juda mug‘ombir do‘sti bor edi. U Dovudning akasi Shimoxning+ o‘g‘li edi.  Yohunadov undan: «Ayting-chi shahzodam, nega doim xomushsiz?» — deb so‘radi. Omno‘n: «Men ukam Absalomning singlisi+ Tamarani sevib qolganman»,— deb aytdi.  Yohunadov unga shunday dedi: «O‘rningizga yotib, o‘zingizni kasalga soling. Otangiz sizni ko‘rgani kelganlarida, u kishiga: “Iltimos, singlim Tamara kelib, menga taom tayyorlab bersin. Ko‘z oldimda bemorga beriladigan taomdan pishirib bersa, uning qo‘lidan yegan bo‘lardim”,— deb ayting».  Shunday qilib, Omno‘n o‘zini kasalga solib, yotib oldi. Shoh uni ko‘rgani kelganida, Omno‘n shohga: «Iltimos, singlim Tamara kelib, ko‘z oldimda menga ikkita non* pishirib bersin, uning qo‘lidan taom yeyayin»,— deb aytdi.  Shunda Dovud Tamaraga: «Akang Omno‘nning uyiga borgin-da, unga taom tayyorlab bergin»,— deb aytish uchun uning uyiga odam yubordi.  Tamara to‘shakda yotgan akasi Omno‘nning uyiga bordi. U xamir qorib, akasining ko‘z oldida non yasadi-da, nonlarni* pishirdi.  Keyin Tamara ularni tovadan olib, Omno‘nning oldiga qo‘ydi. Lekin Omno‘n yeyishni istamay: «Hammangiz chiqib keting!» — deb buyurdi va hamma chiqib ketdi. 10  Omno‘n Tamaraga: «Taomni yotoqxonaga olib kir, sening qo‘lingdan yeyman»,— dedi. Tamara pishirgan nonlarini olib, akasi Omno‘nning yotoqxonasiga olib kirdi. 11  Tamara, akasi yeyishi uchun nonni yaqin olib kelganida, Omno‘n uni ushlab olib: «Singlim, kel, men bilan yot»,— dedi. 12  Ammo Tamara unga: «Yo‘q, aka! Meni xo‘rlamang! Axir Isroilda bunday qilinmaydi-ku+. Bunday sharmandali ishga qo‘l urmang+. 13  Bu sharmandalik bilan keyin qanday yashayman? Siz ham Isroilda axloqsiz odam degan nom chiqarasiz. Iltimos, shohga ayting, meni sizga berishga qarshi bo‘lmaydilar»,— deb aytdi. 14  Biroq Omno‘n uni tinglashni istamadi. U kuch ishlatib, uning nomusiga tegib xo‘rladi. 15  Bundan so‘ng, Omno‘n Tamaradan qattiq nafratlanib ketdi. Uning nafrati unga bo‘lgan sevgisidan kuchliroq edi. Omno‘n unga: «Tur, yo‘qol bu yerdan!» — dedi. 16  Tamara bo‘lsa: «Yo‘q, akajon, meni haydamang! Bu ishingiz, bundan oldingisidan ham yomonroq-ku!» — deb aytdi. Lekin Omno‘n uni tinglashni xohlamadi. 17  U bir xizmatchi yigitni chaqirib: «Manavini tashqariga chiqarib, orqasidan eshikni bekitib qo‘y»,— dedi. 18  (Qizning egnida shohning bokira qizlari kiyib yuradigan naqshli* kamzuli bor edi.) Omno‘nning xizmatkori uni tashqariga chiqarib yuborib, orqasidan eshikni bekitib qo‘ydi. 19  Tamara boshiga kul sepib+, egnidagi chiroyli kamzulini yirtib tashladi. U qo‘llari bilan boshini ushlab keta boshladi, u yo‘l bo‘yi yig‘lab ketdi. 20  Buni ko‘rib, Absalom+ unga: «Akang Omno‘n seni shu ko‘yga soldimi? Singlim, bu haqda hech kimga aytma. U akang bo‘ladi+. Buni o‘ylab yuraging ezilmasin»,— dedi. Tamara hech kimga qo‘shilmay, akasi Absalomning uyida yashay boshladi. 21  Shoh Dovud bu haqda eshitganida, qattiq jahli chiqdi+. Biroq Omno‘n uning to‘ng‘ichi bo‘lib, uni yaxshi ko‘rgani bois xafa qilgisi kelmadi. 22  Absalom esa Omno‘nga lom-mim demadi, yaxshi so‘z ham, yomon so‘z ham aytmadi. Singlisi Tamarani xo‘rlagani uchun+, Absalom Omno‘nni yomon ko‘rib qoldi+. 23  Ikki yil o‘tgach, Absalom Efrayim+ yaqinidagi Baal-Xazorda qo‘ylarining junini qirqtirayotganda, shohning barcha o‘g‘illarini ziyofatga chaqirdi+. 24  Absalom shohning oldiga kelib: «Xizmatkoringiz qo‘ylarining junini qirqyapti. Iltimos, shoh hazratlari ham xizmatkorlari bilan birga men bilan borsinlar»,— dedi. 25  Lekin shoh Absalomga: «Yo‘q, o‘g‘lim. Agar hammamiz borsak, senga og‘irligimiz tushadi»,— deb aytdi. Absalom ko‘ndirishga qancha urinmasin, u rozi bo‘lmadi. O‘zi bormasa ham, uni duo qildi. 26  Shunda Absalom shohga: «Agar siz bormasangiz, akam Omno‘n biz bilan borsin»+,— dedi. Shoh bo‘lsa: «Nega aynan Omno‘n sen bilan borishi kerak?» — deb so‘radi. 27  Absalom yalinib so‘rayverganidan, shoh Omno‘nni va barcha o‘g‘illarini u bilan birga yubordi. 28  Absalom xizmatkorlariga: «Kuzatib turinglar. Omno‘n sharob ichib, dimog‘i chog‘ bo‘lganida, men sizlarga: “Omno‘nni o‘ldiringlar!” — deb buyuraman. Shu zahoti uni o‘ldiringlar. Qo‘rqmanglar, chunki bu buyruqni men beryapman. Dadil va botir bo‘linglar»,— deb aytdi. 29  Absalomning xizmatkorlari u buyurganiday, Omno‘nni o‘ldirishdi. Buni ko‘rgan shohning barcha o‘g‘illari darhol o‘rinlaridan turib, xachirlariga minishdi-da, qochib ketishdi. 30  Ular hali yo‘lda kelayotganda, Dovudga: «Absalom shohning hamma o‘g‘illarini o‘ldiribdi, hech biri tirik qolmabdi»,— degan xabar yetdi. 31  Bu haqda eshitishi bilan, shoh o‘rnidan turdi-da, kiyimlarini yirtib, o‘zini yerga otdi. Yonida turgan xizmatkorlari ham kiyimlarini yirtishdi. 32  Ammo Dovudning akasi Shimoxning+ o‘g‘li Yohunadov+ shunday dedi: «Shoh hazratlari barcha o‘g‘illarim o‘libdi, deb o‘ylamasinlar, faqat Omno‘n o‘ldi+. Uni Absalomning buyrug‘i bilan o‘ldirishdi+. Singlisi Tamarani+ Omno‘n xo‘rlagandan+ keyin shunday qilishni Absalom yuragiga tugib qo‘ygan ekan. 33  Shu bois: “Shohning hamma o‘g‘illari o‘libdi”,— degan xabarga shoh hazratlari ishonmasinlar*. Faqat Omno‘n o‘ldi, xolos». 34  Bu orada, Absalom qochib ketdi+. Biroz o‘tgach, qo‘riqchi boshini ko‘tarib, tog‘ning etagidagi yo‘ldan bir gala odam kelayotganini ko‘rib qoldi. 35  Shunda Yohunadov+: «Qarang, shoh o‘g‘illari qaytishyapti! Xizmatkoringizning aytganlari to‘g‘ri chiqdi»,— dedi. 36  U gapini tugatishi bilan, shoh o‘g‘illari uvvos tortib yig‘lab kirib kelishdi. Shoh bilan barcha xizmatkorlari ham dod solib yig‘lashdi. 37  Absalom, Gashur shohi Omihud o‘g‘li Talmayning+ oldiga qochib ketdi. Dovud uzoq vaqt o‘g‘li Omno‘n uchun motam tutdi. 38  Absalom Gashurga+ qochib ketgach, o‘sha yerda uch yil yashab yurdi. 39  Dovud Omno‘nning o‘limiga ancha ko‘nikkanidan so‘ng, oxiri Absalomni juda sog‘indi.

Izohlar

So‘zma-so‘z «yurak shaklida non».
Ehtimol, non singari tandirda emas, balki ko‘p miqdordagi yog‘da ko‘pchib pishgan kulchaga o‘xshash bo‘lgan.
Yoki «o‘zgacha».
So‘zma-so‘z «yuraklariga olmasinlar».