Shohlar ikkinchi kitob 20:1-26

  • Shava isyon ko‘taradi; Yo‘ab Emosani o‘ldiradi (1-13)

  • Shava ta’qib etiladi va boshi tanasidan judo qilinadi (14-22)

  • Dovudning boshqaruvi (23-26)

20  O‘sha yerda Shava+ ismli bir ig‘vogar kishi bor edi. U Benyamin qabilasidan bo‘lmish Bixri degan kishining o‘g‘li edi. Shava burg‘u chalib+: «Essayning o‘g‘li Dovudda ulushimiz ham, merosimiz ham yo‘q+. Ey Isroil, har biringiz o‘z xudolaringizga* qaytinglar!»+ — dedi.  Shunda barcha isroilliklar Dovudga ergashmay qo‘yib, Bixrining o‘g‘li Shavaga ergashishdi+. Ammo yahudoliklar shohlarini tark etmay, uni Iordan daryosidan Quddusgacha kuzatib borishdi+.  Dovud Quddusdagi saroyiga+ qaytgach, saroyga qarab turish uchun qoldirib ketgan o‘nta kanizagini olib+, ularni soqchilar qo‘riqlaydigan uyga joylashtirdi. Dovud ularni oziq-ovqat bilan ta’minlab turdi, ammo ular bilan yotmadi+. Kanizaklar umrlarining oxirigacha uy qamog‘ida yashab, erlari tirik bo‘lishiga qaramay, bevalarday hayot kechirishdi.  Shoh Emosaga+: «Uch kun ichida yahudoliklarni oldimga chaqirib kel, o‘zing ham shu yerda bo‘l»,— dedi.  Emosa yahudoliklarni chaqirish uchun yo‘lga chiqdi. Lekin u belgilangan vaqtdan kechroq keldi.  Keyin Dovud Abushayga+: «Bixrining o‘g‘li Shava+ bizga Absalomdan ham ko‘proq zarar yetkazishi mumkin+. U mustahkam shaharlardan biriga kirib, qutulib qolmasligi uchun, xizmatkorlarimni* yoningga olgin-da, uning ketidan quvib bor»,— deb aytdi.  Shunday qilib, Yo‘abning+ odamlari, shohning shaxsiy tansoqchilari*+ hamda barcha qudratli kishilar Abushayga ergashishdi. Ular Quddusdan chiqib, Bixri o‘g‘li Shavaning ketidan quvib ketishdi.  Ular Givondagi+ ulkan toshga yaqinlashib qolishganida, Emosa+ ularga peshvoz chiqdi. Yo‘ab askarlik kiyimini kiyib olgan, qilichini qiniga solib, kamariga osib olgan edi. U oldinga qadam tashlashi bilan, qilich tushib ketdi.  Yo‘ab Emosadan: «Eson-omon yuribsizmi, birodarim?» — deb so‘radi-da, Emosani o‘pmoqchidek bo‘lib, o‘ng qo‘li bilan uning soqolidan ushladi. 10  Emosa Yo‘abning qo‘lidagi qilichga e’tibor bermadi. Yo‘ab qilichni uning qorniga suqqan edi+, Emosaning ichak-chovoqlari chiqib ketib, yerga to‘kildi va unga qayta zarba berishga hojat qolmadi. Uni o‘ldirish uchun bitta zarbaning o‘zi yetarli bo‘ldi. So‘ng Yo‘ab bilan uning akasi Abushay, Bixri o‘g‘li Shavaning ortidan quvib ketishdi. 11  Yo‘abning yigitlaridan biri Emosaning oldida turib: «Kim Yo‘ab tomonda bo‘lsa, kim Dovudga qarashli bo‘lsa, Yo‘abga ergashsin!» — derdi. 12  Emosa yo‘lning o‘rtasida qonga belanib yotardi. O‘sha yigit, odamlar Emosaning jasadi yoniga kelib to‘xtayotganini ko‘rib, jasadni yo‘ldan dalaga sudrab bordi-da, ustiga kiyim tashlab qo‘ydi. 13  U jasadni yo‘ldan sudrab chiqarganidan keyin, odamlarning bari Bixri o‘g‘li Shavaning+ ketidan quvish uchun Yo‘abga ergashdi. 14  Shava Isroilning barcha qabilalari bo‘ylab o‘tib, Ovil-Bayt-Maxoga+ keldi. Bixri avlodlari birgalikda yig‘ilib, uning ortidan shaharga kirishdi. 15  Yo‘ab bilan odamlari kelib, Shavani Ovil-Bayt-Maxoda qamal qilishdi va ko‘tarma devor bilan qurshalgan shahar atrofiga qiyalatib tuproq uyishdi. Keyin Yo‘ab bilan barcha odamlari shahar devorini qulatish uchun devor tagini qaziy boshlashdi. 16  Shahar devoridan bir dono ayol: «Ey odamlar, quloq solinglar, eshitinglar! Iltimos, Yo‘abga aytinglar bu yerga kelsin. Unga aytadigan gapim bor»,— deya baqirdi. 17  Yo‘ab o‘sha ayolga yaqin bordi va ayol undan: «Yo‘ab siz bo‘lasizmi?» — deb so‘radi. U: «Ha, menman»,— deb javob qaytardi. Ayol unga: «Cho‘ringizning so‘zlarini eshiting»,— deb aytdi. Yo‘ab: «Gapiraver, qulog‘im senda»,— dedi. 18  Ayol unga shunday dedi: «Ilgari doim: “Ovil shahriga borib so‘ranglar, shunda masalangiz albatta hal bo‘ladi”,— deb aytishar edi. 19  Men Isroilning tinchliksevar va sadoqatli kishilari nomidan gapiryapman. Siz Isroilda ona kabi bo‘lgan shaharni yakson qilmoqchisiz. Nega Yahovaning merosini yo‘q qilib yubormoqchisiz?»+ 20  Yo‘ab unga: «Shaharni vayron etib, yo‘q qilish xayolimga ham kelmagan edi. 21  Bu yerda gap boshqa narsada: Efrayim tog‘li hududidan+ bo‘lmish Bixrining o‘g‘li Shava+ shoh Dovudga qarshi isyon ko‘tardi. Agar uni qo‘limga topshirsangizlar, men shaharni tark etaman»,— deb aytdi. O‘sha ayol Yo‘abga: «Bo‘pti, uning boshi sizga devordan uloqtiriladi!» — dedi. 22  Dono ayol o‘sha zahotiyoq shahar aholisiga murojaat qilib, bor gapni aytib berdi. Ular Bixri o‘g‘li Shavaning boshini tanasidan judo qilib, Yo‘abga uloqtirishdi. Yo‘ab burg‘u chaldi va ular shaharni tark etib, har biri o‘z uyiga qaytib ketdi+. Yo‘ab esa Quddusga — shohning oldiga qaytdi. 23  Yo‘ab Isroil qo‘shinining lashkarboshisi+, Yohayido+ o‘g‘li Binayo+ shohning shaxsiy tansoqchilari+ boshlig‘i edi. 24  Odoram+ shohga xizmat qilish uchun yollangan ishchilar ustidan boshliq edi. Oxilud o‘g‘li Yohushafat esa tarixnavis edi+. 25  Shavo — kotib; Zodo‘x+ bilan Abuatar+ ruhoniy edilar. 26  Yovirlik Ero Dovudning bosh amaldorlaridan* biri bo‘ldi.

Izohlar

Boshqa variant «chodirlaringizga».
So‘zma-so‘z «hazratingning xizmatkorlarini».
So‘zma-so‘z «xaretiylar bilan palatiylar».
So‘zma-so‘z «ruhoniylaridan».