Shohlar ikkinchi kitob 5:1-25
5 Ma’lum vaqt o‘tgach, Isroilning barcha qabilalari Xevronga+, Dovudning oldiga kelib, shunday deyishdi: «Biz sizning qon-qardoshingizmiz*+.
2 Shoul shohimiz bo‘lgan paytlari, janglarda Isroilga boshchilik qilar edingiz+. Yahova sizga: “Sen xalqim Isroilga cho‘ponlik qilib, butun Isroil ustidan boshchilik qilasan”+,— degan edi».
3 Shunday qilib, Isroilning hamma oqsoqollari Xevronga, shohning oldiga kelishdi. Shoh Dovud Xevronda, Yahovaning huzurida ular bilan ahdlashdi+. Bundan so‘ng, ular Dovudni Isroil shohi etib moylashdi+.
4 Dovud taxtga o‘tirganida 30 yoshda edi. U 40 yil hukmronlik qildi+.
5 Xevronda Yahudo ustidan 7 yilu 6 oy, Quddusda+ esa butun Isroil va Yahudo ustidan 33 yil hukm surdi.
6 Shoh o‘z odamlari bilan Quddusda yashovchi yobusiylarga qarshi chiqish uchun jo‘nadi. Yobusiylar+: «Sen bu yerga hech qachon kira olmaysan! Seni hatto ko‘rlar bilan cho‘loqlar ham haydab chiqara oladi»,— deya Dovudni mazax qilishdi. Ular: «Dovud bu yerga aslo kira olmaydi»+,— deb o‘ylashdi.
7 Biroq Dovud Sion qal’asini bosib oldi. U yer hozir «Dovud shahri»+ deb ataladi.
8 O‘sha kuni Dovud shunday deb buyurdi: «Yobusiylarga hujum qiladigan kishilar suv yo‘li* orqali kirib, Dovud nafratlanadigan “cho‘loqlar bilan ko‘rlarni” qirib tashlashsin!» «Ko‘rlar bilan cho‘loqlar bu uyga aslo kira olmaydi», degan gap o‘shandan qolgan.
9 So‘ng Dovud qal’aga o‘rnashdi va o‘sha yer «Dovud shahri» deb ataladigan bo‘ldi*. Keyin Dovud Milloda*+ va shaharning boshqa yerlarida devorlar hamda imoratlar qurilishini boshlab yubordi+.
10 Shunday qilib, Dovud tobora kuchayib bordi+. Qo‘shinlar Sarvari Tangri Yahova u bilan edi+.
11 Tir podshohi Xiram+ Dovudga xabarchilarni, shuningdek, kedr daraxtining yog‘ochlarini+, duradgorlarni hamda devorlar qurish uchun tosh teruvchi ustalarni yubordi va ular Dovud uchun saroy qura boshlashdi+.
12 Shunda Dovud, Yahova uni shoh sifatida tayinlaganini va Isroil ustidan shohligini mustahkam qilganini+ hamda O‘z xalqi Isroilni deb+ uning shohligini yuksaltirganini+ angladi.
13 Xevrondan kelgandan so‘ng, Dovud Quddusda ko‘p kanizaklar+ va xotinlar oldi va ulardan o‘g‘il-u qizlar ko‘rdi+.
14 Quddusda tug‘ilgan farzandlarining ismlari quyidagilar: Shammuva, Sho‘vav, Natan+ va Sulaymon+.
15 Yibxar, Elishuva, Nafax va Yofiya.
16 Elishama, Elyodax va Elifalet.
17 Filistimliklar Dovud Isroil ustidan shoh etib moylanganini+ eshitib, uni izlashga tushishdi+. Dovud bundan xabar topib, xavfsiz joyga ketdi+.
18 Filistimliklar esa kelib, Rafaimlar vodiysida+ izg‘ib yurishdi.
19 Dovud Yahovadan: «Filistimliklarga qarshi boraymi? Ularni qo‘limga berasanmi?» — deb so‘radi+. Yahova Dovudga javoban: «Ha, bor! Men filistimliklarni albatta qo‘lingga tutib beraman»+,— dedi.
20 Shunda Dovud Baal-Perazimga keldi va u yerda filistimliklarni qirib tashladi. Dovud: «Suv to‘siqni yorib o‘tganiday, Yahova mening oldimda dushmanlarimga qattiq zarba berdi»+,— dedi. Shu bois, u o‘sha yerga Baal-Perazim*+ deb nom berdi.
21 Ammo filistimliklar o‘sha yerda butlarini tashlab ketishdi. Dovud va odamlari butlarni o‘zlari bilan olib ketib, yo‘q qilib yuborishdi.
22 Bir muncha vaqt o‘tib, filistimliklar yana kelishdi va Rafaimlar soyligida+ izg‘ib yurishdi.
23 Dovud Yahovadan so‘radi, U esa shunday javob berdi: «Ularga old tomonidan hujum qilma. Orqa tomonidan aylanib o‘tib, butalar* ro‘parasidan ularga hujum qil.
24 Butalar ustida birov yurayotganday tovushni eshitishing bilanoq, tezda harakat qil. Chunki filistimliklar qo‘shinini qirib tashlash uchun Yahova sening oldingda boradi».
25 Dovud Yahova unga buyurganday qildi. U filistimliklarni G‘ibodan*+ to Gezergacha+, butun yo‘l bo‘ylab qirib bordi+.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «etu suyagingizmiz».
^ Yoki «tunnel».
^ Boshqa variant «o‘sha yerni u “Dovudning shahri” deb atadi».
^ Ibroniycha ma’nosi «tuproq uyumi».
^ Ma’nosi «yorib o‘tishlar Egasi».
^ So‘zma-so‘z «baka butalari». Baka — ibroniycha so‘zning transliterasiyasi. Ma’nosi aniq emas.
^ 1Sl 14:16 da «Givon».