Solnomalar ikkinchi kitob 13:1-22

  • Yahudo shohi Abiyo (1-22)

    • Abiyo Yorubomni mag‘lub etadi (3-20)

13  Shoh Yorubom hukmronligining 18- yili Abiyo Yahudo ustidan shoh bo‘ldi+.  U Quddusda uch yil hukm surdi. Onasining ismi Mixiyo+ bo‘lib, givolik+ Uriyolning qizi edi. Abiyo bilan Yorubom o‘rtasida jang bo‘lib turdi+.  Abiyo 400 000 qudratli va sara jangchilardan+ tashkil topgan qo‘shini bilan urushga otlandi. Yorubom ham 800 000 qudratli va sara jangchilarni unga qarshi saf torttirdi.  Abiyo Efrayim tog‘li hududidagi Zamorayim tog‘iga chiqib, shunday dedi: «Ey Yorubom, butun Isroil menga quloq solinglar!  Isroilning Xudosi Yahova tuz ahdi*+ orqali Dovudga va o‘g‘illariga+ Isroil ustidan abadiy shohlik qilish huquqini berganini+ bilmaysizlarmi?  Ammo Dovud o‘g‘li Sulaymonning xizmatkori Nabat o‘g‘li Yorubom+ o‘z xo‘jayiniga qarshi bosh ko‘tardi+.  Yorubomga bekorchi va yaramas odamlar qo‘shilib, Sulaymonning o‘g‘li Raxabomga qarshi isyon ko‘tarishdi. O‘sha paytda, Raxabom yosh va jur’atsiz bo‘lgani bois, ularga qarshilik ko‘rsata olmadi.  Sizlar ko‘pchilik bo‘lganingiz va Yorubom xudo sifatida yasab bergan oltin buzoqlarga+ tayanayotganingiz uchun, Yahova Dovudning o‘g‘illariga topshirgan shohlikka qarshi chiqa olamiz deb o‘ylayapsizlarmi?  Sizlar, Horunning avlodi bo‘lmish Yahovaning ruhoniylarini va levilarni quvib solib+, xuddi boshqa yurt xalqlari kabi ruhoniylar tayinladingiz+. Yosh buqa hamda yettita qo‘chqor olib kelgan har kim, xudo bo‘lmagan butlarga ruhoniy bo‘ldi. 10  Bizga kelsak, bizning Tangrimiz Yahovadir!+ Biz Uni tashlab ketganimiz yo‘q. Horunning avlodi bo‘lmish ruhoniylarimiz Yahovaga xizmat qilishyapti. Levilar esa ularga yordam berishyapti. 11  Ular har kuni ertalab va kechqurun Yahovaga kuydiriladigan qurbonliklar keltirib+, xushbo‘y tutatqi tutatishyapti+. Shuningdek, sof oltindan yasalgan stolga taxlam nonlar*+ qo‘yishyapti, har oqshom oltin chiroqpoyalardagi+ moychiroqlarni yoqishyapti+. Sababi, biz Xudovandimiz Yahova oldidagi vazifalarimizni bajaryapmiz, sizlar esa Undan yuz o‘girdingiz. 12  Mana, Allohning O‘zi sizlarga qarshi jang qilishga belgi beradi. Ruhoniylari karnaylar chalib bizni boshqarib borishadi. Ey, Isroil xalqi, ota-bobolaringiz Xudosi Yahovaga qarshi chiqmang, baribir muvaffaqiyat qozonmaysiz!»+ 13  Ammo Yorubom ularning orqa tomonidan kelib hujum qilish uchun, pistirma qo‘ydi. Shunday qilib, lashkarning asosiy qismi yahudoliklar old tomonida, pistirma esa ularning orqasida turardi. 14  Yahudoliklar o‘girilib qarashganda, ham qarshisidan, ham orqasidan qurshovda qolishganini tushunishdi. Shunda ular Yahovaga yolvora boshlashdi+, ruhoniylar bo‘lsa karnaylar chalishdi. 15  Yahudoliklar jangovar ovozda baqirishdi. Ularning hayqirig‘i ostida haq Tangri, Yorubom bilan butun Isroil xalqini Abiyo va Yahudoning oldida mag‘lub etdi. 16  Isroilliklar yahudoliklardan qocha boshlashdi. Xudo ularni yahudoliklarning qo‘liga topshirdi. 17  Abiyo va uning lashkari ularga og‘ir talafot yetkazib, isroilliklarning 500 000 nafar sara jangchisini halok qilishdi. 18  Shu yo‘sin, isroilliklar yengilib, bo‘yin egishdi. Yahudoliklar ota-bobolarining Xudosi Yahovaga tayanishgani uchun ularni mag‘lub etishdi+. 19  Abiyo Yorubomni ta’qib qilishda davom etib, uning shaharlarini, ya’ni Baytil+, Yashono, Efro‘n+ shaharlarini va ularga qarashli* shaharchalarni bosib oldi. 20  Abiyoning davrida Yorubom o‘z qudratini qayta tiklay olmadi. Oxiri Yahova uni jazoladi va u hayotdan ko‘z yumdi+. 21  Abiyo esa kuchayib bordi. U 14 ta xotin olib+, 22 ta o‘g‘il va 16 ta qiz ko‘rdi. 22  Abiyoning hayoti, qilgan ishlari va aytgan so‘zlari Iddo+ payg‘ambarning yozuvlarida bayon etilgan.

Izohlar

Ya’ni doimiy, o‘zgarmas ahd.
Ya’ni tortiq etiladigan nonlar.
Yoki «ularning atrofidagi».