Solnomalar ikkinchi kitob 21:1-20

  • Yahudo shohi Yohuram (1-11)

  • Ilyosdan kelgan xat (12-15)

  • Yohuram azob chekib o‘ladi (16-20)

21  Yohushafat vafot etib, ota-bobolariga qo‘shildi va bobosi Dovud shahrida dafn etildi. O‘rniga o‘g‘li Yohuram taxtga o‘tirdi+.  Uning ukalari, Yohushafatning o‘g‘illari: Ozariyo, Yoxiyol, Zakariyo, Ozariyo, Mikoil va Shafatiyo edi. Bularning bari Isroil shohi Yohushafatning o‘g‘illari edi.  U o‘g‘illariga ko‘pdan-ko‘p kumush, oltin, qimmatbaho narsalarni, shu bilan birga Yahudodagi mustahkam shaharlarni in’om etdi+. Ammo shohlikni Yohuramga berdi+, chunki u to‘ng‘ich o‘g‘il edi.  Yohuram otasining shohligini qo‘lga kiritgach, hamma ukalarini+, shuningdek, Isroilning ayrim beklarini qilichdan o‘tkazdi va shu yo‘sin o‘z mavqeini kuchaytirdi.  U taxtga o‘tirganida 32 yoshda edi va Quddusda sakkiz yil shohlik qildi+.  Yohuram Axabning qiziga uylangani sababli+, Axabning xonadoni singari Isroil shohlari yo‘lidan yurdi+ va Yahovaning nazarida yovuz ishlar qilib keldi.  Biroq Yahova Dovud bilan qilgan ahdiga binoan Dovud xonadonini qirib tashlashni istamadi+. Chunki Dovudga, uning va o‘g‘illarining chirog‘ini hech qachon o‘chirmaslikka va’da bergan edi+.  Yohuram davrida edomliklar Yahudoga qarshi isyon ko‘tarib+, o‘zlariga shoh tayinlashdi+.  Shunda Yohuram o‘z qo‘mondonlari va butun jang aravalari bilan Edomga otlandi. U tunda turib, ularni qurshovga olgan edomliklarni va jang aravalari qo‘mondonlarini tor-mor qildi. 10  Lekin edomliklar shu kunga qadar Yahudoga qarshi isyon ko‘tarib kelmoqda. Libna+ ham o‘shanda Yohuramga qarshi isyon ko‘targan edi, chunki u ota-bobolarining Tangrisi Yahovani tark etgan edi+. 11  U Yahudo tog‘larida tepaliklar qurib+, Quddus aholisini Tangriga bevafolik* qilishga og‘dirgan va Yahudoni yo‘ldan urgan edi. 12  Vaqt o‘tib, Ilyos+ payg‘ambardan quyidagi mazmunda yozma xabar keldi: «Bobongiz Dovudning Xudosi Yahova shunday demoqda: “Sen otang Yohushafatning yo‘llaridan yurmading+. Yahudo shohi Osoning yo‘llariga ergashmading+. 13  Aksincha, Isroil shohlarining yo‘llaridan yurib+, Yahudoni hamda Quddus aholisini Axabning xonadoni kabi+ Allohga bevafolik qilishga og‘dirding+. Sen hatto otangning o‘g‘illarini, sendan ham yaxshiroq bo‘lgan o‘z ukalaringni o‘ldirding+. 14  Shu bois, Yahova xalqingni, o‘g‘illaring-u xotinlaringni hamda bor mol-mulkingni og‘ir kulfatga mubtalo qiladi. 15  Sen og‘ir dardga chalinib, ichak kasalligiga ham yo‘liqasan. Darding kundan-kunga zo‘rayib, oxiri ichaklaring tashqariga chiqib ketadi”». 16  So‘ngra Yahova filistimliklarni+ va habashistonliklar yaqinida yashovchi arablarni+ Yohuramga qarshi qo‘zg‘atdi+. 17  Ular Yahudoga hujum qilib, yurtni bosib olishdi-da, shoh saroyidagi hamma boyliklarni+, shuningdek, uning xotinlarini va barcha o‘g‘illarini olib ketishdi. Faqat kenja o‘g‘li Yohuxoz*+ qoldi. 18  Bundan keyin, Yahova uni bedavo ichak kasalligiga yo‘liqtirdi+. 19  To‘liq ikki yil o‘tgach, Yohuramning ichaklari tashqariga chiqib ketdi va u qattiq azob chekib o‘ldi. Xalq uning ota-bobolari sharafiga gulxan yoqqan bo‘lsa, uning sharafiga gulxan yoqmadi+. 20  U taxtga o‘tirganida 32 yoshda edi va Quddusda sakkiz yil hukmronlik qildi. Yohuram o‘lganida hech kim qayg‘urmadi. Uni Dovud shahrida dafn etishdi+, ammo shohlar dafn etiladigan joyga qo‘yishmadi+.

Izohlar

Yoki «ma’naviy fohishalik».
Boshqa ismi «Oxaziyo».