Solnomalar ikkinchi kitob 24:1-27

  • Yo‘shning boshqaruvi (1-3)

  • Yo‘sh ma’badni ta’mirlaydi (4-14)

  • Yo‘sh yo‘ldan ozadi (15-22)

  • Yo‘sh o‘ldiriladi (23-27)

24  Yo‘sh taxtga yetti yoshida o‘tirdi+ va Quddusda 40 yil shohlik qildi. Onasining ismi Zibiyox bo‘lib, u bershevalik+ edi.  Ruhoniy Yohayidoning davrida Yo‘sh Yahovaning nazarida to‘g‘ri ishlar qildi+.  Yohayido unga ikkita xotin olib berdi va u o‘g‘il-qizlar ko‘rdi.  Biroz vaqt o‘tib, Yo‘sh Yahovaning uyini ta’mirlashni ko‘nglida niyat qildi+.  U ruhoniylar va levilarni yig‘ib, ularga: «Yahudo shaharlariga borib, Allohingiz uyini tuzatish uchun butun Isroildan pul to‘planglar+. Yil sayin shunday qilinglar. Bu ishga tezroq kirishinglar»,— dedi. Ammo levilar bu ishni orqaga surishdi+.  Shunda shoh bosh ruhoniy Yohayidoni chaqirtirib, unga quyidagilarni aytdi+: «Nega Yahudo bilan Quddus xalqidan muqaddas soliq yig‘ib kelishni levilardan talab qilmayapsiz? Axir Yahovaning xizmatkori Muso+, muqaddas chodir+ uchun Isroil jamoatidan muqaddas soliq yig‘ishni buyurgan edi-ku!  Zolim ayol Otaliyoning+ o‘g‘illari esa Allohning uyiga bostirib kirib, Yahovaning uyidagi+ barcha muqaddas narsalarni Baallarga sajda qilishda ishlatishdi».  Bundan so‘ng shohning amri bilan bir quti+ yasashdi-da, uni Yahova uyining darvozasi tashqarisiga qo‘yishdi+.  Keyin Yahudo va Quddus bo‘ylab Yahovaga muqaddas soliq+ olib kelinishi e’lon qilindi. Bu soliqni, Isroil xalqi sahroda yurganida Allohning xizmatkori Muso solgan edi. 10  Butun xalq va barcha beklar quvonib+, xayr-ehsonlar olib kelishdi va quti to‘lmagunicha solaverishdi*. 11  Levilar qutida anchagina pul yig‘ilganini ko‘rib, qutini shoh huzuriga olib kelishardi. Keyin shohning kotibi bilan bosh ruhoniyning yordamchisi kelishardi-da, qutini bo‘shatib+ joyiga qaytarib qo‘yishardi. Ular kun sayin shunday qilishardi va natijada ko‘p pul to‘plandi. 12  Shoh va Yohayido bu pullarni Yahovaning uyidagi ishlarni nazorat qilayotgan kishilarga berishardi. Ular esa bu pulga Yahovaning uyini ta’mirlash uchun tosh yo‘nuvchilar va hunarmandlar yollashardi+. Shuningdek, Yahovaning uyini tuzatish uchun temir va mis bilan ishlaydigan ustalarni yollashardi. 13  Ishlarni nazorat qiluvchilar boshchiligida ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Ular Allohning uyini avvalgi holatiga qaytarib, mustahkamlashdi. 14  Ish nihoyasiga yetgach, ortib qolgan pulni shohga va Yohayidoga olib kelishdi. Ular bu pulni Yahovaning uyi uchun buyumlar, xizmatda va nazrlar keltirilganda qo‘llaniladigan anjomlar, kosalar hamda oltin va kumush jihozlar yasash uchun ishlatishdi+. Yohayido davrida, ular Yahovaning uyida muntazam ravishda kuydiriladigan qurbonliklar keltirishardi+. 15  Yohayido uzoq umr ko‘rib, hayotdan mamnun bo‘lib vafot etdi. U 130 yoshda olamdan o‘tdi. 16  Uni Dovud shahrida, shohlar dafn etiladigan joyga qo‘yishdi+. Chunki u Isroilda Alloh va Uning uyi uchun savob ishlar qilgan edi+. 17  Yohayidoning o‘limidan so‘ng Yahudo beklari shohning oldiga kelib, unga ta’zim qilishdi va shoh ularga quloq soldi. 18  Xalq ota-bobolarining Xudosi Yahovaning uyini tark etib, muqaddas ustunlar-u butlarga sig‘ina boshladi. Ularning bu gunohi uchun Yahudo bilan Quddus xalqiga Tangrining qahr-g‘azabi alanga oldi. 19  Yahova ularni O‘ziga qaytarish niyatida payg‘ambarlarni yuborib turdi. Payg‘ambarlar ularni tinmay ogohlantirishdi, ammo ular eshitishdan bosh tortishdi+. 20  Ruhoniy Yohayidoning+ o‘g‘li Zakariyoni Xudoning ruhi qamrab oldi. U xalq oldida turib, quyidagicha dedi: «Alloh shunday demoqda: “Nega Yahovaning amrlarini oyog‘osti qilyapsizlar? Ishlaringiz aslo yurishmaydi! Yahovani tark etganingiz bois, U ham sizlarni tark etadi”+». 21  Lekin ular Zakariyoga qarshi fitna uyushtirib+, shohning buyrug‘i bilan Yahova uyining hovlisida uni toshbo‘ron qilib o‘ldirishdi+. 22  Shoh Yo‘sh Zakariyoning otasi Yohayido unga ko‘rsatgan mehr-sadoqatni unutib, uning o‘g‘lini o‘ldirdi. Zakariyo: «Bu ishingiz uchun Yahovaning O‘zi jazo bersin»+,— deya olamdan o‘tdi. 23  Yilning boshida Suriya qo‘shini Yo‘shga qarshi chiqib, Yahudo bilan Quddusni bosib oldi+. Ular xalqning barcha beklarini+ o‘ldirib, qo‘lga kiritgan o‘ljalarini Damashq shohiga yuborishdi. 24  Suriya qo‘shini ozchilikni tashkil etganiga qaramay, Yahova ularning qo‘liga ulkan lashkarni topshirdi+. Sababi, xalq ota-bobolarining Xudosi Yahovani tark etgan edi. Shunday qilib, suriyaliklar Yo‘shning jazosini berishdi. 25  Ular Yo‘shni og‘ir jarohatlangan holda tashlab ketishdi. U ruhoniy Yohayido o‘g‘illarining* qonini to‘kkani bois+, xizmatkorlari til biriktirib, uni o‘z yotog‘ida o‘ldirishdi+. Shu tariqa u halok bo‘ldi, uni Dovud shahrida dafn etishdi+. Ammo shohlar dafn etiladigan joyga qo‘yishmadi+. 26  Yo‘shga fitna uyushtirganlar+: ommonlik Shimatning o‘g‘li Zobod hamda mo‘ablik Shimritning o‘g‘li Yohuzabad. 27  Uning o‘g‘illari, unga qarshi chiqarilgan hukmlar+, shuningdek, Allohning uyini ta’mirlagani+ shohlar haqidagi kitob tafsirlarida* bayon etilgan. Uning o‘rniga o‘g‘li Emoziyo taxtga o‘tirdi.

Izohlar

Boshqa variant «xayr-ehson tashlamagan kishi qolmadi».
Yoki «o‘g‘lining». Zakariyoning martabasi yuqori bo‘lganini ko‘rsatish uchun ko‘plikda ishlatilgan bo‘lishi mumkin.
Yoki «yozuvlarida».