Solnomalar ikkinchi kitob 25:1-28

  • Yahudo shohi Emoziyo (1-4)

  • Edomga qarshi jang (5-13)

  • Emoziyoning butparastligi (14-16)

  • Isroil shohi Yo‘shga qarshi jang (17-24)

  • Emoziyoning o‘limi (25-28)

25  Emoziyo taxtga o‘tirganida 25 yoshda edi va Quddusda 29 yil shohlik qildi. Onasining ismi Yohuvaddon bo‘lib, qudduslik edi+.  Emoziyo Yahovaning nazarida to‘g‘ri ishlar qilib yashasa-da, sidqidildan xizmat qilmadi.  U hukmronlikni to‘liq o‘z qo‘liga olgach, shohni, ya’ni otasining joniga qasd qilgan xizmatkorlarni o‘ldirdi+.  Lekin u Musoning Tavrot kitobida: «Otalar o‘g‘illarining gunohi uchun o‘ldirilmasin, o‘g‘illar ham otalarining gunohi uchun o‘ldirilmasin. Inson faqatgina o‘zining gunohi uchun o‘ldirilsin»+,— deb yozilgan Yahovaning amriga binoan, ularning o‘g‘illarini o‘ldirmadi.  Emoziyo yahudiylarni bir yerga to‘pladi. U Yahudo va Benyamin qabilalarini yuzboshi hamda mingboshilarning boshchiligi ostida xonadonlari bo‘yicha ajratdi+. U 20 va undan yuqori yoshdagilarni ro‘yxatga oldi+. Harbiy xizmatga yaroqli, nayza-yu katta qalqon ko‘targan sara jangchilar soni 300 000 nafarni tashkil etdi.  Bundan tashqari, 100 talant* kumushga Isroildan 100 000 ta qudratli jangchini yolladi.  Biroq uning oldiga Allohning odami kelib, dedi: «Ey shohim, Isroil qo‘shini siz bilan borishiga yo‘l qo‘ymang. Chunki Yahova Isroil bilan ham, efrayimliklar bilan ham emas+.  Jangga o‘zingiz boring va jasoratli bo‘ling. Aks holda, haq Xudo dushmanlaringiz sizni mag‘lub qilishiga yo‘l qo‘yadi. Zero, Tangri ham yordam berish, ham mag‘lub etish qudratiga ega»+.  Emoziyo Allohning odamiga javoban: «Axir men Isroil qo‘shiniga 100 talant to‘ladim-ku!» — dedi. Allohning odami esa: «Yahova sizga bundan-da ko‘prog‘ini beradi»+,— deb aytdi. 10  Shunda Emoziyo Efrayimdan kelgan qo‘shinga ruxsat berib, ularni uy-uyiga jo‘natib yubordi. Ular yahudoliklardan qattiq g‘azablanib, jahl ustida uylariga qaytib ketishdi. 11  Keyin Emoziyo jasoratga to‘lib, qo‘shinni Tuz vodiysiga+ boshlab ketdi va o‘sha yerda 10 000 nafar Seir odamlarini o‘ldirdi+. 12  Yahudoliklar 10 000 kishini tiriklayin qo‘lga olishdi. Ularni qoyaga olib chiqib, pastga uloqtirishdi, ularning bari halok bo‘ldi. 13  Emoziyo o‘zi bilan jangga olib bormay+, orqaga qaytarib yuborgan jangchilar Yahudo shaharlariga — Samariyadan+ to Bayt-Xo‘rongacha+ hujumlar uyushtirib, 3 000 kishini qirib tashlashdi va anchagina o‘ljani olib ketishdi. 14  Emoziyo edomliklarni yer tishlatib qaytgach, o‘zi bilan Seir aholisining xudolarini olib keldi. Ularni o‘ziga xudolar qilib olib+, sajda qila boshladi, shuningdek, ularga qurbonlik kuydirib tutatdi. 15  Yahovaning Emoziyoga qahr-g‘azabi qaynab, uning oldiga payg‘ambar yubordi va u shohga: «Nega o‘z xalqini sizning qo‘lingizdan qutqara olmagan xalqlarning xudolariga sig‘inib yuribsiz?»+ — dedi. 16  Payg‘ambar gapirib turganida, shoh unga: «Seni shohga maslahatchi qilib tayinlaganmidik?!+ Bo‘ldi, bas qil!+ Nima, o‘lishni istaysanmi?» — dedi. Shunda payg‘ambar: «Bu ishingiz va maslahatimga quloq solmaganingiz uchun+ Xudo sizni yakson qilmoqchi ekanini bilaman»,— dedi-da, boshqa gapirmadi. 17  Yahudo shohi Emoziyo maslahatchilari bilan kengashib olgach, Isroil shohi Yohuning nevarasi Yohuxoz o‘g‘li Yo‘shga xabar yuborib, unga: «Kel, jang qilamiz»+,— dedi. 18  Isroil shohi Yo‘sh bo‘lsa, Yahudo shohi Emoziyoga shunday xabar yubordi: «Livandagi tikanli o‘t Livandagi kedr daraxtiga: “Qizingni o‘g‘limga xotinlikka ber”,— deb aytibdi. Ammo Livandagi yirtqich hayvon o‘tib ketayotib, tikanli o‘tni toptab tashlabdi. 19  Sen: “Men Edomni yo‘q qildim”+,— deya shuhrat qozonishni istab, mag‘rurlanib ketding. Lekin uyingda o‘tiraver. Nega endi Yahudo xalqini ham o‘zingga qo‘shib kulfatga duchor qilmoqchisan?!» 20  Lekin Emoziyo unga quloq solmadi+. Chunki bu Allohning xohishi edi. Ular Edom xudolariga ergashgani uchun+, Xudo ularni dushman qo‘liga topshirmoqchi edi+. 21  Shu bois, Isroil shohi Yo‘sh jangga otlandi. U Yahudo shohi Emoziyo bilan Yahudoning Bayt-Shamash+ shahrida to‘qnashib, o‘sha yerda jang qildi. 22  Isroil Yahudoni mag‘lub qildi va har biri o‘z uyiga tumtaraqay bo‘ldi. 23  Isroil shohi Yo‘sh, Yohuxozning* nevarasi Yo‘shning o‘g‘lini — Yahudo shohi Emoziyoni Bayt-Shamashda asir qilib, Quddusga olib keldi. Yo‘sh Efrayim darvozasidan+ to Burchak darvozasigacha+ Quddus devorining 400 tirsak* joyini buzdi. 24  U Obid-Edom nazorati ostidagi haq Tangrining uyidan va shoh saroyining g‘aznasidan topilgan barcha oltin, kumush va boshqa buyumlarni+, shuningdek, odamlarni garovga olib Samariyaga qaytdi. 25  Yahudo shohi Yo‘shning o‘g‘li Emoziyo+, Isroil shohi Yohuxoz o‘g‘li Yo‘sh o‘lganidan keyin+, yana 15 yil yashadi+. 26  Emoziyoning hayoti Yahudo va Isroil shohlari haqidagi kitobda boshdan oxirigacha bayon etilgan. 27  Emoziyo Yahovadan yuz o‘girgan vaqtda, Quddusda unga qarshi fitna uyushtirildi+ va u Laxishga qochib ketdi. Ammo Emoziyoning orqasidan Laxishga odam yuborib, uni o‘sha yerda o‘ldirishdi. 28  Uni ot-aravada qaytarib olib kelishdi va Yahudo shahrida, ota-bobolari yoniga dafn etishdi.

Izohlar

Bir talant=34,2 kg. Ilovaning B14 mavzusiga q.
Boshqa ismi «Oxaziyo».