Solnomalar ikkinchi kitob 32:1-33
32 Hizqiyo sadoqat ila bu ishlarni amalga oshirganidan keyin+, Ossuriya shohi Sinaxerib* Yahudoga bostirib keldi va mustahkam shaharlarni qurshovga oldi. Bu shaharlarning devorlarini buzib kirib, zabt etmoqchi edi+.
2 Hizqiyo Sinaxerib kelganini va Quddusga qarshi jang qilmoqchi ekanini ko‘rganda,
3 beklari hamda jangchilari bilan maslahatlashib, shahar tashqarisidagi buloqlar oqimini to‘xtatib qo‘yishga qaror qildi+ va ular Hizqiyoga yordam qo‘lini cho‘zishdi.
4 Ko‘p odamlar yig‘ilib: «Ossuriya shohlari kelganda suv topa olishmasin»,— deb, o‘sha yurt bo‘ylab oqadigan barcha buloqlarni hamda irmoqni to‘xtatib qo‘yishdi.
5 Qolaversa, u jasorat ila devorning buzilgan joyini tuzatib, ustida minoralar qurdi, tashqari tomondan esa boshqa devorni ko‘tardi. Dovud shahridagi Milloni*+ ta’mirladi va behisob qurol-aslaha-yu qalqonlar yasadi.
6 So‘ngra xalq ustidan sarkardalar tayinlab, ularni shahar darvozasi yonidagi maydonda to‘pladi-da, dalda berib, shunday dedi:
7 «Jasoratli va mahkam bo‘linglar. Ossuriya shohidan hamda u bilan bo‘lgan olomondan qo‘rqmanglar+, dahshatga tushmanglar. Chunki u bilan bo‘lganlardan ko‘ra, biz bilan bo‘lganlar ko‘proqdir+.
8 U inson kuchiga tayanyapti, biz esa Tangrimiz Yahovaga tayanamiz! U bizga madad beradi, biz uchun jang qiladi»+. Yahudo shohi Hizqiyoning so‘zlari xalqni ruhlantirdi+.
9 Bundan so‘ng butun lashkari bilan Laxish+ yonida turgan Ossuriya shohi Sinaxerib, Quddusga, Yahudo shohi Hizqiyoga va barcha yahudoliklar oldiga odamlarini yuborib+, dedi:
10 «Ossuriya shohi Sinaxerib shunday deyapti: “Quddus qurshovga olingan bir vaqtda sizlar nimangizga ishonib o‘tiribsizlar?+
11 Hizqiyo: “Xudoyimiz Yahova bizni Ossuriya shohining qo‘lidan qutqaradi”+,— deb sizlarni aldayapti. Shohingiz dastidan ochligu tashnalikdan o‘lib ketasizlar.
12 Axir Hizqiyo Xudoyingizning tepaliklari-yu qurbongohlarini+ buzib tashlab+, Yahudo va Quddus aholisiga: “Sizlar bitta qurbongoh oldida ta’zim qilib, uning ustida qurbonlikni kuydirib tutatishingiz kerak”,— demaganmidi?+
13 Men va ota-bobolarim boshqa xalqlarni qay ko‘yga solganimizni nahotki bilmasangiz?!+ O‘sha xalqlarning xudolari ularni va yurtlarini mening qo‘limdan qutqara oldimi?!+
14 Ota-bobolarim qirib tashlagan xalqlarning xudolari ichida qaysi biri o‘z xalqini qo‘limdan qutqara oldi? Sizlarning Xudoyingiz ham sizlarni qutqara olmaydi!+
15 Hizqiyoning so‘zlariga aldanib qolmanglar!+ Unga ishonmanglar, chunki hech bir xalq yoki shohlikning xudosi o‘z xalqini mening va ota-bobolarim qo‘lidan xalos eta olmagan. Sizlarning Xudoyingiz kim bo‘libdiki, mening qo‘limdan qutqara olsa?!”+»
16 Sinaxeribning odamlari haq Tangri Yahovaga va Uning xizmatkori Hizqiyoga qarshi yana ko‘p gaplarni aytishdi.
17 U hatto Isroil Xudosi Yahovani haqoratlaydigan+ xatlar yozib+, Unga qarshi: «O‘z xalqlarini mening qo‘limdan xalos eta olmagan xudolar kabi+ Hizqiyoning Xudosi ham xalqini qo‘limdan qutqara olmaydi»,— dedi.
18 Ular devor ustida turgan Quddus aholisiga yahudiy tilida baqiraverishdi. Ular shaharni qo‘lga kiritish niyatida ularni qo‘rqitib, vahimaga solishdi+.
19 Inson qo‘llari mahsuli bo‘lmish boshqa xalqlarning xudolariga qarshi nima deyishgan bo‘lsa, Quddusning Xudosiga ham shu so‘zlarni aytishdi.
20 Ammo shoh Hizqiyo bilan Omiz o‘g‘li Ishayo+ payg‘ambar tinmay ibodat qilishdi va samodagi Tangridan yordam so‘rab yolvorishdi+.
21 Shunda Yahova O‘z farishtasini yuborib, Ossuriya shohining qarorgohidagi qudratli jangchilarni, yetakchilar-u boshliqlarni qirib tashladi+. Sinaxerib esa sharmanda bo‘lib o‘z yurtiga qaytib ketdi. Keyinroq u xudosining ibodatxonasiga kirganda, o‘z o‘g‘illari uni qilich bilan chopib tashlashdi+.
22 Shunday qilib, Yahova Hizqiyoni va Quddus aholisini Ossuriya shohi Sinaxeribning hamda boshqalarning qo‘lidan xalos etdi va ularga har tomondan tinchlik berdi.
23 Ko‘pchilik Quddusga Yahovaga atab hadyalar olib keldi, Yahudo shohi Hizqiyoga ham sara narsalar keltirdi+. Bundan so‘ng, Hizqiyo barcha xalqlar nazarida katta hurmat qozondi.
24 O‘sha vaqtda Hizqiyo kasal bo‘lib, o‘lim to‘shagida yotib qoldi. U Yahovaga ibodat qildi+ va U Hizqiyoning ibodatini eshitib, bir belgi berdi+.
25 Lekin Hizqiyo mag‘rurlanib ketib, unga qilingan yaxshilikning qadriga yetmadi. Shu bois, o‘zini, Yahudo va Quddusni Tangrining qahr-g‘azabiga duchor qildi.
26 Biroq Hizqiyo mag‘rurlikni yengdi+. U ham, Quddus aholisi ham bo‘yin egishdi. Shu sababli, Yahova Hizqiyo davrida ularga O‘z qahr-g‘azabini sochmadi+.
27 Hizqiyo behisob boylikka va shon-sharafga ega bo‘ldi+. U kumush, oltin, qimmatbaho toshlar, balzam moyi, qalqonlar hamda barcha bebaho buyumlar uchun o‘ziga omborlar qurdi+.
28 Shuningdek, don mahsulotlari, yangi sharob va moy saqlanadigan omborxonalar, shu bilan birga chorva uchun qo‘ralar, qo‘y-echkilari uchun molxonalar qurdi.
29 Alloh Hizqiyoga nihoyatda ko‘p mol-mulk berdi. U o‘zi uchun shaharlar qurib, chorvasini, qo‘y-echkilari-yu qoramolini ko‘paytirdi.
30 U Gixo‘n+ suvlarining yuqori qismidan to‘xtatib qo‘yib+, g‘arb tomonga Dovud shahriga+ yo‘naltirdi. Hizqiyo qanday ishga kirishmasin, muvaffaqiyat qozondi.
31 Biroq Bobil beklari undan yurtda ko‘rsatilgan belgi+ borasida so‘rash uchun o‘z vakillarini yuborishganda+, Alloh Hizqiyoni tekshirib ko‘rish+ va qalbidagi borini bilish+ niyatida uni yolg‘iz qoldirdi.
32 Hizqiyoning hayoti, mehr-sadoqat ila amalga oshirgan ishlari+ Omiz o‘g‘li Ishayo payg‘ambarning vahiysida+, Yahudo va Isroil shohlari haqidagi kitobda yozilgan+.
33 Hizqiyo vafot etib, ota-bobolariga qo‘shildi. Uni Dovud o‘g‘illari dafn etiladigan joyga olib boradigan tepalikda dafn etishdi+. Butun Yahudo va Quddus aholisi uni hurmat bilan dafn etdi. O‘rniga o‘g‘li Manashe shoh bo‘ldi.