Shohlar uchinchi kitob 12:1-33

  • Raxabomning qo‘pol javobi (1-15)

  • O‘nta qabila qarshi chiqadi (16-19)

  • Yorubom Isroil ustidan shoh bo‘ladi (20)

  • Raxabom Isroilga qarshi jang qilmaydi (21-24)

  • Yorubom buzoqga sig‘inadi (25-33)

12  Raxabom Shakamga+ bordi. Chunki butun Isroil xalqi Raxabomni shoh etib tayinlash uchun u yerda yig‘ilib turgan edi+.  Bu xabar Nabat o‘g‘li Yorubom qulog‘iga yetib bordi (u shoh Sulaymon dastidan Misrga qochib, o‘sha yerda yashayotgan edi)+.  Shunda xalq uni chaqirtirib oldi. So‘ng Yorubom va butun Isroil jamoati Raxabomning oldiga keldi-da, shunday dedi:  «Otangiz bo‘ynimizga og‘ir bo‘yinturuq solgan edi+. Agar otangiz zimmamizga ortgan bu sermashaqqat ishni va og‘ir bo‘yinturuqni yengillatsangiz, sizga xizmat qilamiz».  Bunga javoban Raxabom: «Boringlar, uch kundan keyin oldimga qaytib kelinglar»,— dedi va xalq tarqab ketdi+.  Raxabom otasi Sulaymon davrida xizmat qilgan oqsoqollarga maslahat solib: «Bu xalqga nima deb aytay? Qanday maslahat berasizlar?» — deb so‘radi.  Ular: «Agar bugun xalqning xizmatini qilib, iltimosini qondirsangiz va ko‘ngliga qarab javob bersangiz, bu xalq bir umr xizmatingizni qiladi»,— deb aytishdi.  Ammo u oqsoqollarning maslahatiga quloq solmay, o‘zi bilan birga katta bo‘lgan va unga xizmat qilayotgan yoshlar bilan maslahatlashdi+.  Raxabom ularga: «Xalq menga murojaat qilib: “Bo‘ynimizdagi og‘ir bo‘yinturuqni yengilroq qilsangiz”,— deb iltimos qilyapti. Ularga nima deb javob qaytaray? Qanday maslahat berasizlar?» — dedi. 10  U bilan katta bo‘lgan yoshlar shunday deyishdi: «“Otangiz bo‘ynimizga og‘ir bo‘yinturuq solgan edi, uni yengilroq qilsangiz”,— degan xalqga: “Mening jimjilog‘im otamning belidan yo‘g‘onroq. 11  Agar otam bo‘yningizga og‘ir bo‘yinturuq solgan bo‘lsa, men uni yanada og‘irroq qilaman. Otam sizlarni qamchi bilan savalagan bo‘lsa, men sizlarni tikanli qamchi bilan savalayman”,— deb javob qaytaring». 12  Shoh Raxabomning: «Uch kundan keyin oldimga qaytib kelinglar»,— degan so‘zlariga binoan, uchinchi kuni Yorubom va butun xalq shohning yoniga kelishdi+. 13  Ammo shoh oqsoqollarning bergan maslahatiga quloq solmay, odamlarga qo‘pol javob qaytardi. 14  U yoshlarning maslahati bo‘yicha yo‘l tutib: «Agar otam bo‘yningizga og‘ir bo‘yinturuq solgan bo‘lsa, men uni yanada og‘irroq qilaman. Otam sizlarni qamchi bilan savalagan bo‘lsa, men sizlarni tikanli qamchi bilan savalayman»,— dedi. 15  Shoh xalqga quloq solmadi. Bu, Yahovaning izmi bilan sodir bo‘ldi+. Shu tariqa, Nabat o‘g‘li Yorubomga shilo‘lik Oxiyo orqali Yahovaning aytgan so‘zlari amalga oshdi+. 16  Shoh tinglagisi kelmaganini ko‘rib, barcha isroilliklar shohga: «Endi Dovudda qanday ulushimiz bor? Essayning o‘g‘lida merosimiz yo‘q. Ey isroilliklar, xudolaringizga qaytinglar! Bundan buyon Dovud xonadoni o‘z g‘amini o‘zi yesin!» — dedi. Shu bilan xalq uy-uyiga tarqalib ketdi+. 17  Biroq Raxabom Yahudo shaharlarida yashovchi isroilliklar ustidan hukmronlik qilaverdi+. 18  Bir kuni shoh Raxabom yollanma ishchilar nazoratchisi Odoramni+ isroilliklarning oldiga yubordi. Lekin butun Isroil uni toshbo‘ron qilib o‘ldirdi. Shoh Raxabom esa aravasiga chiqib olib, Quddusga qochib ketdi+. 19  Shunday qilib, isroilliklar Dovud xonadoniga qarshi chiqishdi+ va bugunga qadar shu yo‘sin davom etib kelmoqda. 20  Isroilliklar Yorubom qaytganini eshitishlari bilanoq uni yig‘inga chaqirishdi-da, butun Isroil ustidan shoh qilib qo‘yishdi+. Yahudo qabilasidan tashqari, Dovud xonadoniga hech kim ergashmadi+. 21  Sulaymonning o‘g‘li Raxabom Quddusga yetib kelgan zahoti, butun Yahudo xonadoni va Benyamin qabilasidan 180 000 sara jangchini tanlab oldi. Shohlikni qaytarib olish uchun, u Isroil xonadoniga qarshi jang qilmoqchi bo‘ldi+. 22  Shunda haq Tangri O‘z payg‘ambari* Shamayoga+ quyidagicha dedi: 23  «Yahudo shohi Sulaymonning o‘g‘li Raxabomga, butun Yahudo bilan Benyamin xonadoniga hamda qolgan odamlarga shunday deb ayt: 24  “Yahova: “Isroillik birodarlaringizga qarshi jang qilgani bormanglar. Bu voqealar yuz berishiga Men yo‘l qo‘yganim uchun+ hammangiz uy-uyingizga tarqaling”,— dedi”». Ular Yahovaning so‘zlariga quloq solib, Yahova aytganiday uylariga qaytib ketishdi. 25  Yorubom Efrayim tog‘li hududidagi Shakamda+ qurilish ishlarini olib bordi va o‘sha yerda yashadi. So‘ng Shakamdan chiqib, Panuvalda+ ham qurilish ishlarini olib bordi. 26  Yorubomning ko‘nglidan shunday fikr o‘tdi: «Shohlik yana Dovud xonadoniga qaytishi mumkin+. 27  Xalq qurbonliklar keltirish uchun Quddusdagi Yahovaning uyiga boraversa+, ularning qalbi o‘z hukmdori Yahudo shohi Raxabomga moyil bo‘lib qoladi. Ha, ular meni o‘ldirib, o‘zlari Yahudo shohi Raxabom oldiga qochib ketadi». 28  Maslahatchilari bilan kengashib olgach, shoh ikkita oltin buzoq yasadi+ va xalqga qarata: «Quddusga borish sizlar uchun juda mashaqqatli. Ey isroilliklar, sizlarni Misr yurtidan olib chiqqan Xudoyingiz endi mana shu»+,— dedi. 29  So‘ng bitta buzoqni Baytilda+, ikkinchisini Danda+ o‘rnatdi. 30  Bu esa xalq gunoh qilishiga+ sabab bo‘ldi. Xalq Dangacha borib, o‘sha yerda buzoqga sig‘ina boshladi. 31  Shunday qilib, u tepaliklarda ibodatxonalar qurdi va Levi o‘g‘illaridan bo‘lmagan odamlar orasidan ruhoniylar tanladi+. 32  Shuningdek, Yorubom sakkizinchi oyning 15- kuni Yahudoda nishonlanadigan bayram+ singari bayram uyushtirdi. Baytilda+ o‘rnatgan qurbongohida o‘zi yasagan buzoqlarga atab qurbonliklar keltirdi va Baytilda o‘zi bunyod etgan tepaliklarda xizmat qiladigan ruhoniylarni tayinladi. 33  Yorubom sakkizinchi oyning 15- kuni, ya’ni o‘zi tanlagan kuni Baytilda o‘rnatgan qurbongohda qurbonliklar keltira boshladi. U Isroil xalqi uchun bayram uyushtirdi va qurbonliklar keltirib, ularni kuydirib tutatdi.

Izohlar

So‘zma-so‘z «haq Xudoning odami».