Shohlar uchinchi kitob 16:1-34
16 Yahova Xonin+ o‘g‘li Yohu+ orqali Bashoga chiqargan quyidagi hukmini e’lon qildi:
2 «Seni tuproqdan ko‘tarib, xalqim Isroil ustidan hukmdor qilib qo‘ydim+. Sen esa Yorubomning yo‘lidan yurib, xalqimni gunohga botirding va ular qilmishlari bilan meni ranjitishdi+.
3 Shu bois, Men Basho va uning xonadonini qirib tashlayman. Nabat o‘g‘li Yorubomning xonadonini yo‘q qilganimday, uning xonadonini ham yo‘q qilaman+.
4 Basho xonadonidan shaharda o‘lganlari itlarga, dalada o‘lganlari esa qushlarga yem bo‘ladi».
5 Bashoning hayoti, amalga oshirgan ishlari va erishgan yutuqlari haqida Isroil shohlari tarixi yozilgan kitobda bayon etilgan.
6 So‘ngra Basho vafot etib, ota-bobolariga qo‘shildi va Tirzada+ dafn etildi. Uning o‘rniga o‘g‘li Elox shoh bo‘ldi.
7 Bundan oldin Yahova Xonin o‘g‘li Yohu orqali Basho hamda uning xonadoniga chiqargan hukmini aytgan edi. Sababi, Basho Yorubomning xonadoni singari, Yahovaning nazarida yomon ishlar qilib, Uni ranjitgan, shuningdek, Yorubomning o‘g‘li Nadovni o‘ldirgan edi+.
8 Yahudo shohi Oso hukmronligining 26- yili Basho o‘g‘li Elox Isroil ustidan shoh bo‘lib, Tirzada ikki yil hukm surdi.
9 Uning xizmatkori — jang aravalari yarmining qo‘mondoni Zimri unga qarshi fitna uyushtirdi. Elox Tirzada saroy boshqaruvchisi Arzoning uyida ichib, mast bo‘lib o‘tirganida,
10 Zimri kirib kelib, uni o‘ldirdi+ va o‘rniga o‘zi shoh bo‘lib oldi. Bu, Yahudo shohi Oso hukmronligining 27- yili sodir bo‘ldi.
11 Zimri taxtga o‘tirishi bilanoq, Bashoning butun xonadonini qirib tashladi. Xonadonidagi barcha erkak zotini, qarindosh-urug‘i* va do‘stlarini ham o‘ldirdi.
12 Shu tariqa, Zimri Yahovaning Yohu payg‘ambar orqali aytgan so‘zlariga binoan, Bashoning butun xonadonini yo‘q qildi+.
13 Chunki Basho bilan o‘g‘li Elox o‘zlarini ham, Isroilni ham gunohga botirib, befoyda butlari bilan Isroil Xudosi Yahovani ranjitishgan edi+.
14 Eloxning hayoti va amalga oshirgan barcha ishlari haqida Isroil shohlari tarixi yozilgan kitobda bayon etilgan.
15 Yahudo shohi Oso hukmronligining 27- yili Zimri Tirzada yetti kun shohlik qildi. Bu paytda Isroil qo‘shini filistimliklarga qarashli Gibitonni+ qurshovga olayotgan edi.
16 Zimri shohga fitna uyushtirib, uni o‘ldirgani haqida qurshovga olayotgan qo‘shinga xabar yetdi. Barcha isroilliklar o‘sha kunning o‘zidayoq lashkarboshi Omrini+ qarorgohda shoh etib tayinladi.
17 Omri va barcha isroilliklar Gibitondan orqaga qaytib, Tirzani qamal qilishdi.
18 Zimri shahar bosib olinganini ko‘rib, shoh saroyidagi minoraga kirdi-da, unga o‘t qo‘yib, o‘sha yerda halok bo‘ldi+.
19 Bu, Yahovaning nazarida yomon ishlar qilgani, Yorubomning yo‘lidan yurib, ham o‘zini, ham Isroil xalqini gunohga botirgani uchun sodir bo‘ldi+.
20 Zimrining hayoti va uyushtirgan fitnasi haqida Isroil shohlari tarixi yozilgan kitobda bayon etilgan.
21 O‘sha davrda Isroil xalqi ikkiga bo‘lindi. Yarmi Ginat o‘g‘li Tivnaxni shoh etib tayinlamoqchi bo‘lib, unga ergashdi, boshqa yarmi esa Omriga ergashdi.
22 Ammo Omrining tarafdorlari Ginat o‘g‘li Tivnaxga ergashganlar ustidan g‘olib chiqdi. Shunday qilib, Tivnax halok bo‘ldi va Omri taxtga o‘tirdi.
23 Yahudo shohi Oso hukmronligining 31- yili, Omri Isroil ustidan shoh bo‘lib, 12 yil hukm surdi. Tirzada esa olti yil shohlik qildi.
24 Omri Shamar degan kishidan ikki talant* kumushga Samariya tog‘ini sotib olib, u yerda shahar bunyod etdi. U shaharni tog‘ning sobiq egasi Shamarning ismi bilan Samariya*+ deb atadi.
25 Omri Yahovaning nazarida yomon ishlar qilishda davom etdi. Uning yovuzligi undan oldingi barcha shohlarnikidan oshib tushdi+.
26 U Isroilni gunohga botirgan Nabat o‘g‘li Yorubomning yo‘lidan yurib, befoyda butlari bilan+ Isroil Xudosi Yahovani ranjitdi.
27 Omrining hayoti, amalga oshirgan ishlari va erishgan yutuqlari haqida Isroil shohlari tarixi yozilgan kitobda bayon etilgan.
28 So‘ng Omri vafot etib, ota-bobolariga qo‘shildi va Samariyada dafn etildi. O‘rniga o‘g‘li Axab+ shoh bo‘ldi.
29 Yahudo shohi Oso hukmronligining 38- yili, Omri o‘g‘li Axab Isroil ustidan shoh bo‘lib, Samariyada+ 22 yil hukm surdi.
30 Omri o‘g‘li Axabning Yahova nazarida qilgan yovuzligi undan oldingi barcha shohlarnikidan oshib tushdi+.
31 Nabat o‘g‘li Yorubomning gunohli yo‘lidan+ yurgani kamlik qilganday, u Sidon+ shohi Etbaalning qizi Izabelga+ uylandi va Baalga sig‘inib+, unga sajda qila boshladi.
32 Bundan tashqari, Axab Samariyada Baalga atab uy* qurdi+ va u yerda Baal uchun qurbongoh barpo etdi.
33 U shuningdek muqaddas ustun ham o‘rnatdi+. Axabning Isroil Xudosi Yahovani ranjitadigan ishlari o‘zidan oldingi barcha Isroil shohlarinikidan oshib tushdi.
34 Uning davrida baytillik Xiyol Yerixoni qayta qurdi. U shahar poydevorini solganda to‘ng‘ichi Aburamdan, darvozalarini o‘rnatganda esa kenja o‘g‘li Saxuvdan ayrildi. Shu tariqa, Yahovaning Nun o‘g‘li Yoshua orqali aytgan so‘zlari amalga oshdi+.
Izohlar
^ Yoki «qon uchun qasos oluvchilar».
^ Ma’nosi «Shamer qabilasiga tegishli».
^ Bir talant=34,2 kg. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Yoki «ibodatxona».