Shohlar uchinchi kitob 17:1-24
17 Gilad yeridan+ bo‘lgan tishbalik Ilyos*+ Axabga dedi: «Men xizmat qilayotgan Isroil Xudosi barhayot Yahova haqqi qasam ichaman, men aytmagunimcha bir necha yil davomida na shudring tushadi, na yomg‘ir yog‘adi!»+
2 Ilyosga Yahovaning so‘zi nozil bo‘ldi:
3 «Bu yerdan chiqib, sharq tomonga yo‘l ol va Iordanning sharqidagi Xarit vodiysida* yashirin.
4 Sen o‘sha yerdagi jilg‘adan suv ichasan. Men quzg‘unlarga amr beraman va ular senga yegulik keltirib turishadi»+.
5 Ilyos Yahovaning so‘ziga quloq solib, shu zahoti yo‘lga chiqdi. U Iordan sharqidagi Xarit vodiysiga yetib kelib, o‘sha yerda qoldi.
6 Quzg‘unlar ertalab va kechqurun Ilyosga non bilan go‘sht keltirib turishardi, o‘zi esa jilg‘adan suv ichardi+.
7 Ammo yurt bo‘ylab yomg‘ir yog‘may qo‘ygani uchun, bir necha kundan so‘ng jilg‘a qurib qoldi+.
8 So‘ng Yahova unga:
9 «Ilyos, o‘rningdan turib, Sidondagi Zorafat shahriga borgin-da, o‘sha yerda qol. Men bir beva ayolga amr beraman va u seni oziq-ovqat bilan ta’minlab turadi»+,— dedi.
10 Ilyos o‘rnidan turib Zorafatga jo‘nadi. Shahar darvozasi oldiga yetib kelganida, o‘tin terib yurgan beva ayolga duch keldi. U ayolga murojaat qilib: «Iltimos, menga ichgani ozgina suv bering»+,— dedi.
11 Ayol suvga ketayotganida Ilyos uni chaqirib: «Iltimos, bir burda non ham olib keling»,— deb aytdi.
12 Ayol bo‘lsa: «Barhayot Xudoyingiz Yahova haqqi qasam ichaman, nonim yo‘q. Ko‘zada bir hovuch un bilan xumchada bir oz yog‘dan boshqa hech vaqo qolmagan+. Hozir ozgina o‘tin teraman-da, borib o‘zim va o‘g‘lim uchun yegulik tayyorlayman. Uni yeymiz-da, o‘lamiz»,— deb javob berdi.
13 Ilyos ayolga dedi: «Qo‘rqmang, borib aytganingizday qiling. Ammo avval bor masalliqdan kulcha qilib, menga olib keling. So‘ng o‘zingiz va o‘g‘lingiz uchun biron yegulik tayyorlasangiz bo‘ladi.
14 Zero, Isroil Xudosi Yahova shunday demoqda: “Yahova yomg‘ir yog‘dirmaguncha, ko‘zadagi un ham, xumchadagi yog‘ ham tugamaydi”+».
15 U Ilyos aytganiday qildi. Shundan keyin, Ilyos va ayolning oilasi uchun ko‘p kunlarga yetadigan yegulik bo‘ldi+.
16 Yahovaning Ilyos orqali aytgan so‘zlariga ko‘ra, ko‘zadagi un ham, xumchadagi yog‘ ham tugamadi.
17 Bu voqealardan so‘ng, xonadon sohibasining o‘g‘li betob bo‘lib qoldi. Uning kasali zo‘rayib, oxiri nafasi uzildi+.
18 Shunda u Ilyosga: «Ey, haq Xudoning odami, sizga nima yomonlik qildim?! Gunohimni esimga solgani, o‘g‘limni o‘ldirgani kelganmidingiz?!»+ — deb aytdi.
19 Ilyos ayolga: «O‘g‘lingizni menga bering»,— dedi. So‘ng bolani onasining qo‘lidan oldi-da, o‘zi yashayotgan boloxonaga ko‘tarilib, uni to‘shagiga yotqizdi+.
20 Ilyos Yahovaga xitob qilib: «Ey, Tangrim Yahova+, men qo‘nim topgan beva ayolning o‘g‘lini o‘limga mubtalo qilib, nahot uning boshiga kulfat keltirsang?!» — dedi.
21 Keyin u bolaning ustiga uch marta cho‘zilib, Yahovaga: «Ey, Tangrim Yahova, o‘tinaman, bolani hayotga qaytar»,— deb yolvordi.
22 Yahova Ilyosning iltijosini eshitib+, bolani hayotga qaytardi va u tirildi+.
23 Ilyos uni boloxonadan pastga olib tushdi-da, onasiga berib: «Qarang, o‘g‘lingiz tirik!»+ — dedi.
24 Shunda ayol Ilyosga: «Endi bildim, siz chindan ham Xudoning odami ekansiz+, siz aytgan Yahovaning so‘zlari haqiqat ekan»,— deb aytdi.