Shohlar uchinchi kitob 21:1-29

  • Axab Navo‘tning uzumzoriga ko‘z olaytiradi (1-4)

  • Izabel Navo‘tni o‘ldirtiradi (5-16)

  • Ilyosning Axabga qarshi xabari (17-26)

  • Axab o‘zini past oladi (27-29)

21  Bundan so‘ng, yizrillik Navo‘t ismli kishining uzumzori bilan bog‘liq bir voqea sodir bo‘ldi. Uning uzumzori Yizrilda+, Samariya shohi Axabning saroyi yonida joylashgan edi.  Axab Navo‘tga: «Uzumzoring uyim yonida bo‘lgani uchun menga ber, uni poliz qilaman. O‘rniga esa bundan ham yaxshiroq uzumzor beraman. Istasang, pulga sotib olaman»,— deb aytdi.  Navo‘t esa: «Ota-bobolarimdan qolgan merosni sizga bermayman. Chunki Yahova buni man etgan»+,— deya javob berdi.  Axab uning: «Ota-bobolarimdan qolgan merosni sizga bermayman»,— degan javobidan xafa bo‘lib, qayg‘u ichida uyiga qaytdi. U yuzini teskari burib olib, tuz totmay yotog‘ida cho‘zilib yotaverdi.  Yoniga xotini Izabel+ kelib: «Nega ruhingiz tushkun? Nega hech narsa yemayapsiz?» — deb so‘radi.  Axab xotiniga javoban dedi: «Yizrillik Navo‘tga: “Uzumzoringni menga sot. Istasang, o‘rniga boshqa uzumzor beraman”,— deb aytsam, u: “Uzumzorimni sizga bermayman”,— dedi».  Xotini Izabel unga: «Axir siz Isroil shohisiz-ku! Turing-da, u-bu narsa yeb, ko‘nglingizni chog‘ qiling. Yizrillik Navo‘tning uzumzorini men sizga olib beraman»,— deb aytdi+.  Izabel Axabning nomidan xatlar yozib, uning muhri bilan muhr bosdi-da+, Navo‘t yashaydigan shahar oqsoqollari+ va asilzodalariga yubordi.  Izabel shunday deb yozgan edi: «Ro‘za e’lon qilib, Navo‘tni xalq oldiga o‘tirg‘izinglar. 10  Uning qarshisiga esa ikkita yaramas odam o‘tirsin. Ular Navo‘tga: “Sen Xudoni va shohni la’natlading!”+ — deya guvohlik berishsin+. Keyin uni tashqariga chiqarib, toshbo‘ron qilib o‘ldiringlar»+. 11  Navo‘t yashaydigan shahardagi odamlar — oqsoqollar-u asilzodalar Izabel ularga yozib yuborganidek qilishdi. 12  Ular ro‘za e’lon qilishdi va Navo‘tni xalqning oldiga o‘tirg‘izishdi. 13  Ikkita yaramas kishi kelib, uning qarshisiga o‘tirdi-da: «Navo‘t Xudoni va shohni la’natladi!» — deya unga qarshi guvohlik berdi+. So‘ng ular Navo‘tni shahar tashqarisiga chiqarib, toshbo‘ron qilib o‘ldirishdi+. 14  Keyin Izabelga: «Navo‘t toshbo‘ron qilib o‘ldirildi»+,— degan xabar yuborishdi. 15  Izabel Navo‘tning toshbo‘ron qilib o‘ldirilganini eshitgan zahoti, Axabga: «Borib, yizrillik Navo‘t sizga sotishni istamagan uzumzorini egallayvering+. Navo‘t endi yo‘q, u o‘ldi»,— deb aytdi. 16  Navo‘tning o‘lganini eshitgan Axab darhol o‘rnidan turdi-da, yizrillik Navo‘tning uzumzorini egallash uchun yo‘lga chiqdi. 17  Ammo tishbalik Ilyosga+ Yahovaning quyidagi so‘zi nozil bo‘ldi: 18  «Tur-da, Samariyada hukm surayotgan Isroil shohi Axabning yoniga bor+. Hozir u Navo‘tning uzumzorini egallagani ketdi. 19  Unga ayt: “Yahova shunday demoqda: “Odam o‘ldirganing+ kamlik qilganday, uning merosini ham egallamoqchimisan?”+ Keyin unga: “Yahova shunday demoqda: “Itlar Navo‘tning qonini yalagan joyda, sening qoningni yalaydi”,— deb ayt”+». 20  Axab Ilyosni ko‘rib: «Oxiri meni izlab topibsan-da, dushmanim!»+ — dedi. Ilyos unga: «Ha, topdim. Yahova shunday demoqda: “Mening nazarimda yomon ishlar qilishga mukkangdan ketganing bois+, 21  boshingga falokat keltirib, seni yo‘q qilaman. Axabning xonadonidagi erkak zotini, Isroildagi hatto nochor va ojiz bo‘lganlarini ham qirib tashlayman+. 22  Isroilni gunohga botirib qahrimni keltirganing uchun, xonadoningni Nabat o‘g‘li Yorubom+ va Oxiyo o‘g‘li Bashoning xonadoni+ ko‘yiga solaman”. 23  Izabel haqida esa Yahova shunday dedi: “Izabel Yizril yurtida itlarga yem bo‘ladi+. 24  Axab xonadonidan shaharda o‘lganlari itlarga, dalada o‘lganlari esa qushlarga yem bo‘ladi+. 25  Shu paytgacha Yahovaning nazarida yomon ishlar qilishga Axabdek mukkasidan ketgan odam bo‘lmagan edi+. Xotini Izabel+ uni gijgijlab turardi. 26  Axab isroilliklarning oldidan Yahova quvib chiqargan+ amoriylar kabi jirkanch butlarga* sajda qilib, o‘taketgan qabihlik qildi”». 27  Axab bu so‘zlarni eshitishi bilan kiyimini yirtib, julga o‘randi. U ro‘za tutib, julga o‘ranib yotdi va g‘amgin bo‘lib yurdi. 28  Shunda tishbalik Ilyosga Yahovaning quyidagi so‘zi nozil bo‘ldi: 29  «Axab Mening oldimda o‘zini past tutib yurganini ko‘rdingmi?+ U oldimda o‘zini past tutgani uchun, u tirikligida boshiga falokat keltirmayman. Falokatni uning xonadoniga o‘g‘lining davrida yuboraman»+.

Izohlar

Ibroniycha bu atama, ehtimol, «go‘ng» so‘ziga yaqin bo‘lib, hazar qilishni ifodalash maqsadida qo‘llaniladi.