Shohlar to‘rtinchi kitob 14:1-29
14 Isroil shohi Yohuxoz o‘g‘li Yo‘sh+ hukmronligining ikkinchi yili, Yahudo shohi Yo‘shning o‘g‘li Emoziyo shoh bo‘ldi.
2 U taxtga o‘tirganida 25 yoshda edi va Quddusda 29 yil shohlik qildi. Onasining ismi Yohuvaddon bo‘lib, qudduslik edi+.
3 Emoziyo Yahovaning nazarida to‘g‘ri ishlar qilib yashadi, ammo bobosi Dovudga o‘xshamadi+. U barcha ishlarida otasi Yo‘shga taqlid qildi+.
4 Biroq tepaliklar yo‘q qilinmadi+ va xalq o‘sha tepaliklarda qurbonliklar keltirib, ularni kuydirib tutatardi+.
5 Emoziyo hukmronlikni to‘liq o‘z qo‘liga olgach, shohni, ya’ni otasining joniga qasd qilgan xizmatkorlarni o‘ldirdi+.
6 Ammo u Musoning Tavrot kitobida: «Otalar o‘g‘illarining gunohi uchun o‘ldirilmasin, o‘g‘illar ham otalarining gunohi uchun o‘ldirilmasin. Inson faqatgina o‘zining gunohi uchun o‘ldirilsin»,— deb yozilgan Yahovaning amriga binoan, qotillik qilgan kishilarning o‘g‘illarini o‘ldirmadi+.
7 U Tuz vodiysida+ 10 000 ta edomlikni+ qirg‘in qildi va shu jangda Selani bosib olib+, u yerga Yoxtal deb nom berdi. O‘sha yer bugungacha shunday deb ataladi.
8 Keyin Emoziyo Isroil shohi Yohuning nevarasi, Yohuxoz o‘g‘li Yo‘shga xabarchilar yuborib, unga: «Kel, jang qilamiz»+,— dedi.
9 Isroil shohi Yo‘sh Yahudo shohi Emoziyoga shunday xabar yubordi: «Livandagi* tikanli o‘t Livandagi kedr daraxtiga: “Qizingni o‘g‘limga xotinlikka ber”,— deb aytibdi. Ammo Livandagi yirtqich hayvon o‘tib ketayotib, tikanli o‘tni toptab tashlabdi.
10 Ha, sen Edomni yo‘q qilib tashlaganing uchun+ mag‘rurlanib ketding. Shuhratingdan zavqlanib, uyingda o‘tiraver. Nega endi Yahudo xalqini ham o‘zingga qo‘shib kulfatga duchor qilmoqchisan?!»
11 Lekin Emoziyo unga quloq solmadi+.
Shu bois, Isroil shohi Yo‘sh jangga otlandi. U Yahudo shohi Emoziyo bilan Yahudoning Bayt-Shamash+ shahrida to‘qnashib, o‘sha yerda jang qildi+.
12 Isroil Yahudoni mag‘lub qildi va har biri o‘z uyiga tumtaraqay bo‘ldi.
13 Isroil shohi Yo‘sh Oxaziyoning nevarasi Yo‘shning o‘g‘lini — Yahudo shohi Emoziyoni Bayt-Shamashda asir qilib, Quddusga olib keldi. Yo‘sh Efrayim darvozasidan+ to Burchak darvozasigacha+ Quddus devorining 400 tirsak* joyini buzdi.
14 U Yahovaning uyidan va shoh saroyining g‘aznasidan topilgan barcha oltin, kumush va boshqa buyumlarni, shuningdek, odamlarni garovga olib Samariyaga qaytdi.
15 Yo‘shning hayoti, qilgan ishlari, erishgan yutuqlari va Yahudo shohi Emoziyoga qarshi qilgan jangi haqida Isroil shohlari tarixi yozilgan kitobda bayon etilgan.
16 So‘ng Yo‘sh vafot etib, ota-bobolariga qo‘shildi. U Samariyada+, Isroilning shohlari yoniga dafn etildi. O‘rniga o‘g‘li Yorubom*+ shoh bo‘ldi.
17 Yahudo shohi Yo‘shning o‘g‘li Emoziyo+ Isroil shohi Yohuxoz o‘g‘li Yo‘sh+ o‘lganidan keyin, yana 15 yil yashadi+.
18 Emoziyoning hayoti Yahudo shohlari tarixi yozilgan kitobda bayon etilgan.
19 Vaqt o‘tib, Quddusda unga qarshi fitna uyushtirildi+ va u Laxishga qochib ketdi. Ammo ular Emoziyoning orqasidan Laxishga odam yuborib, uni o‘sha yerda o‘ldirishdi.
20 Uni ot-aravada Quddusga qaytarib olib kelishdi va Dovud shahrida, ota-bobolari yoniga dafn etishdi+.
21 So‘ngra butun Yahudo xalqi 16 yoshli+ Ozariyoni*+ otasi Emoziyoning o‘rniga taxtga o‘tqazdi+.
22 Shoh* vafot etib, ota-bobolariga qo‘shilganidan keyin, u Eletni+ boshqatdan qurib, Yahudoga qaytardi+.
23 Yahudo shohi Yo‘sh o‘g‘li Emoziyo hukmronligining 15- yili, Isroil shohi Yo‘shning o‘g‘li Yorubom+ Samariyada shoh bo‘ldi va 41 yil hukmronlik qildi.
24 U Yahovaning nazarida yomon ishlar qilishda davom etib, Isroil xalqini gunohga botirgan Nabat o‘g‘li Yorubomning gunohlaridan qaytmadi+.
25 Yorubom Levo-Xomatdan*+ Araba dengizigacha*+ bo‘lgan Isroil chegarasini tikladi. Bu, Isroil Tangrisi Yahovaning O‘z xizmatkori gat-xaferlik+ payg‘ambar Amitay o‘g‘li Yunus+ orqali aytgan so‘zlariga binoan amalga oshdi.
26 Chunki Yahova Isroil xalqi qattiq azob chekkanini ko‘rgan edi+. Isroilga yordam beradigan hech kimsa, hatto zaif va nochor inson ham qolmagan edi.
27 Ammo Yahova Isroil nomini yer yuzidan o‘chirib tashlamaslikka va’da bergan edi+. Shu bois, Yo‘sh o‘g‘li Yorubom orqali Xudo ularni qutqardi+.
28 Yorubomning hayoti, qilgan barcha ishlari, erishgan yutuqlari, olib borgan janglari, Damashq+ bilan Xomatni+ Isroil va Yahudoga qanday qaytargani haqida Isroil shohlari tarixi yozilgan kitobda bayon etilgan.
29 Yorubom vafot etib, ota-bobolariga qo‘shildi va Isroil shohlari yoniga dafn etildi. O‘rniga o‘g‘li Zakariyo shoh bo‘ldi+.
Izohlar
^ Yoki «Lubnondagi».
^ Taxm. 178 m. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Ya’ni Yorubom II.
^ Ma’nosi «Yahova yordam berdi». 1Shh 15:13; 2Sl 26:1–23; Isha 6:1 va Zk 14:5 da Uzziyo deb nomlangan.
^ Ya’ni otasi Emoziyo.
^ Ya’ni Tuz dengizi yoki O‘lik dengiz.
^ Yoki «Xomatning ostonasidan».