Shohlar to‘rtinchi kitob 18:1-37

  • Yahudo shohi Hizqiyo (1-8)

  • Isroil qulaydi (9-12)

  • Sinaxeribning Yahudoga hujumi (13-18)

  • Rabshak Yahovani mazax qiladi (19-37)

18  Isroil shohi Eloxning o‘g‘li Ho‘sheya+ hukmronligining uchinchi yili Yahudo shohi Oxoz+ o‘g‘li Hizqiyo+ taxtga o‘tirdi.  U shoh bo‘lganida 25 yoshda edi va Quddusda 29 yil hukm surdi. Onasining ismi Abi* bo‘lib, Zakariyoning qizi edi+.  Hizqiyo bobosi Dovud singari+ Yahovaning nazarida to‘g‘ri ishlar qildi+.  U tepaliklarni+ yakson qilib, muqaddas toshlarni parchaladi, muqaddas ustunni esa chopib tashladi+. Hizqiyo, shuningdek, Muso yasagan mis ilonni+ yo‘q qildi. Chunki Isroil xalqi uni «Naxushton»* deb nomlab, shu paytga qadar unga atab qurbonlik kuydirib tutatardi.  Hizqiyo Isroil Tangrisi Yahovaga tayanardi+. Undan oldin ham, undan keyin ham, Yahudo yurtida unga o‘xshash shoh bo‘lmadi.  U doim Yahovaga sadoqatli+ va itoatli bo‘lib, Yahovaning Musoga bergan amrlariga amal qilib keldi.  Yahova hamisha u bilan birga bo‘ldi. Shoh nimaiki qilmasin, donolik ila yo‘l tutardi. U Ossuriya shohiga qarshi chiqib, unga xizmat qilishdan bosh tortdi+.  Bundan tashqari, Hizqiyo filistimliklarni+ G‘azo bilan uning hududlarigacha, qo‘riqchi minorasi bor yerlardan to mustahkam shaharlargacha* qirib, mag‘lub qildi.  Shoh Hizqiyo boshqaruvining to‘rtinchi yili, Isroil shohi Eloxning o‘g‘li Ho‘sheya+ hukmronligining yettinchi yili, Ossuriya shohi Salmanasar Samariyaga qarshi jang qilgani kelib, uni qurshab oldi+. 10  Uch yillik qamalning+ so‘ngida, Hizqiyo boshqaruvining oltinchi yili, Isroil shohi Ho‘sheya hukmronligining to‘qqizinchi yili, Samariya bosib olindi. 11  Ossuriya shohi isroilliklarni Ossuriyaga ko‘chirib+, ularni Xalaxga, Gozan daryosi bo‘yidagi Xavorga va midiyaliklar shaharlariga joylashtirdi+. 12  Bu, ular Tangrisi Yahovaga quloq solmay, Uning ahdini buzishgani, Yahova O‘z xizmatchisi Muso orqali bergan amrlariga rioya etishmagani uchun sodir bo‘ldi+. Ular na quloq solishdi, na itoat etishdi. 13  Hizqiyo boshqaruvining 14- yili Ossuriya+ shohi Sinaxerib* Yahudoning barcha mustahkam shaharlariga hujum qilib, ularni zabt etdi+. 14  Shunda Yahudo shohi Hizqiyo Laxishdagi Ossuriya shohiga: «Men xato qildim. Istagan narsangizni berishga tayyorman. Faqat yurtimni tark eting»,— degan xabar yubordi. Ossuriya shohi javoban Hizqiyodan 300 talant* kumush va 30 talant oltin talab qildi. 15  Hizqiyo unga Yahovaning uyidagi va shoh saroyi g‘aznasidagi butun kumushni berdi+. 16  Hizqiyo Yahovaning ma’badidagi o‘zi oltin bilan qoplagan eshiklar+ va kesakilarni chiqarib olib+, Ossuriya shohiga berib yubordi. 17  Ossuriya shohi tartanni*, rabsarisni* va rabshakni* katta qo‘shin bilan Laxishdan+ Quddusga, Hizqiyoning oldiga yubordi+. Ular Quddusga otlanib, kir yuvuvchilar dalasiga olib boradigan katta yo‘l bo‘yidagi yuqori hovuz quvuri oldiga kelib o‘rnashishdi+. 18  Bu kishilar shohni chaqirishganda, ularning oldiga saroy boshqaruvchisi Xilqiyo o‘g‘li Eliyaqim+, kotib Shavna+ va tarixnavis Osif o‘g‘li Yo‘x chiqdi. 19  Shunda rabshak ularga dedi: «Hizqiyoga yetkazinglar. Ossuriyaning ulug‘ shohi shunday demoqda: “Sen nimangga ishonyapsan o‘zi?+ 20  Sen: “Jang qilishga mahoratim ham, kuch-qudratim ham bor”,— deb aytyapsan. Ammo bu quruq gap, xolos. Kimga ishonib menga qarshi chiqmoqchisan?+ 21  Sen mana shu singan qamishga, Misrga umid bog‘layapsanmi?!+ U o‘ziga suyangan odamning qo‘liga sanchilib, teshib chiqadi-ku! Misr fir’avni unga tayanganlarning barini shu ko‘yga soladi. 22  Balki sizlar: “Biz Xudoyimiz Yahovaga tayanamiz”+,— dersizlar. Lekin Hizqiyo Yahudo bilan Quddus aholisiga: “Sizlar Quddusdagi mana bu qurbongoh oldida sajda qilinglar”+,— deb buyurib, Tangringizga atalgan tepaliklar-u qurbongohlarni buzib tashlamadimi?!+ 23  Endi mening xo‘jayinim, Ossuriya shohi bilan garov o‘ynab ko‘r: men senga 2 000 ta ot berayin. Qani, ularga yetarlicha suvori topa olarmikansan?!+ 24  Sen Misrning jang aravalari-yu otliqlariga umid bog‘lab o‘tirgan bo‘lsang, xo‘jayinimning eng kichik xizmatchilaridan biriga bas kela olarmiding?! 25  Seningcha, men Yahovaning ijozatisiz bu yurtni xarob qilgani kelganmanmi? Yahovaning O‘zi menga: “Bu yurtga qarshi chiqib, uni vayron qil”,— deb aytdi». 26  Bunga javoban Xilqiyo o‘g‘li Eliyaqim, Shavna+ va Yo‘x rabshakka+: «Iltimos, xizmatkorlaringiz bilan oromiy* tilida+ gapiring, biz tushunamiz. Devor ustidagi odamlarga eshittirib, yahudiy tilida gapirmang»,— deyishdi+. 27  Ammo rabshak: «Xo‘jayinim meni bu xabarni faqat xo‘jayiningiz va sizlarga aytish uchun yuborganmi? Axir bu xabar devor ustida o‘tirgan odamlarga ham tegishli emasmi?! Chunki ular ham sizlar bilan birga o‘z najasini yeb, siydigini ichadi»,— deya javob qaytardi. 28  Keyin rabshak turib, bor ovozi bilan yahudiy tilida hayqirdi: «Ulug‘ shohning, Ossuriya shohining so‘zlariga quloq solinglar!+ 29  Shoh mana bunday demoqda: “Hizqiyo sizlarni aldashiga yo‘l qo‘ymanglar! U sizlarni mening qo‘limdan qutqara olmaydi+. 30  Hizqiyo sizlarni Yahovaga tayanishga undab: “Yahova bizni albatta qutqaradi. Bu shahar Ossuriya shohining qo‘liga berilmaydi”+,— degan so‘zlariga ishonmanglar. 31  Hizqiyoga quloq solmanglar. Boisi, Ossuriya shohi shunday demoqda: “Men bilan sulh tuzib, taslim bo‘linglar. Shunda har biringiz o‘z uzumzoringiz-u anjir daraxtingiz mevasidan yeb, o‘z sardobangizdan suv ichasizlar. 32  Keyin men qaytib kelib, sizlarni o‘z yurtingizga+ o‘xshagan yurtga, don-dun va yangi sharob, non va uzumzorlar, zaytun daraxtlari va asal mo‘l-ko‘l bo‘lgan yurtga olib ketaman. Shunda omon qolib, o‘lmaysizlar. Hizqiyo sizlarni aldab: “Yahova bizni qutqaradi”,— degan gaplariga quloq solmanglar. 33  Qaysi xalqning xudosi o‘z yurtini Ossuriya shohi qo‘lidan xalos eta olgan?! 34  Xomat+ bilan Arpadning xudolari qani? Sefarvayim+, Xana va Ivvax xudolari-chi? Ular Samariyani mening qo‘limdan qutqara olishdimi?+ 35  O‘sha xudolarning hech biri o‘z yurtini mening qo‘limdan qutqara olmagan ekan, Yahova Quddusni mening qo‘limdan qutqara olarmidi?!”+» 36  Lekin xalq unga javoban biror so‘z aytmay, jim turaverdi. Chunki shoh: «Unga javob qaytarmanglar»,— deb tayinlagan edi+. 37  Saroy boshqaruvchisi Xilqiyo o‘g‘li Eliyaqim, kotib Shavna va tarixnavis Osif o‘g‘li Yo‘x kiyimlarini yirtishdi va Hizqiyoning oldiga kelishdi. Ular shohga rabshakning so‘zlarini aytib berishdi.

Izohlar

Abiyo ismining qisqa shakli.
Yoki «mis ilon buti».
Ya’ni har yerda, aholisi zich va siyrak bo‘lgan yerlarda.
Yoki «Sanxariv».
Bir talant=34,2 kg. Ilovaning B14 mavzusiga q.
Yoki «qo‘mondonni».
Yoki «saroyning bosh amaldorini».
Yoki «bosh soqiyni».
Yoki «suryoniy».