Shohlar to‘rtinchi kitob 2:1-25
2 Yahova Ilyosni+ quyun ichida osmonga olib ketish+ vaqti yaqinlashganda, Ilyos bilan Elishay+ Gilgaldan+ chiqib kelishayotgan edi.
2 Ilyos Elishayga: «Iltimos, shu yerda qol. Chunki Yahova meni Baytilga yuboryapti»,— dedi. Lekin u: «Barhayot Xudo Yahova va siz haqqi qasam ichib aytamanki, sizni tashlab ketmayman»,— deb javob berdi. So‘ng ikkovi Baytilga+ yo‘l oldi.
3 Baytildagi payg‘ambarlar o‘g‘illari* Elishayning yoniga kelib: «Yahova bugun xo‘jayiningizni olib ketishini bilasizmi?» — deb so‘rashdi+. U esa: «Ha, bilaman. Bu haqda gapirmanglar»,— deb javob berdi.
4 Keyin Ilyos Elishayga: «Iltimos, shu yerda qol. Chunki Yahova meni Yerixoga+ yuboryapti»,— dedi. Lekin u: «Barhayot Xudo Yahova va siz haqqi qasam ichib aytamanki, sizni tashlab ketmayman»,— deb javob berdi. So‘ng ikkovi Yerixoga yo‘l oldi.
5 Yerixodagi payg‘ambarlar o‘g‘illari Elishayning yoniga kelib: «Yahova bugun xo‘jayiningizni olib ketishini bilasizmi?» — deb so‘rashdi. U esa: «Ha, bilaman. Bu haqda gapirmanglar»,— deya javob qaytardi.
6 Ilyos Elishayga: «Iltimos, shu yerda qol. Chunki Yahova meni Iordanga yuboryapti»,— dedi. Lekin u: «Barhayot Xudo Yahova va siz haqqi qasam ichib aytamanki, sizni tashlab ketmayman»,— deb javob berdi. So‘ng ikkovi Iordanga ketdi.
7 Payg‘ambarlar o‘g‘illaridan ham 50 tasi borib, Ilyos bilan Elishay Iordan bo‘yida turishganini uzoqdan kuzatishdi.
8 Ilyos kamzulini+ yechib o‘radi-da, suvga urdi va suv ikki tomonga bo‘lindi. Keyin ikkovi quruq yerdan narigi betga o‘tdi+.
9 O‘tishlari bilanoq, Ilyos Elishayga: «Xudo meni olib ketmasidan tila tilagingni»,— dedi. Elishay: «O‘tinaman, sizdagi ruhdan*+ menga ikki hissa+ berilsin!» — deya iltimos qildi.
10 Ilyos unga: «Mushkul narsani so‘rayapsan. Men olib ketilayotganimni ko‘rsang, tilaging bajo bo‘ladi. Bordi-yu, ko‘rmasang bajo bo‘lmaydi»,— deb javob berdi.
11 Yo‘l bo‘ylab ikkovi gaplashib ketayotganda, dabdurustdan otashli arava bilan otashli otlar paydo bo‘lib+, ularni bir-biridan ayirdi va Ilyos quyun ichida osmonga olib ketildi+.
12 Buni kuzatib turgan Elishay: «Otajon, otajon! Bu, Isroil aravasi bilan otliqlar-ku!»+ — deya hayqirdi. Ilyos ko‘zdan g‘oyib bo‘lganida, Elishay kamzulini yechib, o‘rtasidan yirtib tashladi+.
13 So‘ngra Ilyosning egnidan tushgan kamzulini+ olib, ortga qaytdi va Iordan sohiliga kelib turdi.
14 Elishay Ilyosning kamzulini suvga urdi-da: «Ilyosning Xudosi Yahova, qayerdasan?» — deb baqirdi. Suvga urganida, suv ikki tomonga bo‘lindi va Elishay quruq yerdan narigi betga o‘tdi+.
15 Uni uzoqdan kuzatib turgan Yerixodagi payg‘ambarlar o‘g‘illari: «Ilyosdagi ruh Elishayga berildi»+,— deya unga peshvoz chiqishdi-da, muk tushib ta’zim qilishdi.
16 Ular Elishayga: «Mana, xizmatkorlaringiz orasida 50 ta dovyurak odam bor. Ular borib xo‘jayiningizni qidirib kelishiga ijozat bering. Ehtimol, Yahovaning ruhi uni ko‘tarib, tog‘larning yoki vodiylarning biriga tashlab ketgandir»+,— deyishdi. Biroq u: «Yo‘q, borishmasin!» — dedi.
17 Lekin ular uni holi-joniga qo‘yishmadi va u xijolat bo‘lib: «Mayli, bora qolishsin»,— deb aytdi. Shunda ular 50 ta odamni yuborishdi. Ular Ilyosni uch kun qidirishdi, ammo hech qayerdan topa olishmadi.
18 Ular Elishayning oldiga qaytishganida, u Yerixoda+ edi. Elishay ularga: «Bormanglar, demaganmidim?!» — dedi.
19 Vaqt o‘tib, shahar aholisi Elishayga: «Xo‘jayinimiz ko‘rib turganiday, shahar yaxshi joyda joylashgan+, ammo suvi yomon, yeri ham hosil bermaydi*»,— dedi.
20 Elishay ularga: «Menga kichkina yangi kosa olib kelib, ichiga tuz solinglar»,— deb aytdi. Ular aytilganday qilishdi.
21 Elishay buloq yoniga borib, ichiga tuz sepdi-da+: «Yahova shunday demoqda: “Men bu suvni toza qildim. Endi u o‘limga va bepushtlikka* sababchi bo‘lmaydi”,— dedi».
22 Elishayning so‘ziga binoan suv toza bo‘ldi va bugungi kunga qadar shundayligicha turibdi.
23 Elishay Baytilga qarab ketdi. Yo‘lda ketayotganda, shahardan o‘g‘il bolalar chiqib: «Ey kal, yo‘qol bu yerdan! Yo‘qol bu yerdan, kal!» — deya uni masxara qila boshlashdi+.
24 U orqasiga o‘girilib ularga qaradi-da, Yahovaning ismi ila ularni la’natladi. Shunda o‘rmondan ikkita ayiq+ chiqib, 42 ta bolani g‘ajib tashladi+.
25 Elishay bo‘lsa Karmil tog‘iga+ borib, u yerdan Samariyaga qaytdi.
Izohlar
^ «Payg‘ambarlar o‘g‘illari» iborasi, payg‘ambarlar ta’lim oladigan maktab yoki payg‘ambarlar guruhini anglatishi mumkin.
^ Ruh, Xudoning muqaddas ruhini yoki Ilyosning mavqeini anglatishi mumkin.
^ Boshqa variant «ayollarning bolasi tushishiga sababchi bo‘lyapti».
^ Boshqa variant «bola tushishiga».