Shohlar to‘rtinchi kitob 21:1-26
21 Manashe+ 12 yoshida taxtga o‘tirib, Quddusda 55 yil shohlik qildi+. Onasining ismi Xafzibo edi.
2 Manashe, Yahova isroilliklar oldidan quvib chiqargan xalqlarning jirkanch ishlariga taqlid qilib+, Yahovaning nazarida yomon ishlarga qo‘l urdi+.
3 U otasi Hizqiyo vayron qilgan tepaliklarni+ qayta tiklab, Isroil shohi Axab singari+ Baalga atab qurbongohlar qurdi hamda muqaddas ustun o‘rnatdi+. Bundan tashqari, samoviy jismlarga sajda qilib, ularga sig‘indi+.
4 U shuningdek, Yahovaning uyida+ qurbongohlar qurdi. Bu uy haqida Yahova: «Quddusda O‘z ismimni o‘rnataman»+,— degan edi.
5 U Yahova uyining ikkala hovlisida+ butun samoviy jismlarga+ atab qurbongohlar barpo etdi.
6 Manashe hatto o‘z o‘g‘lini olovda kuydirdi*, sehr-jodu bilan shug‘ullanib, fol ochdi+ va arvoh chaqiruvchilar-u folbinlarni tayinladi+. U Yahovaning nazarida ko‘p yovuz ishlar qilib, Uni ranjitdi.
7 Manashe o‘zi yasagan o‘yma tasvirni, ya’ni muqaddas ustunni+ ma’badga o‘rnatdi. Bu ma’bad haqida Yahova Dovud bilan uning o‘g‘li Sulaymonga: «Men shu ma’badda va butun Isroil qabilalari orasidan tanlab olgan Quddus shahrida O‘z ismimni toabad o‘rnataman+.
8 Agar Isroil xalqi, Men ularga xizmatkorim Muso orqali bergan Tavrotga astoydil amal qilib, amrlarimga rioya etsa+, Men ota-bobolariga bergan yurtdan ularni aslo haydab chiqarmayman»+,— deb aytgan edi.
9 Ammo ular itoat etishmadi. Manashe ularni yo‘ldan ozdirib, Yahova isroilliklar oldidan yo‘q qilgan xalqlardan+ ham battarroq yovuzlik qilishlariga sababchi bo‘ldi.
10 Yahova ko‘p marotaba o‘z payg‘ambarlari+ orqali:
11 «Yahudo shohi Manashe barcha bu qabih ishlarni qilib, o‘zidan oldin yashagan amoriylardan+ ham battar yovuzlikka qo‘l urdi+. U jirkanch butlari* bilan Yahudoni gunohga botirdi.
12 Shu sababli, Isroil Tangrisi Yahova shunday demoqda: “Men Quddus bilan Yahudo boshiga shunday bir falokat yog‘diramanki+, bu haqda eshitgan odamning eti jimirlab ketadi*+.
13 Men Quddus uzra Samariyaga+ qo‘llagan o‘lchov ipini tortaman+, Axab xonadoniga qo‘llagan shoqulni* qo‘llayman+. Men Quddusni xuddi kosani artib, to‘nkarib qo‘yganday, tozalab tashlayman+.
14 Merosimning omon qolganlarini tark etib+, dushmanlari qo‘liga topshiraman+ va dushmanlar ularni asir qilib olib ketadi, mol-mulkini talon-toroj qiladi.
15 Chunki ular Mening ko‘z oldimda yovuz ishlar qilib, ota-bobolari Misrdan chiqqandan to bugunga qadar Meni ranjitib kelishmoqda”+».
16 Manashe Yahudo xalqi Yahovaning nazarida yomon ishlar qilishiga sababchi bo‘lib, ularni gunohga botirganidan tashqari, ko‘pdan-ko‘p begunoh odamlarning qonini to‘kib, Quddusni bir chetidan ikkinchi chetigacha qonga to‘ldirdi+.
17 Manashening hayoti, barcha ishlari va qilgan gunohlari haqida Yahudo shohlari tarixi yozilgan kitobda bayon etilgan.
18 Manashe vafot etib, ota-bobolariga qo‘shildi va saroyidagi boqga, Uzzaning bog‘iga dafn etildi+. O‘rniga o‘g‘li Omon shoh bo‘ldi.
19 Omon+ 22 yoshida taxtga o‘tirib, Quddusda ikki yil shohlik qildi+. Onasining ismi Mashullamot bo‘lib, yotbaxlik Xoruzning qizi edi.
20 U otasi Manashe singari Yahovaning nazarida qabih ishlar qilib yashadi+.
21 Omon otasi yurgan yo‘llardan qaytmay, otasi sig‘ingan jirkanch butlarga sajda qilib, ularga sig‘indi+.
22 U ota-bobolarining Xudosi Yahovadan voz kechib, Yahovaning yo‘llaridan yurmadi+.
23 Oxir-oqibat Omonning xizmatkorlari unga qarshi fitna uyushtirib, uni o‘z uyida o‘ldirishdi.
24 Ammo xalq shoh Omonning joniga suiqasd qilganlarning barini o‘ldirib, o‘rniga o‘g‘li Yo‘shiyoni shoh etib tayinladi+.
25 Omonning hayoti va qilgan ishlari haqida Yahudo shohlari tarixi yozilgan kitobda bayon etilgan.
26 Omon Uzzaning bog‘idagi qabrga dafn etildi+. O‘rniga o‘g‘li Yo‘shiyo+ shoh bo‘ldi.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «olovdan o‘tkazdi».
^ Ibroniycha bu atama, ehtimol, «go‘ng» so‘ziga yaqin bo‘lib, hazar qilishni ifodalash maqsadida qo‘llaniladi.
^ So‘zma-so‘z «qulog‘i jaranglab ketadi».
^ Yoki «o‘lchov asbobini».