Shohlar to‘rtinchi kitob 5:1-27

  • Elishay No‘monni moxov kasalidan forig‘ etadi (1-19)

  • Ochko‘z Gaxazi moxov kasaliga duchor bo‘ladi (20-27)

5  Suriya shohining lashkarboshisi No‘mon orqali Yahova Suriyaga g‘alaba bergani sababli, u shoh nazarida hurmat qozongan obro‘li kishi edi. U dovyurak jangchi edi, ammo moxov kasaliga chalingan edi.  Yurishlardan birida suriyaliklar Isroildan bir qizaloqni asir qilib olib kelishgan edi. Bu qizcha No‘monning xotiniga cho‘rilik qilardi.  Bir kuni u bekasiga: «Xo‘jayin Samariyadagi payg‘ambarning+ oldiga borsalar edi! Payg‘ambar u kishini moxov kasalidan forig‘ qilgan bo‘lardi»+,— deb aytdi.  Shunda u* borib, isroillik qizchaning gaplarini shohga yetkazdi.  Suriya shohi unga: «Hoziroq bor! Men Isroil shohiga xat yozib beraman»,— dedi. Shunday qilib, No‘mon o‘zi bilan 10 talant* kumush, 6 000 shekel* oltin va 10 sidra kiyim-bosh olib, yo‘lga chiqdi.  U Isroil shohiga xat olib keldi. Xatda: «Ushbu maktub bilan birga xizmatchim No‘monni yuboryapman. Uni moxov kasalidan forig‘ etishingizni so‘rayman»,— deb yozilgan edi.  Isroil shohi xatni o‘qishi bilan, egnidagi kiyimini yirtib: «Men o‘ldiradigan va tiriltiradigan Xudo bo‘libmanmi?+ Shoh bu odamni moxov kasalidan forig‘ etishim uchun yuboribdi-ya! Ko‘ryapsizlarmi, u janjal chiqarishga bahona izlayapti!» — dedi.  Ammo haq Xudoning odami Elishay Isroil shohi egnidagi kiyimini yirtganini eshitgan zahoti, shohga: «Nega kiyimingizni yirtdingiz? Iltimos, o‘sha kishini oldimga yuboring. U Isroilda payg‘ambar borligini bilib olsin»+,— degan xabar yubordi.  Keyin No‘mon otlari-yu jang aravalari bilan kelib, Elishay uyining eshigi oldida to‘xtadi. 10  Elishay bo‘lsa xabarchi orqali No‘monga: «Iordan daryosiga yetti marta+ sho‘ng‘ing+. Shunda badaningiz o‘z holiga qaytib, pok bo‘lasiz»,— deb aytdi. 11  No‘mon g‘azablanganidan uyiga ketishga otlanib, dedi: «U kishi oldimga chiqib, Tangrisi Yahovaning ismini aytib chaqiradi. Keyin kasallangan joylarimni qo‘li bilan silab davolaydi, deb o‘ylagandim. 12  Axir Damashqdagi+ Abano va Parfar daryolari Isroilning barcha suvlaridan yaxshiroq emasmi? Men ularga sho‘ng‘ib poklana olmasmidim?» So‘ng u jahl bilan o‘girilib ketdi. 13  Uning xizmatkorlari yoniga kelib: «Xo‘jayin*, agar payg‘ambar sizga qiyin narsani buyurganida, bajargan bo‘lmasmidingiz? U sizga: “Suvga sho‘ng‘ing va pok bo‘lasiz”,— dedi, xolos-ku! Aytganini bajara qolmaysizmi?» — deyishdi. 14  Shunda No‘mon borib, haq Xudoning odami aytgan so‘zlarga muvofiq, Iordan daryosiga yetti marta sho‘ng‘idi+. U poklanib+, badani yosh bolanikiday bo‘lib qoldi+. 15  Bundan keyin No‘mon xizmatchilari bilan haq Xudoning odami yoniga qaytib bordi-da+, uning oldida turib: «Butun yer yuzida Isroildan boshqa hech qayerda Xudo yo‘q ekanini endi bildim+. Iltimos, men xizmatkoringiz olib kelgan bu hadyalarni qabul qiling»,— deb aytdi. 16  Lekin Elishay: «Barhayot Tangri Yahova haqqi qasam ichib aytamanki, bularni olmayman!»+ — dedi. No‘mon ko‘ndirishga qancha urinmasin, u olishni rad etdi. 17  Oxiri No‘mon dedi: «Unday bo‘lsa, iltimos, men xizmatkoringiz bu zamindan ikkita xachir ko‘tara oladigan tuproq olib ketishimga ijozat bering. Chunki xizmatkoringiz bundan buyon Yahovadan boshqa xudolarga na kuydiriladigan qurbonlik, na boshqa qurbonlik keltiradi. 18  Yahova faqat bir narsa uchun xizmatkoringizni kechirsin: shohim sajda qilish uchun Rimmon ibodatxonasiga kirganida, u mening qo‘limga suyanadi. O‘shanda men ham u yerda sajda qilishimga to‘g‘ri keladi. O‘tinaman, men, xizmatkoringiz Rimmon ibodatxonasida sajda qilganimda, Yahova bu uchun meni kechirsin». 19  Elishay unga: «Eson-omon boring!» — dedi. No‘mon yo‘lga chiqib, hali uncha uzoqga ketmasidan 20  haq Xudo odamining+ xizmatchisi Gaxazi+: «Eh, xo‘jayinim suriyalik No‘mon+ olib kelgan narsalarni qabul qilmay, ketkazib yubordi-ya! Barhayot Tangri Yahova haqqi qasam ichib aytamanki, uning orqasidan yugurib borib, undan biror narsa olaman»,— deb o‘yladi. 21  Shunday qilib, Gaxazi No‘monning orqasidan yugurib ketdi. No‘mon ortida kimdir chopib kelayotganini ko‘rib, uni qarshi olish uchun aravasidan tushdi-da: «Tinchlikmi?» — deb so‘radi. 22  Gaxazi: «Ha, tinchlik. Xo‘jayinim meni oldingizga yuborib, shunday dedi: “Hozirgina Efrayim tog‘li hududidan payg‘ambarlar o‘g‘illaridan* ikkitasi kelib qoldi. O‘shalarga bir talant kumush bilan ikki sidra ust-bosh berib yuboring”»+,— deya javob berdi. 23  No‘mon: «Bir talant emas, ikki talant olaqol»,— dedi. U Gaxazini ikki talant kumushni olishga ko‘ndirib+, ustiga ikki sidra kiyim-bosh ham qo‘shib ikkita qopga soldi-da, ikkita xizmatkoriga berdi. Ular Gaxazining oldiga tushib, narsalarni ko‘tarib ketishdi. 24  Ofelga* yetganda, Gaxazi narsalarni ularning qo‘lidan oldi-da, uyga olib kirdi, xizmatkorlarni esa jo‘natib yubordi. Ular ketgach, 25  u xo‘jayinining oldiga bordi. Elishay undan: «Qayerga borib kelding, Gaxazi?» — deb so‘radi. U esa: «Xizmatchingiz hech qayerga borgani yo‘q»+,— deb javob berdi. 26  Elishay unga dedi: «Sen o‘sha odamning orqasidan borganingni, u seni qarshi olish uchun aravasidan tushganini bilmaydi, deb o‘ylayapsanmi? Hozir kumush, kiyim-bosh, zaytunzor-u uzumzorlar, qoramol-u qo‘ylar, qul-u cho‘rilar orttiradigan paytmi?+ 27  Endi No‘monning moxov kasali+ toabad sen bilan avlodlaringga o‘tadi». Gaxazi uning oldidan chiqishi bilanoq, moxovga chalinib, tanasi qorday oppoq bo‘lib qoldi+.

Izohlar

Ehtimol, No‘mon nazarda tutilgan.
Bir talant=34,2 kg. Ilovaning B14 mavzusiga q.
Bir shekel=11,4 g. Ilovaning B14 mavzusiga q.
So‘zma-so‘z «Ota».
«Payg‘ambarlar o‘g‘illari» iborasi, payg‘ambarlar ta’lim oladigan maktab yoki payg‘ambarlar guruhini anglatishi mumkin.
Samariyadagi joy, ehtimol, tepalik yoki qal’a.