Shohlar to‘rtinchi kitob 9:1-37

  • Isroil shohi Yohu (1-13)

  • Yohu Yohuram bilan Oxaziyoni o‘ldiradi (14-29)

  • Izabel o‘ldirilib, itlarga yem bo‘ladi (30-37)

9  Payg‘ambarlar o‘g‘illaridan* birini Elishay chaqirib, unga dedi: «Kiyiming etagini belingga qistir-da, manavi ko‘zadagi moyni olib, tezda Ramo‘t-Giladga+ bor.  Yetib borgach, Nimshining nevarasi, Yohushafat o‘g‘li Yohuni+ qidirib top. Keyin uning oldiga borib, birodarlari orasidan uni chaqir-da, ichkari xonaga olib kir.  Ko‘zadagi moyni uning boshiga quyib: “Yahova shunday demoqda: “Seni Isroil ustidan shoh etib moyladim”+,— deb ayt”. So‘ng darrov eshikni ochib, qochib ket».  Shunday qilib, payg‘ambarning xizmatchisi Ramo‘t-Giladga yo‘l oldi.  U yetib borganda, o‘sha yerda lashkarboshilar o‘tirgan edi. Xizmatchi: «Ey lashkarboshi, sizga xabar olib keldim»,— dedi. Yohu undan: «Qay birimizga?» — deb so‘radi. U bo‘lsa: «Sizga, ey lashkarboshi»,— dedi.  Yohu o‘rnidan turib, uyga kirdi. Xizmatchi uning boshiga moy quyib, dedi: «Isroil Xudosi Yahova shunday demoqda: “Seni Yahovaning xalqi Isroil ustidan shoh etib moyladim+.  Xo‘jayining Axab xonadonini qirib tashla. Men Yahova, Izabelning+ qo‘lidan halok bo‘lgan payg‘ambarlar va barcha boshqa xizmatchilarim uchun undan o‘ch olaman.  Axab xonadoni batamom yo‘q bo‘ladi. Uning xonadonidagi erkak zotini, hatto nochor va ojiz bo‘lganlarini ham qirib tashlayman+.  Axabning xonadoni boshiga, Nabat o‘g‘li Yorubom bilan Oxiyo o‘g‘li Basho xonadonining kunini solaman+. 10  Izabel esa Yizrildagi itlarga yem bo‘ladi+. Uni hech kim ko‘mmaydi”». Bularni aytgach, xizmatchi eshikni ochib, qochib ketdi+. 11  Yohu boshqa lashkarboshilar oldiga qaytganida, ular: «Tinchlikmi? Anavi telba sening oldingga nega kelibdi?» — deb so‘rashdi. U bo‘lsa: «Bunaqa odamlarni bilasizlar-ku, bo‘lar-bo‘lmas gaplarni aytaverishadi»,— deya javob berdi. 12  Ammo ular: «Aldama! Bizga rostini ayt»,— deyishdi. Shunda Yohu: «U menga falon-tugun dedi, keyin: “Yahova shunday demoqda: “Seni Isroil ustidan shoh etib moyladim”+»,— deb aytdi. 13  Shu zahoti ular kiyimlarini yechib, uning oyoqlari ostiga to‘shashdi-da+, burg‘u chalib: «Yohu shoh bo‘ldi!»+ — deyishdi. 14  Nimshining nevarasi Yohushafat o‘g‘li Yohu+ Yohuramga qarshi fitna uyushtirdi. Yohuram butun Isroil lashkari bilan birga Ramo‘t-Giladni+ Suriya shohi Xazayildan+ himoya qilayotgan edi. 15  Suriya shohi Xazayil+ bilan bo‘lgan jangda Yohuram suriyaliklar tomonidan yaralanib, davolanish uchun Yizrilga+ qaytdi. Shunda Yohu: «Agar men tomonda bo‘lsangizlar, shahardan biror kishi qochib, bu haqda Yizrilga xabar yetkazishiga yo‘l qo‘ymanglar»,— deb tayinladi. 16  Keyin Yohu aravasiga minib, Yizrilga jo‘nab ketdi. Yohuram u yerda yaralangan holda yotardi. Uni ko‘rgani kelgan Yahudo shohi Oxaziyo ham o‘sha yerda edi. 17  Yizril minorasida turgan qo‘riqchi, Yohu odamlari bilan yaqinlashib kelayotganini ko‘rdi-da: «Bir to‘da odamlarni ko‘ryapman»,— dedi. Yohuram unga: «Ularning oldiga chopar yubor. U: “Tinchlik bilan kelyapsizlarmi?” — deb so‘rasin»,— dedi. 18  Chopar Yohuga peshvoz chiqib: «Shoh: “Tinchlik bilan kelyapsizlarmi?” — deb so‘rayapti»,— dedi. Yohu bo‘lsa: «Tinchlikmi yoki yo‘qmi, senga nima?! Ortimdan ergash!» — deb aytdi. Qo‘riqchi shohga: «Chopar ularning oldiga bordi-yu, ammo qaytmadi»,— deya xabar berdi. 19  Shoh yana chopar yubordi. U ham Yohuga peshvoz chiqib: «Shoh: “Tinchlik bilan kelyapsizlarmi?” — deb so‘rayapti»,— dedi. Yohu bo‘lsa: «Tinchlikmi yoki yo‘qmi, senga nima?! Ortimdan ergash!» — deb aytdi. 20  Qo‘riqchi shohga: «Chopar ularning oldiga bordi-yu, ammo qaytmadi. Aravani haydab kelayotgan kishi Nimshining nevarasi Yohuga o‘xshayapti, chunki u telbaday hovliqib haydaydi»,— deya xabar berdi. 21  Shunda Yohuram: «Aravani qo‘shinglar!» — dedi va unga jang aravasini qo‘shib berishdi. Isroil shohi Yohuram bilan Yahudo shohi Oxaziyo+ har biri o‘z jang aravasiga minib, Yohuni qarshi olgani chiqdi. Ular yizrillik Navo‘tning dalasida+ Yohu bilan ro‘baro‘ kelishdi. 22  Yohuram Yohuni ko‘rishi bilanoq: «Tinchlik bilan kelyapsanmi, Yohu?» — deb so‘radi. Lekin u: «Onang Izabel+ fohishalig-u sehr-jodu bilan shug‘ullanib yurgan+ bir paytda qanaqasiga tinchlik bo‘lsin?» — deya javob berdi. 23  Shu zahoti Yohuram qochmoqchi bo‘lib aravasini burdi-da, Oxaziyoga: «Bu xoinlik, Oxaziyo!» — dedi. 24  Yohu qo‘liga kamonini olib, Yohuramning ikki yelkasi orasini ko‘zlab o‘q otdi. O‘q uning yuragini teshib o‘tdi va u aravasi ichiga yiqildi. 25  Keyin Yohu yordamchisi Bidkarga dedi: «Uni olib, yizrillik Navo‘tning dalasiga uloqtirib yubor+. Esingda bo‘lsa, ikkovimiz uning otasi Axabning ortidan aravada kelayotganimizda, Yahova unga qarshi bunday hukm chiqargan edi+: 26  “Yahova shunday demoqda: “Kecha Navo‘t bilan o‘g‘illarining qoni to‘kilganini ko‘rdim+. Shuni o‘rtaga qo‘yib aytamanki, o‘sha dalada sendan o‘ch olaman”+,— deb aytmoqda Yahova”. Endi uni olib, Yahova aytganiday o‘sha dalaga uloqtirib yubor»+. 27  Bularni ko‘rgan Yahudo shohi Oxaziyo+ bog‘dagi uyga olib boradigan yo‘l bilan qochib ketdi. (Keyin Yohu uni ta’qib qilib: «Uni ham o‘ldiringlar!» — dedi. Oxaziyo Yiblayom+ yonidagi Gurga olib boradigan yo‘lda ketayotganda, uni o‘z aravasida yaralashdi. Ammo u Maxido‘ga qochib borib, o‘sha yerda o‘ldi. 28  Xizmatkorlari uning jasadini aravaga yuklab, Quddusga olib ketishdi. Ular Oxaziyoni Dovud shahrida+, ota-bobolari yoniga dafn etishdi. 29  Yahudo shohi Oxaziyo+, Axabning o‘g‘li Yohuram hukmronligining 11- yili taxtga o‘tirgan edi). 30  Yohu Yizrilga+ keldi. Buni eshitgan Izabel+ ko‘ziga surma surtib, sochlarini turmakladi-da, derazadan qarab o‘tirdi. 31  Yohu darvozadan ichkariga kirganda, Izabel: «O‘z xo‘jayini qotili Zimri yaxshi yuribdilarmi?»+ — dedi. 32  Yohu bo‘lsa derazaga qarab: «Kim men tomonda? Kim?»+ — deb so‘radi. Shu zahoti ikki-uchta saroy amaldori unga derazadan qaradi. 33  Yohu ularga: «Uni pastga uloqtiringlar!» — dedi. Ular Izabelni pastga uloqtirishgan edi, uning qoni devorga va otlarga sachrab ketdi. Yohu Izabelni otlari bilan toptab tashladi. 34  So‘ngra u ichkariga kirib, yeb-ichdi. Keyin esa: «Bu la’nati ayolning jasadini olib, ko‘minglar. Har qalay, u shohning qizi-ku!»+ — deb aytdi. 35  Izabelni ko‘mishga borganlar uning bosh suyagi va oyoqlari-yu qo‘l panjalaridan boshqa hech narsa topishmadi+. 36  Ular kelib bu haqda Yohuga aytishganda, u: «Yahovaning tishbalik xizmatkori Ilyos orqali: “Izabel Yizril yurtida itlarga yem bo‘ladi”+,— degan so‘zlari bajo bo‘ldi+. 37  Izabelning jasadi Yizrildagi dalada go‘ngga o‘xshab qoladi. Hech kim: “Bu Izabel”,— deb aytmaydi»,— dedi.

Izohlar

«Payg‘ambarlar o‘g‘illari» iborasi, payg‘ambarlar ta’lim oladigan maktab yoki payg‘ambarlar guruhini anglatishi mumkin.