Ayub 4:1-21

  • Elifaz birinchi bor gapiradi (1-21)

    • Ayubning benuqsonligini mazax qiladi (7, 8)

    • Ruhdan eshitilgan so‘zlar (12-17)

    • «Xudo O‘z xizmatchilariga ishonmaydi» (18)

4  Bunga javoban temonlik Elifaz+ quyidagilarni aytdi:   «Agar biror kishi senga gapirishga jur’at etsa, sabring yetadimi? Lekin kim ham gapirishdan o‘zini tiya olardi?!   To‘g‘ri, sen ko‘plarning xatosini tuzatib,Darmonsiz qo‘llarga quvvat berar eding.   Qoqinganlarni so‘zlaring bilan turg‘izib,Tizzasi bukilganlarni mustahkamlar eding.   O‘zing shu ko‘yga tushganda esa holdan toyding,Bu o‘zingning boshingga tushganda, esankirab qolding.   Xudoga bo‘lgan hurmating, nahotki senga ishonch baxsh etmasa? Benuqsonlik+ yo‘lida yurganing, nahotki umid bag‘ishlamasa?   Bir eslab ko‘rgin-chi, aybsiz odam qachondir halokatga uchraganmi? To‘g‘ri inson hech nobud bo‘lganmi?   Men shuni payqadimki, yovuzlik dalasini shudgor qilib*,Yomonlik urug‘ini ekkanlar, ekkanini o‘rib oladi.   Ular Allohning nafasidan nobud bo‘ladi,Uning qaynoq g‘azabidan yo‘q bo‘lib ketadi. 10  Sherning bo‘kirishi, yosh sherning na’rasi eshitiladi,Ammo baquvvat sherlarning ham tishlari sinadi. 11  O‘lja bo‘lmasa, sher halok bo‘ladi,Shervachchalar esa har yoqga tarqab ketadi. 12  Mana, bir so‘z yashirincha qulog‘imga yetdi,Uning shivir-shiviri qulog‘imga chalindi. 13  Insonlar qattiq uyquga ketib,Tungi ro‘yolar vahimali o‘ylarga cho‘mdirganda, 14  Dahshatdan meni qaltiroq bosib,Barcha suyaklarimni titroq qamrab oldi. 15  Yuzim uzra bir ruh o‘tdi,Badanimdagi tuklar tikka bo‘ldi. 16  Ruh to‘xtab, qimirlamay turdi,Ammo uning qiyofasini farqlay olmadim. Ko‘z oldimda bir sharpa turardi,Sukunat ichidan bir ovozni eshitdim: 17  “O‘tkinchi odam Xudodan adolatliroq bo‘la oladimi? Inson o‘z Yaratuvchisidan ko‘ra pok bo‘la oladimi?” 18  U hatto O‘z xizmatchilariga ishonmaydi,Farishtalaridan* ham nuqson topadi. 19  Poydevori tuproqdan bo‘lgan+,Loydan yasalgan uylarda yashaydiganlarni esa,Go‘yo kuyani ezganday ezib tashlaydi! 20  Tong otib kech kirguncha ular batamom qirib tashlanadi,Ular abadiy yo‘q bo‘lib ketganini hech kim payqamaydi ham. 21  Ular arqoni yechilgan chodir kabi qulab tushmaydimi? Ularning nobud bo‘lishi donolik yetishmaganidan emasmi?

Izohlar

Yoki «yovuzlikni niyat qilib».
Yoki «Xabarchilaridan».