Ayub 9:1-35

  • Ayub javob beradi  (1-35)

    • O‘tkinchi odam Xudoga qarshi chiqa olmaydi (2-4)

    • Xudo aql bovar qilmaydigan ishlar qiladi (10)

    • Tangri bilan bahslashib bo‘lmaydi (32)

9  Ayub javob qaytarib dedi:   «Men shunday ekanini bilaman. Ammo Xudo bilan da’volashgan o‘tkinchi odam qanday qilib haq bo‘lib chiqsin?+   Bordi-yu, kimdir U bilan bahslashmoqchi bo‘lsa*+,O‘sha kishi Uning mingta savolidan bittasiga ham javob bera olmaydi.   Uning qalbida donolik, qo‘lida esa qudrat bor+. Kim Unga qarshi chiqib, omon qola oladi?+   U tog‘larni siljitadi, g‘azab ustida ularni ag‘darib tashlaydi,Odamlar bu haqda bilmay ham qoladi.   Yerni o‘z joyidan qo‘zg‘atadi,Uning ustunlari titrab ketadi+.   U quyoshga nur sochmaslikni buyuradi,Yulduzlarning shu’lasini muhrlab qo‘yadi+.   Osmonni O‘zi yoyib yuboradi+,Dengizning baland to‘lqinlari uzra yuradi+.   U Ash, Kesil, Kima yulduz turkumlarini*+,Osmonning janubidagi* yulduz turkumlarini yaratgan. 10  U aql bovar qilmaydigan, buyuk ishlar qiladi+,Ajoyib ishlarining sanog‘iga yetib bo‘lmaydi+. 11  Yonimdan o‘tib ketsa ham, men Uni ko‘ra olmayman,U oldimdan o‘tib ketsa ham, Uni payqay olmayman. 12  Agar biror narsani tortib olsa, kim Unga qarshi chiqa oladi? Unga: “Nima qilyapsan?” — deyishga kim jur’at etadi?+ 13  Xudo O‘z g‘azabini tiyib turmaydi+,Hatto Rahobning*+ yordamchilari ham Uning oyoqlariga yiqiladi. 14  Shunday ekan, Unga javob berganimda,U bilan bahslashganimda, so‘zlarimni tanlab gapirishim kerak emasmi?! 15  Hatto men haq bo‘lgan taqdirda ham, Unga javob berishga botinolmayman+. Hakamimdan* menga rahm qilishini yolvorib so‘rayman, xolos. 16  Agar Uni chaqirsam, U menga javob beradimi? Ovozimni eshitishiga ishonmayman. 17  U bo‘ron yuborib, meni yakson qiladi,Jarohatlarimni sababsiz ko‘paytiradi+. 18  U nafasimni rostlashga imkon bermaydi,Musibatlarim ustiga musibat yuboradi. 19  Kuch masalasiga kelsak, U hammadan kuchlidir+. Bordi-yu, bu adolat masalasi bo‘lsa, Tangri: “Meni javobgarlikka tortadigan kishi bormi?” — deydi. 20  Agar men haq bo‘lib chiqsam ham, o‘z og‘zim meni hukm qiladi,Hatto aybdor bo‘lmasam ham, U meni aybdor deb e’lon qiladi. 21  Hatto benuqsonlikni saqlab qolsam ham, o‘zimga ishonmayman,Hayotimdan voz kechaman. 22  Hech qanday farqi yo‘q ekan. Mana shu bois:“U yovuzni ham, aybsizni ham birdek yo‘q qiladi”,— deb aytdim. 23  Agar kutilmaganda to‘fon qirg‘in keltirsa,U begunoh kishining nochor ahvoliga kuladi. 24  U dunyoni yovuzlarning qo‘liga topshirgan+,Hakamlarning ko‘zini yopib qo‘ygan. Undan bo‘lak kim ham bunday qila olardi? 25  Kunlarim chopardan ham tezroq yugurib ketyapti+,Hech qanday yaxshilik ko‘rmay o‘tib ketyapti. 26  Kunlarim qamish qayiqlarday suzib ketyapti,O‘ljasiga shiddat bilan tashlangan burgutlardek o‘tib ketyapti. 27  Bordi-yu, men: “Arzimni unutaman,Chehram ochilib, xursand bo‘laman”,— desam, 28  Chekayotgan azoblarimdan hanuz qo‘rqaman+,Bilaman, Sen meni aybdor deb e’lon qilasan. 29  Aybdor deb topiladigan bo‘lsam, Behudaga kurashib nima qilaman?+ 30  Bordi-yu, eriyotgan qor bilan yuvinsam-da,Qo‘llarimni sovun bilan yuvsam-da+, 31  Sen meni balchiqli o‘raga botirib olarding.Hatto egnimdagi kiyimlarim ham mendan jirkanardi. 32  U menga o‘xshagan odam emaski, men Unga javob bersam,U bilan birga mahkamaga borsam+. 33  Ikkimizga hukm chiqaradigan,Bizga hakamlik qiladigan hech kim yo‘q. 34  Agar U meni kaltaklashni to‘xtatsa,Vahimaga solib, qo‘rqitishni bas qilsa+, 35  Shunda qo‘rqmasdan Unga gapiraman,Chunki qo‘rqib gapirish menga xos emas.

Izohlar

Yoki «Uni mahkamaga olib borsa».
Katta Ayiq, Orion yulduz turkumlari va Buzoq yulduz turkumidagi Pleyada yulduzlari bo‘lishi mumkin.
So‘zma-so‘z «ichkari xonalaridagi».
Ulkan dengiz maxluqi bo‘lishi mumkin.
Boshqa variant «Mahkamadagi raqibimdan».